Qishloq chiroqlari

Bilmadim, yer yuzida tosh qurol bilan mamont ovlanganiga guvoh bo'lgan odamlar bormi-yo'qmi, ammo biz chuqurchasiga zig'ir yog' quyilgan cho'yan havonchada paxta pilta yoqilib, uyni yoritishga moslashtirilgan   qora chiroqni ko'rganmiz. Sham fonuslar bo'lardi. Keyinroq ancha zamonaviy kerosin lampalar chiqdi. Biz tengilar uning yorug'ida dars tayyorlaganmiz, ertangi mashg'ulotga emas, kelajak parvoziga hozirlanganmiz go'yo. Zamon-zamon ekan-da, bugun qanday mo''jizalar ichida yashayapmiz? Televizor murvatini kechagidek ombir bilan burash shart emas, bir nuqtani bossang, “lip” etib, boshqa kanalga o'tadi. Inchunin, xonani yorituvchi chiroqni ham yoqish uchun ortiqcha zahmat chekilmaydi. Xolbuki, yaqinlargacha qishda issiq, yozda sovuq tutadigan qurilmalarga unchalik ishonmas edik.

 

Atrofimizda jami dastgohlar o'zgarayapti, biroq boshqa bir haqiqat bor — ularni qurshab turgan o'zgarmas qadriyatlar boqiy yashayapti. Jumladan, ustoz mehnatining qadri. Buyuk shoir va insonparvar bo'lib yetishgan ilmi tolib “ranj bilan bir harf o'rgatgan” ustoz mehnatini qadrlashga har qanday “yuz-ming ganj” yetmasligini ta'kidlagan edi. Ham harf o'rgatgan, ham chekka bir qishloqda murg'ak tasavvurlarga inson timsolining yuksak namunasi bo'lib, yashash ilmidan ham saboq bergan ustoz-muallimning qadri naqadar yuksak ekan?! Oy-yulduzlardan baland, quyosh qadar bo'lsa, ehtimol.

O'qtin-o'qtin tobora olislab ketayotgan o'sha bolalik, qishloqda yagona oqsuvoq, baland shiferli bino yodga tushaveradi (garchi qora chiroqni ko'rgan, kerosin lampa yorug'ida dars tayyorlagan bo'lsak-da, tuzum o'z qudratini hashamdor maktab binosida ko'rsatib qo'ygan edi). Bilim dargohi ko'chasidan hamma yuragi hapriqib o'tar, uning hovlisiga qadam qo'yish esa chinakam yangi dunyo bilan ro'baru bo'lish hisoblanardi. Zamonaviy uslubdagi kostyum-shim kiygan, soch o'stirib, kepka (bizlar “shapka” derdik) kiyib olgan muallim esa tilsimning tilsimi tuyular, ular odamlar qatori yerda emas, samolarda uxlaydigandek, misli farishta-yu, non kavshab, ovqat yemaydigandek ilohiy darajadagi timsollar bo'lib tuyular, ularning aytanini bajarish, amriga bo'ysunish biz uchun o'zimizni Yaratgan zotga itoat etishdek xushbaxtlik hisoblanardi. Qaydam? Bizning shaffof bola dunyomizda muallim-us­toz shu xilda suratlangandi. O'shandagi harir tasavvur hamon xiralashgani yo'q.

U paytlari tug'ilish guvohnomalari berish qat'iy tartibga tushmagan, shu tufayli bolalarni hisobga olish chalkashtirilgan ekanmi, men bo'lajak ustozlarimning esiga kechroq tushganman, shekilli, o'qishlar boshlanib ketgandan ancha o'tib, darsga borganman. Zardolilar qiyg'os pishgan (tog'da mevalar kech yetiladi) pallada, ariq bo'yida loydan uylar qurib yotgan bolani hovliga chaqirishgan, ko'zim otam bilan gaplashib turgan kostyum-shim kiygan (qishloqda hamma uzun yaxtak va chopon kiyardi) ikki kishiga tushgan, ular men bilan qo'l olib ko'rishgan va qandaydir gap-so'zlar bo'lgan.

