Cho'qqilar majnuni
U hushi kelganda telefon qilib qolar, menga yuksakliklarning havosini yuqtirmoqchi bo'lardi, chamasi, salom-alikdan keyin bo'g'zidan tirnalib chiqayotgan ovoz bilan shodon “Sizni toqqa olib chiqaman!” deb va'dani quyuq qilardi. Men ulg'aygan hududlarda bo'lgan, u joylarning o'zimga noma'lum ikir-chikirlarigacha bilar, hatto bir yil yosh alpinistlarni ergashtirib, Toshqo'rg'ongacha borgan, endi aynan Amir Temur g'ori hududlarida alpinizmga bag'ishlangan qo'shiqlar festivalining respublika bosqichini o'tkazishni rejalashtirayotgan, g'oliblarni g'or ostonasidagi tabarruk supada taqdirlashni mo'ljallab qo'ygandi. Unga marhum Ittifoq davridan bu sohaning tomir urishi tanish, millat, davlat nufuzini xalqaro miqyosda namoyish etishda alpinizmning o'rni nechog'li ekanini yaxshi bilar, shuning uchun sportning bu murakkab turini rivojlantirish tarafdori edi.
“Imperiya davrida barpo etilgan butunittifoq alpinizm markazi Dug'obada edi. U Qirg'izistonda qolib ketdi. Salohiyatli va nufuzli yurtimizda ana shunday markaz bo'lishi shart. Eng qulay joy esa Toshqo'rg'on qishlog'i”, deb tez-tez takrorlardi va fikrini isbotlash uchun dalillar keltirardi: “Qishloq dengiz sathidan 1800 metr balandlikda. G'arbida 2905 metr, shimolida 3447 metr, sharqida 2873 metr balandlikdagi cho'qqilar qurshab turibdi. Ularning umumiy manzarasi xuddi amfiteatrni eslatadi…”. Bu borada dalillari ko'p, shu o'rinda qadriyatlarga ham murojaat qilib qo'yadi: “Sohibqiron Amir Temurga taalluqli joylar ekanini ham unutmaslik lozim!”. Ana shunday safsatalar bilan mening kindik qonim to'kilgan tuproqqa havasimni cho'g'lantirar va “tog'larni ko'rsatib”, meni qoyil qoldirmoqchi bo'lardi.
Navbatdagi qo'ng'iroqlarining birida esa chuchvarani eslatardi. Aytishicha, alpinistlarning eng tansiq taomi chuchvara bo'lar ekan.
Osmono'par cho'qqilar sari bir necha kunlik safarda odamning badanidagi terisi ham og'irlik qilib qoladi. Ammo shunday sharoitda ham oshqozonning ehtiyojini qoplash shart, bil'aks, hammasi bir chaqa! (Oshqozon ana shunday muqaddas ashyo, ya'ni “jonli xalta”, shuning uchun ko'pchilik azbaroyi “oshqozon uchun” yashab o'tadi). Hamma ozuqalar maxsus tayyorlangan bo'ladi, faqatgina chuchvarani qor eritib qaynatish va rohatlanib iste'mol qilish imkoni bor. Uning sho'rvasi ekstremal sharoitda toliqqan vujudga hayot sharbatidek naf qiladi (poriydi). Faqat maxsus yasalgan primus bo'lsa, bas. Kislorod juda siyrak muhitda olov yoqish ham oson emas. Bunday g'ayritabiiy muhitda maxsus tayyorlangan, spirtda ishlaydigan nodir primuslargina asqatadi. U bir musobaqada g'olib chiqqandi. Mukofotga mashina qo'yilgan, u esa mashinadan voz kechib, maxsus primus berishlarini so'ragandi. Endi bo'g'uvchi havo bosimi, kislorod siyrak sharoitda og'ir faoliyat ostida ichakdek ingichka tortib qolgan tanaga chuchvaraning iliq sho'rvasi yetib borishini tasavvur qiling. Shunda odam balki tirik ekanligini chinakamiga tasavvur qilar.
