Shoirlik – Yaratganning ulkan hikmati
Xalqimizning taniqli shoiri Azim Suyun haqida hali maktab o'quvchisi bo'lgan paytlarimdayoq eshitganman, she'rlarini sevib o'qir edim. Shoirning hech kimga o'xshamaydigan o'z ovozi, o'z so'zi borligiga hamisha havas qilaman.
Ha, Azim Suyun – haqiqiy shoir. Ona yurtimizni, tanti va mehnatkash xalqimizni, go'zal va betakror tabiat, musaffo osmon, daryolar, ko'llar, sharshara-yu buloqlarga boy o'lkamizning rango-rang hayvonot, o'simlik dunyosini jondan ortiq sevadigan, nainki sevadigan, bularning barini tabiat akademigiday biladigan, tabiat jonkuyari, zabardast adibidir. Shuni aytish joizki, Azim akaning birorta asarida sun'iylik, yasamalik yo'q. Hammasi tabiiy, kuchli, bari she'rlarida daryolarday jo'shqinlik, tog' kiyiklariday mag'rurlik, go'zallik, ming yillik chinorlar yanglig' sobitlik mujassam.
O'tgan asrning 90-yillariga oid bir she'rida “Mening sodiq yo'lboshchim Bo'ri”, deb yozadi u. Darhaqiqat, shoir yuragiga Vatan tabiati shu qadar singib ketganki, tog'u toshlar, cho'lu dashtlarning sehri, tarovati, dardu g'amlari deyarli har bir asarida aks etadi.
Garchi kamina, bir adabiyotshunos olim yoyinki she'riyat haqida sharhlar yozadigan maxsus mutaxassis bo'lmasam-da, she'rni sevib o'qiydigan oddiy o'quvchi sifatida ishonch bilan aytamanki, Azim Suyun chinakam xalq suygan shoir, she'rlari esa yorqin va o'lmas asarlardan iborat. Binobarin, Azim Suyun dunyo adabiyotining eng ko'zga ko'ringan shoirlari bilan ham bo'ylasha oladigan, o'zbekning o'zligini ko'rsata biladigan jo'mard ijodkoridir!
Shoirning 90-yillarda yozilgan “Turonyurt” deb atalgan she'ri shunday boshlanadi:
Menga ayting, chegara nima?
Mustabidlar topgan o'yindir.
Suzib borar ufqda kema,
Butundir Turonyurt, butundir!
Yoki shoir 40 yoshlarida bitgan quyidagi satrlarini Vatan haqida yozilgan eng sara she'rlardan desak xato bo'lmaydi:
Qadim, erka soylardan oqib kelar gul isi,
Olma gulining isi, zardoli gulin isi.
Yulduzlarmi, oylardan qalqib kelar gul isi,
Jiyda gulining isi, qaroli gulin isi.
Gullar atrin taratgan tog'imsan,
Vatan, o'zing,
Ko'ngillar qulfin ochgan bog'imsan,
Vatan, o'zing!
Tonglar erta otadi, mastona bulbul kuyi,
Osmon biram yoyilgan, tunlar biram charaqlar…
Apg'umoqlarni ko'mar bug'doyzorlarning bo'yi,
O'zbek dalalarida tillo javzo yaraqlar.
Rizq-ro'zim butun doim, qarog'im, Vatan, o'zing,
Ko'kdagi bir quchoq oy — charog'im, Vatan, o'zing!
Yoz chillasi yondirar, qurib qoldi soyloqlar,
Dashtu sahrolar uzra o'ralib uchar quyun.
Qiru adirlar aro sokin mudrar qishloqlar,
Jirnalar, jarliklarda qo'y-qo'zilar olar tin,
To'rg'ayi chuldiragan qishlog'im, Vatan, o'zing,
Mayli, yo'llari toshloq, toshlog'im,
Vatan, o'zing!
Ipak mezonlar uchar, yursang yuzga ilashar,
Sog'intirdi ko'p uzoq kuzning namxush havosi.
Bolalar bir-biriga qilishar yantoq hashar,
Paxta paykallarida bobosi-yu momosi.
