Abdulla Qodiriyning yuragi

Adib yuragida alamlar qat-qat,

Lekin bittasi bor o'chmasdir dog'i:

Jonni tik ozodlik yo'lida faqat,

Bu esa ustozning so'nggi sabog'i.

Abdulla Oripov

 

Abdulla Qodiriyning muqaddas adabiyotga uyg'ongan havasi, avvalo, uning yuragida paydo bo'ldi, mustahkam ildiz otdi va qiyg'os gulladi. Iroda va jasorat bilan tanlagan yo'lidan, ulug' niyatidan aslo qaytmadi. Yurak qoni adabiyot bilan qorishib ketdi. Adabiyotni Ka'ba misoli angladi va unga abadiy muhabbat qo'ydi, uni mudom ota-onasiday ardoqladi, oilasi va farzandlaridek hamisha e'zozladi, sevdi…

Adabiyot batamom uning yuragiga aylandi. Endi u adabiyot deb atalmish muqaddas imorat joylashgan yuragiga bo'ysundi. Endi bu jasur yurak bilan umrbod ahdlashdi, unga batamom mehr qo'ydi. Va u bilan har doim hamjihat, hamfikr ishlashga chog'landi. Yurak uning donishmand yo'lboshchisi, pahlavon sarkardasiga aylandi.

Qodiriyning yuragi o'zidan ham botirmidi?

Qodiriyning yuragi so'zidan ham o'tkirmidi?

Qodiriyning yuragi yuzidan ham nurlimidi?

Nazarimda, Abdulla Qodiriyning yuragi o'zidan ham katta bo'lgan. So'zi ham jasoratga limmo-lim. Jasoratda bu yurak — tog'day yuksak, daryoday jo'shqin, bo'ronday shiddat bilan yashagan. Lekin jangga kirgan olovli vujud aslo so'nmagan. Chunki bu yurak turkiylarning ko'kbo'rilari botirligidan andoza va kuch-qudrat olgan edi.

Qodiriyning yuragi hushyor va juda sezgir bo'lgan. Qatag'onning ilk sovuq va ayozli shamollarini darhol payqagan va qanday og'ir oqibatlarga olib kelishini oldindan anglagan. Sho'ro dohiylari xalqni aldaganini teran tushunib yetgan. Va bu qatag'on balolari bir kuni o'zining ham boshiga tosh bo'lib tegishini ham sezganmidi? Iymon-e'tiqodi butun bo'lgan yozuvchi o'z tanlagan haqiqat, to'g'rilik yo'lidan orqaga qaytmagan. U o'tkir qalami va qo'rqmas yuragi ila kurashga shiddat bilan kirgan. Yolg'on tuzumning, soxta siyosatchilarning kirdikorlarini, aldovlarini fosh eta boshlagan. O'zi iqror bo'lib yozganidek: “Sho'rolarni ming osmonga ko'targaning bilan kosasi oqarmaydi”. “O'quvchi va yozuvchilarimizning diqqatiga” nomli maqolasida esa ijodkorlarni dadillikka chorlaydi: “Qo'rqoqlik — vijdonsizlikdir. Qo'rqqan kishi sichqon inini ijaraga olsin, unga matbuot sahifasida kishnashga havas qilish hayfdir”.

Abdulla Qodiriyning daho yuragi va iste'dodli qalami bilan yaratilgan “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari xalq va kitobxon imtihonidan yuksak baholar bilan o'tgani haqiqat. Bu o'lmas kitoblar hamon zavq-shavq bilan o'qilayotir.

Bu ikki buyuk asar yangi o'zbek adabiyotining tamal toshini qo'ygan, romanchilik maktabini bosh­lab bergan va adibning muborak nomini O'zbekis­tondan tashqarida ham allaqachon ma'lum va mashhur qilgan edi.