U meni ana shunday hayotbaxsh ziyofatga tekislikda, qaynoq shahar bag'rida taklif qilar va xotiralarda jonlangan maishat yillar davomida kechikib kelardi. Balki qorni ochganda yoki gavjum hayot joniga tekkanida o'sha muzlik va qor bo'roni qurshovidagi chodirda chuchvara sho'rvasi ichib yayraganini eslaganida, o'z bazmiga sheriklikka meni taklif qilar va bu gapni… aytgan zahoti unutardi. 2-3 yil nuqul shu gapni takrorlardi, lekin biror marta shundoq qo'l yetgudek joydagi xonadonga yoki umumiy yemakxonaga qadam ranjida qilib, birgalikda chuchvara yemasdi. Shu yo'riqda toqqa chiqishni ham eslatib qo'yar, tamshanib: “Ko'rasiz…” deb qo'yardi.
Hadeb bir gapni eshitaverish, buning ustiga, ishning amaliyotga o'tmayotgani nihoyat jig'imga tegdi va shu qalandar odam qachon “toqqa ketdik” desa, issiq ko'rpaning ichidan bo'lsa ham otilib chiqib, yo'lga tushaman, deb ahd qildim. Bir safar qachon yo'lga tushishni kelishib ham oldik, ammo fursat yaqinlashgach, birdan yo'q bo'lib qoldi: na yerda, na ko'kda bor. Yana yillar o'tdi. Qaytadan paydo bo'lib, o'sha gaplarni takrorlab turdi, lekin chuchvarani eslamay qo'ydi. Turmush tarzi o'zgarayotganday tuyuldi. Shunday ham bo'libdi. Kunlarning birida kutilmaganda ishxonam eshigini ochib, kirib keldi. Juda mashqi past. Men ham g'amguzor termuldim, “Nima ro'y berdi?” dedim. “Kennayingiz o'tib qoldi…” deb, yig'lab yubordi. Yolg'iz dunyoda yagona hamrohini topgan, shu orqali ko'pchilikka – jamiyatga qo'shilgan odam tirgagidan, balki izdihomga yetaklab kirgan ko'zidan ajralganidan keyin butunlay abgor bo'libdi. Iztirob shunchalik teranki, marhum ayoli – o'zbek qiziga atab tilni bilmaydigan odam she'r yozibdi: “Ko'z yoshlarim shirillab oqvotti, “Voy-dod “ deb qichqirgim kevotti…”
O'shanda bu odamning buyuk qalbini birinchi marta his etganman, botinida ulug' ma'naviyat borligini, yuzaki gaplar esa shunchaki yo'lida aytilgan ermaklar ekanini sezganman. Mutaassir bo'lib, uning hayotidan “Yillarni qaritgan sadoqat” sarlavhali esse ham bitdim. U o'qiganlarni beparvo qoldirmadi, hatto eng sovuqqon adabiyot gazetasi e'lon ham qildi.
* * *
…Bu gal endi taklifni rad etish mumkin emasdi, qat'iy ahd bilan o'sha kunni kuta boshladim. Orada bir-ikki hushyorligimni sinab ham turdi va soat 10 dagi uchrashuvga shoshilib bordim. Ancha oldin borib qolgan ekanman, chiroqqa pul to'layman, deb, yana kitob magazinini aylanib, 2 daqiqacha kechikib boribman. Shundoq zinada yelkasida katta qop, ko'zi ola-kula bo'lib kutib oldi, “Men yarim soat oldin kelganman”, dedi ta'naomuz.
Dastlab G'azalkentga, keyin yana tog' tomonga ketildi. Yo'llar dazmollangandek tep-tekis, omadi bor joylar-da. Poytaxtga yaqin, manzara chiroyli, purviqor tog'lar butun salobati, ko'rku jamoli bilan ko'rinib turadi, bekinib olmagan. Ham entikish, ham havas bilan yo'lda davom etamiz. Hamma mashhur manzillar – tog' chang'isi uchiladigan qirlar, sim dorlar quyida qoldi. Rostdan, meni chinakam tog'lar o'lkasiga olib bormoqchi, shekilli. Tyan-Shan tizmasi, Chimyon tog'lari bag'riga oldi. Men Pomir tog'i tizmalarini bilaman. Tog'lar bir-biriga o'xshar ekan. Mag'rur, sokin, purviqor va go'zal. Bu go'zallikni birdaniga his etish qiyin. Faqat vujudga kislorodga to'yingan havo muattar giyohlar hidi bilan omuxta bo'lib oqib kirgach, bir his uyg'onadi va zehn ochilib, borliq o'zgacha, betakror ko'rinib ketadi. Keyin aynan ilk lahzadagi shu kayfiyatni qo'msab yurasiz va u tutqich beravermaydi. Hatto yana qayta-qayta kelaverganingizda ham bu masrurlik takrorlanmaydi. Shunda tog'lar botiniy sehrini, zohiriy nafosatining bokiraligini inkishof etasiz. O'sha his yana yo'lga, cho'qqilar sari boshlayveradi. Chol, mening tasavvurimda, ana shu qopqonga tushib qolgan va undan chiqib ketolmasdi.
