Yillar va manzillar osha

Ne yerda bo'lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,

G'aribingg'a tarahhum aylagilkim, andijoniydur!

Zahiriddin Muhammad Bobur

Yer yuzining qaysi hududida yashamaylik, qaysi tilda so'zlashmaylik, sof niyatli, taraqqiyparvar barcha insonlarni yagona bir maslak, oliyjanob bir g'oya birlashtirib turadi. Bu tuyg'u — bizning ilm-fan, adabiyot va san'atga, ezgulikka bo'lgan ixlosimiz, muhabbatimizdir. Xususan, Bobur mirzoning ilmiy-ijodiy merosi hammamizni shu yo'lda jipslashtirib, ulug' ajdodimizdan qolgan o'lmas ma'naviy merosni yanada chuqur tadqiq va targ'ib etishga chorlaydi.

Aynan shunday hissiyot “Ahbob, yig'ilmoqni farog'at tutingiz!” deya barchamizni do'stlik va hamkorlikka, xayrli amallarga da'vat etgan Mirzo Bobur hazratlarining bebaho o'gitlariga g'oyat monand va hamohangdir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda boburshunoslik sohasini rivojlantirish, umuman, buyuk bobolarimizning ilmiy-ma'naviy merosini teran o'rganish va ommalashtirish bilan bog'liq katta ishlar bevosita Davlatimiz rahbarining tashabbuslari va qo'llab-quvvatlashlari bilan amalga oshirilayotganini alohida ta'kidlash lozim. 2023 yil 25 yanvar kuni imzolangan “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi tarixiy qarori uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga Bobur mirzoning barcha ixlosmandlari nomidan samimiy minnatdorchilik bildiramiz. Unda belgilangan tadbirlar, amalga oshirilajak qutlug' ishlar buyuk tariximizni yanada yorqinlashtiradi, qalblarga iftixor bag'ishlaydi, xalqimizni ulug'lashga xizmat qiladi.

Prezidentimizning har gal Andijon viloyatiga tashriflari davomida biz u kishining Bobur mirzo siymosiga bildirgan yuksak hurmat va e'tiboriga guvoh bo'lamiz.

Bobur mirzoning ilmiy, ijodiy va harbiy merosi Sharqu G'arbda birdek mashhur ekani, XVI asrdan boshlab to bugungi kunga qadar yer yuzidagi yuzlab olim va adiblar bu ulug' shoir va mutafakkir ijodiga muntazam murojaat etib kelishayotgani, uning asarlari ingliz, yapon, arab, nemis, hind, fransuz, golland, urdu, rus, uyg'ur, qozoq, qardosh qoraqalpoq va boshqa ko'plab xorijiy tillarga qayta-qayta tarjima qilinayotgani, albatta, bejiz emas. Xususan, ilm-fan sohasida benazir bo'lgan memuar asar “Boburnoma”ning italyan tilidagi go'zal nashri kitobxonlar e'tiboriga havola etilgani, “Boburnoma” asarining qoraqalpoq tilidagi tabdili ham qaror doirasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga misol bo'la oladi.

Mirzo Boburning ilmiy-ijodiy merosi ulkan, davlatchilik va sarkardalik faoliyati alohida maqomga ega.

Qarorda ko'rsatilganidek, bu borada xalqaro miqyosda izlanishlar uyushtirish va ularning natijalarini e'lon qilish hamda keng jamoatchilikka tanishtirish zarur qadamlardandir.

Avvalo, qaror ijrosini to'la ta'minlash uchun qisqa muddatda fondning chora-tadbirlar dasturi aniq rejalar asosida ishlab chiqildi va bu o'z nav­batida yil davomida samarali ishlashga zamin yaratdi. Qarorda fond uchun ham muhim vazifalar belgilangan. Zero, fondning oldiga qo'ygan maqsadlari qarordagi vazifalar bilan mushtarakdir.

Bobur mirzo va boburiylar hayoti hamda faoliyatini targ'ib qilish, ular qoldirgan ilmiy-madaniy merosni izlab topish, noyob qo'lyozma asarlar, Boburiylarga taalluqli madaniyat boyliklarini aniqlash, yurtimizga olib kelish borasida bugungacha qilingan ishlarni yanada kuchaytirishga sharoit yaratildi.

