Rasmga muhrlab samoning sasin

Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi,

maşhur fotojurnalist Abduğani Juma surat va siyratiga çizgilar

 

Nazarimda “fotograf” atamasi özbek tilida sinçi yoxud sinçi-nigohbon atamasiga töğri keladi. Suratkaş desak uning siyratkaşligi yoddan kötariladi. Taniqli fotograf Abduğani Jumani talabalik davrimdan bilaman. Ustoz Odil Hotamning yoniga köp borardi. Akam Nazar Şukurning qadrdoni edi. Qişning çillasida Odil aka bilan ustaxonasiga borganman. Kim bilandir şaxmat öynayotgan holatim oniy lahzalarda muhrlangan suratni hanuzgaça jangçi yalovni qöynida yaşirib asraganday asrab kelaman. Şu-şu qadr­donlik riştasi mustahkam, goho-goho qönğiroqlaşib turamiz.

Qöylar suruvi ortidan ketgan bolaligim daştlari — Hayitkölni u bilan yalangoyoq birga kezganimiz yodimda. Ummon tölqinlarini eslatuvçi bahaybat qirlar yaşillikka burkanganki, mayin şamolda bir-birini quvlab töş urayotgandek sollanadi. Tongda hali quyoş til öynatmasi qirmizi nurlar maysalarga qöngan şabnamlarni yolqinlantiradi, unsiz qönğiroq jarangi sokin tör yoyadi. Turnalarning osmonni tebratuvçi mungli kuyi kengliklar şovuriga qöşilib, köngillar vodiysi uzra oydin poyondoz töşaydi. Bunday jonli manzaradan esim oğib hayrat içra ğarq bölganimda Abduğani akaning yoş boladay pildirab yugurayotganiga nigohim tuşdi. Esimni yiğib, dönglikka öramalayotganiga jimgina tikilib qoldim. Röparamda ulkan Boyonqora adiri zaminga yonboşlagan köyi mizğiydi. Quyoş Hisor toği çöqqisiga qanşarini urib olib, tit­roq şuʼlalarini ufurib, alvon çodirini tikadi. Anovi Çaqilkalon tizmasini qarang: çordona qurib olib sukunat navosida yuz yoşli qariyadek yelka silkitadi-ya! Bundoq qarasam, Abduğani aka quyoş yoqalab, yaşil ummon yelkasida soldek çayqalsa-da, fotoapparati bilan gözal lahzalarni tutmoqçiday yugurgilaydi. Zavqdan qiyqiraman, koşki ovozimni eşitsa. Şu payt bir parça yaşil yalanglikka yotvolib bedana oviga çiqqan ovçiday böynini çözdi. Şabnamdan ust-boşi jiqqa höl bölgan şekilli, köylagini yeçib olib ğijimladi-da, siqdi. Yana kiyib oldi. Şamollab qolmasin-ov, degan xavotir xayolimdan ötdi. Men unga soyaday ergaşib yurişim mumkin edi, erkin ijodiga soya taşlagim kelmadi…

Söfitörğayning havoda muallaq pirillaşi-yu, bedananing pid-pildiği borliğimni yoriştirib yubordi. Urgutlik bedana ovçilar hamal örtasida Hayitkölni makon etadi. Buğdoyzor yoqalab tör taşlaydi. Eng uçquri oğzini kafti bilan yarim yopib çunonam “sayray”­diki, uzoqdan nar bedananing “pit-pildiği” unga jörovoz böladi. Ungaça törga katta-kiçik bedanalar ilinib pitirlaşi eşitiladi. Uçqur ovçi esa pinagini buzmay “sayraş”da davom etadi. To nar bedana törga ilinguniça, u lablari yorilib, şişib ketsayam “qöşiğ”ini aytgani aytgan. Nar bedana ilingan çoğ öpkasini töldirib nafas çiqaradi, holsizlanib bir qur tin oladi. Qarasaki, yoyma törda bir qozon qaynatgulik bedanalar jon jahdlari bilan pitirlayapti. U nar bedanani tutib oladi-da qolganlarini ozod qilib yuboradi. Nar bedanani endi sayratib köring-çi! Jufti odam bölib çiqqanini sezgandan keyin nafasi içiga tuşib, jim qotadi. Törqovoq qönoğiga aylanişadi.

