Hassasi gullagan shoir

yoki biz bilgan va bilmagan Abdulla Sher

(Esse)

Uning bolaligi Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi Yo'ltushgan qishlog'ida o'tgan. Otasining ismi Shermuhammad bo'lib, misgar usta edi. Aslida, misgarlik ham san'atning bir turiga o'xshaydi. Misgarlik bilan mohir hunarmandlar shug'ullanadilar. Uning nazdida otasining uzun-uzun barmoqlari mis buyumlar bilan suhbat qurayotganga o'xshardi. Shuning uchunmikin, otaning ishlarini ko'rgan odamlar: “Usta, misni ham gapirtirib yuborasiz-da”, der edilar. Ammo urushdan keyingi yillar Shermuhammad otaning yasagan san'at asarlarini sotib olishga odamlarning uncha qurbi yetmas, shuning uchun usta turli pechlar va ularga mos karnaylar yasab tirikchilik qilar edi.

Yoz bo'yi bu buyumlar sotilmas, haqiqiy savdo, asosan, kuz va qish fasllarida isitkich narsalarga xalqning ehtiyoji oshganda bo'lar edi. Ustaga o'g'illari yordam berar, olti yashar Abdulla tunuka rezgisidan mix yasar edi. Isitkichlar yaxshi sotilsa, bir uyum pul bo'lardi. Shermuhammad ota pullarning asosiy qismini soliqqa berar, qolgan pul ro'zg'orga sarf bo'lardi. Ochig'i, o'sha paytning solig'i xalqqa jabr bo'lib, hunarmandning ham, tadbirkorning ham to'q yashab boy bo'lishiga yo'l bermas edi.

Yo'ltushgan qishlog'ida atigi ikkita do'kon bo'lib, biri Shermuhammad akaniki, biri muloyim tabiatli Xalil akaning do'koni edi. Bu xususiy do'konlar sho'ro zamonining eng katta dushmani edi. Halol ro'zg'or tebratish uchun Shermuhammad akaning oilasi ham chumolidek mehnat qilardi. Olti yashar Abdulla o'sha qahatchilik yillari tunukaning rezgisidan mix yasayman deb necha marta barmog'ini kesib olgani, ammo akalari va otasining barmoqlarida o'zinikidan katta jarohatlar bo'lsa-da, chidam bilan ishlayotganini ko'rib, tishini tishiga bosgancha mix yasaganlari yodida. Boshqa iloj yo'q ediyam-da. Lekin o'sha paytlar odamlarda shukronalik ko'p va xo'b bo'lgan ekan. Bir-biridan narsa qizg'anishmas, urush tugaganiga, uylarga qora xatlar kelmayotganiga xursand edilar. Hali mamlakat elektrlashtirilmagan, lekin tunchiroqlar yorug'ida kitoblar o'qilar, dutorlar chalinib, dostonlar, doiralar chertilib, laparlar aytilar, momolar labidan chanqovuzlar nolasi ko'ngil keng­liklarining eng sirli joylariga borib aks-sado berardi. Darvoqe, usta Shermuhammad ham jo'jabirday jon bo'lishiga qaramay, atayin bir dutorchini topib shogird tushadi va qisqa vaqtda milliy kuylarni maromiga yetkazib chala boshlaydi. U chalgan taronalar ovozasi qo'ni-qo'shni, mahallayu guzardan oshib, Toshkent radiosigacha yetib boribdi.

1948 yilda ularning uyiga radiodan kelgan mutaxassislar: “Usta, bizga bir dutor chalib bersangiz”, degan iltimos bilan ustaning mahoratini sinab ko'rishdi. Kuy ohangiga sel bo'lgan mehmonlar maqsadga ko'chib: “Bizning musiqiy jamoamizga sizdek dutorchi juda kerak.

Rozi bo'lsangiz, sizni ishga taklif etsak”, deya rozilik so'rashdi. Usta esa: “Yo'g'-e, men misgarman, radioda juda mashhur sozandalar ishlaydi, qolganlari esa yallachilar. Menda siz o'ylagan mahorat yo'q, oddiy yallachi bo'lish esa menga yarashmaydi!”, – deya radiodan kelganlarni qaytarib yuboradi. Abdullaning onasi Sanobar otin ham turmush o'rtog'idan dutor chalish sirlarini o'rganib olgan, ularning har ikkisi faqat o'z oilasi va jigarlari davrasidagina mahoratlarini namoyish etardilar. Ammo ba'zan onasi otasiga: “Siz o'shanda radioga ishga bormay, noto'g'ri qilgansiz, hozir el tanigan cholg'uchi bo'lar edingiz. Axir dutor chalishda tengingiz yo'q”, deb qo'yar edi.

