Shashtingiz so'nmasin

Tanbeh

Tahririyat yo'lagida bexosdan tapira-tupur boshlandi: “Ustoz! Ustoz keldila-ar!”

Ochiq turgan eshikdan ko'zim tushdi: bosh muharririmiz kabinetidan shitob bilan chiqib ketdi. Gazetaning navbatdagi soniga “tushishi” zarur bo'lgan materialni o'qiyotgandim. Xayolimni bo'lgim kelmadi.

Anchadan keyin rahbarimiz iziga qaytdi va to'g'ri kelib qarshimdagi kursiga o'zini tashladi. Rangi toza odam emasmi, yuzlari lovullab yonayotgani darrov seziladi. Doim kulib turadigan ko'zlarigacha qizarib ketgan edi.

Gazetamizning sobiq bosh muharrirlaridan biri qadam ranjida qilgan ekan. Mas'ul kotibni xonasiga chaqirib, Jabbor akani tuzlabdi: “Man korrektorlikkayam olmagan bolani san qaysi kallang bilan o'zingga zam qilib o'tiribsan?”

“Korrektorlikkayam yaramagan” o'sha bola – kamina. 1981 yilning yanvarida ikki oy yoshlar nashri – “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetasi tahririyatining “tuprog'ini tekin yalagan” va “durust bola” ekanimga ko'ngillari to'lgandan keyin ishga qabul qilishlarini so'rab, arizayam yozgan edim.

Arizamni olib, bosh muharrir xonasiga kirib ketgan Jabbor aka anchadan keyin shalvirab chiqqani hamon ko'z oldimda: “Uzr, Qulman. Ustoz boshqa odamga va'da berib qo'ygan ekanlar…”

Keyin Toshkent politexnika institutining ko'p nusxali “Politexnik” gazetasi tahririyatida roppa-rosa ikki oy “tekinga mahoratimni oshirdim”. U yerdayam institut rektori musahhihlik lavozimini “kimgadir va'da qilib qo'ygan ekan…”

Ko'zi ochiqlar orasidan ish topilmagach, taqdir meni Ko'zi ojizlar jamiyatiga yo'lladi. “Bir safda” jurnalida o'n oy bo'lim muharririning charog'on ko'zi – “yo'lchi yulduzi” bo'lib ishladim.

Atoqli adib va zahmatkash muharrir Asqad Muxtor rahbarligida yangidan tashkil etilib, bir zumda el-yurtning mehrini qozongan “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasiga ishga taklif qilindim. Jabbor akaning hajviyalar qoralab turish odati bor ekan. Satira va yumor bo'limida ishlay boshlaganimda yana baqamti keldik.

“Yosh leninchi”ning bosh muharriri boshqa ishga o'tgach, muayyan fursatdan so'ng, Jabbor aka uning o'rniga tayinlandi. Aniq esimda: 1985 yilning 4 yanvari, juma kuni edi. Liftda birga chiqayotganimizda, ko'pchilik orasida sekin shipshidi: “Menga birrov uchrashib keting”. Dushanba kuni Matbuot uyining beshinchi qavatiga chiqdim.

Kutganimday muovinlikka chaqirdi: “Birgalikda zo'r gazetaga aylantiramiz! Ikkovlashsak, qo'limizdan keladi”.

Taklifning pastu balandini uch kun o'yladim. Maoshi o'sha paytda olayotganim bilan qariyb bir xil. Ishi, tashvishi, mas'uliyati esa ming chandon   ko'p.

“Zo'r gazetaga aylantirish” ishtiyoqi baland keldi. Aka bilan gapni bir joyga qo'yib, ulug' ishlarni mo'ljal oldik.

Nima deysiz. Cho'ponlar tili bilan aytganda, Jabbor aka ikkalamiz ham ovqat yeb to'ymaydigan, ishlab charchamaydigan yoshdamiz. Ilhom va quvvat beradigani, bugun sizga qanchalik balandparvoz tuyulmasin — o'zim sevgan, umrimni bag'ishlashni dilimga tukkan kasbim, xalqimga va Vatanimga chin dildan xizmat qilish, jamiyat hayotiga ta'sir o'tkazish imkoniyati. O'zing ishongan odamlarga suyanib, ular bilan bahslashib, talashib-tortishib, horib-charchab, lekin quvonib-quvonib ishlash imkoniyati.