Bu voqeani daştlik çöponlardan eşitganman. Xayolimda şu voqea jonlanib uzoq öy surib qolibman.

“Nega qolganlarini qöyib yubordingiz?” deb sörasangiz ovçidan, u “Narini “kök”ka pullaymiz. Bir hökizning puli. Yaxşi sayraydigan çiqib qolsa, ana omadu mana omad”, deb javob berar ekan.

Öyçi öylagunça tavakkalçining işi bitadi, deganlariday bir olam quvonç bilan Abduğani aka kelib qoldi:

— Tuşunmayman. Şunday gözallik qoşida qanday bir joydan jilmay ötiribsiz?!– Hayratdan közlari yumilgança gap otadi u.

— Xayolda sayr etib, har yoqni kezib çiqdim, — deyman öylarimni jamlab olgan köyi.

— Ay, – norozi ohangda pönğillaydi u. Ust-boşi höl.

— Şamollab qolmang, kiyinib oling, – dey­di haydovçimiz.

— Hey, ukam-a, şudringga ağnaş kerak. Ötloqqa oyoq yalang çopiş kerak. Şamollaşni yöq qiladi-ku! Şamollarmiş… Anov dönglikka çiquvdim: atrof şunday tiniq. Quşday uçging keladi. Fotoapparatimga jon kirganday qölimdan sudragança mendan oldin çopdi.

— Oh-ha şoiri zamon bölib keting-ye!

— Fotografman. Şu kasbga mehr boğlaganimdan keyin şoirlikni yiğiştirganman. Köça şoiri bölişdan tiyildim. Aljirab-valjirab şiğir bitgunça ölkamni siyratini suratlarimda körsatay, deb ahd qilganman. Şoir bölganimdayam özimning yagona muxlisim özim bölardim-ov.

U şunday deydi-yu, bolalarça yayrab qahqaha otadi.

— Özbek fotografiyasi ustalari Xudoybergan Devonov, Sodiq Mahkamovning muxlisiman. Yoşligimda Çingiz Ahmarov, Rahim Ahmedov ustaxonasidan beri kelmasdim. Mana, Hayitköl ummoni. Dengiz emas, ummon. Tölqinlari mangu jilmaydigan ummon. Şu tölqinlardek sodiqlik tuyğusini qalbingga tuysang, çol ham yigitga aylanadi. Keça oqşom daştda tunab, yovvoyi giyohlarning şovuridan yuragim entikdi. Bir keçada barmoğingni bir böğiniça böy çözarkan. Tabiatning özi musavvir-fotograf.

Uning hayajon içra sözamolligidan vujudim jimirlaydi. Hayratim oşadi. Turnalar arğamçi solib tepamizda qure-qureylagança uçib öta boşladi. Hammamiz nigohimizni kökka qadadik. Abduğani aka “çiq-çiğ”ni boş­lab tevarakka zir yugurib, ularni oniy lahzalarga muhrlardi.

— Texnikani qarang. Bu fotoapparat Yaponiyaniki. Buyurtma asosida tayyorlatganman. – Söng fotoapparatini daströmoli bilan artgança, gap qotadi u. – Ilgarigilar plyonkali edi. Köp vaqtni olardi.

…Maşina qözğalganda kun peşinga yaqinlaşgandi. Yozuvçi Ğozi Rahmonnikiga – Langar qişloğiga jönadik. Yöllar öydim-çuqur. “Astaroq hayda”, deya haydovçini ogohlantiraman. U pinagini buzmaydi.

Langarda Ğozi aka kutib oldi. Söraşdik. Bir piyoladan çoy içgaç Abduğani aka işga tuşdi. Ön yettinçi asrda qurilgan masjid atrofini közdan keçirdik. Peşayvon ustunlari naqşinkor arça yoğoçidan. Içkari kirdik. Kungiralar çetiga arab yozuvlarida oyatlar bitilgan. Mehrobi keng.

