Yog'dularda bordir tarozi
Vaqtni ajdarga o'xshataman. “Turqi” tarovatiyam shu – ko'rinmas, iz tashlamas, soyaday o'ynoqi, yelvizakday aldamchi, balchiqday girdobiga tortuvchi – “Yuho”. Vaqtni yengish bu ajalni yengishdir. Bosh uzishdan zerikmagan va qon hididan zavqlanadigan jallodday turqi sovuq. Demak, uning ham qiyofasi bor ekan. Naqadar sovuq! Xuddi milliard yillik muzliklarday o'ljasini bus-butun ushlab qoladigan – Muz ummoni. Tangri qamchisini Vaqt qo'liga uzatganday nazarimda. Uning chandiqli izi mangulik manglayida titroq yulduzday chanqoq shu'la sochadi. Vaqt bilan hisoblashish insonga meros mulkday bebaho qiymatga ega. Odil Hotam she'rlarini o'qiganimda vaqt bilan gaplashaman, musohabamiz javobsiz savolday yechimini topmaydi. Chunki vaqt yupanchdan xoli, iztirob yorg'uchog'ida donimizni bizdan so'ramay ezishdan to'xtamaydi.
Qo'limda shoirning keyingi kitobi – “Quyosh siyohdoni”. Varaqlayman.
Masofalar vaqt og'ushida,
Lahza esa baridan ustun.
Bulutlarning oppoq to'shida
Balqigan nur – yurakka ustun.
Bir qaraganda misralar bir-birini inkor qilayotganday, ya'ni birinchi bayt bilan ikkinchi bayt qovushmayotganday tuyuladi. Ichki nigoh bilan tikilsangiz, nimanidir anglaysiz. She'rdagi nimanidir aslida tasdiqlovchi ishoradir. She'r bilgisiz, nomsiz ishoralarda shakllanadi, mazmun mohiyatan yangi “qo'riq” ochadi. Masofalar hamisha Vaqt jilovida, vaqtsiz masofalar o'zib ketolmaydi, hatto o'rnidan jilolmaydi. Lahzaning ustunligi oniy harakatda mazmunga inadi, bedorlik sukut hamda daqiqalar etagini silkitadi. Ikkinchi baytdagi “ustun” so'zi birinchi baytdagi “ustun” so'zini ochiqlayapti. Bulutlarning oppoq to'shida balqigan nur – orzu, umid, erk yalovi. Yurakni nur chulg'agandagina ruhiyatimiz bokiralik saltanatiga aylanadi, oydinlikka cho'madi.
To qiyomat azal jadvalin,
Buzib chiqib ketolmas hech kim.
Hayot ichra mamot bor hali,
Ungacha ishq sharobin ichgin.
Qiyomatning azal jadvalini odamzod buzib chiqib ketolmagan. Buzmoqchimisan ishq sharobini ichgin, demoqchi shoir. Ishq sharobi inson qalbi hurligini ta'minlaydi
To'zg'imas ahd, nekbin tuyg'uni,
Berib bo'lmas sira ham qarzga.
Nafas yetmay o'shal burg'uni,
Chalmoqlik ham aylanmas farzga.
Hurlik ahd, nekbinlik tuyg'usidan o'zaklanadi. Tuyg'u qarzga berilmaydi va uni sotib olib ham bo'lmaydi. Hurlik burg'usini chalmoqlik uchun erkdan nafas olmoq hamda ishq sharobin ichmoq kerak. Yo'qsa, orzular, umidlar, istaklar havoga uchadi.
Hur mangulik panohi uzra,
Yulduzchalar timirskilanar.
To'xtayozgan bir yurak muzlab,
Daqiqadan nafas tilanar.
Yulduzlarning hur mangulik panohi uzra timirskilanishlaridan ogoh tortgan yurakning muzlab, daqiqalardan nafas tilanishi hayratli. Demak, Vaqt – inson iztirobining tovasi. Shu boisdan Tangrining mo'min bandalari Vaqt bilan hisoblashadi. She'r yakunidagi misralarda muddaomiz oydinlashadi.