Ertasi maktabga borish chunonam qo'rqinchli tuyulganki, onamga “Bormayman!” deb rosa xarxasha qilganman. Kolxozning faollaridan bo'lgan otam masalaning nozikligini tushunganlar chamasi, qo'shilib jo'naganlar. Ota-onamning qurshovida sinf xonasiga kirib borgach, yig'lab yubordim. Hamrohlarim ikki yonimda, partaga o'tirib ham o'zimga kelolmay, entikaman; oq yuzli, sochi silliq taralgan odam daftar, qalam beradi, erkalatib, boshqacha so'zlarni aytadi, unga angrayib qarayman. Zang chalinguncha uch kishi “dars qilamiz”, keyin otam sipjirilib chiqadilar, onam mashg'ulot oxirigacha yonimda bo'ladilar. Uyga qaytgach, yana xarxasha… Onam uch-to'rt kun birga qatnaydilar.

O'sha yil oxirigacha maktabga ko'nikishim qiyin bo'ldi, o'qishga ham qiziqmaganman. Keyingi yildan….Bu lahzalar o'sha paytda qalampir chaynagandek talx-achchiq edi. O'yinlardan boshi chiqmagan erka bolalikni sinf xonasining tor devorlari orasiga bukib tiqish, uning tartiblariga buysundirish oson kechmagandi. Bugun esa o'sha kunlarni eslash o'zgacha huzur, quvonch qo'zg'ab, o'tgan kunlarga – sho'x-shaddod bolalikka   yetaklamoqda. Ana shu yovvoyi po'rtanani ma'rifat olamiga bo'ysundirgan muhtaram ustoz timsolini yodga solmoqda. Bir nozik nuqta: vaqt o'taveradi va tarqoq hissiyotlar tizimga tushib, kechagi “yarim   yovoyi” go'dak ma'rifat dunyosiga oshno bo'ladi, zehni ochiladi, butun uzvlari farog'at topadi va o'zida yengib bo'lmas oshiftalik sezadi. Endi u partadan, qalam-daftardan ajralmay qoladi. Muallimni esa jajji tasavvuri bilan “Sehrgar!” deb biladi. Tushunchaning ikki qirrasi bor: bir tomondan inson avlodi abadiy kamolot pallasiga qadam qo'ydi: ikkinchidan, shu safarda o'z yo'l bosh­lovchisini, hatto “mo''jizakor”ini top­­di. Ustozning ilohiyligi, bu kasbning Yaratgan tomonidan bandalariga inoyat etilgani shu emasmi?

Biz maktabga ham tahsil olgani, ham bolalik qiziqishi bilan tomosha qilgani borardik. To'rt yil – boshlang'ich sinflarda bitta odam tomosha ko'rsatdi, katta sinfga kirgach, har soatda “artist”lar o'zgaradigan bo'ldi. Agar vaziyatning eng sirtiga nazar tashlaydigan bo'lsak, maktab hayoti “artistchi”lik edi. Ammo bu tomoshaning – ijrochining ham, tomoshabinning ham tiriklik bozoridagi narxi bichilayotgan edi. Garchi ijrochi uchun “tomosha ko'rsatish” doimiy mashg'ulot bo'lsa-da, tomoshabinlar hali gard qo'nmagan zehnlariga, bir iz tushmagan yuraklariga ilk daf'a ana shu tomosha tafsilotlarini o'yib yozayotgan edilar.

Kasbi dunyodagi eng ulug' yumush – bandasining ko'zini (ham basiratdan, ham qalb ko'zini) ochish bo'lgan Ustoz siymosi oq sahifaga tortilgan birinchi chiziqdek yorqin bilinib turibdi. Dastlab, qo'limizga qalam tutqazgan zot — Abdurahmon Azizov iste'dodli odam edi. Ustoz chizgan maktabning devoriy gazetasi “Fan uchun”ning rang­­li bo'yoqlarda ishlangan “kleshe”si hamon ko'z oldimizda. Keyin bilsak, muallim uchqat daraxti poya­lari, boshqa daraxtlarning ham shoxlari, o'simliklar yaproqlaridan betimsol ko'rgazmali qurollar yasar ekanlar. Ana shu mahoratini bizga harf tanitishda to'la ishga solgan, mendek qaysar bola ham uni juda tez yaxshi ko'rib qolgandim. Shu yil yozda ustoz ota yurti – G'uzorga ko'chib ketdi. O'n yetti yillik umrini shu qishloqda o'tkazib, uylanib, bir etak bolalar bilan qaytdi. Lekin “Azizov” degan so'z umrbod odamlarimizning tilidan tushmadi.