O'zini bilgan odam uchun — katta baxt!

Umri bo'yi muovin bo'lib ishlagan ustozlarimizdan biri o'rinbosarlikni “tahririyat ostonasiga bog'langan olapar”ga qiyoslagan ekan. Boshimga tushganidan keyin – 5 yil gazetada, 22 yil O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zAda rahbarga o'rinbosarlik qilib, bu qiyosda lof yo'qligiga amin bo'ldim. Biroq afsus emas, shukr qilaman. Mehnatkash, halol, elparvar, eng muhimi, o'z kasbini yaxshi ko'radigan, fidoyi insonlarga oshno qilgani uchun. Qalamkash sifatida dilimda tugib yurgan ko'pdan-ko'p orzularimning ro'yobi uchun! Bekorchilikdan emas, zahmatda charchatgani uchun!

Jurnalistlik — bir emas, o'n umringni bag'ishlasang arziydigan kasb!

… Uch oy davom etgan “maxsus” tekshir-tekshirlardan so'ng 17 aprel kuni “Yosh leninchi”da ish boshladim. 23 aprel, seshanba kuni, peshindan keyin tahririyatimizning yo'lagi bexosdan tapira-tupur bo'lib ketdi va yangi bosh muharrir yangi o'rinbosarini deb ustozidan qattiq tanbeh eshitdi: “Man korrektorlikkayam olmagan bolani san…”

Falakning gardishi

Jabbor aka samimiy, mehr-oqibatli, boz ustiga   bag'rikeng va beozor inson emasmi, alamini ichiga yutgani sezilib turardi. Yutmay nima qilsin? Shu ustozining qo'li ostida “odam bo'lgan”. Oddiy suratkashni Moskvadagi oliy komsomol maktabiga o'qishga, Fransiyadek kapitalistik dunyoga sayohatga shu odam yuborgan. Bosh muharrir o'rinbosari darajasigayam shu kishi ko'targan. Lavozimidan ketar chog'idayam shu odam o'z o'rniga tavsiya qilgan. Yaxshi-yomon kunlarida boshini silagan.

Keyin bilsam, o'shanda musahhihlikka ishga olinmaganimning asl sababi boshqacharoq ekan. Bosh muharrir tilla tig'li yashil ruchkasini olib, arizamga imzo chekmoqchi bo'lgan joyida fikridan qaytgan: “Buning ismi nega bunaqa: “Qulman?” Shunaqayam ism bo'ladimi! Ko'tar qog'oz-mog'ozingni! Mening gazetamda qullar ishlamaydi. Partiya, sovet, komsomol tashkilotlariga yuborsak, otini eshitib, hamma ustimizdan kuladi. Durustroq ot qurib ketganmikin. Baxtiyor, Rustam, Murod degan chiroyli ismlar son mingta-ku!..”

Falakning gardishini qarangki, tug'ilganimda ota-onam qo'ygan birinchi ismim, rostdan ham “durustroq” – Baxtiyor bo'lgan. Ammo Chiroqchining cho'lida o'tgan asrning 50-yillarida na tuzukroq shifoxona, na malakali shifokor bo'lgan. Yerto'ladan beriroq paxsa uyda dunyoga kelgan chaqaloqning tirik qolishi – mo''jiza. Mendan avval uch farzandini tuproqqa topshirgan ota-onam bechoralar o'lim to'shagida yotgan bu bolasini endi qaerga, kimga ko'tarib borsin?..

Folbin hali chillasi chiqmagan, chalajon go'dakning, ya'ni mening peshonamga qizil xo'rozning qonini surtib, “kuf-suf!” qilgan, duo o'qigan va otimni so'ragan. “Baxtiyor” ismini eshitib, nadomat bilan boshini chayqagan: “Oti og'irlik qipti! Ko'tarolmabdi. Falon muzofotdagi azayimxon eshonning ismi – Baxtiyorxon. O'g'lingizga oddiyroq ot qo'yinglar…”

“Qulman” ismini olganidan keyin chalajon go'dakning o'lmay qolgani qiziq…

To'rt yil burun musahhihlik ravo ko'rilmagan o'sha “qul” endi gazeta rahbarining o'rinbosari xonasida o'tirardi…

Bugun, oradan qariyb 35-40 yil o'tib, “Yosh leninchi”da birga ishlagan hamkasblarimning qis­toviga ko'ra ushbu xotiralarni bitar ekanman, ko'nglimda eng iliq tuyg'ular mavjlanayotganini sezyapman.