“Bobur ensiklopediyasi”ning o'zbek tilidagi yangi, to'ldirilgan uchinchi nashri hamda uning rus va ingliz tillaridagi nashrlarini tayyorlash, “Bobur” kitob-albomi, shuningdek, Bobur asarlari lug'ati, Bobur devonining mukammal nashrlarini tayyorlash hamda “Boburnoma” asarining zamonaviy o'zbek va qoraqalpoq tillaridagi tabdilini yaratish ishlariga respublikaning yetuk olimlari, ijodkorlarini jalb qilish, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga bag'ishlangan yuqori sifatli media mahsulotlar hamda video­filmlar, ekspeditsiya faoliyatiga oid film va ko'rsatuvlarni televidenie orqali yoritib borish, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ'ib etish, mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan o'zbek, rus, ingliz tillarida faoliyat yuritadigan xalqaro ilmiy boburshunoslik elektron platformasi va uning mobil ilovasini yaratish, “Bobur merosi” xalqaro sayyohlik targ'ibot dasturini amalga oshirish haqida topshiriqlar berilgan edi.

Bobur mirzo siymosini abadiylashtirish va uni munosib e'tirof etish maqsadida, avvalambor, hukumatimiz rahbarining topshirig'iga ko'ra Andijon viloyati hokimligi bilan hamkorlikda 2023 yil 14 fevral kuni Bobur mirzo tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotidagi o'rni” mavzusidagi xalqaro anjuman o'tkazildi. Xalqaro anjumanda respublikamizning taniqli boburshunos olimlari bilan bir qatorda Amerika Qo'shma Shtatlarining Michigan universitetidan professor Temur Xo'ja o'g'li, Shvetsiyadan professor Shar'iy Juzjoniy, Ozarbayjonning Boku davlat universitetidan professor, boburshunos olim Ramiz Asker, Turkiyadan professor Bilol Yujel, Qozog'istondan boburshunos olim Islom Jemeney, Qirg'izistondan taniqli adib va yozuvchi Begijon Ahmedov kabi yetuk olimlar qatorida Eron Islom Respublikasining O'zbekis­tondagi elchixonasi madaniyat bo'limi rai­­si janob Amir Sayid Karamiy, Hindiston davlatining O'zbekistondagi elchixonasi madaniyat markazidan janob Rajiv Gosvami va janob Sitesh Kumar va boshqa nufuzli mehmonlar o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Anjuman doirasida “Asrlar uzra porlagan siymo” konferensiya materiallari to'plami chop ettirildi.

Anjuman davomida professor Islom Jemeney tomonidan amalga oshirilgan “Boburnoma” asarining qozoq tilidagi tarjimasi, Hindis­ton madaniy markazining sobiq rahbari Chander Shekxar tomonidan nashrga tayyorlangan “O'zbekis­ton hududidagi Hindistonga oid madaniy yodgorliklar”, ozarbayjonlik sharqshunos olim Ramiz Askerning “Alisher Navoiy lirikasi”, “O'zbek adabiyotining tadqiqlari”, “Besh risola” kitob­lari, britaniyalik adabiyotshunos Kerol Yermakova tomonidan ingliz tiliga o'girilib, nashr qilingan Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar. Bobur” romani, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi boshqaruvi raisi Botir Ubaydullayev tomonidan filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanovaning “Boburnoma” — til qomusi” kitobi, filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabovaning “So'zlar bilan so'zlashuv” asari, qishloq xo'jaligi fanlari doktori, professor Dilorom Yormatovaning “Jahon Oro begim yoki Sohibat-az-Zamona”, “Marmarga bitilgan sevgi” kitoblarining taqdimotlari ham anjuman doirasida bo'lib o'tdi.

Shuningdek, anjuman davomida boburshunoslik ilmining rivojlanishiga katta hissa qo'shib kelayotgan bir guruh olimlar Bobur nomli xalqaro jamoat fondining faxriy yorliqlari va qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandilar.

Anjuman so'ngida Amerika Qo'shma Shtatlaridagi Michigan universiteti professori Temur Xo'ja o'g'li bilan fond o'rtasida jamoatchilik asosida Amerika bo'limi tashkil etilib, o'zaro ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan kelishib olindi hamda har ikkala tomon o'rtasida kelishuv memorandumlari imzolandi.

Shuningdek, qaror ijrosini ta'minlash maqsadida Andijondagi “Bobur va jahon madaniyati” kitob muzeyida fond tomonidan “Bobur mirzoni anglash” mavzusida Boburning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag'ishlangan asarlarning qo'lyozma va nashr nusxalari ko'rgazmasi o'tkazilib, kitoblar ko'rgazmasi doirasidagi yosh ijodkorlar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda fond vakillari bilan birga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi, Ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo'limi, O'zbekis­ton Badiiy akademiyasi viloyat bo'limi, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi xodimlari ishtirok etib, mavzu doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi rejalar borasida fikr almashdilar.