Ikkinchi sinfdan harbiy xizmatdan endigina qaytgan Norahmat Ortiqov   “tomosha ko'rsatdi”. Yosh, jo'shqin yigit masalaga o'ziga xos yondashdi, hamma uni tezda yoqtirib qoldi. Uning yetakchiligidagi uch yil bizlarni odamzotning ongli qatlami safiga qo'shdi. Sinfda hamma bola yaxshi o'qir, ba'zan “sinfida qolgan” bolalarning aralashib qolishi (har yili 2-3 bola o'zlashtirolmaganligi bois sinfida qoldirilardi. Talab shunaqa ekan-da!) bizni ularning holiga tushmaslik uchun tirashib-tirmashib dars qilishga undardi, chunki qoloqlar ko'zimizga singishmas, qo'shilib ketishlari ham qiyin bo'lardi.   O'qituvchimiz bizni juda jipslashtirgan edi (ya'ni mustahkam jamoa hosil qilgandi). Ba'zan muallim kelmay qolsa yoki kechiksa, qo'ng'iroq chalinishi bilan darsimizni olib, jimgina tayyorlab o'tirardik, hatto birimiz doska oldiga chiqib, o'qituvchilik ham qilardik. Hamma talablar ko'ngildagidek ado etilardi.

Katta sinflar – katta “tomosha” edi. O'qituvchilar jon jahdi bilan dars berardi, xuddi uyi­dan shu kun og'zimdan chiqqan har bir so'zimni bitta qoldirmay o'quvchilarim ongiga muhrlayman, deb chiqqanga o'xshardi. Bot-bot “Tushundilaringmi, tushunayapsilarmi, yo yana qaytaraymi?” deb so'rab qo'yishardi.   Kasbga sadoqat, nonini halollab yeyish tuyg'usi kuchli ekan-da. Keyin har bir ustozning o'z qiyofasi, uslubi bor edi.   Ammo hammasi qattiqqo'l edi, bu talab o'sha yillari jamiyatda, barcha sohada umumiy bo'lgan shekilli. O'qituvchilar o'zini jiddiy tutar, o'quvchilar oldida hatto jilmaymas edi. Bolalar ham uyilgan qovoqlarga, achchiq tanbehga, zaharli so'zlarga o'rganib qolgandik, chamasi, biror o'qituvchi ozgina bo'sh qo'ysa, masxaralab ustidan kulishni boshlardik. Ammo ko'ngilochar tadbirlar ko'p bo'lardi, baribir. Nima bo'lganda ham maktab hayoti zavqli, uning bag'ri sog'inchli edi.

Darslar xuddi har bir sahnasi bir-biriga o'xshamagan spektaklga o'xshardi.   Matematika bo'lsa, hamma zirillab turardi. Avvalo, bu fanni o'zlashtirish qiyin, hammaning ham “kallasi ishlayvermaydi”. Shuni muallim ham bilardi, chog'i, ko'pchilikni “qotirib qo'yib”, 3-4 bola bilan ishlardi. Qizlarni esi past o'ylardimi, ularni yoqtirmasdi (balki hali batamom qurib ulgurmagan “boy-feodallarcha munosabat”ning izlaridir), “Qiz qilib yaratguncha tuz qilib yaratmaydimi?” degan gap ko'p takrorlanardi. Boshqa bir matematika o'qituvchimiz esa quvnoq kayfiyatli odam edi, rubob chalib, qo'shiq aytardi. Ammo darsda baribir qattiqqo'l edi.

