“Yaxshi kishi ko'rmagay yomonliq hargiz…”

Turfa madaniyat va din vakillari o'rtasida o'zaro totuvlik hamda bag'rikenglik muhitini ta'minlab, Hindiston yarimorolida o'z davrining eng buyuk markazlashgan davlatlaridan biriga asos solgan Boburiylar sulolasi jahon tarixida o'chmas iz qoldirgan. Bugungi kunda ushbu sulola haqida so'z ketganda, hindlar boburiylarni ona yurtini bosib olgan bosqinchi emas, balki ichki kurashlar botqog'iga botib, mayda davlatlarga bo'linib ketgan, milliy va diniy asosdagi nizolar avj olgan mamlakatni birlashtirib, hind xalqining qudrati va madaniyatini yuksaltirgan sulola sifatida eslaydilar. Jumladan, Hindistonning birinchi bosh vaziri Javoharla'l Neru boburiylarning mamlakat madaniy taraqqiyotiga ko'rsatgan ijobiy ta'siri haqida “Bobur Hindistonga kelganidan keyin katta siljishlar yuz berdi, yangi rag'batlantirishlar hayotga, san'atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-biriga tutashib ketdi”, degan iliq fikrlarni bildirgan.

Bobur Hindistonga kelganidan keyin katta siljishlar yuz berdi, yangi rag'batlantirishlar hayotga, san'atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-biriga tutashib ketdi.

Javoharla'l Neru

Temuriylar sulolasining yorqin namoyandasi, nozikta'b shoir, mohir lashkarboshi va yirik siyosiy arbob Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan davlat boshqaruvi avvalboshdan adolat, ijtimoiy-diniy tenglik, ilm-fan va ma'rifat ustiga qurilgan edi. Hukmronlik yillari siyosiy jihatdan tarqoq bo'lgan Hindistonni birlashtirish yo'lida kechgan suronli kurash va siyosiy voqeliklarga boy bo'lganiga qaramasdan, ilmiy-adabiy faoliyat bilan ham shug'ullanishga vaqt topa olgan Bobur o'z atrofiga o'sha davrning ko'zga ko'ringan eng ilg'or olimlari, shoiru adiblari, ulamolari, me'morlari hamda san'atkorlarini jamlab, ularga homiylik qildi va shu tariqa keyinchalik mamlakat taraqqiyotida muhim rol o'ynagan ilmiy-madaniy muhit yaratishga muvaffaq bo'ldi. Bu esa, garchi umrining katta qismi turli qiyinchiliklar, ziddiyatlar, mashaqqatli safarlar hamda jangu jadallar bilan o'tganiga qaramasdan, Boburning ilm-fanni sevadigan, san'at va adabiyotni teran tushuna oladigan nozik qalb egasi bo'lganini ko'rsatadi. Uning Vatan sog'inchi hamda boshqa mavzularga oid lirik she'rlari, g'azal va ruboiylarini mutolaa qilgan odam ham bunga amin bo'ladi.

Boburning ilmiy-ma'naviy merosida uning turkiy tilda yozilgan shoh asari — “Boburnoma” alohida ajralib turadi. Bobur tilidan go'zal badiiy uslubda bayon qilingan ushbu asar Movarounnahr va Hindiston tarixiga oid muhim etnografik, geografik va boshqa ma'lumotlarni beruvchi muhim ilmiy-tarixiy manba bo'lishi bilan birga, o'zbek adabiyotining eng nodir durdonalaridan biri hamdir. XVI asrda fors tiliga tarjima qilinib, Sharq olamida keng shuhrat qozongan “Boburnoma” XVIII asrga kelib, G'arb sharqshunoslarining ham asosiy tadqiqot ob'yektlaridan biriga aylandi. Jumladan, gollandiyalik tadqiqotchi Nikolaas Vitsen 1705 yilda birinchilardan bo'lib ushbu asarni golland tiliga tarjima qildi. Shundan keyin “Boburnoma” bir necha marta Yevropa tillariga, jumladan, 1826 yilda ingliz tiliga, 1871 yilda fransuz tiliga, 1942 yilda rus tiliga hamda 1940 yilda turk tiliga tarjima qilindi. Asarni o'rganish yuzasidan hozirgi kunda ham izchil izlanishlar davom ettirilayotganini alohida ta'kidlab o'tish zarur.