Qarorning 10-bandida ta'kidlangan vazifaga asoslangan holda Bobur nomli xalqaro jamoat fondi tomonidan Xalqaro boburshunoslik elektron platformasini yaratish ishlarini amalga oshirishga kirishilib, tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimov rahbarligidagi jamoa shakllantirildi. Jamoaning har bir ishtirokchisining vazifalari aniq taqsimlanib, ilmiy-ijodiy guruhning Xalqaro boburshunoslik elektron platformasini yaratish to'g'risidagi loyihasi vazifalarini bajarish vaqti shartnoma imzolangan 1 iyun sanasidan so'ng to'rt oy muddatni tashkil etishi belgilab olindi. Ayni paytda Andijon viloyati hokimligining bevosita qo'llab-quvvatlashlari bilan Xalqaro ilmiy boburshunoslik elektron platformasini yaratish ishlarining 1-bosqichi muvaffaqiyatli nihoyasiga yetkazilgan bo'lib, platforma www.baburid.uz domeni bilan faoliyat yuritmoqda.

Platforma va uning mobil ilovasi yaratilishi nafaqat Bobur mirzo ixlosmandlari, boburshunos olimlar va tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyatlarga yo'l ochadi, balki internetning o'zbek tilidagi ilmiy segmentini yanada boyitishga ham xizmat qiladi, deyish mumkin. Platforma ishchi guruhi o'z oldiga ulkan maqsadlar qo'ygan.

Bobur mirzo asarlari bilan dunyoning turli burchaklaridan turib tanishish davlatimizning obro'-e'tibori yanada yuksalishiga, uch tilda yaratilayotgan Bobur ensiklopediyasi va xalqaro ilmiy boburshunoslik platformasi Bobur hayoti va faoliyatini, uning ijodiy merosini jahonga targ'ibu tashviq qilishda kuchli vosita bo'lib xizmat qiladi. Fond ushbu Xalqaro boburshunoslik elektron platformasi ilmiy bazasining qamrovini yanada kengaytirishni maqsad qilarkan, platformani muvaffaqiyatli tarzda yakunlash va uning mobil ilovasini yaratish bizning oldimizda turgan eng muhim vazifadir.

Fond tomonidan shu kungacha Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi safarlari davomida qo'lga kiritilib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi eskponatlari qatoridan o'rin olgan noyob manbalar ilmiy iste'molga kiritib borilmoqda.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi Rossiya Fanlar Akademiyasining Turkshunoslik ins­tituti bilan ilmiy hamkorligini davom ettirib, Bobur mirzoning tarixiy va ijodiy merosini ilmiy nuqtai nazardan tahlil etish, tizimga solish, izohlar bilan ta'minlash va targ'ib etish maqsadida 5 jildlik “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar to'plami” arab­shunos olim Shokirxon Rustamxo'jayev tomonidan nashrga tayyorlanib, Bobur mirzo tavalludining 540 yilligi munosabati bilan nashrdan chiqarilgani yana bir yutuqlarimizdan biridir. Muharrir Vahob Rahmonovning so'zi bilan aytganda, ushbu besh jildlik qomusiy bibliografiyani “jahon boburshunosligi qomuslari” deb atash mumkin. Zero, bunda asosan Markaziy Osiyo, Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Ozarbayjon, Yaponiya, Misr, Eron, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, AQSh va qisman Hindiston boburshunoslarining maqolalari jamlangan.

Xususan, Bobur mirzo tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Boburnoma” asarining zamonaviy o'zbek tilidagi tabdili taniqli boburshunos olimlar Vahob Rahmonov va Karomat Mullaxo'jayevalar tomonidan qayta nashrga tayyorlanishi, yosh va umidli olima Elmira Hazratqulovaning “Bobur — adabiyotshunos” nomli monog­rafiyasi nashrlari ham shular jumlasidandir.

Bobur mirzo ijodining muxlisi bo'lgan dunyo­dagi barcha do'stlarimiz tomonidan adabiyot, san'at, ilm-fan va madaniyat ayyomi sifatida o'tgan yil davomida nishonlangan qutlug' sana — Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi qizg'in nishonlandi. Prezidentimizning tarixiy qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida Qo'qon universiteti tomonidan “Xalqaro Boburshoh” mavzuidagi ilmiy-amaliy konferensiya 2023 yil 13-14 aprel kunlari, Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o'rni” mavzuidagi ilmiy-nazariy anjuman 2023 yil 25-26 sentyabr kunlari, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatrida adabiy-ma'rifiy kecha esa 30 oktyabr kunlari o'tkazildi.

O'tgan 31 yillik davr ichida Fond va ilmiy ekspeditsiya nihoyatda samarali faoliyat yuritdi.

Yuqorida aytilgan ishlarni amalga oshirishimiz barobarida Bobur mirzo asarlari yetib borgan, ammo biz yetib borolmagan ko'p manzillar hali borligiga amin bo'lmoqdamiz. Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bu ulug' zot qoldirgan ilmiy-ijodiy merosni o'rganish borasida istiqbolli rejalarni amalga oshirish bilan bog'liq sa'y-harakatlarini davom ettiraveradi.

Zokirjon MAShRABOV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + nine =