Nasibasi halolim — tuprog'im, Vatan, o'zing,
Mehnatlari jannatli — oppog'im,
Vatan, o'zing!
Cho'qqilarni qor bosdi, ko'rdim olis-olisdan,
Yuragim hapqiradi, qish erur sevgan faslim.
Qani, siz, hey jo'ralar, oling mayiz,
qand-qursdan,
Yuksakliklardan ko'ring bu Vatan bo'yi-bastin!
Dilim, tilim, qo'limda yarog'im, Vatan, o'zing,
Ona yurt, ota makon — bayrog'im, Vatan, o'zing!
Shunday qaynoq mehrga to'la satrlar muallifi Azim Suyunday shoir ijodiga, ayting, mehr qo'ymay bo'ladimi?! Bu she'rlarni o'qiganda butun vujuding yayraydi, zavqlanasan, hayratlanasan…
Shoirlik – Yaratganning ulkan hikmati. Bu hikmat sirini ehtimol shoirning o'zi ham to'la anglamas. Ammo uning iste'dodi kuylatadi. Ulug'lar aytganidek, shoirlar bor mehnat, harakat bilan satrlar bitadi. Shoirlar borki, ular yozgan bitiklar selday guvillab to'lib-to'lib keladi. Azim Suyun she'riyati keyingisi – baland cho'qqilardan, tog'lardan go'yo sel bo'lib quyiladigan qor suvlariday toza, shaffof tuyg'ularga o'xshaydi.
Albatta, o'sha paytlar, ya'ni o'quvchilik paytlarimda, aytaylik, kimdir menga: “Bir kun kelib Azim aka bilan birga ishlab, shu shoirdan saboq olasan”, – deganda bu gapga ishonarmidim, yo'qmidim, bilmayman. Ammo hech kim menga bu “bashorat”ni aytmagan bo'lsa-da, taqdirning inoyati ila Azim aka bilan bir muddat birga ishlash baxtiga erishganman. Tabiiyki, shoirning sodda, ishonuvchan, shu bilan birgalikda mard, jasoratli muharrir bo'lganiga guvoh bo'ldim. Shu bois, “O'zbekiston ovozi”da ishlagan paytlarimdagi ayrim voqealarni juda ko'p eslayman.
Keling, yaxshisi, shular haqida so'z yuritay.
* * *
O'shanda Termiz shahrida — Surxondaryo viloyat gazetasida ishlardim. 1998 yili Surxondaryo viloyati bo'yicha o'z muxbir bo'lib ishga taklif qilishdi. “O'zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatiga keldim. Bosh muharrir Azim Suyun qabuliga kirishim kerak. Azim akaning o'sha paytda birinchi o'rinbosari katta shoir va samimiy inson Salim Ashurov edi. Salim akani yaxshi tanirdim. Garchi u bilan bir kursda o'qimagan bo'lsak-da, talabalik paytlarimiz birga kechgandi. Ayniqsa, Sirdaryo viloyatining “Oq oltin” tumani paxta dalalarida hasharda bo'lganimiz, paxta terimida qanchadan-qancha qiziq va ajoyib hangomalarni boshdan kechirganimiz…
Shunday qilib, Salim Ashurning xonasida ariza yozdim. Har qanday yangi ishga o'tayotgan odam “Rahbar qanaqa odam ekan, suhbat nima haqda bo'larkin, ishga oladimi, yo'qmi?” degan o'yda bo'ladi. Shu sabab, Salim akaga: “Azim akani shoir sifatida o'quvchilik paytlarimdan bilaman, lekin hech hamsuhbat bo'lmaganman. Qanday savollar berarkin?” desam, “E, o'ylamang, dalli-g'ulli odam. Mavridi kelsa, bir-ikkita she'rlari haqida gapiring”, dedi Salim aka yarim hazil, yarim chin ohangida.
O'ta jiddiy, qovoqlari soliq, salobat va viqor bilan “Xo'sh, keling”, deyishi kerak bo'lgan bosh muharrir, yo'q, xuddi meni oldindan biladigan, tanish odamday: “E, keling, Abdurasul, ishlar qalay?” deya ochiq chehra bilan qarshi olgan, so'ng birdan Surxon odamlari, tog'lari, daryolari, taniqli polvonlari-yu, ovchilarigacha, Surxondaryo tog'laridagi buloqlaru sharsharalar, ko'p ming yillik chinorlaru archazorlar haqida so'zlay ketdi.
