QIZILQUM “KAMALAGI”
Qizilqum kengliklariga qalin qor tushdi. Qora sovuqda oppoq ko'rpadek to'shalib yotgan yerdan bug' ko'tarildi. Qo'y-qo'zilar junlarini silkitishdi, ular yovshan va saksovul barglarining “changini chiqarishar”, bir-birlari bilan ma'rashib gaplashishar, osmon toqidagi bulutlarga qarab qo'yishardi. Navoiy shahri markazidan ikki yuz ellik chaqirim ichkarida Qizilqum bag'rida joylashgan Konimex tumanidagi Uchtepa ovul fuqarolar yig'ini hududidagi “Qizilqum chorva” klasterida yigirma olti ming bosh qo'y-qo'zi, yetmish bosh tuya, yigirma bosh yilqi parvarishlanmoqda. Oltmish nafar tajribali, hayotning pasti-balandini ko'rgan chorva bilimdonlari mayda shoxli mollarni qahratonning izillama sovug'idan betalofat olib chiqish niyatida tabiat injiqliklariga mardonavor turib ter to'kmoqdalar. Iliq kunlarda qo'ra-qo'tonlarning ta'mirdan chiqarilganligi, suv masalasining oqilona yechilganligi, yem-xashak va oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli miqdorda jamg'arilganligi qahratonni risoladagidek o'tkazishga yaqindan ko'mak bermoqda. Quyida Qizilqum bag'rida cho'ponlik tayog'ini muqaddas bilgan chorvador Nurken Ismanov haqida hikoya qilinadi.
Oltin mo'yna
…Kuz olmon zaminiga ochiq chehra bilan keldi. Gulgun chehralardan bir zum bo'lsa-da nur arigani yo'q. Odamlar tirikchilik tashvishi bilan band. Ana shunday sertashvish kunlarning birida quyosh endigina tig' sochgan pallada olmon hukmdorining bir savoldan boshi qotdi. U shuncha yillar el-ulusni boshqarib ham bu xil qaltis, boshog'riq masalaga duch kelmagandi. Shuning uchun o'zini chorasiz odamdek sezdi. Chindan ham, Buxoro zaminida yetishtiriladigan qorako'lni qo'lga kiritish bilan bog'liq qaltis masala o'ziga ishonarli javob talab qilish asnosida xos imtihon ham edi. U ko'ngilning ming bir ko'chasiga kirib chiqdi. U hozir olmonlar ega chiqishi shart va zarur bo'lgan, uni boylikka ko'madigan Buxoro qorako'l qo'yi va qo'chqorini qo'lga kiritish haqida gap ketayotibdi deb fikr qildi. Masalani ichakdek cho'zishga hojat yo'q. Zarur bo'lsa buning uchun oltinni ham ayamaydi. Hukmdor shularni aql tarozusida tortib, elchini chaqirishni a'yonlariga buyurdi. Zum o'tmay huzurida elchi hozir bo'ldi. Ko'nglidagini elchiga aytdi. Elchi bir ming to'qqiz yuz o'ninchi yilda Buxoroi sharifga tashrif buyuradi. Amir bilan uchrashib, uning ko'nglini iydirishga muyassar bo'ladi. Alal-oqibat o'n besh bosh sovliq va ikki bosh qo'chqorga ega chiqadi. Buxorodan olib borgan qo'y-qo'chqorlarni yurtimiz iqlimiga o'xshash joy Namibiyada parvarishlay boshlaydi. Tez orada qo'ylar bu yer iqlimiga moslashadi va sifatli mahsulot bera boshlaydi. Bu hol hukmdorni quvontiradi. Shundan so'ng yana olmoniyaliklar Amir Olimxondan ellik bosh qo'y hamda o'n bosh qo'chqor olib ketishadi. O'sha qorako'l qo'ylarni chatishtirib, Buxoro qorako'liga o'xshash, qimmatbaho mo'yna beruvchi “Svarka” deb nomlangan yangi zotga asos solishadi. Qizig'i, “Svarka” qorako'l terilari dunyoda eng qimmatbaho va sifatli hisoblanadi. Bitta terining narxi oltmish dollardan ikki yuz dollargacha baholanadi. Ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Namibiyada yiliga bir yuz qirq ming donadan ortiq qorako'l teri yetishtiriladi. Tag'in bir gap. Afg'onistonda ham Buxorodan olib kelingan naslli qo'ylar asosiy o'rin tutadi. Birgina yigirmanchi asrning boshlarida Afg'on tuprog'iga Buxorodan bir million boshdan ortiq qorako'l qo'ylari haydab ketilgan. Hozirga kelib Afg'onistonning o'n to'qqizta viloyatida shu zotdagi qo'ylar boqiladi.