Qalamkash sifatida “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”da shakllana boshlagan bo'lsam-da, ungacha bergan “saboqlari” uchun “Yosh leninchi” xodimlari va rahbarlaridan minnatdorman. Ishoning, bu shunchaki, yo'liga ko'rsatilayotgan lutf yoki mulozamat emas.

1975 yili “Yosh leninchi”ning O'quvchi yoshlar bo'limi mudiriga duch kelganim yana-da ajoyib hangomayu xotiralar bilan bog'liq.

Universitetning jurnalistika fakulteti kechki bo'limida tahsilni boshlagan kezlarim. Maktabimizdagi no'g'oy muallimamiz haqida lavha qoralab, tuman gazetasiga yuborsam, uchinchi sahifasini to'ldirib chop etibdi. Ko'p o'tmay, viloyat gazetasi uni mo'l-ko'l ko'chirib bosdi. Biror so'ziyam, tinish belgisiyam o'zgarmasdan ikkita gazetada chiqqan “asarim”ni shohona fin qog'ozida mashinkalatib, yoshlar gazetasiga olib boribman deng.

Falokat bosganini qarang!

“Ikki-uch kundan so'ng xabar ol”, – dedi materialimni olib qolgan, vajohatidan ot hurkadigan bo'lim mudiri.

Besh kunlar o'tgach, xabar olgani tahririyat ostonasidan mo'raladim. Eshikni ochishim bilan dimog'imga somsa hidi urildi. Xona sohibi paxta gulli qizil likopchada uchta somsa bilan jo'mragi chegalangan kattakon choynakni endi oldiga olgan ekan.

“Nechanchi kursda o'qiysan?” – deb so'radi.

“Birinchi”.

Mudirning baroq qoshlari birdan chimirilib, o'rnidan turib ketdi: “San chalasavodni qaysi ahmoq universitetga qabul qilgan? Qaysi yuzing bilan jurfakda o'qib yuribsan?!.”

Umrimda bunday og'ir ta'na-dashnomni eshitmagan edim. Haligacha eslasam, damim ichimga tushib ketadi. Nazarimda, mudir meni kim bilandir adashtirgan. Balki fe'li-xo'yi shunday, asabiyroq bo'lgandir. Bunisi endi Xudoga ayon.

Shu-shu, besh yil tahririyat deb atalmish idoralarni yetti chaqirim naridan aylanib o'tadigan bo'ldim. Qo'limga qalam ololmadim. Olsam, vajohati baland, qoshlari baroq, yuzlari zahil mudir ustimga bostirib kelayotganday tuyulaverardi: “San chalasavodni qaysi ahmoq universitetga qabul qilgan?..”

O'sha bo'lim mudiridan ham, sarmuharrirdan ham tahririyatidagi bunday alomat muomala, muhit uchun ko'zimdan yosh chiqar darajada o'ksinib qolmagan bo'lsam-da, qattiq ranjiganimni yashirmayman. Biroq menga bilib-bilmay qilgan dag'al muomalasi uchun bugun ularni minnatdor bo'lib eslayman. Duolar qilaman!

Negaki, bo'lim mudiri meni kabinetidan haydab solganidan so'ng o'lib-tirilib o'qidim. Til o'rgandim. Musahhihlikka qabul qilinmaganimdan keyin esa “Bir safda” jurnali va “O'zbekis­ton adabiyoti va san'ati” gazetasi tahririyatlarida zamonamizning atoqli adiblari, jurnalistlari, muharrirlari va olimlari bilan tanishdim. Ularning bebaho suhbatlari, saboqlari va tajribasidan bahramand bo'ldim.

Yangi o'zan

“Yosh leninchi”da bunday ijodiy muhit, ilg'or ziyolilar davrasi va boshqa nashrlar bilan sog'lom raqobat Jabbor Razzoqov tahririyatga bosh bo'lganidan keyin shakllandi. Gazetaning mavzulari va muxlislari qamrovi keskin kengaydi. Kompartiyaning qosh-qovog'iga qarab kun ko'rib kelayotgan nashr xalq tomon yuz burib, bag'rini keng ochdi. Mazmuni, shakl-shamoyili va ifoda usullari yangilandi. Haybarakallachilik barham topib, jamiyat hayotidagi eng o'tkir muammolar ko'tariladigan, barcha yoshdagi va kasbdagi odamlar qo'lma-qo'l o'qiydigan milliy nashrga – xalq minbariga aylandi. Gazetamizni muntazam mutolaa qilish millat ziyolilari o'rtasida keng urfga kirib, uning sahifalaridan “xalqqa ko'rinish berish” faxr-iftixor darajasiga ko'tarildi.

