Tun yorilgan kecha

Tun zulmati kunduz kunning yorug'idan ham quyuq edi. Kimsasiz hududda motor guvlaydi, ichkarida qamalib qolgan odamlar uvlaydi, birov g'ayriixtiyo­riy “Hukmjonni xorlama!” deb askiya qiladi. Hush joyiga kelgach, idrok etganlari – mashinaning ikki eshigi ham ochilmas ekan. O'rmonchi g'azabi jo'shib ketdi chamasi, orqa derazalarni tepa boshladi. Shunda faqat shu tomondan chiqish mumkinligi eslariga keldi, hoynahoy, qolganlar ham mushtlay ketdi. Qulashdan oldin haydovchi gazni oxirigacha bosgan chog'i, motor borliqni boshiga ko'tarib uvvos soladi. Shu shovqinda shirilllagan tekis tovush quloqqa chalinadi: bakdan benzin oqayotgan edi. Nima bo'lsa ham dudburonga tegmasin, olov chiqib ketadi-ya! Nihoyat, orqa deraza sindi va tuynuk ochildi. Zumda odam sig'adigan daricha paydo bo'lib, beshovlon harsillab o'zini tashqariga oldi…

Zim-ziyo tun; soyning adog'ida suv yaltiraydi, demak, daryo bor. Bu sinoatdan daryo ham gung bo'lgan, uning sasi quloqqa chalinmaydi. Asabiy temirning shovqinidan qoyalar dong qotgandek, aksincha, quloqni teshgudek sukunatda motorning ovozi aks-sado berib, uzoqlardagi mudroq toshlarni vahimali o'kirik o'qdek teshib o'tadi yoki teshib o'ta olmaydi chog'i, yana vizillab qaytib, borliqni vahimaga chulg'aydi. Faqat ko'kda yulduzlar loqayd jimirlaydi, ular beparvo, dildirab turgan odamlarning mahzun ahvoli ularga begona. Nima bo'ldi, o'zi? Yaxshi kelishayotgan edi, daryo bo'ylab ketgan yo'l bilan ravon yurishdi, keyin tikka yo'lga tarmashib, dovonning boshiga chiqishdi. Qoyaning bag'ridan sizib chiqqan oyna buloq bo'yida hordiq chiqarishdi, so'ngra yana shuncha pastga tushdilar.

Vaqt hukmini o'tkazdi, yana daryo sohiliga tushib olganlarida zulmat cho'kkan, zim-ziyo borliqda faqat mashinaning ko'zlari yaltiraydi, nur oqimi bilan qora tun bag'rini tilimlab, olg'a intiladi. Yo'ldagi dilxiraliklar ham esdan chiqqan, mo'ljallangan manzilga ham oz qolgandi. Haydovchining chakagi tinmay, kiyik ovi sarguzashtlaridan lof urayotgandi, birdan mashina qiyshaydi, orqa g'ildirak arnaga tushdi, shekilli, chayqalib ketdi, haydovchi bor kuchi bilan pedalni bosdi. Mashina bir silkindi-yu, qarsillagan ovozlar yangrab, bir zumda odamlarning boshi kabina shiftiga tortilgan kigizga tegib qoldi: mashina ag'darilgan, to'rt oyog'i bilan osmonni ko'taradigandek bo'lib qolgandi chamasi.

Yozning chillasidagi salqin havo birdan hush­yor torttirdi, quyidan, daryo tarafdan ham muzdek shabada esardi. Hoynahoy, ikki metrlar chamasi pastga qulagan mashina ulkan tosh va soy chetiga ilinib qolgandi. Soydan qayrilishda yo'lni suv yuvib ketgan, kavak joy o'tlar ostida bilinmay turgan, shofyor qayrilishni qisqa olib, balon arnaga tushgan va chiqib keta olmay, chalqancha qulagandi. Ajablanarlisi – hech kimdan qon chiqmagan, faqat tegmanozik Hukmqul qornini changallab, uh tortardi. To'rtovlon nima ro'y berganini hali idrok etmagandi. Haydovchi qo'l cho'zib, kalitni buradi va motorning nafasi o'chdi. Hamon benzin jildirab oqar, yong'in chiqish xavfi yo'q, dudburon ancha uzoqda edi.

