Sobir Önarni eslasam…
(Esse)
1
Eslasam…
Yuragim uvişadi. Içimda bir narsalar tanbur torlari singari çirt-çirt uzilib ketayotgandek böladi. Davralarda qirday bölib ötirgan odamning tösatdan tuman qoplagan çinor kabi körinmay qolganiga işonmayman, heç-heç işongim kelmaydi. U göyoki, işxonamga bir kirib çiqay, hozir qaytaman, deb Yozuvçilar uyuşmasi binosiga kirib ketgan-u, men uning qaytib kelişini kutib turgan odamdek tevarakka jovdirayman, qidiraman, közlarim tolib ketadi. 
Ammo baribir işonmayman. Ota-bobosidan amaki-toğasi-yu, böla-bölavaççasiga dovur polvon ötgan, özi ham toğni ursa tolqon qiladigan yigitning muştdaygina yurak xurujiga bardoş berolmaganiga işongim kelmaydi.
Axir, ayting, Ergaş Jumanbulbul, Rahmatilla Yusuf öğli kabi baxşi-bulbullar yurti bölmiş Qöşrabot daştlarida eşak minib, ot çoptirib, poda ortidan yugurib çiniqqan, Nurota toğlari bağridan sizib çiqayotgan zilol buloqlaru muzdek quduqlar suvini, musaffo havosini simirgan, yuragi ming yillik arçalar kabi baquvvat yigitning bunday qilib ketib qolişiga qanday işoniş mumkin? Ayrim ğiybatçi kaslarning “dedi-dedi”lari-yu, mayda-çuydaliklaridan baland turadigan, hamişa ezgulikka intilgan va ezgulikning tantanasiga işongan; ota-bobolaridan çeksiz sabr-toqat, çidam, mehnatkaşlik degan sifatlarni vujudiga singdirgan; öz tabiatiga töğri kelmaydigan harakatlarni qilmaydigan, avlod-ajdodi pahlavon ötgan odamning qandaydir yurak oğriğiga böyin egişi…
…Katta bobosi Tinibek polvon bir kuni enasiga munday deydi: “Qarasam, manavi katta qir Zulmonotaning ustiga qulab tuşayotibdi, şartta turib borib uni suyab, qözğalgan joyiga ötqazib qöydim”.
Qarang, butun boşli bahaybat qirni ağnab tuşayotgan joyida yelkasi bilan tutib qolib, joyiga ötqazib qöygan. (Tuşida, albatta). Fildek qoruvli bölgan Otaqul toğasi turnikda bir qöli bilan ön martalab tortingan. Kaftining bir çetiga bir dona danakni qöyib ikkinçi qöli bilan urib bemalol çaqib yeb ötirgan. “Öylab köring, — deb eʼtirof etadi Sobirning özi esdaliklarida. — Kaftga yonğoqni olib çaqolmaymiz. Endi yolğiz danakni qölni qölga urib çaqişni tasavvur qilib köravering!” Ahmadjon Meliboyev bir maqolasida yarim hazil-yarim çin qilib yozganidek, “Yoşlarni adabiyot böstoniga olib kirayotgan ustozlarga quruq rahmat deymizmi, ularni heç bölmasa bir kötarib qöyaylik” deb taniqli şoiralarni, ular qatorida talantli qiz-juvonlarning ustozlarini ham dast kötarib aylantirib-aylantirib joyiga qöyadigan bir şohona kuç bor edi Sobir Önarda ham.
Unça-munça tösiqni — tösiq, azobni — azob demaydigan, pisand qilmaydigan yigitning yurak xurujiga kuçi yetmagani şuning uçun ham kuydiradi-da jonu jahoningni.
Töğri, har bir tirik jon — bir sayyora: içida, oilasida, rözğorida nimalar borligi faqat öziga ayon. Illo, turmuş taşvişlari, tirikçilik öpqoni kimni öz domiga tortmaydi, deysiz? Lekin, oilang fariştasi, qanoting, suyançing — zavjayi mehriboningdan ajraliş… Kelinimiz Lolaxonimning vafoti Sobirni naqadar qattiq qayğuga solgani köz oldimda. Sobir mudhiş yöqotişdan keyin bir qanotidan ayrilgan burgutday çökdi, kamgap, xomuş yuradigan bölib qoldi. “Ona soğinçi” essesida: “Tanimning harorati, tört farzand östirib, birining ham rohatini körmay, dunyosiga qöl siltab ketgan zavjayi halolim, yostiqdoşim, nafasdoşim, sirdoşim, darddoşim Lola qani? Qani? Qani? Qani?! Dunyo huvillab qoldi-ku!” — deya yuragini tirnab-qonatib fiğon çekkanlari şundan. Şundan, deyman-u, yana içim kuyadi, köksim tutaydi, jonim idraydi. “Ey, Parvardigori olam! Şunday beozor, şunday tanti, şunday jömard, şunday sodda-bayov ukamning çivinday joniga rahm qilsang, nima qilardi! Yer töydimi? Dunyo kengayib qoldimi?! Qaraşi, körişi, tilu lahjasi, muomalasi, özini tutişlarigaça boşqaça edi-ku uning! Beğubor qişloq odamlarini qisqa, lönda jumlayu sözlar bilan yurakdan tasvirlaş, özi, faqat özi körgan, bilgan, kuzatgan narsalarni bejab-bezamay, balandparvoz madhiyabozlik qilmay xolisona yozişdan boşqa “yomonligi” yöq edi-ku!”