Abdullaning onasini mahalladagilar “Sanobar otin” deb e'zozlar edi. Chunki arab imlosidan ham boxabar ona mahalladagi ayollar va qizlarga otinchilik ham qilar edi. Abdulla 5 yoshdayoq Alisher Navoiyning g'azallarini tinglay bosh­ladi. Onasi uni adabiyotga, mumtoz she'riyatga oshno qildi. Maktab­­ga bora boshlagach esa Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Lutfiydan tashqari Uvaysiy, Nodirabegim, Mashrab, Huvaydo, Zavqiy, G'oziy g'azaliyoti bilan tanishdi. Muhammad Solihning “Shayboniynoma”si, Gulbadanbegimning tarixiy asarlarini o'qidi. Abdullaning hayotida 8-sinf davri kutilmagan burilish yasadi. O'zidan bir sinf yuqorida o'qiydigan bolalar tuman gazetasida maqola yozib chiqarishadi. Ularning kichkina maqolasi maktabning katta yig'ilishida maqtovga sazovor bo'ladi. Buni ko'rgan Abdulla: “Shular yozganini men yozolmaymanmi?” deya qishloq va kolxoz hayotidan bir necha maqolani yozib, tuman gazetasiga olib boradi. Uning maqolachalari, asosan, dala mehnatkashlariga bag'ishlangan bo'lib, “Boltavoy — mirishkor suvchi”, “Norxol pillachi”, “G'o'za qator oralariga mahalliy o'g'it tashlash boshlandi” kabi mavzularda edi. Unga 40 tiyin yoki 50 tiyin qalam haqi ham berishardi. 1968 yilga kelib, u she'r yoza boshladi. O'sha yorqin lahzalarni shoir hayajon bilan eslaydi:

— Men she'r yoza boshladim. Voy-bo', kechayu kunduz daftarlarni to'ldiraman. Birdan “Navoiyga shogird bo'laman!” degan qat'iyat ichimdan otilib chiqdi. Bilmasdimki, Navoiy qaerda-yu, men qaerdaman? Yozu kuz hasharga deb, biz o'quvchilarni paxta dalasiga yuborardilar. “Dalaga bormayman, paxta termayman, men shoir bo'laman!” dedim. “Paxtaga bormasang, seni maktabdan haydashadi”, dedilar. “Maktabga ham bormayman!” deb, uyda she'r yoza boshladim. Bir kuni maktab direktorimiz uyga kelib, rosa “tushuntirish ishlari”ni olib bordi va: “Abdulla, maktabga bor, maktab — majburiy”, dedi. Men yana maktabga bora boshladim. Navoiyga yukindim, adabiyotga va she'riyatga yukindim. “Navoiyga shogird bo'laman” degan fikrdan hali ham uzoqlashganim yo'q. 70-yillarda jiddiy she'rlar yoza boshladim. “Navoiy sog'inchi” degan turkum ustida ishladim. Keyingi she'rlarimdan birini “Ichimdagi dard” deb nomladim. Bu she'rda: “Navoiyning yoniga qanday boraman?” degan satr takror-takror keladi.

“Men ko'rgan katta shoir — Mirtemir edi”

Abdulla Sher adabiyotga kirib kelishini shunday hikoya qiladi:

— 10-sinfda o'qib yurganimda, bir daftar she'rlarimni oldim-u, ilgarigi Pushkin ko'chasi 1- uyda joylashgan Yozuvchilar uyushmasiga olib bordim. U yerda Mirtemir domla adabiy maslahatchi ekan. U kishi mening 4 ta she'rim va 3 ta to'rtligimga “ma'qul” degan belgi qo'yib berdilar. Mirtemir domlaning yonida Temur Fattoh o'tirar ekan. Yana domlaning oldiga Saida Zunnunova kirib kelganini ko'rdim. Mirtemir domlaning oldidan qushdek yengil bo'lib chiqdim. Avtobus bekatida Shotursun G'ulomov bilan tanishdim. Shotursun G'ulomov rahmatli yaxshi yozuvchi va publitsist edi. Birinchi uchrashuvdayoq yaqin tanishdek gaplashgan bu insonlar men uchun sehrli odamlar bo'lib tuyulgan va hamon shunday. Men bu olamda Mirtemir domladek shogirdsevar shoirni ko'rmadim. U muhtaram zot bilan uchrashgan yoshlar shoir bo'lmasa ham shoir bo'lib qolar edi. Domla bilan uchrashgan birinchi kundayoq xursandligimdan kitob do'koniga kirib, Navoiyning “Xazoyin ul maoniy” asarining 1-jildini sotib oldim. Chinozdan Toshkentga avtobusda kelganman, qaytishda avtobusga to'lash uchun pul yo'q. Navoiyning kitobi Chinozda ham sotilar edi, men esa uni tezroq qo'limga olish uchun bor pulimni to'lab yubordim. So'ngra Toshkentdan Chinozgacha 8 km. piyoda yurib, qorong'i kechda kirib kelganman.