Mushtariylardan ilgari ko'pi bilan besh-o'nta xat olingan bo'lsa, endi “redaksiyamiz muttasil yoqqan xatlar yomg'iri ostida” qolardi. Bular ko'zni, dilni, elni quvontiradigan shirin tashvishlar edi.

Qiziq holat: odamlar o'zlarining shaxsiy, uy-ro'zg'ori, oilasi bilan bog'liq muammolarini go'yo unutgan edilar. Holbuki, zamon juda nochor, do'konu bozorlarning peshtaxtalari tishi to'kilgan kampirning og'zidek huvillab yotardi. Oddiy osh tuzi, hatto gugurt ham taqchil edi… Shunga qarmay, tahririyat pochtasida shikoyat xatlarini deyarli uchratmaysiz. Oqib kelayotgan xat-xabarlarda bir xil dard — Vatan va millat taqdiri uchun bezovtalik ruhi ustun. Bularning bari gazetaning fikrlashga, tafakkur qilishga undaydigan nashrga aylanib borayotganidan dalolat edi.

Bugun kimdir, ha endi, o'rtoq Razzoqov gazetaga bosh bo'lgan kezlarda butun sho'ro saltanatida qayta qurish boshlanib, ommaviy axborot vositalarining kuni tuqqan edi, deyishi mumkin. E'tiroz yo'q. Lekin qayta qurish yillarida O'zbekistonda to'rt yuzga yaqin bosma nashr faoliyat yuritgan. O'sha imkoniyatdan samarali foydalanganlarini sanang. Bir qo'lingiz barmoqlari ortib qoladi.

Jabbor Razzoqov ham ayrim nashrlarning o'z oromini o'ylagan rahbarlari kabi, torozining posangisiga qarab, aravasini tinchgina tortib yuraversayam kam bo'lmasdi, albatta. Balki mansab zinapoyalaridan ko'tarilib ketar, ehtimol hozir ham biror nashrga ega chiqardi.

Haftada besh marta chop etiladigan ijtimoiy-siyosiy gazetaning mazmun-mundarijasini tubdan o'zgartirish va yangi o'zanga burib yuborish oson emas. Tabiatan mehnatkash, kechirimli, jonsarak Jabbor Razzoqov o'zining ijodkor sifatidagi armonlarini – el-yurt dardi bilan yashashdek ezgu g'oyasini tahririyat ahliga yuqtira oldi. Tashkilotchilik — hammaga ham nasib etavermaydigan noyob iste'dod. “Gazetani Jabbor Razzoqov chiqarsin-da!” degan e'tirof yo'q joyda paydo bo'lmagan. Ish desangiz, mukkasidan ketadi. Tahlikaga tushmaydi. Shoxi sinsayam, shashti so'nmaydi.

“Oltin boshoq ijodkorlari”, “Chorvachilik – zarbdor front”, “Oq oltin”ni oltin qo'llar yaratadi”, “Etti xazinaning biri” kabi ruknlar yangilana bordi: “Shaxsiy fikrim”, “Nuqtai nazar”, “Tarixning o'qilmagan sahifalari”, “Mulohaza uchun mavzu”, “Bizni o'ylantirayotgan muammolar”, “Demokratiyani o'rganamiz”, “Bong”…

Markaz tomonidan qat'iy taqiqlangan Navro'z bayramining chin insoniy jihatlarini baralla targ'ib qilish, davlat tili uchun kurash, Stalin zamonida qatag'on qilingan jadidlarning muborak nomlarini oqlash, “o'zbeklar ishi” bo'yicha qama-qamalar, paxta yakkahokimligi va defoliatsiyaning ayanchli oqibatlari, bolalar mehnati, Orol dengizining qurishi…

Bular – o'z xalqining beta'ma xizmatkorlari, o'z kasbining fidoyilari — gazetamiz jurnalistlarining qat'iyat bilan yoritgan mavzulardan bir shingili, xolos. Qo'l uchida yashayotganiga qaramay, uy betini ko'rmay ishlagan, kunlarni tunlarga, tunlarni tonglarga ulab nav­batchilik qilgan, o'qishli materiallar tayyorlagan, haftalab, oylab xizmat safarlarida yurgan hamkasblarimiz.