Adabiyot muallimi juda shafqatsiz edi. Doim tishini g'ijirlatib yurar, go'yo chaynab tashlayman, degandek bo'lardi. Boshqa qishloqdan kelib dars berardi, shundanmi, doim tajang, qandaydir alamzadadek yurardi. Nafis so'z san'atining jozibasini namoyish etish emas, biror she'rni ta'sirli o'qib berganini eslolmayman. Yana bir o'qituvchimiz esa kamgap, bosiq, mehribon edi. Biz bu fanni mustaqil o'rganib, qiziqib qolgandik chamasi, gazeta-jurnallar muttasil borib turar, maktabning kattagina kutubxonasi bor edi.

Tarix muallimi ham doim qovog'ini solib yuradigan, gap bilan uzib oladigan kishi edi. Darsga kirgach, savolni o'rtaga tashlab, bir o'quvchini chaqirar, u joyidan turib javob berardi, ustoz esa o'rnida boshini changallab o'tirib, bolaning gaplarini tinglardi. Biz ham kitobga ko'z qirimizni tashlab yoki uyda tuzib kelgan konspektimizni bildirmay o'qib berardik.   Muallim qo'yib berar, “Mayli, ko'proq gapiraver” degandek bo'lardi. Biroq biror dalil yoki yilni xato aytsak, birdan tanbeh berardi. Bir safar o'quvchi javob beraverib, “O'zbekiston…” degancha ikki-uch karra takrorlab turavergan.

— Xo'sh, nima O'zbekiston? – boshini ko'tarib keskin so'ragan o'qituvchi. Shoshib qolgan bola:

—. ..Ukrainani bosib oldi… – deb yuborgan. Domlaning ko'zi olayib:

— Ahu, O'zbekiston Ukrainani cho'ntak qiladimi? — degan. Gap qiziq tuyulganmi yo ohangi o'ynoqi bo'lganmi, hamma qo'rquvni ham unutib gurros kulib yuborgan. Kulgili vaziyatlar ko'p bo'lardi, ular xuddi qattiqo'llikni yumshatadigan paxtadek, o'quvchi hayotini bezardi, kulib, sho'xlik qilib o'qirdik.

Odmi imoratlardan ko'p-da farq qilmaydigan maktabimiz olamshumul mo''jizalar maskaniga o'xshar, qo'ng'iroqdan qo'ng'iroqqacha ko'p sinoatlar   mujassamlashgandek edi. Ayniqsa, qurbaqani formalinga botirib, keyin panjalarini taxtaga mahkamlab, ichki organlari ochib ko'rilganda yoki natriy fosfat hosil qilish uchun reaksiyadan ko'lanka hid chiqib, butun maktabni tutib ketganda bu dargohda hamma ham anglayvermaydigan holatlar kechayotgandek tuyulardi. Yoki pioner qo'shiqlari, gorn va baraban yangrab, kashshoflar yig'ini o'tganda hamma hayratga cho'mardi. Bular maktabimizning ham, o'zimizning ham obro'yimiz edi.

Mutaxassislar yetishmaganligi tufayli rus tilini tizimli o'qimaganmiz, o'qituvchilarimiz ko'pincha o'zlari aytgan qoidani o'zlari tushunmasdi. Chet (ingliz) tili haqida-ku gap ham bo'lishi mumkin emasdi. Bugun o'ylab qarasak, ustoz­larimizning saviyasi ham haminqadar, o'sha davrga mos bo'lgan, ammo mas'uliyat hissi juda kuchli edi. Rahbarlar (direktor, ilmiy bo'lim mudiri, keyinchalik tarbiyaviy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari joriy etildi) hammasini qattiq nazorat qilar, o'qituvchilar bir-biri bilan bahslashib, talashib-tortishib ishlardi. Maktabning qishloq odamlari orasida obro'si baland,   to'y-ma'rakalarning to'ri ularniki, o'qituvchi o'tgan ko'cha, tashrif buyurgan xonadon yorishib ketardi. Lo'kka pul ham muallimlarda bo'lar, magazinning toza mollari ularniki, kampirlar tovug'ining tuxumini muallimga sotib, sovun olish ilinjida yurishardi (ustozlar esa tuxumga to'ygan, hafta sari “tuxumizatsiya” uyushtirib, ba'zan kim ko'p yeyishdan bahslashishardi). Odamlar mol sotsa ham o'qituvchidan narxlab berishini so'rardi. Quda-andachiliklarda ham ular bosh maslahatchi bo'lardi. Keyinroq “Ikki”siz va ikki yilliksiz!” degan tashabbus chiqdi-yu, yuzakilik boshlandi chamamda…