Maktabni bitirib, ToshDU (hozirgi O'zMU)ga o'qishga kirdim.

1962 yil bahor faslida she'rlar va “Sevgi qissasi” nomli dostonimdan iborat kitob tayyorlab, uyushmaga bordim. Mirtemir domlaga topshirib keldim. Yozning oxirida meni harbiy xizmatga yuborishdi. Xizmat Germaniyaga bo'lgani uchun vaqtliroq olib ketishib, Termizda tayyorgarlikdan o'ta boshladik. O'sha vaqtda uyga “Sizning kitobingiz chop etilishi uchun muhokamaga qo'yiladi. Tez yetib keling” degan xat kelgan. Xat Termizga 4 kunda yetib bordi. Rota komandirining oldiga kirib vaziyatni tushuntirdim. U: “Xat 4 kun ichida keldi, borguningcha 2 kun o'tadi. Muhokama tugab ketgan. Bir sen uchun qaytadan katta shoirlar yig'ilmaydi-ku”, dedi.

Men bormaganim uchun kitobim muhokamaga qo'yilmagan. O'sha paytda Mirtemir domladek ustoz tavsiyasi bilan muhokamaga qo'yilgan kitoblarning bari chop etilgan. O'shanda 19 yoshda edim. Taqdir taqozosi bilan 10 yildan keyin — 1973 yilda birinchi kitobim chiqqan.

1962-1965 yillarda Sharqiy Olmoniyada harbiy xizmatda bo'ldim. Bu 3 yilda olmon tilini o'rganish uchun bor imkonimni ishga soldim.

Nima bo'lganda ham, o'zbek yigitlariga past nazar bilan qaraydigan sovet armiyasi zobitlarining e'tiboriga tushdim. Rus va nemis tillarida bemalol so'zlashib, bexato yoza olganimni ko'rgan harbiy boshliqlar menga harbiy unvon va ish taklif qilishdi. Men rad javobini berganman. Agar hozirgidek Milliy armiyamiz o'shanda bo'lganida, harbiy bo'lishim aniq edi.

* * *

Abdulla Sher yana shunday hikoya qiladi:

Talabalik paytimda meni Asqad Muxtor “Guliston” jurnaliga ishga qabul qilgan. Asqad Muxtor farishtaga o'xshagan toza tabiatli, g'oyat aqlli odam edi. “Guliston” men uchun muqaddas kitobdek edi. She'rlarim chiqa boshlagach, Mahmud Sa'diy meni 160 so'mlik maoshi bor bo'limga — “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga taklif qildi. Bu “Guliston” jurnalidagi maoshimdan bir barobar ko'p edi. Ammo men bu aziz dargohdan keta olmadim. Bu yerda maoshga topilmas bir muhit bor edi. Hali-hamon “Guliston” jurnalidan olgan tajriba maktabim men uchun qadrdon bo'lib qoldi.

Asqad Muxtordan so'ng yana bir buyuk inson — Sarvar Azimov bilan uchrashdim. Bu ulug' yozuvchi Moskvaga borib, Suslov bilan gaplashib, “Yoshlik” jurnalini ochishga musharraf bo'ldi.

O'sha davrda O'zbekistonda bunday jurnal ochish juda qiyin ish edi. Sarvar Azimov Yozuvchilar uyushmasiga rais bo'lib kelganida, o'zbek yozuvchilarini ko'tarishga harakat qildi. Juda og'ir bo'lsa-da, u kishining diplomatlik qobiliyati bilan o'zbek yozuvchilarining yelkasiga ham oftob tegdi. Sarvar aka “Yoshlik” jurnaliga Erkin Vohidovni bosh muharrir qilib ishga tayinladi. Meni mas'ul kotiblikka chaqirishdi. O'sha paytda boshimda qandaydir og'riq paydo bo'lib, davosini topolmay yurgan paytlarim edi, ishlay olmasam kerak deb o'yladim.