…Shafaqlar bu mumtoz navolar,
Olgan quyosh – jom og'ushiga.
To'rt unsurdan ortgan havolar –
Kunduz kirar Vaqtning tushiga.
Ola-chalpoq tushga o'xshayotgan she'r mazmun mohiyatidan shuni anglaymizki, yulduzlarning tunda timirskilanishiga guvohligimiz sergak tortiradi. Aslida yulduzlar hayot nag'masini unsiz qalbimizga muhrlaydi. Hayot bedorligi to'rt unsurda jamlanganini ong osti sezimlar orqali qalbga insho etamiz va ko'rinmas zanjir mavjudligini idroklaymiz. She'rdagi masofa, daqiqa, ishq sharobi, nur, shafaq so'zlari aylana chiziqlardan so'ng uyg'unlashayapti. Bulutlarning oppoq to'shidagi nur mumtoz navolar tarayotganidan qalbimiz butunligi, ruhiyatimiz charog'on tortayotganligi hayot zavqining mundarijasi ekanligini uqib, yayraymiz.
Odil Hotam she'riyati polotnosiz yaratilgan tasviriy san'at asarlarini eslatadi. “Ranglar gurungidan sachragan ovoz” misrasining o'ziyoq muddaomizni tasdiqlaydi. Tashbehlar ranginligi sinchi she'rxonni go'zallik vodiysiga yetaklaydi. Qarang-a: “Qirlar oshib qoraygan oqshom”, “Tonglar bilan tushasan yo'lga”, “Bir sohil bahoru bir sohil qahhor”, “Cho'kib ketar ildizga ohlar”, “Shafaqlarga bosh qorong'u nur”, “Qarg'alarday uchar daraxtlar hushi”, “Nurlar qanotida yilning hamali” va boshqa dilbar tashbehlarni yuzlab uchratasiz. Shoir o'ylarining naqadar teran va mavjli to'lqinlarga xosligidan huzurlanasiz. Xuddi Mono Liza suratiga musavvir 34 xil rangni bir chiziq va bir rangda uyg'unlashtirganday sokin taassurot qoldiradi. Ranglar shivirlaydi, tuyg'ular g'imirlaydi, ohang olis tog' daryosining hayqirig'idek sukut tilida unsiz oshkorlaydi, nurlar guldastasi rango-rang charaqlaydi.
Odil aka bilan talabalik davrimda Toshkent davlat universiteti profilaktika sanatoriysida tanishganman. Yo'ldosh Eshbek ikkalasi qoshida bolalarbop mashqlarimni o'qiganman, ular dalda berishgan. Odil akaning qo'lyozmalarini o'qishim bilan o'zimning she'r mashq qilishimdan uyalganman va keyinchalik yaqindan muloqotga kirishishga ahd qilganman. Meni tortgan mehr u kishining samimiy va kamtarligi bo'lgan. Va bevosita dunyo adabiyoti haqidagi tasavvurlari qalbimga yolqin tutgan. Ayniqsa, rus adabiyotining men bilmagan Blok, Bunin, Fet va shu kabi oltin va kumush rus adabiyoti asrining ulug' shoir va adiblari ijodi haqida soatlab saboq bergan. Valentin Katayevning “Xayol chechaklari” asari qo'limdan tushmasdi. Xullas, devor ortidagi biz anglamagan adabiyot ulug'lari asarlari bilan oshno etgandi. Paustovskiy, Prishvinning tabiat manzaralarini aks ettiruvchi asarlarini o'qiganimda avval qiynaldim, so'ng ranglar orqali obrazlar yaratish mahoratini o'rgandim. Bizda bunday yozuvchilar hali hanuz yo'q. To'g'ri, Cho'lponning “Kecha va kunduz” asarida chiroyli manzaralar chizgisi ko'zga tashlanadi. Demoqchimanki, tabiat mavzusiga umri baxshida adiblar ko'zga chalinmaydi. Borlari meni qoniqtirmagan. She'riyatimizda esa bu mavzu o'ziga xos ustuvor.
