Bu kunlarga yetganlar bor…

1977 yilning bahori Boyovutga ham gurkirab kirib keldi. Ko'klam qir-adirlarga lolaqizg'aldoqlardan alvon gilam to'shadi. Ishkomlarga bo'y qizlarning sochidek tekis taralgan tok novdalariga suqlanib qarab turgan O'skanning xayolini daf'atan hovliga kirib kelgan mashinaning signali bo'lib yubordi. Tuman harbiy komissariatining moshrang “Villis”idan tanish shofyor yigit chaqqon tushdi-da, yonlama eshikni ochishga chog'landi. Ichkaridan yevropacha kiyingan o'rta yashar juvon bo'yladi. O'skanning ko'ngli bir narsani sezganday, yuragi bejo patirlab ura boshladi. Ro'parasida qaerlaridir o'ziga o'xshab ketadigan juvon quchoqlarini ochgancha unga tomon talpindi.

— Otajon! Men sizning qizingiz Lyuda O'skanovna Shpagina bo'laman. Chorak asrdan buyon sizning diydoringizni ko'rish umidida tonglarni shomlarga ulayman. Onam har doim siz haqingizda og'iz to'ldirib gapirib berardi. Turmushga chiqib, ikki farzandli bo'ldim. Afsus, to'yimda bosh bo'lib o'zingiz oq fotiha berolmadingiz. Onamdan manzilingizni olib, “O'zbekiston, qaydasan?” deya yo'lga tushdim. Avvalgi yashash joyingiz — Zominning Achchi qishlog'iga bordim. Cho'lga ko'chib tushgan ekansiz. Harbiy komissariatdagilar yashash manzilingizni topib berishdi. Axir, “Izlagan odam Moskvani ham topadi”, degan gap bejiz aytilmagan-da.

Lyuda xursandchilikdan labi labiga tegmay bidirlardi.

O'skanning xayolidan beixtiyor olis olovli urush yillari o'tdi. 1943 yilning kuzida 20 yashar O'skan Hojimanov Obruchev (Jizzax viloyatidagi hozirgi Dashtobod shahri) stansiyasidan urushga jo'nagandi. Bir oy harbiy tayyorgarlikdan o'tgan markaziy osiyolik yigitlarni urush olovi gurillab yonib turgan Moskva ostonasiga tashlashdi. O'skan Hojimanov 2-Belorussiya frontining 555-pulemyotchilar polkida jangga kirdi. Polsha va Germaniya chegarasidagi Oder daryosini kechib o'tishdagi qonli janglarda jasorat ko'rsatdi.

Yeru osmon qiruvchi samolyotlar tashlagan bombalarning portlashi, avtomat va pulemyotlarning paydar-pay tarillashidan larzaga kelardi. Janggohda bamisoli qiyomat qo'pgandi. Tuproqning to'zishidan daryo suvi qoramtir tusga kirdi. O'skanga safdoshi Volodya bilan birga solda daryodan suzib o'tib, askarlar jang qilayotgan chegaraga bayroq qadash jangovar topshirig'i berildi. Bu muhim vazifani ikkovlon a'lo darajada uddalashdi. O'shanda rota komandiri:

— Oddiy askar Hojimanov! Sen haqiqiy jangchining ishini qilding! Jasorating uchun ordenga taqdim etilasan! — dedi do'stlarcha quchoqlab.

Afsuski, urushda tush paytidagi gap shomga to'g'ri kelmas ekan. Qorong'italash mahal daydi o'q rota komandirini halok qildi. Dushman snayperining o'qi miyasining qatig'ini chiqarib yuborgandi. Hojimanov esa davlat mukofotidan quruq qoldi.

Kyonigsberg shahrini ozod qilish uchun bo'lgan janglarda O'skan Hojimanov chap oyog'idan yaralandi. Dushman o'qi boldirini teshib o'tgan, eti osilib, suyagi ochilib qolgandi. Yarador askarni Yaroslavl oblasti Ribinsk shahridagi gospitalga jo'natishdi. Urushning oxiri ko'rinib qolgandi. G'alaba mujdasini yaradorlar gospitalda eshitishdi. O'skan o'zini tutolmay ho'ngrab yig'lab yubordi.

O'skanning jarohati bitishi qiyin kechdi. Naq bir yarim yil gospitalda davolandi. Shu yerda moviy ko'zli o'ris qizi — hamshira Zoya Vasilyevna bilan yulduzi yulduziga mos kelib qoldi. Mehr-muhabbat dardni yengdi. O'skan Zoya Vasilyevnaga suyangancha gospital hovlisida sayr qiladigan bo'ldi. Dil rozlari tilga chiqdi. Ikki yosh ahdu paymon qilib Ribinskda nikohdan o'tishdi. Besh-olti qarindoshni yig'ib to'ychiq qilib berishdi. Urush tugagandan keyin ham besh yil Yaroslavl oblastida qolib ketdi.

1950 yilning 28 may kuni O'skan rafiqasi Zoya Vasilyevna bilan ona qishlog'i Achchiga kirib keldi. Bahor oxirlab, o't-o'lanlar qovjiray boshlagan paytlar edi. Ona yurt sog'inchi uni butunlay mastu mustag'riq etgandi. Qishloqlar huvillab qolgan. Osh — avliyo, non — payg'ambar zamonlar edi. Barcha qorin qayg'usida bo'zchining mokisiday u yoqdan bu yoqqa chopgani-chopgan edi. Guvala uyda bekorchilikdan qafasdagi qushday qisilib qolgan Zoya Vasilyevna oxiri turmush o'rtog'iga yorildi:

— Uskan, men yurtimga qaytib ketaman. Bu yerdagi ob-havoga moslasholmadim. Sevsang, ortimdan izlab bor. Eshigimiz sen uchun ochiq, — deya eski jomadonini ko'targancha xayr-xo'shlashdi. Shu tariqa sevgan ayoli to'rt-besh oylik gumonasi bilan yurtiga ketdi-bordi.

Lekin oradan qariyb 30 yil o'tib, 1977 yilga kelib nuridiydasi yo'qlab kelib o'tiribdi. O'shanda “2-Boyovut” xo'jaligida “O'skanning O'russiyadan qizi kelibdi”, degan xabar tumovdan ham tez tarqab ketdi. Qarindosh-urug', tanish-bilish, qo'ni-qo'shni qutlug' bo'lsinga guras-guras kela bosh­lashdi. Mehmonning oyog'i ostiga jonliq so'­yildi. Elga osh tortildi. Ertasiga ota-bola tong otguncha uxlamay suhbatlashib chiqdi. Ribinskda Zoya bilan kechgan damlarini esladi. Lyuda bir oy (mehnat ta'tili payti) ota uyida mehmon bo'ldi. Aka-uka, opa-singillar bilan apoq-chapoq bo'lib ketdi. Xayrlashuv onlari og'ir kechdi. Qarindoshlar Lyuda Shpaginani Guliston vokzalidan kuzatishdi.

— Otajon, aka-ukalarim, opa-singillarimni Ribinskka olib boring. Sizlarni intizorlik bilan kutaman! — deya ro'molchasini silkitdi u. Poezd yurishi bilan ro'molcha ko'z yoshlaridan ho'l bo'lib hilpiramay qoldi.

Qo'zg'alayotgan poezd O'skanning yuragidan bir parchasini yulib ketganday bo'ldi. Farzand farzand ekan-da!

Qarangki, o'shanda oradan olti oy o'tib, O'skan bobo qo'yni-qo'nji to'lib Yaroslavlga yo'l oldi. Jang qilgan joylarini ziyoratladi. Qizi, nabiralarini to'yib-to'yib hidladi.

…O'tgan asrning 50-yillarida O'skan Hojimanov bir guruh hamqishloqlari bilan cho'lga ko'chib tushdi. O'shanda “2-Boyovut” sovxozi yerlari endigina o'zlashtirilayotgan qo'riq edi. Xo'jalikka O'zbekiston Kompartiyasi Markazqo'mining sobiq sarkotibi Usmon ota Yusupov direktor etib ta­yinlangandi. Otaning imdodi bilan shofyorlikka o'qidi. Kasbli-korli bo'ldi. 28 yil muttasil haydovchilik qildi. Turli rusumdagi mashinalarni boshqardi. Azbaroyi kamtarligidan pensiyaga chiqquncha xo'jalikdagilar uning Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi ekanligini bilishmadi. Sababi, O'skan Hojimanov biror marta bu haqda so'z ochmadi. O'sha kezlari ko'ksiga orden-medallarni taqib yuradigan urush faxriylari ham ko'p edi-da.

1952 yilda O'skan yangi ro'zg'or qildi: hamqish­log'i Novvotoyga uylandi. Tinch-totuv yashab, 10 nafar farzand ko'rdi. 70 yil bir-biriga suyanib, umrguzaronlik qilishdi. Nabirayu chevaralar soni yuz nafarni qoralab bormoqda. O'tgan yili zavjasi bandalikni bajo keltirdi.

Oradan yillar o'tdi. O'skan bobo 100 yoshni qarshi oldi. O'tgan yilning 14 dekabr kuni shu munosabat bilan Boyovut tumani “2-Boyovut” xo'jaligidagi “Fayz” to'yxonasi viloyat va tuman rahbarlari, “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limi hamda Usmon Yusupov nomli mahalla faollari, qo'ni-qo'shnilar, qarindosh-urug'lar, farzandlar, nabirayu chevaralar bilan to'lib ketdi. Otaxonga viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyevning tabrik xati o'qib eshittirildi, qimmatbaho esdalik sovg'asi topshirildi. Boyovut tumani hokimi, senator Dilfuza Uralova dil so'zlarini izhor qildi. Urush va mehnat faxriysi O'skan bobo Hojimanov o'zining bir asrlik to'yini nishonladi. Ko'ksini “1941-1945 yillardagi Ulug' Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan g'alaba uchun” medali, G'alabaning 20, 30, 40, 50, 60, 65, 70, 75 yilliklari munosabati bilan ta'sis etilgan esdalik medallari, I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bezab turgan otaxon o'tgan umridan rizolik tuydi. Nega suyunmasin, Sirdaryo viloyatida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan faxriylar atigi 3 nafar qolibdi. Yaratgan egam unga uzoq umr ato etganidan tili shukronalikdan bo'shamaydi. Yurtdoshi, boyovutlik O'zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyeva yozganlaridek: “Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.

Darhaqiqat, Yaratganning inoyati bilan bir asrlik umr yo'lini boshdan kechirgan yurtdoshimiz O'.Hojimanov hayotda ne-ne qiyinchiliklarni boshidan kechirmadi, deysiz. Urush azoblarini ko'rdi. Ammo hayotdan hech qachon nolimadi, hamisha halol mehnat qilib yashadi. Ayni kunlarda O'skan bobo tabarruk 101 yoshini qarshi olmoqda. Albatta, bunday ulug' yosh hammaga ham nasib etavermaydi. Shunday. Hayot hikmatlarga to'la deganlari bejiz emas-da!

Muhammadali AHMAD,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + ten =