1970-1981 yillarda Oliy adabiyot kursida o'qish uchun Mos­kvaga ketdim. Oilamdan, bolalarimdan uzoqda yana ikki yil talaba bo'ldim. Eng katta omadim — menga o'zini fido qila olgan umr yo'ldoshim Yoqutxon bilan taqdirim bog'langanligi. U hayotimizdagi barcha issiq-sovuqlarga qulluq qilib yashadi. Tobim bo'lmay, uyda xastalanib qolgan yillarimda hech ikkilanmay ro'zg'or yukini bo'yniga oldi. Bunday fidoyilik go'zal ayollarda kamdan-kam uchraydi.

Bolalarimning a'lo xulqli va oliy ma'lumotli bo'lib kamolga yetganlari uchun ham undan umrbod minnatdorman.

Shunday vaqtlar bo'ldiki, kitoblarim chiqishiga tish-tirnog'i bilan qarshilik qilgan “do'stlar”ni ko'rdim. Afsuski, boshimning ikkala chekkasida paydo bo'lgan noma'lum og'riq tufayli ular bilan kurashishga holim ham, istagim ham yo'q edi.

* * *

Darhaqiqat, Abdulla Sher 1980–1981 yillarda Moskvadagi Oliy adabiyot kursida o'qidi. Bu yerda o'qish bilan birga u, asosan, tarjima bilan shug'ullandi. Olmon tilini chuqur o'rgandi. U endi Bayronni va Genrix Geyneyni to'g'ridan-to'g'ri o'zbek tiliga tarjima qila olar edi.

Abdulla Sher daftaridan:

Ustoz Mirtemirning arig'i

“Bir kuni ustoz Mirtemir menga eshigi oldidan o'tgan suvsiz ariqni ko'rsatib: “Menga kelganda shu ariq ham qurib qoldi, bo'tam”, deb samimiy kulgan edi. Men u zotning shogirdi, hozir boshqa zamonda, shaharning boshqa bir chekkasida yashayman. Lekin, taajjubki, o'sha ariq mening eshigim oldidan ham o'tadi”.

Tarjimai holimdan:

“Onam rahmatli aytishlaricha, men go'dakligimdan emaklamay yurib ketgan ekanman: o'tirgan ko'yi o'ng qo'limga tayanib, bir zumda uyning u boshidan bu boshiga borib kelar ekanman. Hozir ham o'sha-o'shaman: emaklash nimaligini bilmayman, qo'limga, faqat o'ng qo'limga tayanib yashayman”.

 

* * *

Tabiatan oilaparvar Abdulla Sher bolalarini hech kimdan kam qilmaslik uchun bor iqtidorini ishga soldi.

U o'zini ilmga urdi. ToshDUning falsafa fakultetida katta o'qituvchi, kafedra mudiri lavozimida ishladi. U Bayronning “Don Juan”, Genrix Geyneyning “Qo'shiqlar kitobi”ni olmon tilidan, Pushkin, Blok, Antakolskiy, Nekrasov va Anna Axmatova, Charens, Tvardovskiy kabi mashhurlarning asarlarini rus tilidan tarjima qilib, bu boradagi qobiliyatini namoyon qildi. U qilgan tarjima asarlari qo'lma-qo'l bo'lib ketgani uchun nashriyotlardan ketma-ket buyurtmalar tushar va kattagina gonorar to'lashar edi. Davrning ayrim zamonasozliklari tufayli uning asarlari yillab nashriyotlar g'aladonlarida qolib ketgan. Abdulla Sher o'zi ko'rmagan bo'lsa-da, Oybek va Maqsud Shayxzoda domlalarni yaxshi ko'rar, ular haqida qalb so'zlarini qog'ozga tushirardi. 1968 yilda Shayxzoda haqida “Ruh” nomli she'rini yozdi. Ammo she'rni hech qaysi gazeta chop etmadi. Go'yoki she'r siyosatga qarshi emish. Aslida, she'rda umuman siyosiy g'oyaning o'zi yo'q edi. Ammo Abdulla Sher kutdi. Naq 12 yil kutdi. Nihoyat, Shayxzoda haqidagi “Ruh” she'rini 1980 yilda chop ettirishga erishdi. Ketma-ket Oybek she'riyati haqidagi maqolalari nashr etildi.