— Abduğani, şiftiga qarang.

— Ibiy, — deb yubordi fotograf. – “Z” harfining beliga çiziq tortilganmi?

— Şunga hayronman, – taajjublandi Ğozi aka. – Islomiy belgilardan bölsa kerak. Axir, bu yerda nemislar istiqomat qilmagan-ku.

Abduğani aka fotoapparatni qölga olib goh çalqança yotib, goh yonboşlab uzluksiz çiqillatişga tuşdi. Şu kuni Beşiktoşu Teşiktoş ham tasmaga muhrlandi. Teşiktoş ustidagi ulkan toşni osongina tebrata olasiz. Tabiatning möʼjizakorligiga tahsin öqiysiz. Kamida 3 tonnalik toş erkin tebranadi. Abduğani aka keçga qadar qönim bilmadi. Uning çaqqon harakatiga havasim keladi. Hayrati osmondan ulkan. Şom oldi Boşmanbuloq qoşidagi supada dam oldik. Xuddi ovçi ayiqni öljaga olgandek fotografimizning oğzi quloğida. Tanovuldan söng gurung avjiga çiqdi. Oy nurlari esa daraxt barglarida kumuşdek tovlanadi. Buloqning şildiraşi köngil çigilini yozadi. Navbat şeʼrxonlikka yetdi. Ğozi aka hikoyasini boşladi.

— Şu supa ustida Abdulla aka (Abdulla Oripov Ö.H) bir keça mehmonimiz bölgan. Ertalab obtovada şoirning qöllariga suv qöyarkanman, dafʼatan bir öy miyamga çaqmoqdek urildi. U kişi yuz-qölini artib bölişi bilanoq gap oçdim.

— Abdulla aka, şu buloqqa qarab bir bayt aytvoring, – dedim ming bir qimtinib. U kişi yarim jilmayib: “Ha, eşon, yaxşi tuş köribsiz-da, mayli, ayta qolay”. Bir zum öylanib turdi-da, buloqqa tikilganiça dedi:

“Boşmonbuloq, Boşmonbuloq,

Senga közu qoşman, buloq.

Suvingdan bir qultum içdim,

Endi mangu yoşman, buloq”.

Hayajondan qölimdagi obtova tuşib ketay deydi. Bizni tinglab turganlar çapak çalvorişdi. Hamma quşday yengil tortdi. Qani, Abdulla akadan şeʼr aytişamiz.

Men “Bahor kunlarida kuzning havosi” şeʼrini yod aytdim. Abduğani aka “Malomat toşlari”ni qiyomiga yetkazdi. Barglar orasidan oy nurlari şovullab tökiladi. Xullas, tuşlarimizga kiradigan oydin keçani maroqli ötkazdik.

Ertasi kuni Qarşiga qaytdik. Abduğani aka özining maşinasida Buxoroga jönadi. Oradan ança kunlar ötgaç, elektron poçtamga olamga tatigulik suratlar taşlabdi. Öz daştim – Hayitköl manzaralari yangiça qiyofada jonlanibdi. Şu yili javzoda Abduğani aka bilan yana Hayitköl daştini kezdik. Çingiz Aytmatovga Anorxay daşti mangu bitilgan qöşiq bölsa, bu daşt mening uçun ham heç kim aytolmagan qöşiqdir. Xayolçan ulkan qirlarning ufqqa boş urib yonboşlagan köyi mud­raşi donişmand oqinni eslatadi. Hayitköl daşti Abduğani aka suratlarida jahonga böyladi. Fotografning Sankt-Peterburg, Olmaota, mamlakatimizning ulkan şaharlarida ötkazilgan körgazmalarida qaddini baland tutib, sanʼat ixlosmandlari yuragiga kenglik şavqu zavqini nisor etdi.

Yaqinda Toşkentning “Farğona” çoyxonasida taniqli jurnalistlar – Norqobil Jalil, Abdujalol Taypatovlar bilan gurunglaşdik.