El orasida qorako'l qo'ylari sakkizinchi asrda arab qo'ylari zotlari bilan chatishtirish natijasida paydo bo'lgan degan gaplar yuradi. Hozirgi davrda yurtimizning ba'zi bir joylarida jonivorlar “Arabi qo'ylar” deb ataladi. Negaki, bu zot Buxoroning Qorako'l mavzesida boqilgani uchun ilmiy tilimizga Qorako'l atamasi bilan kirgan. Qorako'l terisidan tayyorlangan shubalar-u, bosh kiyimlar qoshida uzoq qolib ketamiz. Uning serjilo mo'ynasi quyoshda yal-yal tovlanib, ko'zni oladi. Shuning uchun ham Angliyadagi kibor xonimlar qorako'l terisidan tikilgan shubalarni yoqtirishadi. Alhol qorako'l qo'ylarining tup ildizi, negizi O'zbekiston zaminidadir. Bir mahallar yurtimiz dunyoga mo''jizakor qorako'l terilari asnosida dong taratgan edi. Aynan ana shu narsa bosh cho'pon Nurken Ismanovga o'zgacha g'urur, iftixor bag'ishladi.
Oy shom yegan kecha
Cho'pon qavmi oy shom yeb chiqmagan qorong'u, zim-ziyo kechalarni “Toshqorong'u kecha” deb ataydilar. Itning qattiq hurishidan sergaklangan Nurken cho'pon qo'tondagi qo'ylardan xabar olgani chiqdi. Kecha tim-qorong'u. Negadir shu qorong'uda qo'tondan taralayotgan yorug'lik cho'ponni o'sha tomonga yurishga undadi. Borib qarasa, qo'yi tug'ibdi. Qorong'u kechani yoritgan nur shu qo'zichoqdan taralayotgan ekan. Buning siri cho'l quyoshi, sero't yaylov, tillorang shuvoqda bo'lsa ne ajab, deb o'yladi. Negaki, shuvoq tarkibida oltin zarralari mavjud. Aytgancha, shuvoq tuprog'ining tarkibidagi oltin zarralari tuproqdan o'tadi. Uni yegan qo'y esa oltin mo'ynali barra tug'adi. Buning turgan-bitgani mo''jiza emasmi?
Shuning uchun qo'ychilik sohasiga “tuyog'idan shoxigacha daromad manbai” degan ta'rif beriladi. Bunda to'liq asos bor. Negaki, qorako'l qo'ylaridan qimmatbaho mo'ynadan tashqari, go'sht, sut, jun kabi mahsulotlar ham olinadiki, bularning barisi mo'maygina daromad keltiruvchi manbadir. Qizilqumda ota-bobolarimiz darmonsizlikka va sil kasalligiga chalingan bemorlarni to'l mavsumi (qo'zilatish mavsumi) boshlangan paytda otar boshiga keltirib, yangi sog'ilgan qo'y suti bilan davolaganlar.
Aydarko'l sohilga urilaverar
…Oyoq ostida son-sanoqsiz maysalar nish urgan bo'lsa-da, bahorning borliqni qizdiruvchi quyoshi sekin olov selini purkaydi. Sharq tomondan chiqqan quyosh nihoyat Qizilqum ortiga bosh qo'yib, Aydarko'l tarafdan salqin shabada ufuradi.
Dod solib yig'laydi momoguldirak,
Yomg'ir ayriliqdan beradi darak.
Aydarko'l sohilga urilaverar,
To'lqinlar toshib quyilaverar…
Tun qorong'ulik qa'riga cho'kdi. Ko'k chamanida son-sanoqsiz yulduzlar xirom ayladi. Nurken og'a sitoralar chamanidan ko'z olmay qoldi.
To'lin, jilvagar oy bor bo'yicha nur taratdi. Qalin, o'tib bo'lmas to'qayzor og'ir, xomush xo'rsinadi. Pastlikda Aydarko'l shag'illaydi. Katta suvlikning allaqanday qo'rqinchli ovoz chiqarishi aniq-tiniq quloqqa chalinadi. Osmonda suzib yurgan chiroyli qamar odam ko'zini qamashtiradi. Bolaligida tengqurlari bilan bu yerda qor-yomg'irdan qochib, ko'p berkingan. Aynan ko'l sohilidagi mana shu joy ularga boshpana bo'lgan. Nurken og'a ana shu damlarni yodga olib, entikib qo'ydi. Darhaqiqat, ko'lning har ikki qirg'og'i ham ajoyibotu, sir-sinoatga boy edi. Hozirda bu kengliklarda og'ayni uzangidoshlari qo'y boqadi. Vaqti-vaqti bilan ular yonida bo'ladi. Dardlashadi, tajriba o'rganadi.