Haydovchi so'kindi-da:

— Palakat… O'zi, yuvuqsiz ekansanlar-da, — dedi tutaqib. Ehtimol, ilk lahzadanoq mashinasi qancha zarar ko'rgani miyasiga urgandir, ochilgan tirqishdan ichkariga kirdi-da, lash-lushlarni uzata boshladi. Kimsasiz vodiy. Zulmat qo'ynida loqayd tepalar, do'rdayib turgan qoyalar oydin yorug'lik fonida olisdan ko'zga tashlanadi. Mo'ljallangan manzil – o'rmonchilarning qo'nalg'asi ikki-uch qir narida, shu joyga yo'l tortishdan o'zga chora yo'q edi. Go'yo hech narsa sodir bo'lmagan, tosh qotgan tog' tartiblari ichida bu falokat hech narsaga arzimasdi. Biyday dalada ularni hech kim tanimasdi, taniydigan jon zotining o'zi yo'q edi. Vahima ichida qolgan to'daga o'rmonchilargina hamdard bo'lishi mumkin, xuddi bo'ri changaliga tushgan   quyondek, beshovlon jovdirab, o'sha najot manziliga ko'z tikishardi.

…Bu voqea o'n yillar oldin Yakkabog' tumanidagi Toshqo'rg'on qishlog'i yaqinida ro'y bergandi. Tabiat ishqibozi bo'lgan uch kishi poytaxtdan yo'lga chiqib, tumanga yetib borganida choshgoh bo'lib qoldi. Bizga hamrohlik qilishi lozim bo'lgan mutasaddilar negadir vaqtni cho'zishar, hali uni, hali buni bahona qilib, g'animat damlarni boy berishardi. Ne bir turtkilardan keyin yo'lga chiqilganda, bu safarga ularning tayyorgarligi ham, hafsalasi ham yo'qligi aniq bo'lib qoldi. Azbaroyi “yuz qizilligi uchun” nari-beri yo'lga tushishdi. Ayniqsa, haydovchi “Villis”ini yaqinda ta'mirdan chiqarganini qayta-qayta pesh qilaverar, bu bilan “Bo'ynini boylagan kuchuk ovga yaramaydi” degandek bo'laverardi. Baribir past tushmas, tog' yo'llarining ancha hadisini olgan shofyor tor izdan, egri-bugri so'qmoqlardan mashinani bepisand boshqarib borar, mehmonlarga o'zining kimligini ko'rsatib qo'ymoqchi bo'lardi go'yo.

Mana, ko'rsatdi ham! O'shanda yana bir marta ko'ngilsiz ishning keti bo'sh bo'lishini, yo'lga norozi kayfiyatda chiqish yaxshilik alomati emasligini boshdan o'tkazib, bir ishga qo'l urishdan oldin ruhiyatni o'shanga moslab olishga, ya'ni yorug' fikrlarni ko'ngilga joylashga qat'iy jahd qilganman va hozirgacha amal qilib kelgan e'tiqodim aslo pand bermaganiga yana bir marta imon keltirganman.

Agar omad ketsa, odam to'g'ri yo'lda qoqilib ketib ham bir balo topishi, Yaratgan asrasa, ajal ham ishini paysalga solishi mumkinligi ko'rinib turardi. Kimsasiz tog'lar qurshovida umrni taroziga qo'yib, mashinada qulaganimizda, biron kishining burni qonamay, sog'-­omon qolganiga hozirgacha shukrona aytamiz. Holbuki, zinapoyadan sirpanib yoki temir to'siqqa urilib shikast topgan va oylab yotib qolganlar qancha?