Yo'l shlagbaum bilan to'silgan, undan ichkarida shundoq toqqa qapishib, shiferli binolar ko'rinar, atrof orasta va toza edi. Unga alohida xona ajratishibdi, bundan juda mamnun. Temir panjarali zina orqali ikkinchi qavatga ko'tarilamiz. Dolonlik ikki xona, to'g'ridagisi unga tegishli ekan. Xurpaygan yuk xaltasidan osonlik bilan kalitni topib, tantanavor eshikni ochadi va meni ichkariga taklif qiladi. Ayovsiz shamollar ta'sirida qotib ketgan yuzida biror his ifodasi sezilmaydi, ammo ichdan g'o'ddayayotgani aniq. Axir ana shunday xilvat joyda uning o'z boshpanasi bor. Xona orasta, lekin gilam to'shalmagan, biroq u poyafzalini yechib kirdi, men ham oyoqyalang bo'lib oldim. Aslida, bunga hojat yo'q edi, balki u o'z dargohiga ayricha ehtiromini shunday ifodalagandir, lekin tezda katta poshnali etigini yechmay kirib-chiqa boshladi. Nima bo'lganda ham u menga sirli tuyulishga harakat qilayotgandek sezilmadi, uning tuyg'ulari muzlab bo'lgan, birovda iliq taassurot qoldirish kayfiyatidan mahrum edi.
Mening joyimni hamda nimalarga amal qilishimni qat'iy tayinladi va odmi kiyinib, hovliga tushdik. Mashq bazasi tog' qoyasiga tiralib turar, shundoq qo'l yetgudek joydan cho'qqi boshlanardi. Go'yo tog' bu maskanni o'z bag'rida hovuchlab turardi. Uni hamma tanir, yo sokin, yo shovqin solib salomlashar u esa hammani “elakdan o'tkarish”ni boshlab yuborgandi. Qat'iy tartibga o'rgangan odam, bir lahza ham vaziyatni nazoratsiz qoldirmas, har qadamda aytadigan, eslatadigan gapi topilardi. Ba'zan, balki mavqeiga qarab, kimlarnidir to'xtatar, rasmiy tusga kirib, “Yozuvchi, jurnalist, yana allambalo…” deb meni tanishtirar va bu “chuqur mamnuniyat va hurmat-ehtirom”i kamlik qilgandek, hiringlab qo'yardi.
Xullas, meni harbiy qism hovlisida ayiq tutgan ovchidek g'urur bilan aylantirardi. Uning cheklanganlik va yolg'izlikda o'tgan hayoti ana shunday odob me'yorlarini singdirgan, kiroyi odamgarchilik tartiblarini pisand qilmasdi. Uning chindan ham dimog'i shishgandi. Haytovur, u Markaziy Osiyodagi 7 ming metrli beshta cho'qqini ham zabt etgan, ularga o'n marta ko'tarilgan, bu balandlikka, ehtimol, tirnoqlari bilan tirmashib chiqqan va silqigan qon yuqi uning ko'ziga mag'lub botayotgan quyosh bo'lib ko'rinar, shuning uchun ham raftori bozordagi aravakashlardan ham abgor bo'lsa-da, o'z mezonlari bilan quyidagi hamma jinsdoshlarini qanotsiz maxluq, o'zini esa 7 ming metrga ko'tarilgan lochin deb bilar, azbaroyi o'zini yaxshi ko'rganidan hammani pashshadek qabul qilardi, chamasi. Yillar davomidagi yolg'iz hayot uni yetarlicha xudbin (egoist) qilib qo'ygandi. Shuningdek, uchragan odamga do'q urib gapirar, unga bundan hafta yoki o'n besh kun oldin aytgan topshirig'i qanday bajarilganini ezmalik bilan surishtirardi: “Soy bo'yidagi shox-shabbani oldirmabsan”, “Qiyalikni nega daraxtning tagigacha o'yib bormading?”, “Mening vagonimga kim tegindi?..” Ilojsizlikdan tasodifan changaliga tushib qolgan odam tipirchilar, undan tezroq qutulishni istar, u esa battar zug'umni oshirardi: “Mas'uliyat yo'q senlarda, mas'uliyat…”. Chol rostdan ham hammaning joniga tekkan, ammo undan qutulib bo'lmasdi. U juda nufuzli odam edi.