Safar Ostonov, Muqaddas Abdusamatova, Norqobil Jalil, Turg'un Nazarov, A'zam O'ktam, Qurbon Eshmat, To'lqin Hayit, Ro'zimboy Hasan, Islom Usmonov, Islom Hamro, Zayniddin Rixsiyev, Karim Rahimov, Mahkam Rahmonov, Foziljon Shodmonaliyev, Amirqul Karim, Qo'chqor Norqobil, Rustam Boymuhammad, Ahror Ahmedov, Ziyovuddin Ortiqxo'jayev, Muyassar Isroilova, Shavkat Isroilov, Farrux Rahimov, Haydar Akbarov, Sahobiddin Sirojiddinov, Gulchehra Aliboyeva, Saminjon Sultonov, Mehribon Qurbonniyozova, Mehribon Ismoilova, Nodir Mahmudov, Zayniddin Mamadaliyev, Suvonqul Rustamov, Yashnar Karimova, Abror Imomxo'jayev, Komil Xudoyberganov, Mirza Abdullayev, Oysara Qidirboyeva, Ko'paysin Aliyeva, Gulnora Mirzahoshimova, Vazira Solihova, Almurod Mamadaminov, Rustam Sharopov, Rustam Ahmadaliyev, Yerkaboy Botirov, Lola Soatova, Alimqul Sultonov, Hulkar Tuymanova, Furqat Turniyozov, Ravshan Bobomuhammedov…

Yurtimiz mustaqillikka erishganidan keyin ularning ko'plari Vatanimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo'ldi. Nufuzli davlat idoralarida, nomdor ommaviy axborot vositalarida ishladi va ishlayotir. Taniqli siyosat va jamoat arbobi bo'lib yetishganlari, yirik nashrlarga rahbarlik qilayotganlari qancha.

“Yosh leninchi”ning taxlamlarini bugun varaqlar ekanman, 80-yillarning ikkinchi yarmida uni o'tkir so'zi bilan bezagan ziyolilarning nomlarini ham alohida qayd etgim keldi. Yozaverdim, yozaverdim, yozaverdim… Oxiriga yetolmadim!..

Qay birini yozay? Qarib-qartayib qolgan, sheryurak tarixchi Bo'rivoy Ahmedovnimi yo arxivlarni titkilab, juvonmarg ketgan jadidlarning jamolini xalqimizga qayta ko'rsatgan zahmatkash inson Naim Karimovnimi? Dunyo kezgan donishmand Erkin Vohidovning paydar-pay e'lon qilingan suhbatlarinimi yo har satridan el-yurt dardi silqib turgan otashin shoir Mirza Kenjabekning publitsistikasinimi? Chuqur o'ylanmay qabul qilingan qarorlardan, rahbarlarning tutumidan mantiq izlagan atoqli olim Ozod Sharafiddinovnimi yo qo'shni yurtda halok bo'lgan yigitlarimizni “Afg'on qirlarida so'lgan lolalar” deya fig'on chekkan zabardast adib Xayriddin Sultonovnimi? Iqtisodiy muammolarning asl sabab­lari tahlili bilan tilga tushgan olim Nuris­lom To'xliyevnimi yoxud e'tiqodu tasavvuf yo'lini qidirgan faylasuf Ibrohim Haqqulnimi?..

Ular o'z maqola va suhbatlarida dadil ko'targan muammolar, ilgari surgan ilg'or g'oya­lar va fikrlar millatimiz ongining yuksalishiga, gazetamiz adadining million bilan bo'ylashishiga xizmat qildi.

Kuyov tildan qoldi

Birga ish boshlagan kezlarimiz Jabbor aka bilan ahdlashgan edik: “janjalli materiallar” uning yo'g'ida — biror joyga xizmat safariga yoki ta'tilga ketganida bosiladi. Bosh muharrir ko'p yurishli odam. Nima bo'lganda ham, gazetada chop etilgan har qanday material uchun alal-oqibat u javob beradi. “Janjal chiqsa” Jabbor aka meni himoya qilishi osonroq: “Muovinimiz hali yosh. Tajribasi kamroq. Mayli, hammamiz ham qachonlardir yosh bo'lganmiz. G'o'r bo'lganmiz. Sarkashroq bo'lganmiz. Bu yog'ini endi menga qo'yib beringlar. O'zim qulog'idan tortib qo'yaman!..”