Keyingi yillarda yozganlarimni jamlab, tartib berganimda hayot iltifotlarga va inqirozlarga to'la ekanini yodimda tutib, shu ibratli voqeani esladim. Nafsilamrini aytganda, ayni damda kitob chiqarib, biror naf ko'raman deyish osmonga qanotsiz parvoz qilishni orzu qilishdan ham battar xom xayol bo'lib qoldi. Ammo o'jar bir ichki haqiqat odamzotning taraqqiyoti ilm tufayli bo'lganini, kitob ilmning mamlakati ekanligini takrorlayveradi. Va bir sadoqatli ishonch harakatlarni qat'iylashtirishga, maqsaddan mosuvo bo'lmaslikka undayveradi. Ajdodlari ilm qirollari bo'lgan odamlar jaholat iskanjasidan yaqinda uyg'onishlarini, ularni shu ko'yga solganlar qon qusishi aniq ekanini o'qtiraveradi. G'ofil odamlarni – jarga qulayotgan olomonni ko'zga ko'rinmas bir kuch asrab qolishi mumkinligiga ishontiraveradi (xuddi tog'lar qurshovida beshovlonni bag'riga olib, izdihomga qulagan mashinani o'tovdek keladigan katta tosh va etlam qiyalik o'rtasida asrab qolganidek!).

Inson o'zi ko'rgan nekbinliklardan kuch olar ekan, shuning uchun iloji boricha yaxshi orzu qiling, yomon gapni gapirish emas, uni eshitishdan ham uzoq bo'ling, deb uqtirishar ekan. Nima bo'libdi, hayot haqiqati ilmni qadrlaganlarning iqbolini beradi, ilmsizlarni ularga mardikor qilib qo'yadi. Agar shoh va gadoning rutbasi bir bo'lsa, o'qimay qo'yaversin va shoh bo'lish uchun o'qib, o'qimay gado bo'laversin. Zalolatga botgan zamonda hammasining oyog'i osmonda bo'ladi. Axir “Kimdir qishloqning podasini boqishi kerak-ku”! Qolaversa, kitob o'qiganga mashina beriladi, yozuvchi esa QQS bilan siylanadi.

Mashina ag'darilib yotgan soy, guvlab yotgan sayxonliklar ham o'ziga xos kichkina tarixga ega. Bir qir narida tep-tekis maydon bor, uning daryoga yaqin joyida katta tol qo'r to'kib turardi. Tekislikka samo temir qushi – vertolyot bemalol qo'nib, ko'tarila oladi. Shu joyda uzoq yillari bir   Jenya degan amaki o'tov tikib, o'tar yashadi. Uning hayot tarzi sirli edi. Hech kim bilan gaplashmas, o'tovi oldiga birovni yaqinlashtirmasdi. Har zamon yeru ko'kni titroqqa solib, harbiy vertolyot (uning biqinidagi qip-qizil yulduz aniq bilinib turardi) kelar, nimalarnidir tashlab, tez orqaga qaytardi. Ma'lum bo'lishicha, darvesh alloma qiyo­fasiga kirgan bu odam Buyuk zot haqida kitob yozayotgan ekan.

Anig'i, u zamonlar Sohibqiron   mavzusiga tabu qo'yilgan, Jenya amaki birinchilardan bo'lib ul Zotning qadami tekkan joylarni tavof qilib, yalanglikda kapa tikib, ayni ulug' yumushga azimat etgandi. Keyinchalik, rostdan ham, ikki-uch jild kitoblar chiqdi, ba'zilari o'zbekchaga tarjima ham qilindi. Hatto yetmishni urib qo'ygan nasroniy yozuvchi o'zini xatna qildirib, musulmonchilikni qabul qilibdi, degan gaplar ham chiqdi. Nima bo'lganda ham u izlagan hikmat keyinchalik boshqa bir kamsuqum qalamkashga nasib etdi. U shovqin-suronsiz o'sha xizmatni ado etdi, elning mo''tabar shoiri oq yo'l tilab, keyinchalik “Sen shu ishni qilmaganingda, biz qashqadaryolik qalamkashlarning o'lganimiz yaxshi edi, boshqa hamkasblar qarshisida yuzimiz shuvit bo'lardi” (bunchalik keskin emasdir-u, lekin shunga yaqin) degan e'tirofini bir necha marta ta'kidladi, takrorladi.

