Hayotda yuz bergan…

“Ishonch telefoni” kitobi haqida

Xudo haqi, yosh ulg'ayganda yaxshi kitob o'qish juda maroqli, hatto televizor ko'rishdan ham qiziqarliroq. Bolalik, yoshlik, yetuklik chog'laringni eslaysan. Ko'z ko'rib quloq eshitmagan voqealarning dengizlariga sho'ng'iysan. Butun umring qanday o'tib ketganiga aqling yetmay hayron bo'lib o'tirasan. Torgina balkoningda qish chog'i tuvakda anvoyi gullagan chechaklarga boqib, osuda quvonchlaringni kim bilan o'rtoqlashishni bilmaysan: u band, manov band, anov ham band, narigi o'zini olib qochadi, berigining sen bilan gaplashishga toqati yetmaydi, yana birovi, nega men borarkanman, o'zi kelsin deydi, izzati nafs qiladi… Xullas, yosh ulg'ayganda kitob eng yaxshi, xolis, beminnat hamroh, suhbatdosh, sirdosh… Aqlingga aql, tajribangga tajriba qo'shadi, odamlar hayotidan  saboq olasan, insonlikning ayon  ko'zga tashlanayotgan tanazzullaridan, axloqiy yemirilishlardan, ilmiy-fanniy prinsiplar, metodologiyalarning chirib borayotganligidan tashvish, qayg'u, alamga botasan, Xudo haqi.

Janobi payg'ambarimiz Muhammad rasululloh hadislaridan birida dunyoda eng yaxshi narsa go'zal axloq degan ekanlar. Hazrat Imom Navaviyning “Qirq hadis” kitobida tafsir qilinishicha, ul zot odamlarni doim shubhali va ayniqsa, juda bekorchi narsalar bilan ovorayu sarson bo'lib yurishdan takror va takror qaytarar ekanlar: “Insonning yaxshi musulmon ekanligining alomatlaridan biri (uning) bekorchi narsalarni tark etishidir”. Yettinchi asrdan beri qancha vaqt o'tgan bo'lmasin, bu sodda so'zlar hamon amalda. Bir shoir chig'iriqni yozib shoir bo'ldi, boshqasi Armstrongning Oyga qo'nib birinchi aytgan so'ziga doston bitdi. Ammo inson hamon o'sha “go'zal axloq” idealiga sira yetolmaydi, hech qachon shubhali, bekorchiligi ayon ko'rinib turgan ishlarni sira tark etolmaydi. Nega shunday ekan-a? Nahot bani bashar azalda tamomila  noqis yaralgan bo'lsa?

Holbuki, u tirik borliqning gultoji… Va hamon okeanlar ko'piklari ichidan chiqqanligini asotirlarida unutmaydi… Ammo biz bu yerda atoqli adib, fozil zamondoshimiz Xayriddin Sultonning yangi bosilib chiqqan kitobi (“Ishonch telefoni”. “Ziyo nashr” nashriyoti, Toshkent, 2023) ustida o'quvchilarimiz bilan taassurotlarimizni o'rtoqlashmoqchi bo'lib turgan edik.  Qolaversa, yuqoridagi daromad so'zlarimizning o'zi ham bu kitobdan o'rin olgan,  ajoyib bir shaklda yozilgan qissa mutolaasidan so'ng o'qish va uqish asnosida tug'ilib turgan edi.

“Go'zal axloq” haqidagi gapni odamlar necha ming yillar o'tsa ham unutmasliklari kerak edi va har kun nonushta oldidan bola-chaqa bilan qutlug' dasturxon tevaragida o'tirib bir karra takrorlashlari kerak edi. Zero, bu adoqsiz ne'matlar yetishgan rizqu ro'zning shuk­ronasi bilan barobar va takrorlangan sari yombi oltin kabi yarqirab yurakka yo'l qidirishdan hech tolmaydi, binobarin. Ammo ko'p odamlarning bunga vaqtlari yo'q. Ertalabdan ish-yumushga shoshib,  farzandlar bilan gaplashishga tajang va diltang bo'lib turadilar. Farzand otamdan yo onamdan so'rayman deb diliga tukkan savoliga umrining oxirigacha ham javob ololmaydi. Vaqt shunchalar tang. Ammo farzandlar savollariga javob ola bilmasalar, vaqtning o'zining nima keragi bor, astag'firulloh!

