Denovning bugungi salobati
So'zimiz — bugungi Denov haqida. Uning betimsol kechmishi haqida ham. Qadimda Chag'oniyon nomi bilan atalgan va ne-ne ulug' zotlarga beshik bo'lgan bu qadim va navqiron makon yorug' kunlarni, ko'ksini ko'targan, qaddini tiklagan kunlarga bugun yetdi.
Denovga kimlar kelib, kimlar ketmadi. Denov xalqini e'zozlagan, unga butun mehrini berganni boshiga tutdi. Aksincha, tor manfaatlarni o'ylab, adolatdan o'zini uzoq tutganlarni aslo xushlamadi.
Yaratganga shukurki, Yangi O'zbekiston poydevorini yaratish, o'zbek yurtini jahonaro hech kimdan kam bo'lmagan mamlakatga aylantirish maqsadida faoliyat olib borayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy islohotlari Denovda ham bo'y ko'rsatmoqda.
Bugungi Denovni — Yangi Denov deyish mumkin. Chunki denovliklar olib borilayotgan bugungi o'zgarishlardan, yangiliklardan bahramand. Mustaqillik yillarida o'ziga xos rivojlanish, chiroy ochgan tuman keyingi yillarda har qachongidan-da yuksalish, taraqqiyot bosqichiga ko'tarildi desak mubolag'a bo'lmaydi. Albatta, bu o'zgarishlar denovliklarning fidokorona mehnati va davlatimiz tomonidan berilayotgan e'tibor, qo'llab-quvvatlovlar tufaylidir.
Biz odatda qilingan ishlarni, uddalangan rejalaru, amalga oshirilgan bunyodkorliklarni e'tirof etish uchun raqamlarga tayanib so'z aytishni xush ko'ramiz.
Agar birgina keyingi 2-3 yil davomida Denov tumanini har tomonlama rivojlantirish maqsadida davlat byudjetidan ajratilgan mablag'larni raqamlarda aytadigan bo'lsak, bu shubhasiz, shunday raqamlarki, buncha katta mablag'lar oxirgi 25 yil davomida ham tumanga yo'naltirilmagan bo'lsa, ajab emas.
Shuning uchun ham bugun nafaqat tuman markazini, ko'chalarini, balki mahallalarini ham tanib bo'lmaydi. Mubolag'aga yo'yish kerak emas-kuya, uzoq-yaqindan keladigan mehmonlar tugul, hatto shu tumanda doimiy yashaydiganlar ham hozirgi o'zgarishlardan hayratlarini yashirolmay so'z qotganlarini tez-tez eshitish mumkin: Denovda bir hafta bo'lmagan odam, yangiliklardan lol qolishi turgan gap.
Hozirgi paytda tumanga Ilhom Abrorov rahbarlik qilmoqda. U yosh va juda ma'rifatli inson. Eng muhimi, izlanuvchan. Odamlar bilan, Denov xalqi bilan juda samimiy va madaniyat bilan muloqot qiladi. Yangi hokimning tuman faollari bilan o'tkazgan bir qancha yig'inlarida bo'lib, ko'nglim yorishdi. Halollik va kamtarlik — oliy fazilat. Ana shu fazilatni o'zida jo qilgan insonning ishida albatta baraka bo'lishi isbot talab qilinmaydigan haqiqat.
Bugungi Denov har qachongidan ham tadbirkorlar yurtiga aylandi. Bir paytlar faqatgina mashhur bozori bilan tilga tushgan bu zamin bugun tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalari bilan ham Surxondaryoda o'z o'rniga ega. Tunov kuni nabiramizga xarid qilingan bejirim bir ko'ylakni olib “qaerda ishlab chiqarilgan ekan” desam, o'zimizning Denovda tayyorlangan ekan. Ochig'i, bundan yangi ko'ylak kiygan nabiramdan ham ko'ra o'zim ko'proq xursand bo'ldim desam ishonavering. Yoxud chiroyli qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari deysizmi, maishiy mahsulotlarni yo turfa xil qurilish mahsulotlarimi, barisida — Denovda ishlab chiqarilgan degan yorliqni ko'rishingiz mumkin.
Bu narsalar bir paytlar — orzu edi xolos.
Agarda denovlik qishloq xo'jaligi bilimdonlari, bog'dorchilik yoki mashhur chorvadorlari haqida so'z yuritmoqchi bo'lsak, uzoq va xo'p gapirishimizga to'g'ri keladi.