Uluğ ustozimiz Abdulla Oripovning: “Sen beşik emassan, dorsan, tabiat, Sen ona emassan, jallodsan, dunyo!..” degan hayqiriqlari osmonlarga tegib, aks-sado berayotgandek qalbni ezadi.
Abdulla aka, akajonim-yey! Çin avliyo bölarkan çin şoir degan! Suyukli iningiz, ardoqli şogirdingiz Sobir Önar hozir qavatingizdadir?
Jannat söqmoqlarida birinçi marta yuzma-yuz kelganingizda: “Bu tomonlarga nega oşiqding, mulla Sobir? Hali qiladigan işlaring möl edi-ku?” — deya ukangizni söroqqa tutgan bölsangiz, hayron qolmayman. Siz Sobirni tuğişgan iningizdan kam körmasligingizni ham, undan umidlaringiz mölligini ham, ijodini yuksak tahsinlarga loyiq körişingizni ham, qişloq hayotini, odamlarini — odamlarining jaydari qiyofalarini tasvirlaşda uningdek mahoratli adiblar kamyob ekanini qançalar ardoqlab, qadrlaşingizni ham yaxşi bilardik.
Şoşdi, Sobir ukangiz şoşdi, Abdulla aka, juda şoşdi. Olmalar çamanday gullagan mahal qor yoqqandek böldi, Abdulla aka. Siyohi qurimagan sözlarni daftarlarida qoldirib… ketganiga hamon işongimiz kelmaydi.
Ketdi.
Ketganiga qança böldi? Bir yilmi? Bir oymi? Bir kunmi?
Bilmayman. Bilişdan qörqaman. Bilay, desam, içim tutday tökiladi, tökiliblar ketadi. Kitob titkilab, yozuvçi-şoirlar davrasida yurib, yaxşi-yomonni körib, soçida qorasi qolmaganlar qatorida turgan va soç oqarişiga sabab bölgan bir haqiqatni aytay: turmuş taşvişlari — turmuş taşvişlari deymiz-u, lekin odamzodning soçini — odam oqartiradi; odamzodni odam qiynaydi, azoblaydi. Sobir Önardek dilbar yozuvçini, sofdil ukani, sadoqatli döstni, kamtarin, kamsuqum, beozor odamni topiş oson emas ekan. Ğirromlar esa… bir paytlar befarosat-beor “ukaxonda”larning biriga duç kelganda, aççiq ustida, albatta, sakkiz qator şeʼr bilan öz-özimga dakki bergan vaqtlar bölgan:
Köp ğarib itlarni qildim parvariş,
Biri köppak böldi, birovi tozi.
Lekin çiqib qolsa nogoh bir yumuş,
Biri domangir-u, biri norozi.
Yuksak sanʼat ekan itboqarlik ham,
Rayhon unmas ekan çaqir tikandan.
Goho iztirobdan bölaman mulzam,
Afsus, it boqişni bilmas ekanman.
Ha, endi, kimdandir ranjigan paytlarda, odamman deganning jahli çiqadi-da. Men, Xudoga şukur, döstu qadrdonlar davrasidaman. Dilkaş ukalarimning benaziri, sarvari edi Sobir Önar. Uning oramizdan ketganiga qança bölgan-bölmaganidan qatʼi nazar, yöqligiga işongim kelmaydi. Boadab kişilar hamişa qavatingda, nafasini eşitib, his qilib turasan. Sobir Önar ham, ana, baquvvat qaddini xiyol oldinga taşlab, iymanib, tortinib, miyiğida iljayib röparamda turibdi. “Ustoz-mustoz” debmas, qişloqçasiga, soddagina qilib, aka, deydi. Aka… deydi-da, degan joyida töxtab qoladi; qöqqis qarşisidan çiqib qolgan tubsiz jardan ötiş yölini topolmay qiynalayotgan yölovçidek izlanadi, azoblanadi. Bir nimalar demoqçi böladi. Nimadandir aybdor-u, aytarga qurbi yetmayotgandek; aytsa — ranjitib qöyadigandek; birovni ğiybat qiladigandek, birovni birovga yomonlab qöyişdan tiyilayotgandek; irodasizlikmi, oqibatsizlikmi, sadoqatsizlikmi qilib qöyib, endi özini zörma-zöraki oqlaşga intilayotgandek…
— Aka Sobir, quvkallaliklar çaynalişni bilmas edi-ku? – deyman “dardi”ga tuşunolmay. — Keyingi vaqtlarda sal begonasirab qoldingiz. Har uçraşganda bir balolar demoqçi bölasiz-u, demay, çap berib ketasiz?