Ochig'i, men bular haqida deyarli hech narsa bilmas ekanman. Holatimga qarab Azim aka: “Ha, mayli, siz yaxshi-yaxshi narsalarni yozing, o'tkir tanqidiy-tahliliy maqolalar yozish kerak. Lekin, yozganlaringiz xolis, adolatli bo'lishi kerak. Shuni unutmang!” deb qo'shib qo'ydi.
“O'zbekiston ovozi”da viloyat muxbiri sifatida ishlay boshladim. Bilasizmi, qaysiki nashrning rahbari jasoratli, mard va o'tkir so'zli inson bo'lsa, o'sha nashrning baxti aslida shu. “O'zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarining o'rni, obro'si Azim Suyun bosh muharrir bo'lgan yillar hech qanday mubolag'asiz juda baland edi. Shuning uchun ham juda ko'p odamlar gazeta tahririyatiga turli masalalar, muammolar bo'yicha yordam so'rab, murojaat qilishardi. Aytaylik, bir amaldorning nohaqlik, adolatsizligi ustidan bo'ladimi yoki nohaq, sababsiz ishdan bo'shatilganimi yo bo'lmasam sud-huquq sohasidagi turli nayranglar, o'yinlar, adolatsizliklar, qo'yingki, bularning bariga “O'zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalarida hazilakam chiqishlar qilinmagan! O'sha yillardagi gazeta taxlamlari bunga tarixiy isbot. Qaysidir donishmand aytgan ekan: “Gazeta – millatni tiriltiradi”, deb. Haqiqatan Azim aka bosh muharrir sifatida boshqa gazetalar chop qilolmagan o'tkir felyetonlar, tanqidiy-tahliliy maqolalarni hech ikkilanmasdan berib yuborardi. Bu esa, har qanday zamonda, har qanday bosh muharrirning jur'ati yetadigan ish emas.
Yillar o'tib, o'zim ham ayrim nashrlarga rahbarlik qildim. Ammo bitta haq, to'g'ri va xolis yozilgan maqola uchun bosh muharrirning boshida ne-ne kaltaklarning sinishi, ba'zida qanday malomatlarga qolishi mumkin ekanligini o'sha yillar biz qayoqdan bilardik?
1998-2001 yillari Surxondaryodan yozilgan mening ham o'nlab felyeton va tanqidiy maqolalarim “O'zbekiston ovozi”da bosilgan. Ularning har biri viloyatda juda katta shov-shuvlarga sabab bo'lar, shubhasizki, joylarda qandaydir ma'noda adolat, haqiqatning tiklanishiga turtki bo'lardi. O'z-o'zidan ravshanki, tanqid qilingan birorta odam bolasi borki, aslo uni yozgan kishiga: “Rahmat, ukajon, mening aybimni, xatolarimni to'g'ri yozibsiz”, demaydi. Har qalay, mana matbuot sohasida 30 yildan ko'proq vaqt faoliyat yuritmoqdaman, lekin bunday vallomatni hanuzgacha uchratganimcha yo'q…
Ayniqsa, mahalliy rahbarlar. Ular tanqid yozadigan mahalliy muxbirga qanday munosabatda bo'lishini tasavvur qilavering. Masalan, shunday chiqishlarning birida viloyat xalq ta'limi sohasidagi mutasaddilarning davlat byudjeti mablag'larini iymonsizlarcha talon-toroj qilishgani qalamga olindi. Xullas, 1998 yilmi yo 1999 yil — aniq esimda yo'q, “O'zbekiston ovozi”da “Ziyoli kalamushlar” degan felyeton bosildi. Aybdorlarga gazeta bong urgan zahoti keskin choralar ko'rildi. Ammo kaminaga ham qancha tuhmat toshlari yog'ildi. Shunda Azim akaning bosh muharrir sifatida o'z xodimiga ishonch bilan qarashi, nechog'li himoya qilishiga o'zim guvoh bo'lganman. Bu voqealarga ancha yillar bo'ldi, albatta. Lekin yozilgan material 100 foiz o'z isbotini topgani, faqat shu kasb tufayli, to'g'ri so'z, xolislik mezoniga to'liq amal qilib yozilganiga Yaratganning, hayotning o'zi shohid.