Ha, mustaqillik bergan oliy ne'matlar, beqiyos imkoniyatlar tufaylidir bular.
Har kim har narsa deyishi mumkin, albatta. Birinchi navbatda mustaqillik xalqimizga o'zligimizni, milliy qadryatlarimizni qaytarib bergani ayni haqiqatdir. Zero, e'tiqodsiz inson yelkansiz kemaga o'xshaydi: beqaror to'lqinlar, turli oqimlar uni bearmon sarson qiladi – manzil, mo'ljal haqida gap ham bo'lishi mumkin emas. Sho'ro zamonida bizning ahvolimiz ana shunday edi. Zotan tarix, madaniyat u yoqda tursin, hatto oddiy insoniy fazilatlarga ham qandaydir chiziqlar tortilgan edi.
Biz sakson yil, u yog'i bilan bir yuz oltmish yil tariximizni, ya'ni milliy boyligimiz bo'lgan qadriyatlarimizni toptash, oyoq osti qilish, aziz kitoblarimizni yoqishlarini kuzatishga majbur bo'ldik. Bu amallar atirgul tikonlari shaklidagi jarohatlar qoldirgani ham rost. “O'rmonga o't ketib, ho'lu quruq barobar yongani” bilan baribir nimalardir qolar ekan. Shukur, Istiqlolimiz tufayli toptalgan qadryatlar shitob bilan dunyo yuzini ko'rmoqda. Shu o'rinda tariximiz, ma'naviyatimizga noyil ayrim mushohadalarni bildirishimiz o'rinli bo'lar edi.
Birgina “Shajarayi turk” asari uchun Abulg'oziy Bahodirxonning oldidagi qarzimizni to qiyomatgacha uzolmasak kerak. Nadomatlar bo'lsinki, bunday noyob manbalar kam va buning uchun boshni toshga urishning foydasi yo'q.
Vaholanki, xuddi o'sha zamonlarda ham, masalan, aytaylik hozirgi Surxon o'lkasi o'z yozuviga, o'z pul birligiga ega bo'lgan davlat barqaror edi. Bu zaminda ajdodlarimiz betakror haykallar, sof oltindan zargarlik buyumlari, taqinchoqlar yasaganlarki, bu noyob namunalarning oldida hozirgi paytda ham har qanday unvonli musavvir va haykaltarosh o'rnidan turib qulluq qilsa ajab emas.
To'g'risini aytganda, mashhur fransuz yozuvchisi Monteskyoning “Sharqda buyuk shaharlar quradilar-u, ammo uning tarixini yozmaydilar” degan iddaosiga iqror bo'lmoqdan o'zga chora yo'q. Bo'lmasa, Sohibqiron doim yonida zukko tarixchilarni olib yurgan, ularni mehnatlariga yarasha rag'batlantirib turgan, ammo yozma manbalarda aniq tarixiy tafsilotlarning kamyobligi haqiqiy o'tmishimizni bilishga soya soladi, lekin “bobom bozordan kelmaganda shuyam yo'q edi”, deganlaridek, boriga qanoat qilib qo'ya qolamiz, chunki hatto Amur Temurday Sohibqiron ham bo'lib o'tgan ish uchun aziyat chekmas ekan, shunday ulug'larning oldida biz kim bo'libmiz!
O'qiganimiz, akademik G.A.Pugachenkovaning “Xolchayon” degan kitobi bor. O'tgan asrning oltmishinchi yillari Toshkentda rus tilida chop etilgan. Kitob miloddan avvalgi dastlabki asrlarda taraqqiy etgan, hattoki gullab-yashnagan gavjum istiqomat manzili, bugungi ibora bilan aytganda, bir shahar haqida ma'lumotlar beradi va XX asrdagi xalqqa qo'shilib bu shaharning nomini “Xolchayon” deb atagan muallif tafsilotlarini bayon qilarkan, o'sha zamonda yoki miloddan biroz avval yozilgan bironta yozma manbaga suyanmaydi.