Asarning o'ziga xos xususiyati shundaki, unda muallif tomonidan o'ta ravon va samimiy bayon uslubi tanlangan. Ingliz sharqshunosi Mauntstyuart Elfinston Boburning “Boburnoma” asaridagi badiiy uslubi haqida to'xtalib, “Uning shaxsiy his-tuyg'ulari har qanday mubolag'adan yoki pardalashdan xoli, uslubi oddiy va mardona, shu bilan birga jonli va ifodali. O'z zamondoshlari biog­rafiyasini, ularning qiyofalari, urf-odatlari, intilishlari, qiziqish va an'analarini ko'zguda aks etgandek ravshan tasvirlaydi. Bu jihatdan “Boburnoma” O'rta Osiyodagi yagona chinakam tarixiy tasvir namunasidir”, deb yozadi. Haqiqatan ham, o'zi bilan sodir bo'lgan voqea-hodisalarni tasvirlar ekan, Bobur ularga ulkan bir davlatning hukmdori sifatida emas, balki jarayonlarning oddiy ishtirokchisi sifatida yondashadi. O'zini ulug'lashdan qochib, voqelikka xolis baho berishdan, yo'l qo'ygan xato va kamchiliklarini ochiq e'tirof etishdan tortinib o'tirmaydi. Bu esa Boburning haqiqatan ham dilbar shaxs bo'lganini yana bir marta tasdiqlaydi.

Bobur o'zbek adabiyoti rivojiga, xususan, uning jahonga tanilishiga bebaho hissa qo'shgan. Shu bilan birga, u islom fiqhi va boshqa sohalarga oid asarlar ham yozgan. Jumladan, uning 1522 yilda o'g'li Humoyunga atab yozgan “Mubayyin” nomli asarida shariatga ko'ra soliq yig'ish tartib-qoidalari va miqdorlari nazmiy uslubda bayon etilgan. Bundan ma'lum bo'ladiki, Bobur islom ilmlari, xususan, fiqh va tasavvuf ilmlaridan ham yaxshi xabardor bo'lgan. Bobur va boburiylarning sa'y-­harakatlari natijasida Hindiston musulmonlari orasida hanafiy-moturidiylik ta'limoti keng quloch yozdi. Mamlakatdagi madrasalarning ta'lim tizimiga movarounnahrlik allomalardan Burhoniddin Marg'inoniyning “Hidoya”, Abul Yusr Pazdaviyning “Usul ad-din”, Abul Barakot Nasafiyning “al-Manor”, Ubaydulloh ibn Mas'udning “Sharh al-viqoya” asarlari asosiy darslik sifatida kiritildi. Boburiylar tomonidan tamal toshi qo'yilgan ushbu bog' bugungi kunda ham o'z mevasini berib, Hindiston diyo­­ri musulmon olamiga yetuk hanafiy olimlarni yetishtirib bermoqda.

Bugungi kunda yurtimizda Bobur siymosiga munosib ehtirom ko'rsatilib, uning hayoti va ilmiy-adabiy merosini chuqur o'rganish, uni jamoatchilikka keng targ'ib qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O'zbekis­ton Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to'g'risida”gi qarori asosida bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Boburning yoshlik davriga bag'ishlangan “Yo'lbarsning tug'ilishi” badiiy filmi ekran yuzini ko'rdi, uning hayoti va ijodiga doir o'zbek, rus va ingliz tillaridagi “Bobur ensiklopediyasi”ning to'ldirilgan uchinchi nashri, “Bobur” kitob-albomi, Bobur asarlari lug'ati, Bobur devonining mukammal nashri chop etildi.

Bobur hayotiga nazar soladigan bo'lsak, uning doimo atrofdagilarga yaxshilik ulashgani, davlat boshqaruvida adolat tamoyillariga qat'iy amal qilgani, o'zidan faqat yaxshi nom qoldirganiga guvoh bo'lamiz. Uning ruboiylaridan birida “Yaxshi kishi ko'rmagay yomonliq hargiz” deb o'rinli ta'kidlanganidek, bugungi kunda butun dunyo ahli uning yaxshiliklariga javoban, unga nisbatan alohida hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo'ladi, uning g'azal va ruboiylari zavq bilan sevib mutolaa qilinadi, asarlari jahonning turli tillariga qayta-qayta tarjima qilinadi, unga atab badiiy asarlar, ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi.

Aziz TAJIYEV,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot

markazi direktori

o'rinbosari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × one =