— Gunoh köp-da, aka, köp… — közlarini opqoçadi u. — Uka bölib himoya qilolmadim…
— Kimni himoya qilolmadingiz? Nimadan? — deyman qiziqişim oşib.
— “Boş muharrir” degan otim bor edi… — boşini çetga burib, burnini tortib, çakkasini qaşigança indamay qoladi.
— Sizga, Sobirboy, rahmatli Oçil Toğayev domlaning bir gapini eslatmasam bölmaydi-yov… — deyman endi jiğiga tegmasam, “oçil”masligiga közim yetib. — “Men sening qişloğingga borganman, odamlari juda şum, quv ekan, qişloğingni oti şuning uçun “Quvkalla” ekan-da”. Domlaning sözlarimi şu? Qöying, quvkallalik bölsangiz ham, quvlikka yaramaysiz. Quvkallaning ayiqday polvoni, lekin quyonday soddasiz.
Qistovlarim kuçini körsatadi. Sobirjon xuddi birov böyniga arqon boğlab sudraganday, zörğa “dardi”ni yoradi. Ukamni xijolat loyiga botirgan “taşviş”ni eşitib, Azim Suyunçasiga: “Yo, falaksan!, — deyman, iç-içimdan toşib kelayotgan kulgini töxtatişga kuçim yetmay, — odam degan ham şunçalar samimiy böladimi, a?” Hozir mening örnimda rahmatli Said Ahmad aka bölganlarida “Odobing jigarimni ezvordi-ku, Sobir bolam!” degan bölarmidi? Qançalar maza qilib kulganimni siz tasavvur qilolmaysiz. Nimamiş – “mehribon aka”larimizdan birining qistovi bilan kaminani özi boş muharrir bölgan jurnalning “Tahrir hayʼati”nimi, “Jamoatçilik kengaşi”nimi aʼzolari röyxatida olib qololmabdi! Bor gap şu. Hay, Sobir-a, Sobirjon ukam-a! Jurnalning qaysidir kengaşiga aʼzo böliş şunçalar xijolat çekadigan iş ekanmi? Şunçalar yirik obrö, martaba ekanmi? Buning ustiga, voqea sodir bölganiga ham beş oydan oşib ketibdi. Beş oydan beri polvon ukam nega mendan çetlaşib yuribdi, desam… Rostini aytaman, “Yoşlik”ning har sonini qoldirmay öqib boraman, biroq öşa kengaşlar röyxatiga eʼtibor qilmabman.
— Rahmati kalon! — deyman oq köngil ukamning katta-katta qöllarini mahkam siqib. — “Bu qonli fojia”ni avvalroq aytganingizda edi, allaqaçonlar uçinçi jahon uruşini boşlab yuborgan bölarkanman!
Sobir yana burnini tortib, çakkasini qaşib, közining osti bilan yuzimga sinçkov nazar taşlaydi: gaplarim çin yoki yolğonligiga işonç hosil qilmoqçi böladi, aftidan.
— Yöğ-ye, — deydi keyin yelkasidagi oğir yukdan qutulgandek yengil tortib. — Çiniminan bexabarmidingiz? Men bölsam devonaça xayollarga borib yuribman-a, yuzma-yuz kelişga betim çidamay. Rahmat, aka-ye…
— Xuşomadniyam mayib qilasiz-da, Sobir aka, — deyman ukamning “oçilgani”dan dilim yorişib. — Böpti. Ora oçiq. Gina-kudurat, tavba-tazarruga örin yöq. Endi, marhamat qilib qişloğingiz nomini tuşuntirib bering menga? — deb gap oqimini boşga özanga buraman. — Xöş, nima uçun “Quvkalla?” Yoki marhum Oçil Toğayev domla aytganiday, şumtakalarning pirlari istiqomat qiladimi qişloğingizda?