Muallifning asosiy manbasi – arxeologik qazishlar chog'i topilgan tangalar, taqinchoqlar, uy-buyum jihozlari, xumdonlar, ustunlarning tag kursilari, poydevorlar, xullas, yigirma uch asrdan beri tuproq tagida yotgan buyum-ashyolar hisoblanadi. Olima topilgan ashyolarga qarab, tarixni, ijtimoiy-siyosiy hayotni, diniy urf-odatlar, istiqomatchilarning kasb-kori, umuman, turmush tarzini va undan boshqa juda ko'p tafsilotlarni xayolan tiklaydi va juda to'g'ri qilgan. Qarangki, yozuv bor, zarb qilingan tangalarga qirra burunli yurt og'asining tasviri tushurilgan, demak, madaniyat, san'at yuksak darajada bo'lsa-da, yozma manbalar – kitoblar yo'q.
Ana endi Xolchayonning qaerdaligini so'raganlarga aytaylik: u bugungi Denov shahrining kun chiqish tarafida, Surxon daryosining qirg'og'ida joylashgan. Xuddi hozirgidek ilgari ham suv-hayot, istiqomat manbai bo'lgan. Olimlar Xolchayonning quyirog'ida Surxon daryosining Qizilsuv daryosidan qo'shilgan joyidan Budrach degan qadimiy istiqomat manzili – shahar qoldiqlarini topishgan. Mutaxassislar Budrachni Buddaga nisbat beradilar. Demak, miloddan ilgari bu o'lkalarda buddaviylik alohida mavqeiga ega bo'lgan. Bu manzildan Qizilsuv daryosi bo'ylab yuqoriga yursangiz Denov tuproqqo'rg'onining poyidan chiqasiz. Daryo toshqinlari yuvib ketishi natijasida o'pirilishlar chog'i chiqqan ashyolarga qarab olimlar bu Tuproqqo'rg'on milodning III-IV asrlarida barpo etilganligini taxmin qiladilar.
XX asrning 60-yillarida Xolchayon faqat qisman tadqiq qilindi, chunki miloddan ilgarigi tariximizga oid obidalarning ustiga turar-joylar qurilgan.
Tarix esa bilganidan qolmaydi, o'tmishni yer bag'riga joylagan qadimgi Chag'oniyon milodning ikkinchi ming yilligida ham muazzam saltanat sifatida barqaror bo'ldi: o'lmas Naqshbandiya tariqatining tolmas targ'ibotchisi va komil namoyandasi Xoja Alouddin Attor hazratlarining Buxoroiy sharifdan kelib, Denovni ixtiyor etishlarida va umrining so'nggi kunlarigacha bu qutlug' maskanda istiqomat qilib qolishlarida ham Allohning buyuk xizmatlari namoyon bo'ladi. Bu tabarruk zotning “Atrofimdagi 18 farsaxni asrashga kafilman” degan karomatlari doim quloqlarimizning tagida jaranglab turganday bo'ladi. Bundan odamning a'zoyi badani jimirlab ketadi.
Vengriyalik tarixchi va sayyoh Xerman Vamberi o'z xotiralarida “Mo'g'ullarning istilosi yurtni va unga qo'shib madaniyatni ham xarob qildi, shuning uchun Markaziy Osiyoda tasavvuf rivojlanib ketdi”, – degan bir talqinni bayon qiladi. Biz bu talqinga zid borib, keyingi ming yillikni Saodat asri deb atagan bo'lar edik. Chunki bu yurtlar mo'jizalar maydoniga aylandi, boshqa fanlarni bir yoqqa qo'yib turaylik, faqat tasavvufning kamoli va undan ko'ngil tuyadigan hayrat ana shunday sifatlashga yorqin kafolatdir.
Ettinchi asrning yirik namoyondasi Nizomiy Aruziy “Majmanun-navodir” degan bir ajoyib kitobida mana bularni yozadi: “Farruxiy seyistonlik bo'lib, Halif ibn Bonuga qarashli G'ulom Julugning o'g'li edi. Iste'dodi yuksak darajada bo'lib, she'rni yaxshi yozardi. Chang ham chalardi. U seyistonlik dehqonlardan birining mulkida ishlar, dehqon bergan mablag'i uning sarf xarajatlarini qoplab turar edi. Farruxiy Xalaf yaqinlaridan biriga uylangach, xarji oshadi va bo'yniga olaxo'rjin tushib, faqirlashib qoladi. Seyistonda esa uning amiridan o'zga amir yo'q edi. Shunda Farruxiy dehqonga: mening sarfu xarajatlarim ko'paydi, dehqon lutfu karam qilib g'allani uch yuz qaylga, kumush pulni bir yuz dirhamga oshirsa, shunda mening xarajatimni qoplaydi” — deb iltimosnoma yozadi. Dehqon esa iltimosnomaning orqasiga: “Xohlasang, avvalgicha haq beraveraman, undan oshirishga imkoniyatim yo'q!” deb javob yozib yuboradi.