* * *
Universitetning geografiya fakultetini tugatib, maktabga ishga bordi-yu, sinfxonasi unga torlik qilishini bir lahzada sezdi. Tahsil davomida dunyo jug'rofiyasini miriqib o'rgangan, xayollari o'rgimchakning ipidek mavhum nuqtalarga bog'langandi. Sershovqin shaharda bolalarning shovqini battar ezardi va xilvat burchaklardan bezovta xayollariga taskin izlardi. Shunday qilib, alpinistlarning havaskorlik to'garagini topdi, ana shu joyda parchinlangandek bog'lanib qoldi. Bildiki, uning izlagani tog'lar, tog'lar asrori ekan. Uch-to'rt yil rosa chiyraldi, toblandi, sinovdan o'tdi va Fedchenko muzligida faoliyat yuritishi mo'ljallangan meterologlar guruhiga loyiq ko'rildi.
Ana shu joyda faqat qor va muzliklar o'lkasida ikki yil uzluksiz yashadi, “katta xolasi”ni ham, “ammasi”ni ham ko'rdi. Lekin tirik va butun chiqib, Toshkentga qaytganida o'sha paytda beshta “Pobeda” mashinasiga yetadigan puli bor edi. Taassufki, unga pulning hidi ta'sir qilmadi, u boshqacharoq edi, ovsarroqmi, xayoli parishonmi, pulni xaltasi bilan ota-onasiga topshirdi-yu, yana “O'qiyman”, deb turib oldi. Taqdir esa unga puldan emas, boshqa tomondan siyladi: ekspeditsiya materiallarini tahlil qiladigan, yana yangi rejalar tuzadigan O'z.FA. matematika ilmiy tekshirish institutida laborant bo'lib ishlayotgan, ko'rganning havasini qo'zg'aydigan, oshiqlari ko'pdan-ko'p Norposhshani unga ro'baro' qildi. Bu nikoh uni bir sira tog'lar cho'qqisidan pastga olib tushdi. Ulg'aytirdi va yana qayta oldingidan ham baland cho'qqiga ko'tardi. U quyidagi, yerdagi baxtini turmush o'rtog'idan topdi, ammo nazari tog'larga qadalgancha qolaverdi. Oxiri shu bo'ldiki, Ititifoqda taniqli alpinistlar safiga qo'shildi, o'zbeklardan birinchi bo'lib, alpinizm bo'yicha sport ustasi me'yorini bajardi, yuqorida eslatganimizdek, o'n marta yetti ming metrlik cho'qqiga ko'tarildi.
— Nega Everestga chiqmagansiz?
— Komandaga qo'shishmagan. Toshkent guruhidan 5-6 kishi qatnashdi.
— Sizni nega qo'shishmagan?
— O'zbekligim uchun.
Nima degani? Albatta, katta avlod uchun vaziyat izohlarsiz ham ma'lum, ammo bugungi yoshlar hayron qolishi mumkin. Millatchilik, gegemonlik, xo'rlik shu sohalarni ham iskanjasiga olgan ekan-da?! Ta'sir aks ta'sirni chaqiradi, deganlaridek, qalbida Everest (aslida — Jomolungma) orzusi yashayverdi. 1963 yil 15 mart kunini juda yaxshi eslaydi, unutmaydi. Shu kuni Toshkentda Jomolungmaga birinchi bo'lib qadam qo'ygan inson farzandi Norgey Tensing bilan uchrashuv bo'ldi. U o'n yil oldin ingliz ekspeditsiyasiga kirakashlik qilib, Edmund Xillari bilan dunyoning eng baland nuqtasiga ko'tarilgandi. Tensing shon-sharaflarga ko'milgan, u chinakam qahramon yer farzandi edi. Hamma unga havas bilan qarar, uchrashuvda shunday muhit yuzaga keldiki, ishtirokchilar o'zlarini xuddi o'sha cho'qqiga chiqqandek his etishgandi.