“Ishonch telefoni” –  men uni hozirgi eng yangi kitob deb atagim keladi – shakl va boy mundarija e'tibori hamda zamonaviy ruhi bilan ayni shundoq! – Yozuvchi Xayriddin Sultonning biz shu yaqin yillar ichida o'qib mutaassir bo'lgan “Navoiy – 30”, “Odamlardan ting­lab hikoya” degan to'laqonli hikoyalar jild­larining ma'nan davomi desak ham bo'ladi. U kitoblar hamon qiziqib o'qilmoqda. Zamonaviy asarlarga juda qiziqadigan yoshlarning qo'lidan tushmayapti. XXI asr  kishilari va voqelik­larini haqqoniy va qiziqarli yoritgani bilan diqqat-e'tiborni tortmoqda.

Ammo… “Ishonch telefoni” – bu tamomila bosh­qacha, boshqacha eng yangi hissiyotlar, eng yangi so'zlar, eng yangi adabiyotning g'oyatda xarakterli namunasi. Zamonamizning xarakterli belgisi – Ishonch telefonlari davlat idoralarida, hukumat mahkamalari, vazirliklar, agentlik­lar, korrupsiyaga qarshi kurash tashkilotlari, banklar, hokimliklar – hammasi-hammasida bor, faoliyat ko'rsatib turibdi. Aholi, fuqarolar ular xizmatidan ancha savodxonlik bilan foydalanadi. Ularga murojaatlarda mamlakat va fuqarolarga tubdan tegishli rang-barang son-sanoqsiz masalalar ko'tariladi.

Fuqaroning nomi oshkor etilmagan holda, ular ko'targan masalalar idoralar va muassasalar oldiga qo'yiladi, yechimlar qidiriladi. Xayriddin Sulton odamlarning “Ishonch telefonlari”ga mana shunday murojaatlaridan badiiy shakl sifatida istifoda etadi. Aslida “Ishonch telefonlari”ga aytilgan gaplar ochiq-oshkor qilinmasligi kerak. Lekin yozuvchi bu murojaatlardan adabiyotda ko'p zamonlardan beri qo'llanib kelinadigan IZHOR VA IQROR sifatida foydalanadi. Bular esa badiiy adabiyotning eng o'qiladigan turlariga kiradi. Ayniqsa, buyuklar – Navoiy, Tolstoy, Balzak, Sveyglarning izhorlari mashhur.

Xayriddin Sultonning yangi qissasidan 28 ta izhor va iqror o'rin olgan. Ularda ayni zamonaviy hayotimizning g'oyatda rang-barang qirralari ifoda topgan. 28 ta arzi hol, 28 ta arzi dod, 28 ta arzi fazl, 28 ta arzi tiynat, 28 ta bir-biriga o'xshamagan fe'l-atvor, yevropacha usulda aytsak, 28 ta xarakter yarmarkasi. Shundoq, bu yangi qissa chin yarmarka, inson yarmarkasi. Axloqning yemirilishi, okean ko'piklariga aylanishi. Odam axloqi  nechuk bizning davrimizga kelib bunchalar tanazzulga tushib qoldi? Farzandlar ota-­onalarni, ota-onalar farzandlarni mensimay qo'ydi. Nechun ular orasidan muhabbat va qadr-qimmat, ayniqsa, oqibat tamomila ko'tarilib bormoqda? Tamsillar, tamo­yillar, sababiyatlar, zaruriyatlar g'oyatda ko'p, qator-qator. Eng qizig'i shundaki, ular faqat 28 hikoyat personajlari yoki qahramonlari desak ham bo'ladi, hayoti, a'molida emas, balki biz barcha zamondoshlarning hayotu a'mollarimizda ham o'z zuhurini ko'rsatmoqda. Bular o'zimiz guvoh bo'layotgan, baayni o'zimizning boshimizdan kechayotgan hodisalar, ularning turli-tuman evrilishlari. Ne so'z bilan ifoda qilaylikki, bularning bari har birimizga qadrdon bo'lib qolgan.

Biznes, ta'lim, bozor, pul, boyish, maishat, amal ketidan quvish, rang-barang qalloblik­lar, bosh-keti ko'rinmaydigan firibgarlik­lar, saroylar qurish, o'zini xorijga urish, xorijda axloqan fosh bo'lishlar, o'zini qashshoq-yo'qsil ko'rsatib marazmga berilishlar… Yozuvchi hikoya qilayotgan arzu izhorlarda bularning hammasi to'la va eng oxirgi darajada tomir urib turibdi. Yozuvchi bu 28 hikoyaning barchasiga ularning personajlari nomini qo'ygan: “Gulsara”, “Behro'z”, “Umid”, “Azlarova” va hokazo. 28 badiiy nom.