Farruxiy buni eshitib g'amga botadi. U kelib-ketuvchilardan boshqa joylarda birorta mo''tabar kishining bor yoki yo'qligi haqida surishtira boshlaydi. Agar bo'lsa o'sha kishining huzuriga bormoqchi bo'ladi. Oxiri Chag'oniyonda amir Abdulmuzaffar Chag'oniy borligi, bunday toifadagi odamlarni tarbiyat qilishi va bu xildagi kishilarga hadya hamda qimmatbaho sovg'alar in'om etishi, hozirgi paytda asr podsholari va zamon amirlari ichida bu sohada unga teng keladigani yo'qligi haqida xabar topadi. Farruxiy bir qasida yozadi-da, o'sha tomonga qarab ravona bo'ladi:
Libos karvoni bilan jo'nadim
Seyistondan,
Libosim ipi dilim,
matosi esa jondan…
Haqiqatan ham bu shunday qasida ediki, undan she'r vasfi nihoyatda chiroyli ado etilgan, madhiyaning o'zi esa go'zallikda tengsiz edi. Shunday qilib, u yo'l hozirligini ko'rgach, Chag'oniyonga qarab jo'naydi. Chag'oniylar saroyiga yetib kelgan vaqtda bahor fasli bo'lib, har bir biyaning orqasida toychog'i bor edi. Amir har yili doggohga chiqar va toychoqlarni tamg'alar edi.
Amirning qadxudosi Amid Asad saroyda qolgan bo'lib, amirga olib borish uchun ziyofat ne'matlarini hozirlar edi. Farruxiy uning huzuriga kelib qasidasini ko'rsatadi. Xoja Amid Asad fozil kishi edi va shoirlarni yoqtirardi. Farruxiyning she'rlari latif, yoqimli, chiroyli va ustodona yozilgani, ammo uning o'zi beo'xshof, libosining orqa-oldi yirtilgan, boshida katta seyistoniy salla, kovushi eski, oyog'i kir, she'ri yuksaklikda yettinchi osmonda ekanini ko'rib, mazkur she'rlarni seyistonlik yozganiga ishonmaydi. Uni sinab ko'rish maqsadida: “Amir hozir doggohda, men uning huzuriga bormoqchiman, seni ham o'zim bilan bilan doggohga olib ketaman, doggoh shunday chiroyli joyki, sen unda sabzavotlar olamidagi boshqa dunyoni ko'rasan, hamma yoqda chaylalar, yulduz kabi chiroqlar.
Chodirlarning har biridan rud ovozlari keladi, do'stlar jam bo'lib sharob ichishadi va bazmu jamshid qilishadi. Amirning doggohi oldida har biri osmonga o'rlagudek gulhan yoqilgan bo'ladi. Bu yerda toychoqlarga tamg'a bosishadi. Podshoning esa bir qo'lida sharob, bir qo'lida kamand. Sharob ichib, odamlarga ot in'om qiladi. Shu holga moslab qasida yoz, doggohni vasf qil, so'ng seni ham o'zim bilan birga amirning huzuriga olib ketaman!” deydi. Farruxiy chiqib ketadi va tunda ajoyib qasida yozib, tong saharda Xoja Amid Asad huzuriga keladi. O'sha qasidadagi bir bayt ushbudir:
Ko'k harirdan yuziga yopgach
ro'molni sabzazor,
Etti xil rang parnayoni
boshga soldi ko'hzor…
Xoja amir Asad bu satrlarni eshitib hayron qoladi. Negaki, bunga o'xshagan qasidani aslo eshitmagan edi. U barcha ishini yig'ishtirib, Farruxiyni otga mindiradi-da, amir sari ravona bo'ladi. Kun botish oldida amirning huzuriga yetib kelib, unga: “Ey olampanoh, senga bir shoirni olib keldim” deydi-da, bo'lgan voqeani aytib beradi.