Yana bir maqolaning chop qilinishi xuddi kechagidek yodimda. Bilasiz, dehqon, paxtakorlarning mehnatiga haq to'lash, ular yetishtirgan hosilga yarasha pulini to'lab berish og'riqli muammolardan biri bo'lgan. Xullas, ko'p dehqonlar, yer egalari bilan suhbat qurib, qolaversa, o'zim ham bir dehqonning bolasi, qishloqda o'sib-ulg'ayganligim sababli bu mavzu men uchun “Amerika ochish”dek yangilik bo'lmasa-da, har qalay, ancha-muncha “nozikroq” mavzuga qo'l urgandim. Ya'ni, dehqonning o'z puliga o'zi xo'jayin emasligi to'g'risida “724 vagon” deb nomlangan maqola yozdim. O'sha kunlari viloyat muxbirlarining yig'ilishi bor edimi, ishqilib Toshkentga – tahririyatga kelgandik. Men yig'ilish tugagach, Azim akaga yozgan maqolamni topshirdim. U kishi shu zahoti erinmay o'qib chiqdi. So'ng, “O', bu zo'r mavzu-ku! Iqtisodiyotga taalluqli ekan-a. Banklarga ham tegishli joylari bor ekan. Shuning uchun Xolmurodni ham chaqiraylik. U ham o'qib, o'z fikrini aytsin”, deb tahririyat bosh hisobchisini xonasiga chaqirtirdi. Ochig'i, “Xolmuroddan ham fikrini olaylik”, deb aytayotgan kishi, jurnalist yoki Azim akaning o'rinbosarlaridan biri emas, tahririyat bosh hisobchisi Xolmurod Qodirov edi. Men bunga hayron qoldim. So'ng ko'nglimdan kechgan o'yni uqqandek Azim aka “tushuntirish” bergandek bo'ldi: “Xolmurod baribir bug'oltir, moliya sohasini yaxshi tushunadi. Manovi schyot, transh-pranch degan gaplarni u yaxshiroq biladi-da. O'qitaylik, uyam bir balo, hamma narsaga aqli yetadi”.
Oradan 4-5 daqiqa o'tib Xolmurod aka bosh muharrirning xonasida paydo bo'ldi. Azim aka men yozgan maqolani Xolmurod akaga o'qitib, ayrim fikrlarni olgan bo'ldi. Shu payt kun kech bo'layozgan, gazetada sahifalash ishlari yakunlanayotgan edi, chamamda. Maqola gazetada beriladimi, yo'qmi, berilsa qachon chop qilinarkin, albatta, buni men bilmasdim. Qolaversa, shu maqola kechikib qolayotgani ham yo'q, keyinroq e'lon qilinsa ham bo'laveradigan material edi. Ammo Azim aka shu payt mas'ul kotibnimi yo boshqa birovnimi, chaqirib: “Manavi maqolani bugungi nomerga, birinchi sahifaga qo'yinglar”, deb topshiriq berdi.
Rostini aytsam, shoshib qoldim. Maqola gazetaning birinchi sahifasiga joylashtirildi. Termizga qaytishim kerak edi. Yo'lga tushishdan avval yana Azim akaning huzuriga kirib: “Azim aka, maqolamni birinchi betdan bermasangiz”, – deya iltimos qildim.
— Nega endi? – dedi Azim Suyun baland ovozda hayron bo'lib.
— Maqolaning sal siyosiyroq tomoni bor-da, shunga ichki sahifalardan biriga “yashiribroq” berilsa ham bo'lardi, – dedim ming'irlab.
Shunda Azim aka ko'rsatkich barmog'ini tik qilib, so'z qotdi:
— Yo'q, hamma gap birinchi sahifada berishda! E'lon qilsak, faqat shunday ko'rsatib bosishimiz kerak!