— E-e, qanaqa şumtaka? Jaydari, feʼli keng daştliklarmiz. Tarixiga kelsak, tarixi uzun-da, — gap boşlaydi yengil tortib ukam. — Maktabda öqib yurgan paytlarda nega qişloğimizning nomi “Quvkalla” deb kattalarga köp savollar berganmiz. Savolimizga xilma-xil javoblar olganmiz qariyalardan. Afsona-rivoyatlarning aksariyati qişloğimizdagi “Nonber ota” degan masjid-maqbaraga borib taqalgan. Aytişlariça, çinakam avliyo maqomiga ega bölgan Nonber ota. U kişi bundan 400-500 yillar ilgari yaşab ötgan. Nonber ota Xudodan rizq örniga faqat uşoq sörar ekan. Doimo tökilgan-soçilgan uşoqlar bilan kun ötkazar, Parvardigor egamga şukrona aytib, toat-ibodat qilar ekan. Qahatçilik yillari uşoq topiş ham maşaqqatga aylanibdi. Şunday oğir kunlarning birida bir quş kelib uç qir naridagi buloq etagidagi balçiqda uşoq borligidan xabar beribdi. Nonber ota quşlarning tiliga tuşunar ekan — öşa joyga jönabdi. Yetib borsa, qarğa, olaşaqşaq balçiqni çöqib uşoq talaşib yotibdi. Nihoyatda oçiqqan otamiz parrandalarga şerik bölib balçiq aralaş uşoq terişga tuşibdi. Xörligi kelib yum-yum yiğlabdi. Şunda ğoyibdan: “Senga valiylik ato etdik. Non karomatini berdik senga”, — degan nido keladi. — “Ey, öğlon. Biz sizga non karomatini berdik! — hayqiradi ğoyibdagi ovoz. — Örningizdan turing, elni töyğizing!”
Bobomiz mundoq qarasa tönining qöltiğida issiq, bilqillagan şirmoyi nonlar tölib turibdi.
Hayratga tuşgan bobomiz qişloqqa qaytib, oçlarga, muhtojlarga non ulaşadi, ulaşaveradi. Noni kamaymaydi. Umrbod şunday ötadi. Oçqaganni, noçorni körsa non beraveradi. Noni tugamaydiyam, kamaymaydiyam va şu tariqa u kişi “Nonber ota” bölib el-ulusda nom — izzat-ikrom qozonadi.
Bir zamon qişloqni yov bosadi. Duşman elda maşhur bölgan Nonber otamizni öldirmoqçi böladi. Otamiz qirga qarab qoçadi. Azlartepa degan joyda duşman quvib yetadi. Bosqinçi qiliçi böyniga tuşadi. Otamiz şu yerda şahid böladilar. Tana joyida qoladi-yu, boş yumalab hozirgi masjid yonidagi katta tutga qarab “qoçaveradi”. “Quv kallani, quv, kalla ketdi, kallani quv!” deya bökirişib quvadi kofirlar. Yetti-sakkiz qir oşib oxiri tutga yetadi va birdan yer kalla hajmida yorilib boş öşa öyiqdan yer qaʼriga tuşib ketadi. Ğanimlar ne qilarini bilmay qoladi. Axir ular öz poşşolariga otamizning boşini olib borişlari kerak edi-da. Endi nima qilişadi, nimani körsatişadi poşşoi olamga? Heç bölmasa, tanani olib boraylik degan xayolda darrov orqaga burilib, tana qolgan qir tomonga ot qöyadilar. Borib qaraşsa, u yerda na jasad, na bir dona suyak, na bir tomçi qon bor emiş. Xuddi şu payt tepalikda dahşatli ajdar paydo bölib, duşmanlarning hammasini domiga tortib, yutib yuboradi. Şu tariqa qişloq nomi “Quvkalla” bölib ketgan ekan. Ona tomonidan bobom Tinibek Jonibek öğlidan ham bir qança rivoyatlar eşitganman. Arvohlari şod bölsin, Tinibek bobom juda qumquloq, dono odam edi. Köp dostonlarni yoddan aytardi. “Nonber ota” taxallusli avliyo haqida ham rivoyatlar aytib bergan edi Tinibek bobom.
Sobir hikoya qiladi. Men miq etmay quloq solaman, havasim keladi uning bilgiçligiga. Axir köpimizda şunday fazilat yöq-da. Bilavermaymiz-da, özimiz yaşab turgan qişloq yoki şahrimiz tarixini. Sobir nafaqat qişloği, balki tumani, şu vohada yaşab ötgan köplab avliyolar va özining şajarasini ham mukammal biladigan yigit edi. Özbek uruğlarini, jumladan, kelib çiqişi salkam 700 yillik tarixga ega bölgan özining “Bögajinli” qavmi tarixini ham çuqur örgangan edi u. Sobirdan bir-ikki qir naridagi Nakurt qişloğida tuğilib ösgan atoqli şoirimiz Azim Suyunga öxşab ketardi uning şu fazilati. Azim Suyun ham yetti puştiga doir boboyu bobokalonlarini yoddan bilardi, nomma-nom sanab taşlardi.
— Bu gaplar oğizdan-oğizga ötib, bugunga yetib kelgan, afsonaga öxşab ketadi. Lekin behuda emas, — öşa xotirjam ohangda davom etadi Sobirjon. — Çunki Nonber ota degan avliyo töğrisida tarixiy manbalarda baʼzi maʼlumotlar bor, ammo juda oz. Nurotalik tarix bilimdoni Jöraqul bobo Kalonovning şahodat berişiça, ul zotning asli ismi şarifi Jiyanbek Bahodir bölib, yelkasi yer iskamagan polvon odam bölgan, Jiyanbek polvon degan nom qozongan, yuqorida tilga olingan voqealar tufayli Nonber otaga aylanib ketadi.