Haqiqatan, Norgey Tensing 8848,86 metr yuksaklikning havosini olib yurgan, hammaga ulashayotgandek tuyulgandi. Keyinchalik memuarlarida shunday qayd etdi: “U tabiat qanday yaratgan bo'lsa, shunday fikrlardi: toza qalb, toza vujud va tog'larga e'tiqod bilan. Sivilizatsiyadan qancha uzoqlashsang, shuncha qurumlardan, nopoklik va sotqinliklardan, xudbin va manfur odamlardan shuncha nari ketasan, tabiatga qancha yaqinlashsang, u bilan til topishish qiyinlashsa-da, u senga ta'sir qiladi. U bilan yashinmachoq o'ynolmaysan, tabiatni alday olmaysan. Tensing Jomolungmani tabiatning oliy mo''jizasi, deb bilar, hatto uni iloh deb tan olgan va “siz”lab gapirardi…”
Uchrashuvdan dardlari yangilanib chiqdi, lekin u xo'rlanmadi, aksincha, kimligini amalda ko'rsatib qo'yishga harakat qildi, yuklamalarni yana ham kuchaytirdi va niyatiga erishdi ham. Keyingi faoliyati juda samarali bo'ldi. Har holda, uning o'zi hayotidan rozi.
— Lekin Antraktidaga borishni orzu qilaman. Buni qarangki, to'qson yoshli odamning xayoli chakki emas!
* * *
…Mustaqillikning ilk yillari. Bir kun “Xalq so'zi” gazetasiga qorachadan kelgan, do'ppi kiygan, qotma odam kirib keldi va menga ro'baro' bo'lib, “Tog'lar haqida ham yozasizlarmi?” deb qoldi. Dastlab uni yurtdoshlarimdan biri bo'lsa kerak, ataylab o'smoqchilab gapirayapti, deb o'yladim va suhbat boshlandi. Ancha kirishib ketdik, taassurotlar juda yorqin bo'ldi va tezda gazetada “Tog'lar hammaga bosh egavermaydi” sarlavhali lavha e'lon qilindi. Unda do'ppili kishi surati ham ilova qilingandi. Shundan keyin qadrdonlik boshlandi. O'zi ishlayotgan harbiy bilim yurtida katta panno ishlatibdi va unga lavhaning sarlavhasini uzun qilib yozdiribdi.
“Zo'r gap, — derdi u. — Tog'lar hammani qabul qilavermaydi”. Bu holga, ayniqsa, alpinistlar ko'p guvoh bo'lishadi. 1974 yilda sakkiz nafar ayoldan iborat jahonning terma komandasi 7127 metrli cho'qqiga yo'l oldi. Marra muvaffaqiyatli zabt etildi. Faqat pastga tushayotganda kuchli dovul va qor bo'roniga duch kelishdi. Hamma narsa muhayyo bo'lsa-da, lager qurishga ulgurolmadilar. Yordamga borgan qutqaruvchilar bir necha metr quyidan ularning so'nggi nafaslarini radiosignallar orqali bilib turishdi. Qizlarning hammasi muzgulga aylandi. Bir safar hamrohlarining birini tog' ko'chkisi olib ketdi. Jasadini topishning ham iloji bo'lmadi. Bir yildan keyin uni keltirib dafn etishdi. O'zi ham ot bilan jarga qulagandi, faqat tasodifgina uni tirik saqlab qoldi…
Ana shu odam bez bo'lib turaveradi, xursandligini ham, xafaligini ham bildirmaydi. Faqat odamlar dunyosiga singib keta olmaydi, o'zining yolg'iz olamida, faqat o'zigagina ma'lum tuyg'ular og'ushida yashaydi. Odamoviligi tabiatidanmi, faoliyatidanmi, har holda, shu hayot tarzidan aslo nolimas, hatto bunday hol ba'zilar nazdida erish tuyulishini mulohaza ham qilib ko'rmasdi. Uni kamyob mutaxassis sifatida harbiy sohaga taklif etishgan, sho'ro davridayoq tog'da harbiy tayyorgarliklar yuzasidan ma'ruzalar o'qigan, kursantlarni amaliyotga boshlab borgan. Ma'ruzalari asosida qo'llanmalar yaratgan, dasturlar tuzishda ishtirok etgan. Sohaga doir maqolalari harbiylarning nufuzli jurnallarida rus va ingliz tillarida nashr etilgan. Hatto bir maqolasi AQShda bosilib, ancha muhokamalarga sabab bo'lgan. Ayni paytda u yaratgan 4-5 kitob shu mavzuda asosiy qo'llanma hisoblanadi, ularga sohaning taniqli mutaxassislari – fan doktorlari, polkovniklar ijobiy taqriz yozgan.