Qiziği, ilk uçraşuvda Norqobil Abduğani akani yonimda körib taajjublandi. “Aka, kimlar bilan yuribsiz” deganday yuziga sölğinlik köçganida:

— Şunaqa-da, Toşkentga kelib sizlarni topiştirib ketaman. Işoning, dalli-ğulli inson. Hali men çetda qolib ketaman. Poytaxtning şamoli baringizni taltaytirib qöygan, – deya hazilomuz kulib özimça öpkalanganday böldim. Abduğani akaga ikkisini taniştirdim. Gurung avjida Abdujalol özini yaqinroq taniştirişni istadimi, ustamonlik bilan gapni aylantirdi.

— Aka, men Çingiz Aytmatovning amakisining öğliman. Familiyam Taypatov.

Norqobil gapni ilib ketdi.

— Bunaqa ism turkiylarda yöq.

— Aymatov bölgandayam çidasa bölardi. Aytmatovga xeş ekanligiga işonsak, – men ham çillak otdim.

— Familiyasining maʼnosini öziyam bilmaydi, – menga köz uçirib Norqobil yarim jilmaydi.

— Jahonda yagona familiya! – Abdujalol böş kelmay familiyasini alqaşga ötdi.

— Asli Taypoqov bölgan. Buvasi ismidan uyalib Taypatov deya guvohnomaga yozdirib kelgan, – muddaoga köçdim oxiri. – Lekin familiyasi jahonda yaktoligi çin.

Abduğani aka yangi tanişlarga boş irğagança kuldi-da, Abdujalolga qarab, söradi:

— Işqilib familiyangizdan könglingiz töqmi?

— Töq bölganda-çi? – Şu işorani kutib turganday Abdujalol tasdiqladi.

— Böldi, siz yutdingiz.

Abdujalol qahqaha otdi. Va kulgidan töxtab:

— Uni manovlarga ayting, – dedi bizlarni masxaralaşga uringanday.

Gurung ança çözildi. Goh kesatiq, goh is­tiora, goh muammoga qorişiq undalmalarimiz özimizga çöng yoqardi. Abduğani aka ustaxonasidan gap oçganda, bizlar vaqt yöqotişdan çöçimay borişga rozilik bildirdik.

Yölimiz Sebzorga tuşdi. Ustaxonaga kelganimizda yangi mijozlarning hayrati közlaridan toşib nigohlari devorga tartib bilan qator terilgan suratlarga mixlangandi. Odil Yoqubov, Abdulla Oripov, Çingiz Axmarov, Bahodir Yöldoşev va boşqa uluğlarimiz portretlari oq-qora tasvirda aks ettirilsa-da, xuddi bizga gap qöşmoqçi darajasida jonli çiqqanki, könglimiz hovuri çöğlandi. Norqobil:

— Akaning didi baland-ku! – dedi quvonib.

— Yoningdan oqqan ariqning qadri yöq, birodar, – dedim salqi tortib.

Ustaxonadagi har bir suratga ular baho berar, fikr talaşardi. Men esa Hayitköl daşti manzaralari göyoki moyböyoqda aks ettirilganday rangin suratlarga hamsuhbatlarni çorlab:

— Mening daştimning feʼli keng. Bepoyonlikning madhiyasi, – deya ovozni balandlatdim.

Uçalasiyam daşt manzarasiga tikilib, közlarida uçqun çaqnadi. Şu kuni Abduğani aka öz ijodiy işlari haqida gapira turib, buloqday qaynadi.

…Özbekistonda xizmat körsatgan madaniyat xodimi, sinçi nigohbon Abduğani Juma suratlari abadiylik mavzusidan söz oçadiki, ulardan yotsirab özingizni çetga ololmaysiz. U hamon yölda. Ona diyorimiz manzaralarini garçi möyqalamda çizmasa-da, suratlarida çizgandan ham gözalroq muhrlay olgan.

Öroz HAYDAR

Yangiliklarni döstlaringizga ulaşing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan