Boshqa yo'l yo'q-ku!
XXI asr — axborot texnologiyalari asri. Xo'sh, zamonaviylik deganda, haqiqatan ham televizor, telefon, kompyuter, internet olami va turli elektron o'yinlariga mukkasidan ketish tushuniladimi? Bolasi yig'lagan vaqtda unga yegulik va mehr berib, tariximiz, qadriyat, urf-odatlarimiz haqida ertaklar aytib berish o'rniga, uni “ovutish” maqsadida telefon berib qo'ygan “ONA”lar zamonaviy insonlar hisoblanishadimi? Biz bugun kimlarni tarbiya qilishni xohlaymiz? Kelajak avlodni vatanparvar, o'z tarixi bilan faxrlanadigan, milliy qadriyatlarini himoya qiladigan kishilar bo'lib yetishuvini xohlayapmiz-u, lekin ularga bizning urf-odat, qadriyatlarimiz nimalarda aks etishini o'rgatishga kelganda esa… “ortiqcha vaqtimiz yo'q”.
Uzr, lekin ba'zi insonlarning shu holatini dengiz toshbaqalariga o'xshataman. Dengiz toshbaqalari bir orolga chiqib tuxumlarini qo'yisharkan va ushbu qirg'oqqa qaytishmas ekan. Mitti toshbaqachalar ko'zlarini ochishi bilanoq hayot sinovlariga duch kelishadi, dengizgacha yetib borishlari kerak. Televizorda ko'rgandim. Ajoyibotlar olami haqidagi ko'rsatuvdan. Tuxumdan chiqqan jajji toshbaqalarning ko'pi dengizga — xaloskor hayotga yetib borisholmaydi. Chunki dengiz qirg'og'idan ummongacha ancha masofa bor. Yetib borgunlaricha ularni ov qiladigan qushlar bor… Shu boisdan ham ularning ko'pchiligi bu dunyoni juda erta tark etishadi. Biz ham tom ma'noda yoshlarning dunyodan ajralib qolishiga, ma'naviy jihatdan halok bo'lishiga bilib-bilmay e'tiborsiz, loqayd yashayotganga o'xshaymiz.
Bolalik. Erta tongdan onalarimiz pishirgan tuxum, sutli quymoq kabi nonushtaning yoqimli isidan uyg'onib, apil-tapil ovqatlanib ko'chaga qarab yugurish. Chillak, happak, solay-solay, varrak uchirish, merganlik o'yinlaridan tortib quvlashmachoq, arg'imchoq uchish, o'rtaga tush va koptokli o'yinlardan so'ng, kech tushgach, berkinmachoq o'yinlarini o'ynab bo'lishgandagina onalarining qistovlari-yu otalarining dashnomlari bilan uyga kirish. Bir kunda barcha o'yinlarni o'ynab ulgurganlarini ota-onalariga maqtanish. Bolalik, beg'uborlik tabiatning bolalar uchun hadya etgan ajib tuhfasidir. Uni zamonaviylik niqobi ostiga berkitib yo'q bo'lib ketishiga yo'l qo'ymaylik, aziz ota-onalar, kattalar, deya hayqirgim keladi.
Ha, xalqimizda “bola bo'lsa, sho'x bo'lsin!”, “bolaligim — poshsholigim” degan naqllar, gaplar bor. Lekin bolalik faqat o'yinqaroqlikdan iborat emas. Aytishlaricha, odam bolasi 7 yoshgacha o'rgangani butun umri davomida asosiy poydevor vazifasini o'tar ekan. Demak, farzand tarbiyasi, bolaga bo'lgan munosabat, e'tibor juda muhim.
Biroq… bolaning qo'liga u 6 oylik bo'lganidan telefon tutqazib qo'yish, uning xarxashasidan qutulish uchun bola aytgan narsani sotib olib berish bilan muammo hal bo'lmas. Aksincha, o'yin ham, erkalatish ham, qattiqqo'llik ham o'z me'yorida bo'lsin ekan.
Yashirib nima qilamiz, bugun aksariyat yoshlar sira-sira qo'liga kitob ushlamay qo'ydi. Gazeta-jurnal mutolaasini-ku, gapirmay qo'ya qolaylik. Chunki na ota-ona, na maktabda o'qituvchi: “Sen qaysi gazeta-jurnalga obuna bo'lasan, nimani o'qishni xohlaysan?” deb so'ramaydi. Bahona bo'lsa bor: Majburiy obuna!
Taassuf. Ming afsus!
Bolalarni ma'naviyatga, yaxshilikka, savodli bo'lishga qaytarish esa shart. Kech bo'ldi. Ammo boshqa yo'l yo'q-ku!
Adiba ShARIFOVA,
Guliston davlat pedagogika instituti talabasi.