Bular bilan ham chegaralanib qolmay, uchta memuar kitob yaratdi. Ularning birinchisi “Dervish v gorax” (“Darvish tog'larda”, 298 sahifa)ni 2011 yilda tayyorlagan va sanoqli nusxada chop etgan. Ikkinchisi “Dervish veren goram” (“Darvish tog'larga sodiq”, 404 sahifa) 2015 yilda tayyorlanib, chop etilgan. Uchinchisi esa bosmaxonada. Kitoblar professional darajada juda qiziqarli yozilgan. O'z mavzusi jihatidan ham, janr xususiyati jihatidan ham yangilik. Zohiran qoyadek bu odamning guldek qalbi borligini ularni o'qiganlar his etadi. Chindan unda ko'plarda uchrayvermaydigan nodir xislatlar (albatta, qobiliyat) va fanatlik (birsevarlik) bor.
* * *
Qarama-qarshi karavot qo'yilgan odmi xonada safar suhbati davom etayapti. O'ziga ancha issiq kiyim, hatto quyoshdan saqlovchi ko'zoynak olib kelgan. Men bu ashyolarga qachon navbat yetarkan, degan o'yda suhbatdoshimni tinglayman. U esa hammasini unutgan, nima bor-yo'qligi bilan qiziqmaydi ham, birdan tomdan tarasha tushgandek:
— Ichishni o'rgansammi? Uyda yashiklab ichimlik yotibdi, tug'ilgan kunlarimga olib kelishgan, – dedi. Go'yo mening jig'imga tegmoqchi bo'ladi (balki uning taqir dunyosida allaqachon ortiqcha tuyulib qolgandirman), men esa pinagimni buzmayman. Yana avjiga oladi: — Shoirlar ichuvchi bo'ladi-ya? — Yana men jim. Ko'rib turibman, stol ustida butilkalar qator tizilgan, biri bo'g'zi baravar qizg'ish suyuqlik. Uni chanqovbosdi deb o'ylasam, chol qizilpoycha (sariqgul, zveroboy)ni spirtlab qo'ygan ekan. Lekin ochay demaydi. Battar avjiga oladi: — Konyaklarning eng zo'ri qaysi? — deb tortmaga ishora qiladi. Unda yarmi bo'sh shisha, biqiniga “Tyan-Shan” deb yozilgan. Savoliga esa o'zi javob beradi: — Kon'yaklarning eng zo'ri – grecheskiy. Menda 74-yilda ochilgani bor. Ba'zan odamning ichgisi kelib qoladi. Yarim piyola urib olaman. Qizitib, yaxshi huzur beradi. Goh-goh ichib ham turish kerak.
Bu o'rinda u qanchalik sovuqqon bo'lsa, men shuncha beparvoman. Ammo siyqasi chiqqan, “Oqidan uraylik”, “Juft bo'lsin” singari qiyqiriqlar yangrab turuvchi davralardan bu davrada ko'proq fayz bordek, bir kap-katta odamning bolalardek murg'ak, g'uborsiz dunyosini kuzatish maroqlidek tuyuladi. Soxta xushomad, umuman, har qanday iltifotdan yiroq, hammasi ignaning uchidek hisobli dunyoda yashagan va umrini ham ignaning uchida turgandek omonat o'tkazgan bu zot hatto mehmonga oddiy mulozimatni bilmasdi yoki bilsa ham ataylab qo'llamasdi. Men esa allaqachon uni zeriktirganimni, tong otishi bilan safarim qarishini sezib turardim. Bu odamning “ichi” bo'lish, unga hamrohlik qilish juda qiyin edi. Kim o'ziga “ulfat” bo'la olishini o'zi ham his qilmas, umuman, o'ziga yaqin odam kerak-kerak emasligini bilmas edi, chamasi.