Qorachadan kelgan novcha, keng yelkali, barmoqlari chayir, qarashlari tiyrak Nurken Ismanov qo'ylarsiz, chorvasiz tamog'i qaqrab, chaqnab qolayotganday sezadi o'zini. Nega shuvoq o'tini yegan, changitgan sovliqning rango-rang kumushrang tusli qo'zi terisi inson aqli zakovatini, tinchini, oromini o'g'irlaydi? Ikki ming yigirma uchinchi yil Nurken Ismanov oilasi uchun omadli keldi. Negaki, u kishining turmush o'rtog'i Nurbibi Sariyeva Prezidentimiz Farmoniga ko'ra “Do'stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Hozirda cho'pon ayoli va farzandlari bilan besh yuz bosh qo'yni qishlovdan eson-omon, talofatsiz olib chiqish uchun astoydil jon kuydirmoqda.
Sahro bag'rida quyosh panellari
Chor-atrof biyday sahro. Inson zoti ko'rinmaydi. Shamol ojizgina, etidan uzilgan g'armalarni osmonu falakka ko'tarib uchiradi. Nurken og'a bosh cho'ponlik qilayotgan otar xo'jalikning ikkinchi bo'limiga qarashli Jumaqul quduq yaylovida qo'nim topgan. Bu joy o'zining betakror manzaralari hamda beqaror shamoli bilan mashhur. Xuddi ana shu manzildagi cho'pon qo'nalg'asida quyosh panellari o'rnatilgan. Hozirda quyosh energiyasidan foydalanish sohasidagi eng foydali yo'nalishlardan biri bu binolarga quyosh panellari o'rnatib, quyoshdan yetarlicha elektr quvvatini olishdir. Buni yaxshi anglab yetgan “Uchtepa klaster” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Murod Raisovning sa'y-harakati va yelib yugurishi natijasida cho'pon otariga 4 kilovattli quyosh batareyalari o'rnatib berilibdi. Bu endi Navoiy shahri markazidan ikki yuz ellik chaqirim olisda, sahro bag'rida ham doimo elektr quvvati uzluksiz bo'lib turadi degani! Tag'in bir gap. Yaqin-yaqinlargacha cho'lda suv muammosi mavjud edi. Quduq qurilishi masalani oppo-osongina yechdi.
Men bilan birga xo'jalikning Ispanquduq firmasiga borgan Navoiy viloyati Konimex tumanidagi Uchtepa ovul fuqarolar yig'ini hududidagi “Qizilqum chorva” klasteri rahbari Murod Raisov o'nqir-cho'nqir yo'l adog'idagi yaylovda o't chimdib yurgan qo'ylarni uzoq kuzatib turdi. Ochig'i, ikki yarim ming aholi umrguzaronlik qiladigan Qizilqumdagi mazkur “Qizilqum chorva” klasteri, asosan, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan. Kengliklar bag'rida yigirma olti ming bosh qo'y-qo'zi, yetmish besh bosh tuya, yigirma bosh yilqi yoyib o'tlatiladi. Bu yumush bilan hozirda oltmish nafar cho'pon band. Xo'jalikning ikki yuz ellik ming gektardan oshiq poyonsiz yaylovlarining bir uchi Qozog'istonning Qizil O'rda viloyatidagi Chordara tumani hamda Navoiy viloyatining Abay, Birlik, Oyoqquduq kengliklariga borib ulanadi. O'tgan yillar badaliga xo'jalikning Jumaqul bir, Jumaqul ikki, Saymanquduq, Shampanquduq, Davlatyor, Yangiquduq, Eranquduq otlig' manzillarida qut-baraka, to'kinlik manbai bo'lgan suv masalasini o'nglash niyatida o'nlab quduqlar qazildi. Hozirda bu quduqlardan me'yorida tiriklik manbai chiqib turibdi. Qishlovda chiqimga yo'l qo'ymaslik, chorva bosh sonini bexatar olib chiqish masadida xo'jalikda uch ming tonna dag'al xashak va yetarlicha yem, ozuqa jamg'arildi. Cho'pon otarlari issiq kiyim-kechak va yetarli miqdorida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlanib turibdi. Bu yumush Navoiy viloyati hokimligining doimiy diqqat markazidadir.