Gazetamizda 1988 yil 10 dekabr kuni Sport va harbiy vatanparvarlik bo'limi mudiri, o'zbekning toshteshar jurnalisti Safar Ostonovning “Toptalgan taqdirlar” degan sud ocherki e'lon qilindi. Sarlavhasidan sezilib turganidek, ocherk nohaq qamoqqa olinib, cheksiz azob-uqubatlarga giriftor qilingan jabrdiyda hamyurtlarimizning achchiq qismati haqida edi.

Kutganimizdek, muallif ikkalamiz komsomol markazqo'miga zudlik bilan chaqirildik. Bordik. Birinchi kotibning xonasida respub­lika prokurorining o'rinbosari Oleg Gaydanov rangi-quti o'chib o'tirardi. U boshimizdan-­oyog'imizgacha tahqirli va qahrli nazar tashladi. Qo'liga universitet diplomi berilayotganida miya­­si olib qolinganlardan ekan, chamasi. Yo'qsa, na yuksak lavozimiga, na ellikni qoralab qolgan yoshiga to'g'ri keladigan qiliq qilarmidi. Baqira ketdi:   “Ya vas, vsex unichtoju!”

“Saning hammangni quritaman!” der ekan, faqat biz, jurnalistlarni nazarda tutmayotganini yaxshi anglab turardik. Har qanday odamni yo'q qilib yuborishga haddi sig'ardi ham. Odam bo'lsa, aybini gardaniga osish qiyin ish bo'ptimi! Markazdan yuborilgan va yurtimizda shafqatsizlarcha davom ettirilayotgan navbatdagi qatag'onning boshida turgan odam bo'lsa. Nafaqat O'zbekistonda, hatto Moskvada ham yo'lini birov kesib o'tolmasdi. KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi a'zosi, Leningrad oblast partiya komitetining birinchi sekretari Grigoriy Romanovning kuyovi. Ko'ziga tik qarashga kimning haddi sig'ardi.

Boshimizga itning kunini solishni va'da qilib turgan shu kas jazavaga tushib baqirar ekan, bizni millatchilikda, ekstremizmda, O'zbekistonni tozalash uchun yuborilgan adolat posbonlarining, jumladan, o'zining pok nomini bulg'ashda ayblardi. Tishimizni tishimizga qo'yib eshitish va go'ng qarg'aga o'xshab jim o'tirishdan boshqa yo'rig'imiz yo'q edi. Biroq bir hayqirsam, hammasi in-iniga kirib ketadi, deb kalta o'ylagan prokurorning po'pisalaridan na Safar aka, na men tahlikaga tushganimiz yo'q. “Bemahal qichqirgan xo'roz”ning qilig'idan dilimiz noxush tortgandi, xolos. Anchagacha jag'i tinmadi. Nimagadir alahsidimi yo tanglayi quridimi, bexosdan to'xtadi. Shunda xayolimga g'alati fikr keldi:

– Bir savol bersam, maylimi, Oleg Ivanovich?

U hayron bo'lib, birinchi kotibga, sarkotib esa yerga qaradi: “Bu bolaning kallasi joyidami, o'zi? Boyadan beri qulog'iga tanbur chertayapmanmi?..”

Ammo yo'q deya olmadi.

Prokuror talvasaga tushib, qanchalik qattiq baqirgan bo'lsa, men shunchalik osoyishta, xotirjam va aniq-tiniq qilib so'radim:

– Hurmatli Oleg Ivanovich! Marhamat qilib ayting-chi, gazetamizda e'lon qilingan o'sha “Toptalgan taqdirlar” sud ocherkini siz, o'zingiz, shaxsan o'qidingizmi?

O'zini yo'qotib qo'ydi. Qizardi. Bo'zardi:

– Net! – dedi zarda bilan. – Mne rasskazali!

– Oleg Ivanovich! – dedim yanada vazminlik bilan. – Marhamat qilib, o'sha materialni avval shaxsan o'zingiz o'qib chiqing! Mabodo undan tariqday xato topsangiz, ayting. – Men o'ng kaftimning qirrasini bo'ynimga qo'ydim. – Boshim   bilan javob beraman. Boshim bilan!..

