“Mendan faxrlanishsa, deyman…”
Ba'zi insonlar taqdiridagi arzimagan noxushlik yoki xastalikdan tushkunlikka tushib, nolib yurishadi. Ammo oramizda shunday odamlar borki, har qanday taqdir ozorlarini bartaraf etishga imkoniyat topajaklariga ishonib yashaydilar. Bu imkoniyat yaxshi orzu-niyat, oldinga qarab intilish hissidir. Ular bu jihatlari bilan boshqalarga ham hayotni sevishni o'rgatadilar. Ana shunday, har qanday sharoitda o'zida yashashga kuch va iroda topa olgan ikki zamondoshimiz haqida hikoya qilmoqchiman.
Rayhon Nurmuhammedova 1971 yil Navoiy viloyatida tug'ilgan. To'rt yoshida polimilit kasaliga chalingan. Olti yoshida poytaxtimizdagi 100-maxsus maktab internatiga o'qishga kelgan. “Maktabga kelgan chog'larim ota-onam, uyimdan uzoqdaligimdan juda o'ksinardim, — deydi u, — qarasam, atrofimda o'zimga o'xshagan bolalar o'ynab-kulib yurishibdi. Ular bilan tanisha boshladim. Yillar o'tishi bilan birodarlarday yaqin bo'lib qoldik. Tarbiyachi va o'qituvchilarim shunaqangi mehribon edilarki, ularga bo'lgan ixlosim tufayli kelajakda o'qituvchi bo'lishga qaror qildim”.
Rayhon maktabni bitirib Nizomiy nomidagi Pedagogika universitetining matematika fakultetiga o'qishga kirdi. 1995 yil o'qishni bitirib turmushga chiqdi. Ikki o'g'illik bo'ldi. Tibbiyot kollejida, “Mehribonlik” nogironlar jamiyatida ishladi. 2016 yili o'zining qadrdon ilm dargohi bo'lgan 100-maktab-internatga ishga taklif qilindi va matematika fanidan dars bera boshladi. U vaqti-vaqti bilan o'quvchilariga tirishqoq sinfdoshlari, o'zi o'qitgan shogirdlari haqida so'zlab beradi, ularda hayotga ishtiyoq, ilmga nisbatan rag'bat uyg'otadi. Masalan, sinfdoshi Ayder Kurtullayevning O'zMUning jurnalistika fakultetini tamomlagani, hozirda Moskvada yashashi, nufuzli bir gazetaning maxsus muxbiri sifatida Vladimir Putin, Dmitriy Medvedevlardan intervyu olganini aytganda bolalarga qanday ta'sir qilishini tasavvur qiling.
Yana bir qahramonimiz Nasiba Muratshayxova. Uning ota-onasiga shifokorlar Nasibaning miya faoliyati o'sishi sustlashayotgani, bora-bora yurishi ham qiyinlashishi mumkinligini aytishadi. 1996 yil uni onasi mazkur maxsus maktab-internatga olib keladi. “Bolalikdan menga achinib qarashlarini istamasdim, — eslaydi u, — shuning uchun 1-sinfga qabul qilinganimda, onam bilan xayrlashayotganimda yig'lamaganman. Aksincha, bunday holatlarda tengdoshlarim begonasirashganda jahlim chiqqan. Maktabda faol bo'lmaganimda, ustozlarimning o'gitlariga quloq solmaganimda, Sarvar Bahodirov singari ilmga tashna tengdoshlarimga ergashmaganimda nogironligimcha qolgan bo'lardim. O'n to'rt yoshimda tikuvchi bo'lib yetishdim. Kompyuter operatori, hisobchilik, kadrlar bo'yicha menejerlik bo'yicha malakamni oshirdim. She'rlar, gazetaga maqolalar yozadigan bo'ldim. Kelajakda pedagoglik kasbini egallamoqchiman. Yana deputat, senator bo'lib, yoki biror vazirlikda ishlab nogironligi bo'lgan insonlar huquqini himoya qilishni orzu qilaman. Toki mendan ota-onam, ustozlarim, tengdoshlarim faxrlanib yurishsin. Buning uchun hali ko'p kitob o'qishim, maqsadlarim yo'lida izlanishim kerak. O'n xil kompyuter olamiga kira oling, birgina kitob o'qigan o'smirga bas kelolmaysiz…”, — deydi u.
Suhbatdoshlarimdagi sabr-bardosh, har kimda ham bo'lavermaydigan iroda va qat'iyat meni hayron qoldirganidan barcha ota-onalarga degim keladi: “Niyati yaxshi dilbandlaringizni bag'ringizga “qamab” qo'ymang, ularni mehringizga qurshagan holda katta hayotga qo'yib yuboring! Toblansin, izlansin, topsin! Hayot chamanzorida bir gulga aylansin”.
Yulduz TIShABAYEVA,
Toshkent shahridagi 100-maxsus maktab-internatining
Ijodiy-madaniy masalalar bo'yicha maslahatchisi