Mana, Gulsara. Bir ojiz, mushtipar, ammo yoshgina ayol. U “Ishonch telefoni”ga arzini ayt­yapti. Operator qiz Mohidil Ismatova eshit­yapti. Uning yuragi sabr-toqatga to'la. Gulsaraning arzi nima? U: “Uy-joy so'rab hokimiyatga borsam, hech kim arzimga quloq solmayapti”, dey­di. Uning yoshi o'ttiz birda, ayni kuch-quvvatga to'lgan, yetilgan payti. “Ikkinchi guruh nogironiman, ishga yaramayman”, deydi. U avtobus haydovchisiga turmushga chiqqan. Shar'iy nikoh o'qitgan, lekin qonuniy nikohdan o'tmagan. Erining oldingi oilasi, bola-chaqasi borligini keyin bilgan. Shu odamdan farzand orttirgan. Keyin “suvi qochgan”dan so'ng bu er uni tashlab ketgan va u yosh bolasi bilan ko'chada qolgan. O'zi topib er qilgani uchun qarindosh-urug'lari unga yordam bermay qo'yishgan, muomalalar uzilgan. Aliment undirishga nikoh qog'ozi yo'q. “Qo'limda na hunarim, na dip­lomim bor”, deydi. Operator “Ariza yozib kelsangiz, “Ayollar daftari”ga kiritishlari mumkin”, deydi. Lekin Gulsara: “Mayli, menga uy kerakmas, faqat erim har zamonda bo'lsa ham kelib bolalarimning holidan xabar olib tursa… Mazam yo'q, opajon, o'lib-netib qolsam, bu uchta norasida nima bo'ladi? Iltimos, yordam bering”, deydi.

Mana endi bir arzi dodning qisqa mazmuni bilan tanishganingizdan keyin so'zimizning boshida aytilgan hadisga qaytsak ham o'rinli. Bu sho'rlik yosh ayolning turish-turmushi bari boshdan-oyoq shubhali narsalar domiga ilingani, shubhali narsalarni hayot o'rnida qabul qilgani va ayol boshini o'tga tiqqani… Nahotki u shunchalar aqlsiz, tentak? Endi uchta norasida nima bo'ladi, deb qayg'uryapti va yordam so'rayapti. Kim endi unga yordam beroladi? Men inson tanazzuli deganda ana shu johillikni, jadid olim tili bilan aytganda, “jahli murakkab”­­ni nazarda tutgan edim.

Holbuki, XXI asr! Kitobda bizning mana shu oldimizda turgan kunlarimiz haqida gap ket­yapti. Odatda, hayotda nima bo'lyapti, deymiz. Inson ko'z o'ngimizda tanazzulga uchrayapti. U o'ziga ham, o'zi yashayotgan hayotga ham to'g'ri baho berolmaydi. Yaxshi-yomonni to'rtinchi sinf bolasi darajasida ham to'g'ri ajratolmaydi.

Yaxshi-yomonni, to'g'ri-noto'g'rini, egri-qalbakini, chin-yolg'onni, haq-nohaqni to'g'ri ajratolmaslik, ko'zbo'yamachilik, qallobliklar bosh­­qa 27 ta hikoyat qahramonlarining iqrorlarini axloqan yuztuban ketish kabi baholashga olib boradi. Inson tabiatni, suvni, musaffo havoni, Yer yuzidagi Xudo tomonidan ato etilgan omonlikni, omonlik makonlarini, dengizlar, okeanlar, daryolar, ko'llarni asrash va toza saqlashga o'ta ojizlik qilmoqda. Ojizlik o'z-o'zidan tabiiy ravishda uning shaxsiy hayoti, fe'l-atvorida ham o'z aksini to'la namoyon etmoqda. Tabiatni asrab yashamagan odam o'zini, ichki ruhoniy dunyosini sog'lom saqlay olmaydi. Bular hammasi bir-biri bilan chambarchas bog'lanib ketgan. “Halol ham, harom ham aniqdir” deyiladi yana muqaddas hadislarda. Yeru zaminga nisbatan buzg'unchilik yo'liga kirganlar hech qachon sog'lom va farovon, haq va adolatli bo'lolmaydilar.