Etmishvoyning KELINI
“Tun qo'ynida eski paxtadek, to'dalanib yotar oppoq qor” deganlaridek oppoq, ko'rpadek momiq qorli qish ona yerni to'ydirdi, endi yetilgan xamirdek ko'pchib, obi-tobiga kelayotgan yer el-ulusning qalbini sevinchga oshino qiladi. Axir bejizga xalqimiz tegirmon navbati bilan demaydi-da.
— Negadir quvnoq va beg'ubor bolalik chog'larimda, qish-qirovli kunlar etagini yig'ib, ko'klamoy kirib kelayotgan kunlarda bobom xuddi tanga topib olgan boladek shod va favqulodda tetik bo'lardi, — deya hikoya qiladi Nurken Ismanov. — O'sha kezlari bir uchi keng va poyonsiz ufqlarga tutashib ketgan yobon va bog'u rog'lar dehqon diliday oq, qishlog'u ovullar, aymoqlar, qo'rg'onlar zargar qo'lidagi kumushdek jilolanib ketardi. O'shanda bobom so'zlab bergan tubandagi hikoya to hanuzga qadar xayolimdan ketmagan. Uni sizga ilindim.
Ko'chadan hovliqib shoshib kelgan Yetmishvoy hadeganda o'z-o'ziga sig'mas emish. Otasi o'g'lidan: “Nega bunchalik jonsaraksan, ishqilib, ortingdan bo'ri-mo'ri quvib kelmayotirmi?” – deb so'rabdi. Shunda Yetmishvoyning og'zidan ko'pigi sachrab, ko'zlari yonib: “Qarg'a degani ketdi, quyosh ozod chiqib, kun ilidi. Endi uyda tuxum bosgan kurk tovuqdek yotib bo'lmaydi. Bu na Xudoga, na bandasiga xush keladi. Bugunoq suruvni huv olisdagi yaylovga haydab ketaman”, deydi. Bu gapni kimsan o'z jigari og'zidan eshitgan ko'pni ko'rgan ota birdan: “Hovliqma, hali biroz erta, sabr qil”, debdi o'g'liga. “Boychechak yerdan allaqachon bosh ko'targan bo'lsa, tag'in yana nimani kutishim kerak?” deb qisti-bastiga olibdi qaysar o'g'il. “Hoy aqlsiz, tentak, ulkan tog'-tosh, cho'lu biyobondagi oq-qirov, ayamajuz degan gaplar borligini unutdingmi?” “Menga baloyam urmaydi, darhol xurjunga qozon-qumg'on va boshqa buyumlarni joyla”, deb ayoliga zug'um qilibdi. Ayol sho'rlik lom-mim demasdan erining amriga bo'ysunib, uning aytganini tezda bajo keltiribdi.
Toqqa, keng yaylovga yetar-etmas, kuchli, achchiq izg'irin esibdi, shamol quturibdi. Qor yog'ib, chorva uning ostida qolib, halok bo'libdi. O'sha voqeadan so'ng Qizilqum taraflarda hutga yaqin kunlarni “Etmishvoyning kelini” degan ajabtovur nom bilan ataydigan bo'lishibdi. Alhol, Yetmishvoyning kelini chorvadorga barvaqtroq bo'lsa-da, ammo dehqon bilan bog'bonga ayni payti bo'larkan.
Cho'l giyohlarining ajib tarovati Nurken Ismanovga bolaligini, Qizilqum sahrosining poyonsiz, ufqlarga tutash kengliklarida tengqurlari bilan mol boqib yurgan kezlarida eshitgan xalq taomil va urf-odatlarini ko'z o'ngida gavdalantiradi.
Qish. Izg'irin qahraton. Qizilqumning ovlog'u huvillagan, beadad tekisliklarida qo'l tegmagan saksovul va yovshanzorlar qirmizi tusga kirib, tabiat bamisoli har yilgi og'ir va mashaqqatli og'ir mehnatdan so'ng nafas rostlayotgandek. Ayni kezda jamiki mavjudot baxtiyor-mamnundek tuyuladigan eng so'lim palla edi.
Qor shaklida osmondan yog'ar atirgul,
Qordek oppoq bo'lsin bu kun ko'ngillar.
Xullasi kalom, hammayoq oppoq, momiq qor ko'rpasi bilan qoplangan.
Ulug'bek JUMAYEV.