So'ng yarim hazil-chin ohangida, yonida turgan o'rinbosari – Norbobo Shakarovga yuzlandi:
— Norbobo, bir gap bo'lsa qarang, bugun siz otvetstvenniysiz, men bugun ham, ertaga ham viloyatlarda yuribman-a?
Ha, bosh muharrirning bunday bag'rikengligi, jasoratli bo'lishini tushungan tushunadi, tushunmagan tushunmaydi!
Oradan picha vaqt o'tib, telefonda gaplashganimda, Azim aka: “Abdurasul, anovi “Vagon” haqidagi maqolani rostdan ham ichki sahifada bersak bo'lar ekan, rosa boshog'riq bo'lyapti-da”, dedi.
* * *
Yuqorida aytganimdek, jasoratli va mard, tanti inson bo'lishiga qaramay, bosh muharrir Azim Suyun juda sodda, ishonuvchan, ko'ngilchan odam edi. Doim eslab yuradigan voqealardan biri yana “vertolyot” voqeasi bo'lgan.
Kunlarning birida Azim akaning qabulxonasidan qo'ng'iroq bo'ldi.
— Sizni bosh muharrir so'rayotgandi.
Xo'p, deb qo'ng'iroq qildim. Azim akaning ovozida chinakam shoirlarga xos ko'tarinkilik va hayajon jo'sh urib turardi. Menga:
— Ayting-chi, O'zbekistonning eng baland cho'qqisi qaerda joylashgan, bilasizmi?
Bu haqda aniq ma'lumotga ega bo'lmasam-da, Azim aka mendan buni bejiz so'ramayotganini fahmlab, “Surxondaryoda, albatta”, dedim. “To'ppa-to'g'ri!” dedi Azim aka xursand bo'lib, — Bilar ekansiz, yashang!”. So'ngra yana davom etdi: – Ha, O'zbekistonning eng baland nuqtasi Sariosiyo tog'laridagi – Xo'japiriyax cho'qqisi bo'ladi. Biz “O'zbekiston ovozi”da Vatanimizning eng baland cho'qqisidan reportaj tayyorlaymiz. Shaxsan o'zim bormoqchiman. Shunga siz kelasi hafta bir vertolyot gaplashib qo'ysangiz, u tog'larga yetib borish oddiy transportda qiyin kechadi!” So'zlashuv nihoyatda ko'tarinki ruhda edi. Men ham: “Xo'p bo'ladi, Azim aka”, deb telefon go'shagini qo'ydim. Ammo biroz vaqt o'tgach, daf'atan o'yga toldim. “Azim aka, menga vertolyot topib qo'ying dedimi yo yanglish eshitdimmi? Ha-ya, ulovda uch-to'rt kunlik yo'l, borish qiyin, vertolyot kerak dedilar-ku”.
To'g'risi, o'ylanib qoldim. Toqqa chiqish uchun endi vertolyotni qanday topaman? Axir bor-yo'g'i, bir viloyat muxbiri bo'lsam, mashina bo'lsa-ku gap yo'q edi. Lekin bosh muharrirga “Xo'p” dedim, demak, biror yo'li bordir. Ertasi kuni o'ylab-o'ylab viloyat hokimiyatiga bordim. 1999 yili bo'lsa kerak, o'sha paytda viloyat rahbari Jo'ra Noraliyev degan kishi edi. Bugun u kishi yo'q, bandalik qilib ketgan. Lekin Jo'ra akaning asl kasbi o'qituvchi bo'lib, hokimimiz ham ancha sodda, oddiy odam edi.
Xullas, viloyat hokimi qabuliga kirib, Azim akaning gaplarini jiddiy turib yetkazdim. Jo'ra aka meni diqqat bilan eshitib, boshini xo'p degandek chayqadi. Lekin bir zum o'tgach, hokim ham o'ylanib qoldi.
— Vertolyot, vertolyot! Hozir! – deya katta stoli chetidagi qatorlashib qo'yilgan telefonlardan birini ko'tardi.
— Menga chegara qo'shinlari okrug qo'mondonini ulang.