Bu hikoyalarning barchasini yuragimiz beorom titrab o'qiymiz. Najot bormi, deymiz. Najot qidiramiz. Umumnajot hayot, inson, tabiat haqida umumto'g'ri tushunchaga ega bo'lishda. To'g'ri tushunchali odam yanglishmaydi, aldanmaydi, har qanday firibgar nayrang­larining avra-astarini ag'darib tashlaydi va to'g'ri najotkor yo'lga soladi insonlarni. Global asrimizda insoniyat hayoti va taqdirida global ijtimoiy kasalliklar yuzaga chiqmoqda va avj olmoqda. Bu kasalliklarning hammasi o'ta achchiq, o'ta zaharli. Ammo butun insoniyat sidqidildan urinsa, ularga davo topadi.

Xayriddin Sulton hikoyalarini birma-bir tahlil qilishga yuragim chidamaydi. Ular kelajakdagi juda og'ir ma'naviy-ruhiy va tabiat kataklizmlaridan darak bermoqda. Bu hikoyalar ko'piklar ustiga ko'piklardan siyoh yasab yozilmagan, hech narsa ko'pirtirilmagan, hayotda qanday bo'lsa shunday, faqat adabiyot ogohlantirmoqda. Hatto bu sodda taxlit hi­koyalarni jurnalistik hikoyalar deyish ham mumkin. Ularda jurnalizm elementlari kuchli namoyon bo'lgan. Bu jurnalizm usuli juda ta'sirli. Nochorlikka chora izlaydi. “Ishonch telefoni” hikoyalari va ular kompozitsion qurilmasidan yaxlit tus olgan badiiy qissa zamondoshlarga g'oyat yaqin, zamondoshlar bilan dardlashish maqsadida yozilgan. Bu o'ta intim hikoyatlar bizni o'z voqealari va iztiroblarining ishtirokchisiga, musohibga, taqdirdosh, zamindoshga aylantiradi. G'aflatda qoldim, deb nochor ko'z yoshi to'kib o'tirish ish emasligini yuragimizga dardli tomchilari bilan singdiradi.

Yozuvchi 28 ta ijtimoiy xavfli kasallikni mohir jarroh kabi ochib ko'rsatadi. Adibga tinch­lik bermagan bu hayotiy-ijtimoiy voqealar o'quvchini ham bezovta qiladi. Uni yon-at­roflariga sergak nazar tashlashga, hech narsaga befarq bo'lmaslikka chaqirayotganday bo'ladi. Yana bir qaraganda bu alamli voqealarga hech kim hakam bo'lolmaydiganday ham tuyuladi. “Bugun hayot boshqa, qarashlar boshqa, – deydi “Qodir” degan hikoyatning qahramoni, – dunyoni o'zgartirolmaysan”. Boshqa bir hikoyatning qahramoni Oygul nikohsiz orttirgan bolasini “kasofat” deb ataydi. O'z tuqqan bolasini kasofat deb atashga majbur bo'lib qolgan bu ayol – kasal dunyo timsoli. U tamomila bekorchi narsalar ichida yashab shu holga tushmadimi? Nahot shu ko'rgilik ham biz – sog'larni ogohlikka chaqirmaydi?

Asar oxirlar ekan, “Ishonch telefoni” operatori ajoyib, mehribon mutaxassis qiz Mohidil Ismatovaning qayg'uli taqdiri ham boshqa personajlar taqdirlari bilan zamon  fojialari jabhalarida mutanosib tarzda tutashib ketadi. “Eh, ko'zim ko'rmagan bo'lsa edi” deydi orif sinchkov kitobxon.

Asarning “Ishonch yorliqlari” deb nomlangan ikkinchi bo'limiga kirgan, adib bizning kunlarimizda yaratgan badialar uning hayot to'lqinlari, o'ylari, iztiroblari, izlanish­lari, havaslari bilan tabiiy tarzda chambarchas bo'lib ketadi. Muallif o'zi tanigan, yaxshi bilgan, hamkorlik qilgan, birga xizmatda bo'lgan taniqli olimlar, shoirlar, tarjimonlar, mualliflar haqida hikoya qilarkan, bu badialarni xuddi yozuvchining tarjimai holi kabi o'qiymiz. Adib o'ziga ta'sir ko'rsatgan ilm, san'at hodisalarini jonli lavhalarda, jozibali hikoya qiladi. Ular adibning badiiy ijodi xususiyatlari, o'ziga xosliklarini, estetik qarashlari, farosati qirralarini chuqurroq tushunish, belgilashga yordam beradi.

Ibrohim G'AFUROV,

O'zbekiston Qahramoni.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − twelve =