“O'tkan kunlar” ham, “Mehrobdan chayon” ham adibning yuksak hayrat to'la yuragidan to'kilgan bebaho ijod durdonalaridir… Bu bebaho asarlar o'zbek xalqini, o'zbek adabiyotini asrlardan asrlarga dadil va mardona olib o'tayotir. “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” — afsonaga aylangan kitoblar. Bu tabarruk asarlar haqida gap ketganida yoki xotiralarda, adabiy davralarda so'z aytilganda, juda ko'pchilik bu kitob­larni yig'lab o'qiganligini alohida ta'kidlaydilar. Ba'zan o'ylab qolaman, “O'tkan kunlar”ni o'qib yig'lamagan qalb ham bormikan? Iztiroblar girdobiga g'arq bo'lmagan, qayg'uga botmagan vujud topilarmikin?

Abdulla Qodiriyning ijod maktabini yuksak ixlos bilan o'rgangan, buyuk adib Odil Yoqubov shunday xotirlagan edi: “O'sib-ulg'ayib, kitobga tashnaligim, ishqim, mehr-muhabbatim o'sib borgan sari “Abdulla Qodiriy…”, “O'tkan kunlar…”, “Mehrobdan chayon…” degan gaplar qulog'imga tez-tez chalinadigan bo'ldi… 1943 yilning oxirgi oylari, to'qqizinchi sinfda o'qib yurgan chog'larim… Kunlardan birida o'qituvchining ukasi, sinfdosh do'stim meni chetga tortib: “Kecha akam “O'tkan kunlar”ni topib keldi”, deb qoldi. Darsdan keyin “O'tkan kunlar”ni bir kechaga so'rab olish umidida sinfdosh og'aynim bilan birga ularnikiga bordim…

— Domlajon, bir kechaga berib turing. Ertalab olib kelib beraman. Hech kimga aytmayman…

— Xo'p, mayli, ammo o'zing ham, deyman… bir yopishsang, qo'ymas ekansan-da!

O'sha kecha mijja qoqmadim. Tong payti oxirgi sahifani o'qib bo'ldim. Kitobni yopib boqqa chiqdim.

Men yuzimni shabadaga tutib, bog'da uzoq aylanaman. Ko'z yoshlarimni artmay, ho'ng-ho'ng yig'layman… O'sha mahalgacha hech bir kitob meni shu qadar larzaga solmagan edi…”

Odamni larzaga soladigan va yig'latadigan kitob yozish uchun yozuvchiga Abdulla Qodiriyniki kabi zahmatkash va iste'dodli yurak kerak. Bu qutlug' kitoblarni yozish jarayonida, avvalo, yozuvchining yuragi yig'lagan va o'zi ham yig'lagan. So'ngra bu kitobni mutolaa qilgan qalblar iztirob va dard bilan yig'laganlar. Mening nazarimda kitobxonda chin muhabbat uyg'otadigan va uni yig'latadigan kitob yozish baxtiga o'zbek adabiyotida faqat, ha faqatgina Abdulla Qodiriy muyassar bo'lgan.

* * *

Qodiriyning yuragi — qulluq qilib, bo'yin egib turadigan mute emas edi.

Qodiriyning yuragi — bo'lar-bo'lmasga chapak chaladigan ofarinboz va maddoh yurak emas edi!

Qodiriyning yuragi — atrofida bo'layotgan turfa zug'um va qatag'onga loqayd, beparvo, qaltirab turadigan ojiz bo'lgan emas.

U sheryurak edi. Na'ra tortganida qo'rqoq yuraklar titroqqa tushardi.

U burgutyurak edi. Qanotlarini shiddat bilan qoqqanida g'amgin sukunat larzaga kelar, qayg'u quchog'ida yotgan sokin nafrat uyg'onib, g'aflatda yotgan bandalarning uyqulari tarqab ketardi.

U bo'riyurak edi. Qatag'onchilar to'dasi, sotqinlar, millatfurush guruhlar uning dahshatidan qo'rqib, qaltirab, qaqshab turardi.

Abdulla Qodiriyning yuragi qudratli ISYoN bilan zich to'la edi. Murosaga zarracha o'rin yo'q.