Asli Nurota tomonlardan bölgan Jiyanbek Bahodir biz tomonlarga kelib, ravot qurib yaşay boşlaganidan keyin, u kişidan tarqalgan avlod, sekin-asta şu yaqin tevarakdagi Piçot, Oqtepa, Körsafar, Eşböldi, Norvon, Çorvoqsoy, Ilonli, Yassikeçuv qişloqlariga joylaşib qoladi.
Nonber ota nomi bilan boğliq makon uzoq yillar mobaynida eʼtibordan çetda, qarovsiz qoldi. Şöro zamonidagi dinga taʼqib tufayli odamlar çöçidilar bu muborak maskanni obod qilişdan. Keyingi ön yillikda çinakam ziyoratgohga aylantirildi.
“Yöq, quvkallaliklar quv ham, şum ham emas, —Sobirning hikoyasi nihoyasiga yetgaç takrorlayman içimda men. — Ehtimol, elçilik, bitta-yarimta şunaqasi bölsa-bordir. Ammo qayerda yöq şumlar, quvlar, ayyorlar, aldamçilar, ikkiyuzlamaçi-yu tulkifeʼllar? Dunyoda qora terga botib işlayotganlar yoki çala-çulpa qoğoz qoralab bir amallab kunni keç qilayotganlar yöqmi? Ayniqsa, bugun — hozir, şu yerdadir, çetlardadir oğiz köpirtirib vaysayotgan har turli toifalar, tahlilçilar, yozaymi, yozmaymi deya ikkilanib bir qarorga kelolmay yurgan irodasi böşlar, tomoşabinlar, birovlar qölida qöğirçoq bölayotganlar, birovlarning köziga tik qarab yolğon gapirayotgan va yolğon yozayotganlar — hamma-hammasi bor. Lekin, Sobir… Alp qomat Sobir boladay oq köngil, samimiy, beğubor, sodda edi. Sodda bölmasa, samimiy bölmasa, xijolat azobida özini şunça qiynaydimi kaminaga aloqali haligi arzimagan voqea uçun. Kökayi toza, içida gidiri yöq, döstu qadrdonlarga sadoqatli kişilargagina ravo köradi Xudoyim bunday zarif insoniy neʼmatlarni.
2
Eslasam…
Sobir bilan birinçi marta uçraşganimizga roppa-rosa 38 yil bölsa ham hozirgidek köz oldimda turibdi: qoş-közlari, keng peşonasiga tuşib turgan soçlari zulukdek qop-qora, bodomqovoq, qisiq yoqimli boqib turguvçi bu qoruvli yigitning sodda-samimiyligi, şoşmay, past ovozda, salmoqlab, öylab-öylab gapirişlari öşandayoq havasimni keltirgan.
Şu yerda yana bir sirni oçay: köplar Sobir judayam oğir, vazmin, hazil-huzulni bilmaydigan odam deb hisoblaşadi. Bir qaraşda (aslida ham şunday), hazil-huzulga begonadek tuyuladi. Lekin joyi kepqolganda biram zör hangomalarni topardiki, ham kulib, ham öyga tolib, maza qilardi eşitganlar. Töğri, uni, masalan, ustoz adiblar Said Ahmad yoki Ötkir Hoşimov singari kulgi ustasi deb bölmasdi, albatta. Lekin juda beğubor, yoqimli, dilga orom beradigan latifalarni çertib-çertib aytardi-ki, men ham uning ana şu fazilatidan köp marta bahramand bölganman. Yana bir ibratli jihati – u kimgadir yoqiş-yoqmaslik, kimdadir yaxşi-yomon taassurotlar qoldiriş yoki hazil bahona kimnidir kalaka qiliş, ustidan kuliş yoxud ensasini qotiriş uçun emas, öz könglini yayratiş, bir damgina bölsa ham quşday emin-erkin, çaqçaqlaşib ötiriş uçun qilardi latifaxonlikni. Taşvişlari esdan çiqardi, rohatlanardi, huzurlanardi şunday lahzalarda. Unga bundan ortiği kerak emasdi. Aslidayam şu-da, axir odam bolalari bir-birovini masxara qilsin, bir-birovidan öç olsin deb yaratilmagan-ku hazil-huzul deganlari. Töğrimi? Ammo hamma narsada bölgani kabi çegarasi bor buning ham. Çegarani buzsang, haziling zilga, kulging azobga aylanişi mumkin. Said Ahmad bilan Ötkir Hoşimovning hazillari begidir, kişiga yengil kayfiyat bağişlardi. Bunday xuşçaqçaq hangomalar keyin-keyin ozayib-ozayib, bugun ança noyob hodisalar qatoriga kirib qolmoqda. Işqilib, bora-bora “Qizil kitob”ni “bezab” turmasa böldi… Çegara doirasidan çiqmay, esda qoladigan latifalarni topişda Sobirning dösti, kursdoşi Hoşimjon