Kommutator shu topda qo'mondonni “ulay” olmadi. Boya aytganimdek, viloyat hokimimiz sodda, do'lvarroq kishi edi. Shu bois, masalaga jiddiy yondashayotgandi.
— Siz boravering, men gaplashib ko'ray, sizga “pomoshnigim” telefon qiladi, – dedi u.
Rahmat aytib, hokimning qabulidan chiqdim. Mana, vertolyot masalasini ham deyarli hal qilib qo'ydik. Endi Azim aka Surxonga kelaversa ham bo'ladi…
Ertalab viloyat hokimining yordamchisi meni izlayotganini aytishdi. Tushundim. Vertolyotni qaysi kunga “band” qilish kerakligini so'rashadi. Lekin, ming afsuski, bu masala biz o'ylaganchalik oson ish emas ekan. Vertolyot ajratish faqat “tepa”dan maxsus ruxsatnoma bilan bo'lar ekan.
“Azim akaga uzrimni aytib qo'ying, lekin nechta yengil mashina kerak bo'lsa, marhamat, hal qilib beramiz”, debdi Jo'ra Noraliyev.
Shubhasizki, bu gaplarni bosh muharrirga yetkazishim kerak edi.
Toshkentga, tahririyatga sim qoqdim.
— Azim aka, haligi vertolyot masalasi…
Telefon go'shagidan Azim akaning guldiragan ovozi eshitildi.
— Ha, keyin o'zim ham o'yladim. Bu masalani viloyat miqyosida hal qilish oson emas deb. Mayli, balki o'zim bu yerda tegishli joylar bilan gaplashib ko'rarman…
Chindan hafta-o'n kun o'tib, Azim aka Surxondaryoga bir nechta ijodkorlar bilan keldi. Rostdan ham O'zbekistonning eng baland cho'qqisi sari yo'l oldik. Faqat vertolyot bilan emas, Sariosiyo tumanigacha avtoulovda, keyin tog' yo'llari oralab, “UAZik”da ancha yo'l bosdik, so'ngra tog'lik odamlarning ot-eshaklari bilan Osmontalash tog'lariga chiqqanimiz xuddi kechagidek ko'z o'ngimda.
Ochig'i, Surxon diyorida voyaga yetib, men umuman Surxondaryoni bilmasligimni ana shu safarga chiqib bilganman. Bir necha kunlik tog' daralari bo'ylab safarimiz bir-biridan ajoyib, unutilmas voqealarga boy kechgan. Ona Vatanimizning betimsol tabiati, go'zalligi maftun etgan. U tog'larda o'suvchi o'nlab, yuzlab turfa xil o'simligu o't-giyohlar, daraxtlar… Ularni men o'sha paytgacha hech qaerda ko'rmagan, hatto nomlarini ham eshitmagan, biror manbada o'qimagan ham edim. Masalan, o'zi biroz sho'rtak, ammo aslo nordon emas, lekin juda kichkina, yong'oqdan sal kattaroq keladigan, tishlasangiz qarsillab ketadigan nihoyatda suvli, nafaqat tashqi ko'rinishi, hatto ichki tarafi ham qizil bo'lgan olma navini – menimcha, “Xuboni” deb atasharkan, g'uj-g'uj hosilli tabiiy olmazorlar, necha yuz yoshli yong'oqzorlaru pistazorlar, necha ming yoshli archazorlar qo'ynidan yuqoriga – eng baland tog'lar sari uch-to'rt kunlab ot-eshaklarda chiqib bordik.
Azim aka bizga bu tog'lar haqida, bu yerda o'sadigan ming dardga davo dorivor giyohlar haqida xuddiki o'rmonchilarday ma'lumot berib borardi. Ushbu safar taassurotlari “O'zbekiston ovozi”ning bir necha sonlarida chop qilingan, Azim aka ham ancha jiddiy, o'qishli publitsistik maqolalar yozgan edi.
* * *
Azim Suyun tog' farzandi bo'lgani bois, tog'u dashtlar jonu dili edi desak, xato bo'lmaydi. U kishi nafaqat yozgan she'rlarida, aslida hayotda ham yuqorida ko'p aytganimizdek, chinakam tabiat shaydosi. Ulug' shoirlarimizdan biri bir paytlar hazil bilan katta minbardan turib Azim aka haqida: “O'rmonchi shoirimiz” deganida ham qandaydir haq edimi deb o'ylayman.