Yozuvchini “Yig'indi gaplar” maqolasi tufayli qo'rqitmoqchi, yuragidagi isyonni so'ndirmoqchi bo'ldilar. 1926 yil “Mushtum” jurnalining 27-sonida bosilgan “Yig'indi gaplar” sabab yozuvchining boshiga kulfatlar yog'dirishdi va u qamoqqa olindi. Uch oylik azobli so'roq-tergovdan so'ng sud bo'ldi. Yozuvchi 1926 yil 16 iyunda Samarqandda bo'lib o'tgan sudda o'zining haqligini isbotlab, nutq so'zladi. U o'z nutqida: “Bu maqola faqat kulgu tariqasida yozilg'on, hech bir hukumatga yoki siyosatga tegadigan joyi yo'q”, deb maqolani so'zma-so'z tahlil qilib isbotlaydi. Va nutqi so'ngida shunday deydi: “So'zim oxirida odil sudlardan so'rayman: garchi men turlik bo'hton, shaxsiyat va soxtalar bilan, ham anglashilmovchiliklar orqasida, ikkinchi oqlanmaydurg'on bo'lib qoralandim. Loaqal ularning — qoralovchi qora ko'zlarning ko'ngli uchun bo'lsa ham, menga eng oliy bo'lg'on jazoni bera ko'ringiz. Ko'nglida shamsi g'uboroti, teskarichilik maqsadi bo'lmog'on sodda, go'l, vijdonlik yigitga bu qadar xo'rlikdan o'lim tansiqroqdir. Bir necha shaxslarning orzusicha, ma'naviy o'lim bilan o'ldirildim. Endi jismoniy o'lim menga qo'rqinch emasdir. Odil sudlardan men shuni kutaman va shuni so'rayman.”

Bunday o'tkir va qilichday keskir so'zlarni faqat qo'rqmas, botir ijodkor ayta oladi. “Xo'rlikdan o'lim tansiqroqdir”, “Endi jismoniy o'lim menga qo'rqinch emasdir”, degan otashin gaplar ham mardona yurakdan vulqonday otilib chiqqan. Abdulla Qodiriy ta'biri bilan aytganda: “Jasoratni yuraksiz kishilar qilolmas”.

Yana iztirob bilan o'ylayman: shuncha azob-uqubatlardan so'ng, yaqin do'stlar va hamkasblarning sotqinligi sabab, yozganlaridan ayovsiz xato va kamchilik qidirishlari tufayli uning mard va tanti yuragi qanday og'ir ahvolga tushgan? Qodiriy shunday mushkul holatlarda botirligi, haqso'zligi va adolatparvarligidan afsus-nadomat chekmaganmikin? Tanlagan haqiqat yo'ldan qaytishni o'ylamaganmikin? Ushbu savollarga “Yo'q!” deb javob beraman. Unda u haqiqatparvar va millatparvar Abdulla Qodiriy bo'lmas edi. Unda uning shoh asarlari yozilmas edi. Hatto quyoshga ham tik boqadigan, o'limni ham pisand qilmaydigan, o'qdan ham qo'rqmaydigan, tuhmat va bo'htonlarni pisand etmaydigan toshdan ham mustahkam metin yuragi hech qachon afsuslanmagan…

Qodiriyning benihoya kuchli, qudratli va yengilmas yuragi biz, yozuvchilarga boqiy meros bo'lib qolgan — buyuk ne'mat! Bu suvda cho'kmas, olovda yonmas, hech qachon tolmas qaqnus yurakni tez-tez eslab turmoq kerak! Uning jasoratiga tasannolar aytib, ruhlariga duolar qilaylik. Yaratgandan: “Mening ham yuragimga Qodiriy yuragidagi cho'g'dan bir chimdim hadya et”, deb iltijo qilib yolvoraylik… Chumchuq pir etsa, yuragi shir etadigan, har narsadan hadiksiraydigan, mute va nuqul qulluq qiluvchi ayrim ehtiyotkor yuraklar bilan qaerga ham borar edik?.. Unda adabiyotning tengsiz qudrati qaerda qoladi?..