Maktab direktori yetti yil armiyada bo'lgan, sochining tolasigacha kommunist odam, hamma hurmat qiladi, talabchan, fidoyi inson edilar. Keyinchalik katta davlat mukofoti bilan taqdirlandilar ham. Shunday qilib, bugun boqiy olamga yo'l olgan, ism-shariflari esa shogirdlar qalbida tabarruk bo'lib qolgan aziz ustozlar Sirojiddin Kamolov, Jabbor Muhammadiyev, Hamro Uzoqov, Omonqul Orziqulov, Muzaffar Ro'ziqulov, O'tkir Ko'chimov, Jo'ra Halimov, Qoraqul Mirzayev,   yana boshqalar – hamma-hammalari borini berib, bizlarni ulg'aytirdi, ularning nasihatlari bizning hayotiy qo'llanmalarimiz bo'ldi, shularga amal qilib, katta-kichik yutuqlarga muyassar bo'ldik. Nimaga erishgan bo'lsak, albatta, hammasi ularniki! “Shogirdlar ustozga haykal” deb yozgan ekan bir havaskor bola. Bu haykalning bo'y-bastini yillar yiqolmaydi, aksincha, yana ham sayqal topib boraveradi. Negaki, hayot yana yangi ko'tarilishlar bilan davom etayapti, kechagi cho'qqilar atrofida go'zal bo'stonlar yuzaga kelib, bugun obod maskanlarga aylanib borayapti, yangi nasllar esa yana ham balandlarni ko'zlayapti.

Ana shunday qizg'in hayot ichida yashagan bilim dargohi ayni paytda Kasbi tumanidagi 10-maktab sifatida mustaqil yurt farzandlarini hayotga uchirma qilayotir (Toshqo'rg'on qishlog'i 1976 yilda Qarshi cho'liga ko'chirilgan). O'rta maktab maqomini olganiga yaqinda 80 yil to'ladigan ta'lim maskani sho' an'anlariga sodiq qolib, ta'lim-tarbiyada zamoaviy uslublarni qo'llab, yuqori natijalaga erishayapti. O'tgan o'quv yilida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida maktabni jihozlash bo'yicha 1 mlrd. 100 mln. so'm mablag' yutib olindi. 1200 ga yaqin o'quvchisi bor bilim dargohining 70 foiz o'qituvchisi turli toifalarga ega. O'nlaab o'quvchilar o'quv yili davomida ingliz tilidan sertifikat oladi. O'tgan o'quv yilida uchirma bo'lgan 72 nafar o'quvchilardan Vestminster universiteti (WUIT), Janubiy Koreyaning Songgok va Dongshin universitetlariga muddatidan oldin qabul qilingan talabalar bor. Albatta, maktab partasida o'tirib, nufuzli oliygohlarga qabul qilinish ham zamonaviy texnologiyalar, ham puxta bilim samarasi.

— Maktabimizda mo''jaz muzey tashkil qilganmiz, – deydi direktor Ergash Mavlonov. – Bu joyda ham tarix, ham kelajak mujassamlashgan. Biz ertangi kun oldida doim mas'ulmiz va buni unutmaymiz.

…Xira yoritilgan xonada tun yarmigacha kimdir muk tushib ertangi darsga tayyorlanadi. Tushlarida esa charog'on xonalarni, shodon o'quvchi va ustozlarni ko'radi. Bugun tushlar ro'yobga chiqqan kun. Ulkan yutuqlar hali oldinda.

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + twelve =