Mirzaahmedov balo edi-da. Xursandçilik deganlari daryoday oqib kirardi Hoşimjon qadam bosgan davralarga. Hoşimjon asli Namanganning Çustidan, yanayam aniqroği, Çustning Qirğizistonga tutaş Ğovva degan qişloğidan edi. U bilan dastlab “Lenin uçquni” (hozirgi “Tong yulduzi”) gazetida, keyin radio va televideniyeda yonma-yon işladik. Hoşimjon televideniyeda bolalar tahririyatining rahbari, öttizga yaqin ijodiy-texnik xodimlarga boş edi. Heç kimga qattiq gapirmay, dilini oğritmay, hammani işga jalb qilgan bunday rahbarni topiş qiyin. Yaxşi döst, mehrli taşkilotçi, oçiq yuzli boşliq edi Hoşimjon. Ijodkor xodimlarining hammasi, yana takrorlayman, hammasi birday, çin yurakdan hurmat qilardi, yaxşi körardi. Lekin umri qisqa ekan, “oq qon” degan bir kasallik mahkam yopişib olib, to maqsadiga yetmagunça sira qöyvormadi. Sobir boşçiligida bir gala yozuvçi-şoirlar Ğovvaga borib, Hoşimjonning uylaniş töyida ham iştirok etgan edik. Jismi ketgani bilan, ismi ketmaydi ijodkorning, degan gap çin haqiqat ekan. Hoşimjondan bolalarga atalgan ertaklar, bolalar xarakteridagi ayrim nuqsonlar beğaraz hajv qilingan şöx-şöx şeʼrlar qoldi. Yoş ketdi. Sobir taniştirgan edi Hoşimjonni ham. Döst uçun joni kuyadigan döst edi Sobir. Muhammad Ismoil, Vafo Fayzullo, Komil Jumayev kabi bir qança teng-töşlari sözimga guvohlik beradilar.
Şunday. Özining ezgu feʼl-raftori bilan boşqalarning qalbiga mehru ziyo soçib jilo bera oliş baxtini bergan edi Xudoyim Sobirga, Sobir Önar degan talantli yozuvçiga.
Hali taʼkidlaganimdek, u bilan 35 yildan ziyodroq aka-uka böldik. Ammo biror marta bölsa hamki özgarganini, taltayiş yoki kimgadir oqibatsizlik qilganini körmadim, eşitmadim.
Vaholanki, taltaysa taltaygulik asarlar yozdi. “Orzuga töla qişloq”, “Ovloq adirlar bağrida”, “Çaşma”, “ Inqilob keçasi”, “Dunyo şundoq tururmu?”, “Çambilbelning oydalasi”, “Bibisora”, “Odamlar orasida”, “Oldinda yongan mayoq” kabi hikoya, qissa va esselardan iborat kitoblari naşr etildi. Yozganlari jahon tillariga tarjima qilindi. Özi ham jahon adabiyoti durdonalarini özbek tiliga ögirdi. Tengdoşlari orasida esa eng birinçi bölib Alişer Navoiy nomidagi davlat mukofotiga sazovor böldi. Ijod qiliş barobarida uzoq yillar “Yoşlik” jurnali boş muharriri vazifasida işladi. Boş qança katta bölsa, şunça katta telpak kiyadi. Vazifang kattargan sayin, taşvişing köpayaveradi, turli-turli qiyinçiliklarga duç kelasan, mehnat va maşaqqat ortadi. Ayni çoğda, xuşomadgöy va körolmovçi közlar ham bolalaydi. Sobir qiyinçiliklarniyam, xuşomadgöylarniyam, mukofotu izzatniyam kördi. Lekin taltayganini heç kim körmadi.
3
Eslasam…
Lisonimizdagi “Oqibat” degan muborak söz yodimga tuşadi va bu sözni huda-behuda işlataverib ohorini tökib, yaproqday yupqalaştirib qöyganimizdan ökinaman. Oqibat köçasiga yaqinlaşmaganlarni ham, yolğonçi-qitmirlarni ham öylab-netib ötirmay, “oqibatli” deya uluğlab yuboraveramiz köpinça. Vaholanki, oqibatli böliş, döstgadir, ustoz-şogirdgadir, qavmu qarindoşgadir oqibat körsatiş har kimning qölidan kelaveradigan hodisa emas. Xiyol eslab körsangiz, özingiz ham, öz hayotingizdan önlab misollar topasiz va darrov işonç hosil qilasiz “oqibat”ga bölgan beeʼtiborligingizga.
Butun turiş-turmuşi bilan oqibatli yigit edi Sobir. Birorta jörasi yoki qadrlaydigan kişisiga noörin toş otilsa, birinçi bölib, çapaniçasiga aytganda, kekirdagidan olardi öşa kimsaning. Oyoqqa turğizardi boşqa birodarlarini ham. Köksini qalqon qilib, imkoni boriça himoyaga talpinardi.