* * *

Bir ijodiy suhbatda ustoz o'zbekning atoqli shoiri Erkin Vohidov chuqur iztirob bilan kuyunib shunday degan edilar:

— Bizda Abdulla Qodiriychalik juda mashhur va nihoyatda ko'p o'qilgan yozuvchi bo'lmagan. Ijodkorning yaxshi kitoblari hamisha yostiq vazifasini bajargan. Afsuski, Qodiriyni qamoqqa olib, otib yuborganlarida xalq odatdagiday tomoshabin bo'lib, loqayd bo'lib turavergan…

Kundaligimda 2006 yil 21 dekabr sanasida yozilgan ulug' shoirning yuqoridagi fikrini har safar qayta o'qiganimda og'ir xayollarga botaman. Tomoshabinlik, loqaydlik, aslida, qo'rqitilgan ajdodlarimizdan o'tib kelayotgan jirkanch illat bo'lib, qon-qonimizga singib ketgan. Yaxshisi, javobni “O'tkan kunlar”dan — Yusufbek hojining yuragi qatlaridan to'kilgan alamli, ayni paytda haqiqat ufurib turgan so'zlaridan anglab olamiz:

“Ittifoq nima ekanini bilmagan, yolg'iz o'z manfaati shaxsiyasi yo'lida, bir-birini yeb, ichgan, mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tup­rog'idan yo'qolmay turib, bizning odam bo'lishimizga aqlim yetmay qoldi…”

Hanuz bunga bizning ham aqlimiz yetmaydi. Shafqatsizlarcha qatag'on fabrikasini yurgizgan sho'rodan qutuldik. Afsuski, undan qolgan ayrim illatlardan, qonimizga singib ketgan kamchiliklardan qutula olmayapmiz. Ayniqsa, iste'dodkushlikday bedavo darddan! Odatda, iste'dodsiz iste'dodlini ko'rolmaydi. Bizda ko'proq iste'dod iste'dodni g'ajiydi, badnom qilishdan uyalmaydi. Agar iste'dod egasi o'lib ketgan bo'lsa ham, orqasidan mag'zava to'kamiz, uning muborak nomini tuproqqa qorishga urinamiz. Qachon qutulamiz bu ofatdan? Biz ulug' zotlar, ular yaratgan muqaddas meros bilan qachon faxrlanamiz? Buyuklarning buyukligini qachon e'tirof etamiz?..

Afsus-nadomatlar bo'lsinki, Abdulla Qodiriyday daho zotga ham g'araz toshlarini otuvchi no'noq kimsalarning paydo bo'layotgani juda achinarli. Mashhur qiziqchimiz Hojiboy Tojiboyev aytganidek, tug'ilganda hamshiraning qo'lidan tushib ketgan bo'lsa kerak, bir chala mulla ukamiz biroz oldin ijtimoiy tarmoqlarda Abdulla Qodiriyning o'lmas romanlari haqida safsata sotib, badbo'y gaplar tarqatibdi. Ukamizga muhtaram yozuvchimizning yuksak mahorat bilan yozgan ushbu qayroqi so'zlari bilan javob beramiz: “Har holda, og'izga qarab gapirish kerak. Buning ustiga, bir chimdim andisha ham kerak. So'z uzoq erdi, muxtasar qildik. Yomon ko'p edi, muttaham qildik”.

Yana bir fikr: ukamiz jazavaga tushishdan oldin Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” ham “O'tkan kunlar” tanqidi ustida ba'zi izohlar” nomli maqolasini o'qib chiqqanida edi, yozuvchining mard va jasur yuragiga qoyil qolib, uning buyukligiga yana tan bergan bo'lardi.

Abdulla Oripov yozganidek:

Surishtirganmiding Qodiriyni yo

Qalqon bo'lganmiding kelganda balo?