Bir zamonlar kechdiki, unga “sen antisovetsan” deguvchi senzurachilar ham “do'stlari” edi. Ular Abdulla Sherni nihoyatda “ehtiyotlagani” uchun she'rlarini chop ettirmas edi. Ammo na iloj, shoirning ijoddan boshqa tomorqasi yo'q. U baribir senzuraga ma'qul narsalar ham yozganligi rost.

“O'g'lim Anvarga” degan she'rida bu holatni shunday ifoda etadi:

 

Bir kun anglab yetarsan, besh qo'ldek bo'lur ayon

Otangni har qadamda burovga solgan armon.

Men yozardim bor gapni, yozardim, o'g'lim, inon,

Tortib turmasa edi yengimdan bir burda non.

 

Ilojsizlik shu ediki: yozganingiz bilan baribir chiqmas edi.

U kutdi. Armon bilan kutdi.

Abdulla Sherning tarjima borasidagi ishlarini ma'qul ko'rgan professor, mashhur adabiyotshunos olim, ustoz  G'aybulla as-Salom uni tarjima kafedrasiga ishga taklif etdi. Ammo u falsafa fakultetini tashlab ketolmadi.

“Axloqshunoslik” va “Etika” fanlaridan o'quv qo'llanmalar yozdi. Bu qo'llanmalar yuqori baholanib, unga 2000 yil “Oliy ta'lim a'lochisi” ko'krak nishoni berildi. Dotsent unvonini oldi. 2002 va 2003 yillarda ketma-ket O'zbekiston Milliy universitetining “Eng mohir pedagogi” deya e'tirof etildi. Uning “Axloqshunoslik” haqidagi qo'llanmasi qardosh va chet el oliy ta'limi darsliklariga kiritilgan va kiritilishda davom etmoqda. Uning o'quv qo'llanmalari hali-hamon oliy ta'lim dasturlaridan tushgani yo'q.

2016 yilda Prezidentimiz Abdulla Sherni uzoq yillik samarali xizmatlari uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotladi. 2022 yilda “Mehnat faxriysi” 1-darajali ko'k­rak nishoni bilan taqdirlandi.

Abdulla Sher uchun qalam 6 yasharligida yasagan mixlar kabi qattiq va har qanday devorlarga yorib kira oladigan mus­tahkam qurol kabi hamroh bo'ldi. U bir umr mix yasashni biladigan misgarning jafokash o'g'li, she'r yozishni biladigan Mirtemirning kamtarin shogirdi bo'lib qoldi.

Bolaligida bir noto'g'ri harakati uning qo'liga mix sanchgan bo'lsa, ulg'aygani sari bir noto'g'ri so'z uning yuragiga qalamining uchini qadab qo'yishi mumkinligini sezib yashadi.

Uning vujudida she'rga va temirga monand bir-biridan mutlaqo yiroq nimalardir qorishiq yashaydi. U hech qachon hech kim bilan maydon talashmadi.

 

Abdulla Sher daftaridan:

“Umr deganlari birovlardan ranjiydigan darajada uzun emas”.

* * *

U haqiqat va adolat yo'lida haq so'zni aytib, ko'p bora yutqazdi, muntazam yutqazdi. Nima uchundir u bu mag'lubiyatlar ortida muzaffarlik borligini bilar edi.

Inchunin, u mixdek to'g'ri bo'lish va axloqsiz, chirkin fe'l va ochko'zlarni odillik devoriga mixlab tashlashning hadisini oldi. Insonlarning ruhlarini sindiradigan, o'z manfaati yo'lida o'zgalarni qurbon qilayotgan sharafsizlarni ko'rganda sherdek tashlanish fe'lidan kecholmadi. U tabiatan shunday yaralgan. Abdulla Sher tuproqdek serhosil va tuproqdek xokisor avlod vakili bo'ldi. U hamisha o'z ustozlari, safdoshlari, hamkorlari, hamnafaslarini ehtirom bilan eslaydi. Yig'lab eslaydi.

U hech qachon hech kimning yo'lini to'smagan avlod: Shukur Xolmirzayev, Safar Barnoyev, Ma'ruf Jalil, Tilak Jo'ra, Omon Muxtor, Otayorlar bilan birga ishladi, do'st tutindi.

Muqaddas xotiralar egasi

Abdulla Sher Oybek ijodi, Shayxzoda she'riyati haqida yozdi. Uning Mirtemir, Sarvar Azimov, Asqad Muxtor, Ozod Sharafiddinov, G'aybulla as-Salom, Begali Qosimovlar haqida xotiralari bor. Yaqinda Erkin Vohidov haqida xotiralar yoza boshladi.