Amir Farruxiyni o'z huzuriga kirishga ruxsat etadi. Farruxiy uning huzuriga kirib ta'zim qiladi, amir qo'lini cho'zib, o'tirish uchun joy ko'rsatadi, hol-ahvol so'rab, ezozlaydi, iltifotlar ko'rsatadi. Farruxiyning ko'nglida umid uchqunlarini yondiradi. Qadah o'rtada bir necha bor aylangach, Farruxiy o'rnidan turib, hazin, ammo yoqimli ovoz bilan bu qasidani o'qiydi:
Libos karvoni bilan jo'nadim
Seyistondan…
U qasidani o'qib bo'lgach, she'rni yaxshi tushunadigan va o'zi ham she'r yozib yuradigan amir bu qasidaga lol qolganini aytadi. Amid Asad: “Ey, olampanoh, sabr qil, hali bundan ham yaxshirog'ini eshitasan!” — deydi. Shundan so'ng Farruxiy to amir mast bo'lmaguncha hech narsa demay, jim o'tiradi. Keyin o'rnidan turib, doggoh haqidagi qasidasini o'qib beradi. Amir qattiq hayratga tushadi va shu hayrat ichida Farruxiyga qarab deydi: “Ming toychoq olib kelishgan. Hammasining yuzi oq, Xatlon zotidan. Senga ixtiyor berdim, sen Seyistoniysan, chapdast kishisan, qancha tuta olsang tut, bari o'zingniki bo'ladi!”.
Sharob Farruxiyga qattiq ta'sir qilgan va uni tamoman elitgan edi. U tashqariga chiqadi, boshidan sallasini olib, o'zini ot uyuri ichiga uradi, bir gala toychoqlarni oldiga solib dasht tomon quvib ketadi. U o'ngu so'lga yugurar, toychoqlarni tinimsiz quvar, ammo birortasini ham tuta olmas edi. Oxiri o'rda yonidagi vayrona rabotga duch keladi. Toychoqlar o'zlarini rabot ichiga urishadi. Farruxiy qattiq charchagani uchun boshi ustiga sallasini qo'yib rabotning yo'lagida qattiq uyquga ketadi. Toychoqlarni sanashsa, ular qirq ikkita ekan. Buni amirga xabar qiladilar. Amir rohat qilib kuladi, so'ng taajjublanib deydi: “Toleyi kulgan kishi ekan! Uni hamda toychoqlarni ehtiyot qilinglar! Uyg'onishi bilan menga xabar beringlar!”
Podshohning amrini bajaradilar. Ertasi quyosh chiqishi bilan Farruxiy uyqudan turadi. Amir undan oldinroq uyg'onib, bomdod namozini o'qib bo'lgan edi. U Farruxiyni qabul qilib, mehribonliklar ko'rsatadi. Toychoqlarni esa uning odamlariga topshiradi. Amir Farruxiyga yasatilgan ot, ikkita chodir, uchta xachir, beshta qul, kiyish uchun libos va tunash uchun gilam in'om qiladi. Uning xizmatida Farruxiyning ishlari yurishib ketadi va a'lo darajaga yetadi.
So'ngra u Yaminud Davla Mahmudning xizmatiga boradi. Sulton Mahmud uning shon-shavkatini ko'rgach, hurmat nazari bilan boqadi. “Shon-shavkatni shu darajaga yetkazadiki, uni yigirmata kumush kamarli g'ulom otda kuzatib yuradigan bo'ladi”. Bu tafsilotlar talqinga muhtoj emas, eng muhimi, Chingizxon bosqinidan oldin chag'oniyonliklarning qanday odamlar bo'lishganini va ular qanday istiqomat qilishganini bir ko'z oldingizga keltirsangiz bo'ldi! Ushbu uzundan-uzoq hikoyatni shu maqsadda batafsil bayon etdik.
Xullas, bundan ming yillar nari-berisidagi chag'oniyliklar ana shunday odamlar bo'lishgan va ularning barini ham XXI asrning bo'sag'asidan turib ehtirom bilan tilga olamiz, zotan, o'tmishni tahrir qilib bo'lmaydi. Aytishlaricha, har qanday azamat daraxtning ham bo'yi uning tomiriga barobar bo'ylar ekan, Denovning bugungi salobatini ham uning 2300 yillik muhtasham tarixi bilan izohlagim keladi. O'zingiz bilasiz, ildizlari chuqur ketmagan daraxtni salgina hamla bilan yiqitish mumkin. Denov degan daraxt haqida esa bunday deb bo'lmaydi.