Örnimi-yöqmi, şu yerda özim bilan boğliq bitta voqeani misol tariqasida aytmoqçiman. Buni kim qanday tuşunadi, öziga havola.
“…1989 yilning sentyabrm oyi edi. Bilasiz, boş gazeta, öşa davr iborasi bilan aytganda, “Otaxon gazeta” — “Pravda”da “Lenin uçquni” gazetasi “urildi”. Aniqroği, gazeta boş muharriri A.Köçimovga hujum uyuştirildi. Partqömita yuqori byurosida körilişi kerak bu “jiddiy” masala. Nima emiş, gazeta boş muharriri tarixçi olim M.Hasanov bilan Örta Osiyo Rossiyaga ixtiyoriy qöşilgan emas, bosib, majburlab qöşib olingan, deb yoş bolalar ongini buzuvçi, provakatsion suhbat uyuştirdi.
Abdusaid Köçimov — yaxşi adib, million nusxada çiqadigan gazetaning muharriri, bizga öxşagan polaponlarning unda-munda hikoya, şeʼrlarini çop etib bir kunda million bolaga taniştirayotgan, qolaversa, könglida Vatan degan oğriq tuyğusi bor ediki, şu mavzuda rost suhbat qurgan edi. Bunday vaziyatda insonni himoya qiliş kerakmi yo aytgan gapi uçun har kim öz boşi bilan javob beraversinmi?
Biz, bir guruh yoş şoir-yozuvçilar “Pravda” gazetasi boş muharririga, SSSR yozuvçilar uyuşmasi raisiga, SSSR sarkotibi M.S.Gorbaçev nomiga muxtasar xat matni tayyorlab, unda “Lenin uçquni” gazetasida xolis fikrlar bayon etilgani, bunday gaplar “siz inʼom etgan” oşkoralik zamonasiga mos kelişi, aksinça, “Pravda” muxbiri “Lenin uçquni” muharririga böhton yoğdirayotganini uqtirdik.
Önlab imzolar qöyildi. Qarasak, barça imzolar yoşlarniki. Öyladikki, bu imzolar qatorida unvonlilar, masalan, “Özbekiston xalq şoiri”, “Özbekiston xalq yozuvçisi” degan nom egalariyam tursa, xatning salmoği ortadi. Birov öqisa, bundoq eʼtibor beradi, deb. Ammo… biz xomtama bölibmiz…
Hozir endi öşalar mustaqillikning kiftini keltirib maqtaşadi, baʼzilari pensiya yoşida, yoniga yaqinlaşguday bölsang, qizil imperiya “iztiroblari”dan bözlay ketişadi, holbuki, öşanda: “Bizlarni qöyinglar, tepadan söraşsa yaxşi fikr aytamiz”, — deyişgan salobat ila. Xuddi bu xatni Mixail Gorbaçev qöliga olib rosa sinçiklab öqiydi-da, uning uyiga qönğiroq qilib qoladi. “Şu arzimagan xatlarga qölingni qöyib yuribsanmi?” deb yozğiradi, öpkalaydi yoxud… Har qalay, rahbar-da: bir tepib uçirib yuboradiki, Atlantika ummonining narigi sohiliga, Amerikaga — “duşmanlar” qöliga borib tuşasan, quzğunday ğajiydi keyin ular…”
Bu gaplar Sobir Önarning “Ijod olami” jurnalining 2018 yil, 1-sonida eʼlon qilingan “Avlodlar almaşinuvi” sarlavhali maqolasida bitilgan. Maqola uning “Oldinda yongan mayoq” kitobida ham bor. Men adib ukam qanday yozgan bölsa, şundayligiça oldim. Izohlamayman. Har holda, Sobirning mardligi, tantiligi va mehr-oqibatiga doir hisobsiz izohlarni döstlari aytgani örinli bölar.
4
Eslasam…
Dilim xufton böladi. “Uyuşma nega ikkiga bölindi?”, “Adiblar ittifoqi” nega taşkil etildi-yu, nega tugatildi?” degan savollar govzombirdek beayov çaqaveradi.