Bu joylarning shunday sinoatlari bor edi va o'sha tungi to'ntarilish ham bejiz emasdir. O'zi, turfa sa'jiyali odamlar yig'ilgan ekan o'sha gal. Birining qon bosimi toqqa bo'lmaydi, biri og'zidan bo'lar-bo'lmas gaplar chiqarib (bir safar “Juda xavfli joylar deyapsizlar, hali qaytib kelmasak-a?” deb yubordi. Mashina ag'darilganining ertasi esa “Sal bo'lmasa, adabiyot gazetasida to'rt uyushma a'zosiga ta'ziya chiqardi” dedi ko'z kosasini aylantirib), jiqqa tegar, bu qilig'ini atayin qilgandek bo'lar, safarda ruh toza, niyat xolis bo'lishi lozimligini inkor etardi. Shaharda esa voqeadan xabardor bo'lganlar “Ulug'larning qadami tekkan xosiyatli joylar ekan, bo'lmasa, sizlar omon qolmasdilaring”, de­yishdi. (Mashina kesib o'tgan, nomi boru o'zi yo'q Tosh­qo'rg'on qishlog'ida bolaligim o'tgan, uning ko'hna qabristonida otamning xoki tuprog'iga abadiy qorishib yotibdi…) Ana shunday sinoatlar qurshovida almoyi zotlar guruhi mo'ljallagan ishlarini bir foiz ham bajara olmay ortga qaytishgandi.

Xayriyatki, bizning yo'l boshi berk ko'chaga kirib qolmagan ekan. Hammaning ishlari rivojli bo'ldi, ko'plab maqolalar yozildi, kitoblar chiqdi. Faqat kamar va qir orasidagi qisilish zarbi vujudlarda yil bo'yi ketmadi: badanlari qorayib, teri ostida qotib qolgan qon uncha-bunchada tarqalmadi, belda, yelkada, biqinda og'riq uzoq vaqt sezilib turdi. Bu og'riqlar ijodiy jarayonlardagi tashvishlar qurshovida bilinmasdi.

Ba'zan tashvishlar girdobiga tushib qolib, eng asosiy narsani – vaqt o'tayotganini, aslida, o'zimiz o'tib borayotganimizni unutib qo'ydik, shekilli, nafaqa yoshiga to'lganda, odatdagidek, hujjatlar yig'ib, rasmiylashtirib, ijtimoiy ta'minot bo'limining mablag'ini qurtdek sanab olib, o'zimizcha ikki bora boyib yurgan kezlarda “Bunaqasi mumkin emas, joyni bo'shatib qo'ying”, deyishdi. Shunda umrning yangi bosqichi boshlanganini his qildim. Uyga qamalib olib, qog'ozlarga o'zimni urdim, maza qilib yozdim, har yili bir kitob chiqardim. Mening bu yumushim bilan birov qiziqmas, qaynoq davralarga kirish uchun esa menda “bel yo'q” edi. Odamlar yurtdoshlar, kasbdoshlar, ulfatlarga bo'linib, har hafta osh yeyishar, ammo biror to'da menga zor emasdi (balki o'zim ham xohlamagandirman).