Sho'rlik adibning tirikligida ko'rgan hadsiz azob-uqubatlari, boshiga ayovsiz yoqqan balo-qazolari kammidi? Qatag'onning tuhmat o'qiga uchragani yetmasmidi?.. Hoy, birodarlar, hech bo'lmaganda o'tganlarning ruhlarini be­zov­ta qilmaylik!

Yozuvchining ijodga bo'lgan jasorati aslo so'nmadi. Bu jasorat yurak harorati bilan ozodlik uchun gulxanga aylandi. Jasoratli qalamidan esa yuraklarni hayrat va hayajonga soladigan bebaho asarlar dunyoga keldi. “Jasorat ayb emas!” deb bor ovozda hayqirdi yozuvchi. Uning o'ktam va bardam ovozi, aldoqchi komfirqaning katta-kichik amaldorlari, tuzumni qatag'onga aylantirgan sud-huquq idoralarining shafqatsiz va zolim xodimlari, qo'rquvga qurilgan mafkura dohiylarining quloq pardalarini jarohatladi. Yuraklariga titroq soldi. Lekin bosqinchilarning kuchi katta, armiyasi hamisha qurollangan holda shay turardi. Eng yomoni, o'zimizdan chiqqan sotqinlar, ayg'oqchilar, quloqlar ham ularga xizmatda edi. Ular, asosan, millat ziyolilari, ijodkorlariga tuzoq qo'yar edi. Abdulla Qodiriyga ham yaqin safdoshlari, yonidagi do'stlari, ishongan odamlari pinhona chil soldilar, uni nomardlarcha sotdilar. O'sha og'ir kunlar haqida yozuvchi alam va kuyunish bilan yozadi: “Biz jasorat so'rar edik. Lekin… jasoratimizning qolgan-qutganini ham olmoq muddaosida edilar. Biz so'z erkinligi so'rar edik. Lekin tilimizni tag-tugidan kesmoqchi edilar. Jasorat bitgan edi, til kesilgan edi”.

Adibning qo'rqmasdan o'z davrida sho'ro tuzumiga qarata jasoratli qalb bilan yozgan bu so'zlariga na izoh, na sharh darkor emas!

Qodiriyshunoslikning tamal toshini qo'yganlardan biri, adabiyotimizning zukko bilimdoni, ustoz adabiyotshunos Ibrohim G'afurov Abdulla Qodiriy ijodi va hayotini teran o'rgangan, uning asarlarini jahon adabiyotining turli o'lchamlaridan kelib chiqib, yuksak baholagan, hatto publitsistik maqolalarini ham chuqur tahlil qilgan. Ustoz shunday deb yozadi: “Mazmuni to'liq, badiiyati yetuk roman xalq uchun maktab, ya'ni ma'naviyat va fikrlash maktabi. O'zbek xalqi “O'tkan kunlar”ni xuddi shunday qabul qildi. To'ng'ich farzand juda sevimli bo'lib tug'ildi. Hozir “O'tkan kunlar” desa, iyib ketmaydigan o'zbek yo'q. Roman milliy badiiy tafakkurning barcha qirralariga o'z ta'sirini o'tkazgani bejiz emas…

Bu jihatdan Qodiriyni ingliz tarixiy romannavisi Valter Skottga juda yaqin ko'raman. Volter Skott romanlarini yuragingizni hovuchlab o'qiysiz. Romanga kirgandan boshlab, to tugatmaguncha yurak yuksak pardadagi to'lqinlanishlardan hech pastga tushmaydi…”

Ibrohim G'afurov bu ta'rif va taqqoslar bilan cheklanmaydi. Romanni boshqa qit'alarning mashhur adiblari asarlari bilan qiyoslaydi. Sharq odamlari hayoti, Sharq dunyo­sini teran tahlil qilib, shunday xulosa yasaydi: “Men Qodiriy va uning asarlarini Sharqning hassos va behad donishmand adibi, serxayol Robindranat Tagorga, uning go'zal asarlariga qiyoslagim va ularning yoniga qo'ygim keladi. O'ylaymanki, dunyoning insonlar o'rtasida mavjud darajaviy xislatlari bu bilan buzilib-netib qolmagay. Tagor va Qodiriy — bular qanchalar yaqin odamlar! Qanchalar o'xshash siymolar!..”

