Olis bo'ldi men ko'zlagan manzillar

Yahyoxon FAYoZ

Muallif haqida:

Yahyoxon Fayoz (Mahmudov) — 1988 yil Boysun tumanida tug'ilgan. O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutini tamomlagan. “Baxtimizning zar tumorlari” nomli  she'riy kitobi nashr etilgan.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

 

KO'NGIL…

Ko'ngil taraflarga…

Usmon AZIM

Atirgulni almashib bo'lmas

Iforsiz gul yo alaflarga.

Dilim yonar, bevafo kelmas

Ko'ngil taraflarga…

 

Bir bor kelgin, kelmasang bo'lmas,

Ko'zyosh to'lar, yuragim to'lmas,

Mehr demish qadamingni bos

Ko'ngil taraflarga…

 

Topganlarim firoq bo'ldi,

Manziling xo'p yiroq bo'ldi,

Istaklaring so'roq bo'ldi,

Ko'ngil taraflarga…

 

Rashkim tomon manziling bor,

Ashkim tomon manziling bor,

Ishqni ko'mgin sharaflarga,

Kelgin ko'ngil taraflarga!..

 

OTA

 

Ota, ko'rmagandim sochingda oqlar,

Balki ulgurmagan tushmoqqa oqlar.

Chalg'itdi orzular, aldadi bog'lar,

Ko'nglimdek tosh yo'lda toldi oyoqlar.

Ota, sog'inchlarga to'lib yashayapman.

Tirikman, har lahza o'lib yashayapman.

 

Har sahar ko'zlaring giryon kutarding,

Ayt, bu sog'inchlarni qanday ko'tarding?

Bilaman, dardlaring bo'g'zingda qolgan,

Jimgina kutarding, g'amlar yutarding.

Shul g'amlar ko'yida tolib yashayapman.

Bardoshim yetmaydi qolib yashayapman.

 

Boshim pana edi, boshpanam eding,

Yo'llarim charog'on mash'alam eding.

O'zdan boshqa dardim yo'q edi mening,

Duogo'yim eding, sen malham eding.

Ota, suratingga boqib yashayapman.

Qara, ko'zyoshimga oqib yashayapman.

 

Armonlar ipida qolgan bandiman,

O'zni eplolmagan telba andiman.

Asradim o'zimni, asradim dilni,

Men shunday notavon so'qir bandaman.

Ota, saratonda qotib yashayapman.

Umrimni arzonga sotib yashayapman.

 

Ko'rgan tushlarimni suvlarga aytib,

Ko'nglimning ka'basi – qishloqqa qaytib.

Izlaring qo'msayman, ising qo'msayman,

Yo'llarda kezaman devona, daydib.

Yurakni chokidan sitib yashayapman.

Sen tomon manzilim kutib yashayapman.

 

KELDIM-A…

 

Olis bo'ldi men ko'zlagan manzillar,

Shamol kabi yugurdim-a, yeldim-a.

Rostga ko'chdi men o'ynagan hazillar,

Sevgim, seni sog'iniblar keldim-a!

 

Yo'lim to'sdi qovjiragan xazonlar,

Yo'lim kesdi qancha narxi arzonlar,

Sochlarimga qo'nib-qo'nib mezonlar,

Sevgim, seni sog'iniblar keldim-a!

 

Oy to'lishdi, tinglab-tinglab dardimni,

Yulduzlarning hasratdoshi bo'ldim-a.

Bir o'zingda baland ko'rib qadrimni,

Sevgim, seni sog'iniblar keldim-a!

 

Kechib bo'lmas, unutib ham bo'lmagay,

Oshiq o'lar, muhabbati o'lmagay,

Qaytaverdim yuragingdan so'ramay,

Sevgim, seni sog'iniblar keldim-a!

 

Gaplarim ko'p, lek qandayin aytaman?

Savollardan ketolmadim ildam-a.

Men yoningga she'rlarimda qaytaman,

Sevgim, seni sog'iniblar ketdim-a!

 

SURXONDARYo

 

Qishin-yozin oftob yelkang jimirlatar,

Saratonda shovqin solib oqqan daryo.

Sog'inchlari so'zga sig'mas, jim yig'latar –

Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

 

Manglayiga termiziylar bitgan diyor,

Alpomishin yetti yillab kutgan diyor,

Moziydan so'z – ilmu hikmat tutgan diyor,

Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

 

Doim dalam, deya shoshgan dehqon bobo,

Maysa kabi nurlar emgan cho'pon bobo,

Kelisida ming armoning tuygan momo,

Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

 

Bor hayoti oqshomgacha zahmat og'am,

Taqdiriga mudom ko'ngan jo'mard og'am,

Elkasiga oftob ingan kelbat og'am,

Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

 

Alloh azal ne'mat bilan siylagan yurt,

Baxshilari  ta'rifidan so'ylagan yurt,

Farzandlari  tinchligini o'ylagan yurt –

Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo.

 

Toy-toy bo'lib ilk bor izim botgan tuproq,

Olis ketsam, meni intiq kutgan tuproq,

Azizlarim, otam-onam yotgan tuproq,

Surxondaryo, Surxondaryo, Surxondaryo!

 

KEChIRGIN, SEVGIM

 

Dilda so'nmas muhabbat haqqi,

Anduhlarni o'chirgin, sevgim.

Men g'aribni dildagi ahdi,

Oshig'ingni kechirgin, sevgim.

 

Dardlaringa bo'lmasam darmon,

Ba'zan-ba'zan ranjitsam yomon.

Arazlamay topib bir imkon,

Oshig'ingni kechirgin, sevgim.

 

Ha, esimda gullar tutganim,

Visolingga ash'or bitganim,

Men telbani shu yupatganing,

Oshig'ingni kechirgin, sevgim.

 

Samolardan topgan yulduzim,

Tanhoginam, yakka-yolg'izim,

Dilda alam, bo'g'zimda bo'zim,

Oshig'ingni kechir, sevgilim.

 

Ishqqa vafo qilganmi ochun,

Barchasi haq, barchasi oh, chin,

Seni jondan sevganim uchun,

Oshig'ingni kechir, sevgilim.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + twelve =