Talabalik davrimdagi Odil aka bilan bog'liq voqealar “Bug'doyzor oralagan so'qmoqlar” roman-essemda yoritilgan.
Bundan o'n ikki yil avval xonadonimga Karmanadan Odil aka va Shoyim Shernazar oilasi bilan tashrif buyurishdi. Tongga qadar gap-gashtak avjiga chiqdi. Ular bilan Shahrisabz shahrida bo'lib Oqsaroyni ziyorat qildik. Ammo mehmonlarni kuzatganimdan so'ng turmush o'rtog'im ayollar gurungidan bir tasmalik voqeadan gap ochib qoldi. Voqea shunday edi.
Karmana dehqon bozorini aylanib yurgan Odil aka qishloq dehqonlarining o'zlari yetishtirgan turli qishloq xo'jalik mahsulotlarini sotayotganligi ustidan chiqib qoladi. Aslida yangamiz sabzi-kartoshka olib kelishga yuborganlar. Odil aka bozorga manglayni quyosh olovi kuydirayotgan lahzalarda, ya'ni kech chiqqan. Odatdagiday har bir dehqon bilan salomlashib, ochiqroq joyda chuvakkina kampir bir chelakda olma sotib o'tirganligiga ko'zi tushib, uning yoniga boradi. Kampir issiqdan tutaguday alfozda qiynalib nafas olgancha:
– Ukajon, shu olmani oling, arzon beraman, – deya diydiyo qiladi.
Odil aka qarasa, mirik olmalar, uni odam bolasi yeyishi qiyin.
– Obbo, shu issiqda zarurmi? Odam yonay deyapti-yu siz yana quyoshga qarab o'tirib olgansiz, onaxon, – deya “va'zxonlik” qiladi.
Bu gapdan manglayida ter tepchigan kampir bug'riqib:
– Tekin bo'lsayam, olib keting, aylanay, – deya qo'liga chelakni tutmoqchi bo'lganda Odil aka qo'lidagi chelakni tutadi. Kampir chiroyi ochilib, olmani akaning chelagiga ag'daradi.
– Kilosi qanchadan?
– Aylanay, ko'nglizdagini beravering. Bermasangiz ham mayliga.
– Yo'g'-ey, yo'l tortib bozorga opkelgansiz. Tekin luqma tomoqdan o'tmaydi.
– Hoy opa, olmangizni qanchadan pullayapsiz? – Odil aka nariroqda olma sotayotgan dehqon ayolga yuzlanadi.
– Ikki ming.
– Olmangiz chamamda besh kilo chiqadiyov. Mana o'n ming so'm.
– Ibiy, mening olmamga besh yuzdan beravering. O'zimday bujmayib yotibdi.
– Nabiralarga u-bu olarsiz, olavering.
Kampir xijolat chekadi. Bozorga almisoqdan qolgan olmani olib chiqqanidan izza tortadi. Na iloj, xaridor “hotamtoy” bo'lsa.
Sabzi-kartoshkani unutgan Odil aka chelakni ko'tarib uyga jo'naydi. Xayriyat, darvozani yangani o'zi ochadi. Mirik olmalarga ko'zi tushgan yanganing kapalagi uchadi.
– Bu nimasi?
– Oftobda…
– Sabzi-kartoshka yo'q? Olma olib keling demagandim, shekilli.
– Obbo, sabzi, kartoshka esdan chiqibdi, – xijolatdan qizarinadi Odil aka.
– Mirik olmangizni nabiralaringizga tutasizmi?