Prokuror butkul tildan qoldi.

Keyin butun respublika prokuraturasini oyoqqa turg'azib, yarim yil ishimizni elakdan o'tkazdi va 1989 yilning mayida gazetamizga ochiq xat yubordi. Ammo maqolasining har bir satrini, har bir so'zini doim mixlab yozadigan Safar Ostonovning sud ocherkidan zig'ircha ham xato topolmadi. O'zidan ketib qolgan ming­lab safdoshlari — desantchilar bilan birga avval lavozimini, keyin yurtimizni tark etdi. Dasti darroz kuyov Rossiya Federatsiyasiga borib, Bosh prokurorning kreslosini egalladi. “Kremlda o'tgan kunlarim” qabilida xotiralar yozib, O'zbekistonda unga “kun bermagan” jurnalistlardan zorlanib yurdi. Ayb — oyoqqa kirgan tikonda emas, oyoqda ekanini anglab yetmagan, chog'i.

Maxfiy qaror

Bular – jurnalist ahlining behalovat hayo­tidan ayrim lavhalar, xolos. Alg'ov-dalg'ov zamonda bunday dadil chiqishlarning boshida gazetamizning fidoyi rahbari, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, sakkiz nafar solih farzandning otasi Jabbor Razzoqov turgan. Uning tanbeh eshitmagan, tushuntirish xati yozmagan kunlari kam bo'lgan. Atoqli adiblardan biri ta'kidlaganidek, “Ishdan bo'shatish­larini so'rab yozgan arizasi Jabbor akaning doim yonida, papkasida yurgan…”

Shunday qilib, besh yil o'tdi-ketdi. Bu orada meni “Pravda Vostoka” gazetasida ikki marta boplab “urishdi”. Bittasining sarlavhasi (“Kto vы, Avvalbek Sottiyev?”) aniq esimda.

Gazetamiz SSSR Ministrlar Sovetining mahfiy qaroriga binoan bahavo Bo'stonliq tumanida harbiy-kimyo zavodi qurilishiga qarshi jamoatchilik e'tiborini tortgani rosa shov-shuv bo'lgan. Bu tashabbusimiz na Markaziy, na mahalliy hukumatga yoqqan. Yoqmaganning tanobini tortishda sho'roning oldiga tushadigan bormi! Shunday qilib, O'zTAG (hozirgi O'zA) Sanoat-iqtisodiyot bo'limining mudiri Yuriy Krujilinning qo'li bilan “Pravda Vostoka” gazetxonlarining “nazariga tushdim”. So'ng   Bo's­tonlikda qurilishi to'xtatilgan o'sha zavod… Chiroqchiga ko'chirildi. Nega desangiz, yerosti chuchuk suvi mo'l emish.

Rossiyaning Belgorod shahriga borib, filiali tumanimizdagi Yettitom qishlog'ida qurilishi mo'ljallangan o'sha “vitamin zavodi”ning bosh direktorini topdim. Xabari bor, hatto Chiroqchiga kelib-ketgan ekan. Gurungdan oldi. Ulfatlashish asnosida gazniqob kiyib o'tirmagan bo'lsam-da, ko'zkuygi zavod Belgorod ahlining boshiga solgan va solayotgan ko'rgulik­larni bilib oldim. “Nichego, — dedim ulfatimga, — biz cho'lda yashaymiz, chidaymiz!” Toshkentga qaytib, zavod qurilishini ko'r-ko'rona qo'llab-quvvatlayotganlarga endi “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” orqali “insof tiladim”. Biroq eng qizig'i, zahri qotil ishlab chiqaradigan o'sha korxona loyihasining butunlay yo'q bo'lganida emas. Mustaqilligimiz sharofati bilan O'zAda va “Pravda Vostoka”da mas'ul lavozimlarda ishlaganimda.

Keyinchalik “Turkiston”, hozir esa “Yoshlar ovozi” nomi bilan chiqib turgan gazetamizni hamon o'qib, kuzatib boraman. Har gal qo'limga olganimda, bir gap xayolimda aylanaveradi: asl gazetchilik — shoxi sinsa ham shashti so'nmaydiganlarning ishi-da.

Qulman OChIL

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 1 =