O'zbek davlat drama teatrida taniqli yozuvchi Xurshid Do'stmuhammadning Abdulla Qodiriy 1926 yilda birinchi marta qamoqqa olinishi voqealariga bag'ishlangan “Yolg'iz” dramasi asosida rejissyor Olimjon Salimov sahnalashtirgan spektakl muhokamasida ham ustoz Ibrohim aka shunday degan edi: “Abdulla Qodiriy yuragi nimani buyursa, shuni yozgan. Va yozganlarida yurak da'vati yaqqol ko'rinib, sezilib turadi. Uning yuragi qo'rqmas, botir edi. To'g'ri so'zni aytganda ham, yozganda ham qaytmas edi. Bularning hammasi spektaklda o'zining yorqin ifodasini topgan…”

Ha, Abdulla Qodiriyning asarlari allaqachon boqiy kitoblar javonidan o'rin olganiga shubha yo'q. So'nggi yillarda dunyo xalqlari tillariga peshma-pesh tarjima qilinayotgani ham fikrimizga dalil bo'ladi. Abdulla Qodiriy jahon adibiga aylangani ham haqiqat. Bu betakror yozuvchi hamisha o'zbek adabiyoti romanchiligining otasi bo'lib qolaveradi. Chunki Qodiriy hamma davrlarning suyukli va ardoqli yozuvchisi bo'lib qadrlanaveradi.

* * *

Adabiyotning dargohi, aslida, biz o'ylagandan ko'ra keng va bepoyon ekan. Adabiyotning adolat elagi va tarozisi shafqatsiz, ayab o'tirmas ekan.

U bir joyda: “Haqning haqsizlikka g'olib kelganini og'izda eshitsam ham, shu choqqacha amalda ko'rolmadim”, deb armon va nadomat bilan yozgan edi…

Abdulla Qodiriyning bu buyuk armoni 1991 yilda, adibning fojiali o'limidan 53 yil o'tib amalga oshdi. U jonidan ortiq sevgan, hayoti va ijodini bag'ishlagan Vatanimiz mus­taqil bo'ldi. Bu buyuk ozodlikni ko'rish Abdulla Qodiriy avlodlariga, qarindoshlariga nasib etdi.

Bu nebaxtki, oradan roppa-rosa bir asr o'tib, buyuk ma'rifatparvar adib, marhum Abdulla Qodiriyga “Mustaqillik” ordeni berildi.

Bu haqda Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini chuqur o'rgangan, teran tahlil qilgan, o'zi ham yozuvchi maktabi an'analarini mahorat bilan davom ettirib, Qodiriyona asarlar yaratayotgan taniqli adib Xayriddin Sulton mehr bilan shunday yozadi:

“Abdulla Qodiriy — o'zbek xalqining milliy mustaqilligi uchun jonini fido etgan ulug' ajdodimizdir. Ehtimol, o'zbek ziyolilari ichida hech bir zot istiqlol kunlarini, istiqlol saodatini bu mumtoz siymo singari zoriqib kutmagan bo'lsa kerak…

Mustamlakachi to'ralarga, istiqlol dushmanlariga, zolim mahalliy a'yonlarga qarshi Qodiriy yuragida hamisha nafrat dengizi to'lqinlab yotardi…”

Qodiriyning yuragi o'zidan ham botirmidi?

Qodiriyning yuragi so'zidan ham o'tkirmidi?

Ha! U sheryurak edi. Na'ra tortganida qo'rqoq yuraklar titroqqa tushar, pajmurda kimsalar qunishib qolar edi…

Ashurali JO'RAYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − one =