Xotiralari uning xazinasidir.

 

* * *

Men shoirman, men — Abdulla Sher.

Barloslarning sarkash farzandi.

Aytgil, osmon, aytgil, ona yer,

O'z asrimga menmi asrandi?!

Dedilarki: “Zo'rdir ganj kuchi

Egilib ol, unda shon, mulk bor!”

Egildim-u, qalamim uchi

Yuragimga qadaldi ilk bor.

 

* * *

Izladim — topmadim: qayda haqiqat,

Labdami va yoki nayda haqiqat?!

Qur'onni qo'limga oldim-u, bildim:

Kattakon zamin ham — mayda haqiqat.

 

* * *

Abdulla Sherning birinchi to'plami “Ko'klam tabassumi” deb nomlanib, 30 yoshida chop etildi.

Shundan so'ng uning “Alyor” (1979), “Atirgul soyasi” (1979), “Roz” (1980), Kuz hiloli” (1983), “Qadimgi kuy” (1987), “Nuqtadan so'ng” (1989), “Toqat” (1997), “Yonayotgan yo'l” (2007), “Yomg'irlar oralab” (2009), “Sarbast qo'shiqlar” (2010), “Sevilmagan mening sevgilim” (2010), “Gul yillar, bulbul yillar” (Saylanma, 2012) kabi she'riy to'plamlari va “Asrlarni asraganlar” nasriy to'plami chop etildi. Uning she'rlari va dostonlari rus, litva, ingliz, ispan, ozarbayjon, turk, qozoq, qrim tatar, tojik va qirg'iz tillariga o'girilgan.

“Toqat” she'riy to'plami chop etilganida 54 yoshda edi. “Yonayotgan yo'l” to'plamini chop ettirganida 64 yoshda edi.

“Gul yillar, bulbul yillar” saylanmasini chop ettirganida 69 yoshda edi. 70, 75 yoshlarida ham “barloslarning sarkash farzandi” bir lahza qalamini qo'ldan qo'ymadi, keksalikni bo'yniga olmadi. U 80 yoshga qarab yura boshladi. Yo'lida sobit va dadil.

Abdulla Sherning qo'lidan bardosh nomli hassasi aslo tushmadi. U hassasini yerga umid bilan, armon bilan, goh achchiq alam bilan qattiq urardiki, hassa yarmigacha tuproqqa kirib borardi. Abdulla Sher hassasi orqali yer bilan gaplashib, tuproq bilan hasratlashib borardi. Har qadamda hassasi uning tomirlarini yerga ulab borardi.

U 80 yoshga to'lganda sentyabrning farahbaxsh tongi edi. U dunyodagi eng go'zal shahar Toshkentning eng go'zal go'shasida atirgullar chamandek ochilib yotgan “Adiblar xiyoboni”da ohista qadam tashlar ekan, hassasini ushlab turgan barmoqlari orasida nur yugurganini sezdi va hassasiga egildi. Yerga qadalib turgan hassasi novda chiqarib, go'yo gullab borar edi.

Abdulla Sher o'zi bilan 80 yilki, bahorni ergashtirib yurgan shoir. Boshqacha bo'lishi ham mumkin emas edi. Chunki u baribir o'sha bolalikdagi orzusi, maqsadi — Navoiyga qarab borayotir.

2023 yil Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida uzoq yillik fidokorona mehnatlari, betakror she'riyati, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ulkan hissasi uchun Prezidentimiz tomonidan shoir, tarjimon, oliy ta'lim a'lochisi Abdulla Sher “O'zbekiston xalq shoiri” unvoni bilan taqdirlandi.

Yurtboshimizning bunday katta e'tibori, mehri ehtimol yana kimlargadir yoqmagandir. Ammo shoirning, muhlislarining ko'ngli tog'lardek ko'tarildi, garchi u mukofotlar uchun qalam tebratmasa-da, yurt, Vatan, Yurtboshining e'tirofi kimni ruhlantirmaydi, deysiz!

Shoir. Uning uchun ijod hamisha sinov maydoni. Hazrat Alisher Navoiy sari talpinib borayotgan insonni yanada yaxshiroq bilmoq uchun, shubhasiz, u yozgan she'rlarni, kitob­larni o'qimoq, uqmoq talab qilinadi, xolos.

Zulfiya MO'MINOVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 5 =