1991 yil yozuvçilar uyuşmasida, uyuşma raisining örinbosari vazifasini bajarar edim. 17 okyabr kuni Alişer Navoiy nomidagi katta teatr binosida Özbekiston yozuvçilarining navbatdagi va, aytiş kerakki, eng oxirgi sʼyezdi boşlandi. “Boşlandi”, deganimning sababi — sʼyezd boşlandi, ammo tugamadi, tugamay turib, uyuşma ikkiga bölinib ketdi. Odil Yoqubovdek uluğ adibga qarşi bölgan guruh aʼzolarining taşabbusi bilan sʼyezd buzildi, adiblar ittifoqi degan “ittifoq” paydo böldi. Ammo allaqanday rejalar bilan taşkil etilgan “ittifoq”ning umri, afsuski, qisqa ekan. Hademay, “ittifoq” qumga singgan tomçiday yöq bölib ketdi…
Odil Yoqubovning “qarğişi” urdi ularni, degan gap-sözlar çiqdi keyin-keyin. Men bunisiga qöşilmayman. Odil aka qarğişni bilmasdi. Birovning orqasidan gapirişni yomon körardi. Betiga aytib qöya qolardi içidagisini. Ja-a qoniqmasa, “anangni…” deb qozoqçasiga “tuzlab” qöyaqolardi. Olloh siylagan beqiyos iqtidor, jasur va qörqmas şaxs, çin vatanparvar inson, tengsiz adib edi Odil Yoqubov. Hali şöro qiliçi qonsirab turgan tahlikali kunlarda, yana qayerda deng? — Moskovda! — sovetlarning yuragi bölmiş Kreml minbarida turib, sovet hukumatiga qarşi Odil Yoqubov aytgan gaplarni oldin ham, keyin ham heç kim aytolgan emas!! Özbek paxtakorlarining hayoti baʼzi mamlakatlardagi qullarnikidan ham oğirligini, qöllari ğözapoyaday ozib ketgan köplab özbek ayollarining, hatto kökragi yöqligini ğazab va nafrat bilan dunyoga oşkor qilgan haqiqiy jadid edi Odil Yoqubov. Biz özimizga xos bölgan “gözal xudbinliklarimiz” tufayli uluğ adibni köklarga kötariş örniga xörladik. Umrining sönggi kunlarida köp iztiroblar çekdi oqsoqol adibimiz. Bugun, öşa bölinişlardan söng, oradan 30 yildan köproq vaqt ötganidan keyin, yanayam yaqqolroq, yanayam yorqinroq körinmoqda Odil Yoqubovning naqadar katta yozuvçi va jasoratli inson ekanligi. Buyuk Abdulla Oripov 2014 yili “Odil Yoqubov” degan şeʼr yozdi. Hozir bu şeʼrni keltirsam baʼzi qavmdoşlarimizning yuziga oyna tutgandek bölaman. Ammo boş egib taʼkidlaymanki, Odil akaning vafodor döstlari, şogirdlari möl edi. Juda köp edi. Abdulla aka, Abdulla Oripovday alloma şoir ham bekorga yozgan emas hozir nomi tilga olingan şeʼrni. Hali siyohi qurimay öqib bergandilar. Aççiq iztirob bilan öqiganiga, şoir Muhammad Ismoil, taniqli fotosanʼatkor Abduğani Juma guvohmiz. Eng sönggi nafasiga qadar Odil akaning hol-ahvolidan boxabar bölib turgan sadoqatli şogirdlarning bittasi — Sobir Önar edi. Sobir Önarning hikoyalarida, qissalarida özinikiga qondoş qandaydir içki yaqinlik borligini qadrlagani uçundir balki, Odil aka ham Sobir Önarni suyukli farzandi Iskandardan kam körmasdi.
Eslasam…
Etim uvişadi, içim tökiladi, hayotning ötkinçi va beşafqatligini çuqurroq anglagandek bölaman. Gohida papiros çekib sözingga quloq solişlari, suhbatingni tinglayotib yuz ifodalarining özgarib borişlari, raʼyingga qarab nimalar bilandir könglingni kötarişga intilişlari tez-tez köz oldimdan ötadi. Xudo bergan zehn va teran idrok bilan hamma joyda çinakam suyançiq böladigan, özgalarning yutuğidan sevinadigan, ğirromlikdan hazar qiladigan buqalamun kimsalar kabi şaroitga qarab tuslanib-turlanmaydigan, sözida sobit turadigan butun şaxs edi Sobir Önar. Ölimi döstlari, muxlislari qalbini larzaga soldi. Işonmayman haligaça. Axir hali yoş edi, köp edi qiladigan işlari. “Odam özini bağişlab, kuçi, ilhomini ayamay yozişi, yuzakilikka berilmasligi lozim, — degan edi taniqli tanqidçi Jovli Xuşboq bilan bölgan suhbatlarining birida u. — Hikoyalarga siğmaganlarini yiğib yuraman, qani, kuni kelib çoğroq bir-ikki romanga joy bölar”. Orzular orzuligiça qoldi. Yurak xuruji… Sobir dunyoga kelib nima kördi? U xorij davlatlariga sayohatlarga bormadi, sanatoriylarda davolanmadi, kurortlarda dam olib yotmadi. Yozdi, çizdi, işladi, bolam, oilam deb şamoldek tinim bilmay yeldi, yugurdi.
Eslasam… suhbatlarini qömsayman, ökinaman, afsuslanaman, pahlavon ukam alp qomatini xiyol egib, miyiğida beozor jilmayib yonimda turganday bölaveradi…
Abdusaid KÖÇIMOV
12.02.2024 yil.