Sababi o'rmonlar, tog'lar, daraxtlar va umuman, tirik tabiat ustoz shoirning hayot mazmunidir. Shu o'rinda yana bir voqea esimda: Surxon vohasiga qilgan safarlarining birida Azim akaning xizmat mashinasida tog'li Boysun tumanining past-baland hududlaridan o'tib borayotgan edik. Yoz fasli edi chog'i, kun ancha dim, bosh muharririmizning haydovchisi esa juda epchil yigit bo'lib, tog' yo'llaridan ham taxminan 80-90 km tezlikda mashinani yeldek uchirib borardi. Bir payt Azim aka to'satdan: – Ey, to'xtat! – deb haydovchisiga buyruq berdi.
Men nima bo'ldi ekan, deb deyarli sapchib tushdim. Mashinaga qattiq tormoz berildi. 10-15 metr o'tib to'xtadik. Mashinadan tushgan Azim aka asfalt yo'lning narigi tarafiga o'tdi, orqaga yurib, “Oh, buni qaranglar, essiz, essiz”,– deya o'lib yotgan katta bir qushga qarab achinardi.
— Burgut shekilli, mashina oynasiga urilgan bo'lsa kerak, – dedi hamrohlarimizdan biri.
Shu payt Azim akaning yuziga qaradim, unda ulkan bir fojiaga duch kelgan odam qiyofasi mujassam edi.
— Bu qush burgut emas, ukki. Ko'plar ukkini – boyqush deb o'ylaydi. Bu noto'g'ri. Ukki boshqa xil qush, to'g'ri, boyqushlar oilasiga mansub. Lekin boyqush emas. Qadimda, ayniqsa, Xorazm tomonlarda malikalar bosh kiyimlariga shu qushning patlaridan toj qilib tikishgan, raqqosalarning do'ppilarida hozir ham bo'ladi-ku!..
Yo'lda ketayotib, garchi mashinada to'rt kishi bo'lsak-da, Azim akaning sinchkov, e'tiborli odam ekanligini his qilib borardim. Biz ahamiyat bermagan toshni yorib unib chiqqan yolg'iz daraxtnimi yo yo'l chetidagi biror haykalnimi yo bo'lmasam, kichik bo'lsa-da sizib chiqayotgan tog' bag'ridagi buloqchani deysizmi, bularning barini birinchi bo'lib Azim aka payqardi, ko'rardi. Shundan ham ayon ediki, biz sodda deb bilgan Azim Suyun aslida o'ta sezgir, e'tiborli, nigohi o'tkir odam.
Biz-chi, biz parvoyi falak yo'lda ketayotirmizu shundoq ro'paramizdagi mo''jizalarni nechundir ko'rmasdik. Nega shunday edi?
* * *
Bugungi kunda o'zbek adabiyotini shak-shubhasiz Azim Suyunsiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Shoirning har yili yangi-yangi kitoblari chop qilinmoqda. “Saylanma”lari qo'lma-qo'l bo'lib ketyapti. Bu nimadan dalolat? Menimcha, xalqqa yaqinlikdan. Odamlarni, ona yurtni, uning boru yo'g'ini borligicha sevishdan, Vatanga cheksiz muhabbatdan deb o'ylayman.
Bilasizmi, yana eski bir gap: hamma yaxshi ijodkor ham yaxshi inson bo'lmasligi mumkin. Bunga tarixdan ham, bugundan ham istagancha misollar keltirish qiyin emas. Lekin Azim Suyun inson sifatida ham qalbi keng shaxs. Unga berilgan tolening yorug'ligi, yuksakligi ham shunda bo'lsa, ajab emas.
Takror bo'lsa-da, aytgim keladi, ustoz bilan bu hayotda ozmi-ko'pmi birga mehnat qilish baxtiga muyassar bo'lganimdan, zamondosh bo'lganimdan oddiy bir qalamkash sifatida o'zimni o'ktam sezaman.