– Oftobda…
– Qari chol o'tirgan ekan…
– Yo'g'-e, kampir…
– Nima bo'pti? – Odil akaning gapini cho'rt bo'lib yanga qovoq uyadi. – Qo'ylarga bering.
– Shu kampirga achindim. Sho'rlikni oftob urgan ham bo'lsa kerak.
Yanga qor ko'chganini sezib, chelakni o'zi ko'tarib oladi.
– Baribir, onaxonga yordam berdim, – o'ziga o'zi tasalli bergancha yog'och karovatga cho'karkan Odil aka ming'irlaydi. – Ammo sabzi, kartoshkani unutganim yaxshi ish bo'lmabdi. Shunaqasiyam bo'lgisi kelgan-da…
– Kelin, ukasiyam shunaqami? –so'rabdi yanga “bizniki”dan.
– Bularning tuprog'i bir joydan. Yanga, xafa bo'lmang, – deya biznikiyam kulgancha tasalli suqibdi…
– Yechilmas chigillaringni yoyibsilaring-da. Ayolning hammasi shunaqa, panaga tortib eri ustidan kulishdan miriqadi, xuddi Himolay tepasiga chiqqanday. Odil akam to'g'ri qilgan, – alamzadalik bilan ma'qullayman. – Kampirsho oftobda qovrilib qolsa nima bo'lardi. Biz erlar ayollar xaloskorimiz, – deya jo'rttaga shovqin soldim uning javobini eshitmaslik uchun va o'zimni eshikka urdim.
Odil aka shunaqa. Rahmdil, o'zgalarni o'zidan ortiq ko'radi. Balki she'riyatining samimiyligi ham shundandir.
Bu voqeani eslaganimda miyig'da kulib ustozni eslayman. Akam Nazar Shukurni Odil akaga o'zim tanishtirganman. Ular bir-birlariga doimiy xat yozishib turishgan. Xatlar kechagi kunning bo'y bastini so'zlarda tiklarkan. Hozir-chi, dunyoning u burchidagi tanishingga qo'ng'iroqlashasanu aytgan gaplaring ko'pincha havoga uchadi. Chunki vaqt uchqur, umr shitobi baland.
Kitobni yana varaqlayman.
…Shamol tergilaydi qo'li qizil qon,
Chil-chil singan navo siniqlarini.
Alpomish cho'qqilar to hanuz hayron.
Ko'zlab uchmoq bo'lar samo qa'rini.
…Xarsangtosh yalpayib yotmas bir joyda,
Musavvir nigohin izlaydi chiroy.
Jarlik tubidagi huv o'jar soyda,
Qoniga belanib ingranadi oy.
O'rol Tansiqboyev suvratlari ko'z o'ngimda jonlanadi. Borlig'im yorishadi. Alpomish cho'qqilar ham jilmaslik shartiga ko'nikkanidan bezovta. Chunki samo qa'ridagi toshlar harakatda – bedor. “Tosh”lar qutqusidan zarb yegan oyning soy tubida qoniga belanib ingranishi poetik topilma.
Shoirning bunday diltortar she'rlari qalb uyqusini quvadi. Odamni odamday hayot kengliklari epkinidan rohatlanib nafas olishga, yonib yashashga, mehr chashmasini qonib ichishga va o'tayotgan umrni surur chamaniga burkashga undaydi. Shundoq ham hayot iztirobu musibatlar o'chog'ida kuygan yarasiga kul sepish bilan ovora.