Xuddi mamlakatimiz singari, Surxondaryo zaminida ham yomon joyning o'zi yo'q. Chunki bir muborak hadisda aytilishicha, Alloh har kimga o'zi tavallud topgan manzilni boshqa joylardan afzal ko'rsatib qo'ygan. Agar shunday bo'lmaganida, masalan, termizliklar o'ylab o'tirmasdan, xushhavo va xushmanzara Denovga ko'chib o'tishardi. Yoki bo'lmasa, olti oy quyosh ko'rinmagani bilan, Shimoliy Muz okeani qirg'oqlarida istiqomat qiladigan nanaylar, dunganlar, chukchalar uchun qorbo'ronlari tinmaydigan muzliklar, baribir, ularning ko'ziga issiq ko'rinadi. Bu haqda bejiz sevimli shoirimiz Abdulla Oripov qiyomiga yetkazib “O'zbekiston” she'rida yozmagan edi.
Lekin, shunday bo'lsa-da, Denovni biladigan yoki bo'lmasa, bu yerga kelib, bozorlarini ko'rgan va denovliklar bilan hamkorlik qilgan bironta odamga Denov haqida gap ochsangiz, buning ustiga, o'zim ham Denovdanman desangiz, “O-o, Denov, bu Denov!” deb sevinchiini yashira olmaydi. Shubhasiz, bu hayratlarni sharhlab, talqin qilib bo'lmaydi. Bilasizmi, Denovning odamlari boshqa yerlarning odamlariga o'xshamaydi, ammo bu sifat sharhga, talqinga muhtoj. Ming afsuski, bunga qalam hamisha ojizlik qiladi.
Tog'ning ustida turgan odam uning yuksakligini his qilmagani singari, Denovda istiqomat qilib turgan kishi bu shaharning noyobligini doim ham anglab yetavermaydi. Unga boshqalarning ko'zi bilan yoki chetdan turib qarash kerak, shunda u butun salobati va beandozaligi bilan huzuringizda namoyon bo'ladi. Kamina bu haqda ko'p o'ylaganman va hozir bir gap aytaman: bilasizmi, Denovdan allaqanday… joziba bor va ijtimoiy ma'no-mohiyatga ega, ko'p kuzatuvlardan so'ng bir haqiqatga iqror bo'lganman. Yuqoridagi aytib o'tgan fikrni yana takrorlashni lozim topganday bo'laman: Denovda nopok va nomard, buning ustiga birozgina yolg'on ham aytadigan odamning ishi yurishmaydi, amal-taqal qilgan taqdirda ham topganida baraka, turmushida halovat bo'lmaydi, yaxshi, yani munofiq bo'lmagan odamni esa Denov boshiga ko'taradi.
Denovda mashhur insonlar, jamoat arboblari oz emas. O'zbekiston qahramonlari, mashhur shoir va yozuvchilar, taniqli san'atkorlar, mamlakatimiz xalqi biladigan yirik tadbirkorlar bor. Ularni nomma-nom sanamasak ham hamma yaxshi biladi.
So'zimizning bir joyida Chag'oniyon (XI asr) amiri Abdulmuzaffar Chag'oniyning nazmni yaxshi tushunishi va o'zi ham go'zal she'rlar yozishini eslagan edik. Buni qarangki, bu an'ana davom etmoqda-bugun ziyolilar orasida “Denov adabiy muhiti” degan ibora ehtirom bilan tilga olinadi. Denovga ellikdan oshiq ijodkorning yashab istiqomat qilayotganining o'zida ham katta ma'no bor.
O'zbekiston FA akademigi, fizika-matematika fanlari doktori Nazar To'rayev, O'zbekiston xalq yozuvchisi Tog'ay Murod, O'zbekiston xalq artisti O'lmas Rasulov, O'zbekiston xalq baxshisi Bobaraxim Mamatmurodovlarning Denovning farzandlari ekanligini aytmasak bo'lmaydi.
Adabiyot yo'nalishi bo'yicha Denovlik 4 ta shoira qizlar Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari. Bular-Feruza Qurbonova, Shaxnoza Tursunova, Farida Toshpo'latova, Dilrabo Norqulovalar. Shoira qizlarimiz bilan xaqli ravishda faxrlansak arziydi.
So'zimizning ko'p qismida atay Denov tarixiga, boy va betakror o'tmishiga urg'u berdik. Negaki, o'tmishini ulug'lagan, bilgan, e'zozlagan yurtning ertasi yorug', nurafshon bo'ladi. Bugungi Denovning Denovligi, salobati ana shundan.
Toshtemir TURDIYEV,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi,
“Do'stlik” ordeni sohibi,
Denov tuman Ma'naviyat va
ma'rifat bo'linmasi rahbari