Shunday qilib, choyxonalarda yonboshlab, avlod kunini o'tkazar, bunday osoyishtalik kimlargadir yoqardi (aniqrog'i – katta siyosatga aralashmaslik ma'qul edi). Shunday kunlarning birida telefon bo'lib, nufuzli mafkura idorasining rahbari xushmuomalalik bilan bir kelishga taklif etdi va hammasi tezlashib, tashrif birdaniga ishga qabul qilinishim bilan yakunlandi. Bu chorlov qizil imperiya davrida xalqaro “Orol – 88” ekspedi­siyasida qatnashib, bu yog'i qurib borayotgan dengiz bo'ylari-yu, u yog'i Pomir cho'qqilarigacha kezib chiqqan, ekologiyaning mash'um kelajagidan iztirob chekib, lekin ko'proq o'sha safardagi gashtli damlarni qumsaydigan hamkasbning qat'iyat bilan Hisor tizmalari bag'ridagi mashhur g'orni ko'rishga astoydil sa'y-harakat qilgani, gazeta nomidan o'rmon qo'mitasiga xat tayyorlab, mana shu safarni uyushtirgani, unga meni ham yo'lboshlovchi sifatida safga qo'shganidek kutilmagan iltifot edi.

Mafkura muassasasida ishlarni baholash mezonlari noaniq, o'lchamsiz, agar yo'lini qilsang, “uxlab kelib, uxlab ketish” mumkin bo'lgan joy edi (rostdan, sochlari sixdek, asablari qaqshab, fe'li ham injiq bo'lib qolgan bir yigit avtobusda uxlab kelar, bu yerda uxlab, yana uyga yo'lda uxlab qaytardi). Jamoada ishtiyoq so'nib borayotgani (balki uning o'zi yo'qmi?) aniq bilinib turar, hatto maoshlarning “karra”siga oshirilgani ham mijg'ov xodimlarning g'ayratini jo'shtira olmagandi. Ochig'i – biror ishga majoli yetadiganlar yo'q hisobi edi. Razm solib qaralsa, oshxonada zerikkan   kennayilar, o'qimay diplom olgan “Hiyat”lar bir qo'ng'iroq bilan mafkurachi bo'lib qolgan, birontasi “Nasoyim–ul muhabbat” yoki “Anna Karenina”ni o'qimagan, ularni yuz tarbiyalagan bilan “Mansab nizomnomasi”da yozilgan talablarga javob berisha olmasdi.

Ammo kaminani “maoshni halollab olish, ish joyining tuzini oqlash” singari cho'ng e'tiqodlar talabi bezovta qilib turar, garchi maxsus nazorat ham turtki berib tursa-da, qarab turmay, turli mavzularda muttasil yozardim. Uch yilga yaqin ish faoliyatim davomida qator nashrlarda 105 marta ism-sharifim qayd etildi, ya'ni shuncha maqolam bosildi, 2 risola (“Tarbiya – komillik yo'li”, “Maktab chorlaydi”) e'lon qildim, kitoblarim chiqdi va …

Siylov har xil bo'lar ekan: mukofotiga qisqarishga tushdim! (Balki bu holning boshqa jiddiy sababi ham bo'lishi mumkin, buni kelajak aniqlaydi). Ha, shunday, bu hol g'or sayo­hatiga chiqib, yo'lda avtohalokatga uchragandek kutilmaganda sodir bo'ldi. Ba'zan mehnat ana shunday qadrlanar ekan. Jamiyatda har qanday harakatning so'nggi chegarasi bo'ladi: undan o'tilgandan keyin qobiq yorilib ketadi. Hozircha esa hammasi “risoladagidek” davom etayapti.

Shuningdek, menga berilgan muddatning so'ng­­gi kunlari o'tib borayapti, tezda “joyni bo'shatish”im kerak. Ushbu satrlarni ham qadrdon bo'lib qolgan kompyuterdan oxirgi marta foydalanib   yozayapman. Nima ham derdim, bilganim hayot davom etaveradi. Hech narsa bo'lmaydi! Ish degani nima bo'pdi, alam qiladigani bu narsalarga hech kim parvo qilmaydi. Axir yurak, qalbni faqat Alloh eshitadi-da…

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + two =