Bir sirni aytmasam bo'lmas. Odil aka 1979 yili qishlog'imizga kelganda (voqealar uning “Yuksakdagi daraxt” kitobida chuqur yoritilgan) uyimizni mehmonlar “bosgan” – akamni yo'qlab tuman ijodkorlari har yoqdan kelishgan. Gurung yulduzlar pirpirab uchayotganda – tong yorishayotganda nihoyalangan. Qo'noqlar qurshovidan ozod Odil akaning mudrashiga qaramay otam: “Qaysi qavmdansiz?” deya so'raganda u kishining uyquli ko'zlari katta ochilib, “bilmasam” degandek bosh qimirlatadi. Otam mehmonni izza qilmayin deb o'zi gapga tushadi: “Karmanadanman deganingizga qiziqdim. Bizning buvalarning aytishicha bizning qavm – chuyutlar qadimda siz tarafdan kelishganini ishora qilishardi. Keksa buvalaringizdan so'rab ko'ring-chi? Gapning epaqasi keluvdi gapirdim”, deya noo'rin ilinmadimmi deganday qizarinadi. Odil aka keksalardan surishtirsa, shunday urug' bor bizda, deyishibdi. So'ng o'z qavmi qo'ng'irotlardan ekanligini bilib oladi. Otamga xuddi urug'bozlik qilyapsiz deganday luqma otuvdim: “Har avlod o'zini kelib chiqishini bilishi kerak. Ammo uni dastak qilib, ko'chaga olib chiqmaslik lozim”, deya dashnom bergandi. Bilmadim, shu gaplardan keyin Odil akaga mening Hayitko'l dashtim haqida yozish orzu-havasga aylandimi, yo dashtning yam- yashil o'tloqzorini yalang oyoq kezib yayraganimizdanmi “Surur” she'rini yozibdi. Bu she'rdan sakkiz qatorini keltiraman:
Kamalak adirlar –quyosh belbog'i –
Hayitgul momoga atalgan ixlos.
Kumush qo'ng'iroqlar – hilol arqog'i,
Ko'ngilni g'ubordan aylagay xalos.
Afsona-asotir beshigi – qirlar,
Yashil yellar tunlar ertak to'qiydi.
Qatag'on qurboni – qancha taqdirlar,
Tog'lar cho'qqisida takbir o'qiydi.
Aslida dashtimizning chin nomi – Hayitko'l. Bu yerda Hayitgul ismi Nazar Shukurning “Hayitgul afsonasi” dostoniga ishora qilingan. Hayitko'l dashtida bahorda yog'ilgan yomg'ir suvlari havarda to'planadi. Darveshona, Navro'z ayyomlari shu havar yaqinida o'tkazilgani uchun dasht shunday nomlangan. Ikkinchi nom esa hayitko'llik polvonlarning barchasini qo'shni qavm polvonlari yiqitavergandan so'ng el kayvonilari Hayitgul ismli emizikli ayolni kurashga ko'ndirib, sochlarini telpak ostiga yashirib, polvon yaktagini kiydirishadi. Kurashga tushgan ayol yonida raqib polvon charx aylana boshlaydi. Birinchi safar ayol qo'liga tekkan polvonning qo'li harakatini yo'qotadi. Ikkinchi safar devday polvonning qo'li yumshoqligidan muvozanatini yo'qotgan paytda ayol raqibi burvoyiga chil solib orqa tarafga itarib yuborish bilan davrada olqish yangraydi. Polvon yerda dumalagan ko'yi raqibiga ojizlanib tikila boshlaydi. Toki ul qavmning kayvonisi so'ragandagina muddaosi yechiladi. “Polvonning qo'li ayolning qo'liga o'xsharkan” deydi tili kalimaga kelib. Shunday qilib hayitko'lliklar kurashda g'olib chiqishadi va dashtni shu ayol nomi bilan atashadi. Xalq afsonalarida haqiqat yashirin. Elimizning o'ta orkash, g'ururi balandligi biz uchun so'nmas mayoqdir. Odil aka she'rda ana shu ikki chiziqqa yondashgan.
Qalbi halim, ko'ngli Hayitko'l dashtiday keng, g'ururi qirlariday to'lqinli shoir akamiz she'riyati quyosh siyohdonidan to'kilganki, jozibasi, go'zalligi, ranglaru ma'nolar qatlamiga singdirilgan. Unsiz yog'du sochib ko'ngillar vodiysini nurafshon etadi
O'roz HAYDAR