Biroq unda odamlik, aniqrog'i, erkaklik instinkti o'lmagan, tinimsiz uylanish haqida gap ochardi. Ilgari ham bu haqda gapirgan, men “O'zi parvozga shaymisiz?” deb kulgi qilgandim. Ikki-uch xotin bilan gaplashibdi, hatto birini eslab ezilib yurdi. Hammasi pul so'rar, keyin etagini tutdirmas ekan. Kelini esa “Bir oshxonada ikki ayol sig'maydi”, debdi. Endi birdaniga uyli-joyli xotinni istayapti. Eh, xayolning cheki bo'lmas ekan-da. Hozirgi ayollar og'ritmay terisini shilib, somon tiqishini va ko'chaga tirik tulupni qo'yib, o'tgan-ketgandan pul ishlashini bilmaydi… Ammo ko'p odamlar ana shunaqa xom xayolning qurboni bo'ladi, bir umr shamolni qopga qamamoqchi bo'lgandek, tagi bo'sh gap bilan o'tib ketadi. Cholni qarang. Quloq tom bitgan, eti ketib, suyagi qolgan, “xotin” deydi. Odam tabiatining qiziqligi – o'n yillar oldin yig'lab yurgan, qayg'usini she'r qilgan odam bugun Norposhsha yangani eslamaydi ham. Ehtimol, xotinining ismini ham unutgandir. Eng taniqli haykaltaroshga byustini yasatgandi. Bu nima, alpinistlarga xos cho'qqidan cho'qqiga yo'lmikan yoki inson tabiatining bo'lgani shumi?
Qiziq, issiq-sovug'ida birga bo'lgan, hatto keksaygan paytida “Men ketay, sizga tovon bo'lmay, siz yashang” deb iltifot qilgan umr yo'ldoshini unutganga o'xshaydi. Ammo…ammo tog'lar ishqi uni hamon tark etgani yo'q. U tog'larga vafodor, ularni unuta olmaydi. Demak, yagona yuragini tog'larga bergan birsevar ekan-da! Hozirgacha cho'qqilarni bo'ysundirib yashadi, yuzlab ekspeditsiyalarda qatnashib, hammasida maqsadga erishib qaytdi. Cho'qqilarni zabt etish havosi uni samolarga uchirdi. Ana shunday qanotli hislar og'ushida o'zini ham, yerdagi tashvishlarini ham unutdi, shekilli, nuqul tog'lar payida bo'ldi. Endi tog'lar undan yiroqlasha boshlagach (aslida, imkoniyatlari cheklanib boravergach), atrofiga qarayapti, zamondoshlari hayotini hisob-kitob qilayapti, o'z umrini, o'tgan yillarini taroziga qo'yyapti, shekilli. Yaqinda asarlari bibliografiyasini tuzibdi: to'rt yuzga yaqin maqola, 6 o'quv qo'llanma-darslik, 3 memuar… Ammo ularni “bozorga solib, taroziga qo'yib” narxlatmagan ekan: na ilmiy unvon, hatto harbiy daraja ham yo'q. Holbuki, u fan doktori yoki professor bajaradigan ishni qilib qo'ygan, general bo'lmasa ham polkovnikka loyiq odam. “Eh, — deydi qo'lini beparvo silkib, – na vsyo vinovato moyo blagodushie…”.
Shu lahzada u menga xuddi qor odamdek tuyuldi…
U endi (qarib, imkoniyatlari cheklanib qolganda) cho'qqilarini sahroda izlar, shu tufayli yolg'iz va notavon edi.
…Ertalab, har qancha qarshilik qilmay, bir chaqirimdan ham ko'proq joyga – katta yo'lgacha ilashib keldi. Meni kuzatib chiqdimi yoki ketganimga ishonch hosil qilish uchun yonimda bo'ldimi, bilmadim, har holda, fe'li muloyim (samimiy deb bo'lmasdi), kayfiyati xushchaqchaq, qadam olishi bardam, ruhi tetik edi. Uning bu qilig'ini mehmonning izzatini joyiga qo'yib, hurmat bilan kuzatib qo'yish deb bo'lmasdi. Uning uchun bu harakat shunchaki badantarbiya, kunboshidagi sayr edi…
* * *
Ushbu yozganlarimni 90 yoshini nishonlab yurgan (u shu yoshga to'lganini muttasil takrorlaydi va bu uqtirishlar nishonlashdek tuyuladi), O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Ikrom Nazarovga ko'rsatdim. U bir sidra tanishib chiqib, “Menga o'xsharkan yozgan odamingiz”, dedi dastlab. Keyin ko'zini qisib, quvlik bilan “Bu men, mening yarmim”, dedi. Shu e'tirofiga ham rozi bo'ldim…
Hakim SATTORIY.