Tilshunosning fidoyiligi (Olim va tarjimon Fattoh Abdullayevni yod etib…)

Eshak minganicha ovullarni aylanib, keksa chol-kampirlardan ertak, maqol, tarixiy voqealarni yozib olib yurgan kishini, nafaqat oddiy kolxozchilar, balki foytun aravali ot, “emadem”, “villis” markali mashina mingan raisu raykombuvalar ham hurmat qilishardi. Eshak mingan amakining Urganchdagi pedinstitutda domla ekanligigina emas, balki g'oyatda keng qamrovli bilimi, madaniyati, o'zini tutishi odamlar e'tiborini jalb qilgandi. Shu boisdan ham ota-onalar, yoshullilar, maktab o'qituvchilari o'quvchilarga yaxshi o'qishni nasihat qilishar, “sizlar kelajakda Fattoh Abdulladay olim bo'lasizlar” deyishardi.

Ha, Xorazmu, Qoraqalpog'iston qishloqlarini eshak minib aylanib folklor namunalarini to'plagan olimga xalqning hurmati baland bo'lgan. Zahmatli mehnatlari, ilmi, intilishlari bilan nafaqat oddiy xalq orasida, balki olimlar, kitobxonlar orasidayam e'tirof etilgan shaxs, professor Fattoh Abdullayev edi.

Fattoh Abdullayev asli Avliyoota, (hozirgi Qozog'istonning Taraz) shahridagi mashhur qozi Abdullajon oilasida 1914 yilda tavallud topgandi. Abdullajon qozi barpo ettirgan masjid hozirgi kundayam Taraz shahri markazida faoliyat ko'rsatmoqda. Shuningdek, Abdullajon qozining mablag'iga bunyod qilingan hammom binosiyam hozirda saqlanib qolgan.

Ma'lumki, Fattoh Abdullayev voyaga yetgan yillar dinga, boy-mulkdorlarga qarshi kurash avj olgan paytlar edi. Shu bois Fattoh Namanganga borib yashab, o'zining ijtimoiy kelib chiqishini yashirishga majbur bo'ladi. Ilmga bo'lgan ixlos tufayli Kattaqo'rg'onga borib 1929-33 yillarda pedagogika texnikumida tahsil oladi. O'qishni tugatib, bir yil davomida “Kattaqo'rg'on haqiqati” gazetasida adabiy xodim bo'lib ishlaydi. Tabiiyki, intilgan, izlanganga tole yor deganlaridek, ilmga ixlos Fattoh Abdullayevni 1934 yilda olis Leningrad shahriga boshlab keladi. Shu tariqa u 1934-39 yillarda Leningrad davlat universitetining filologiya fakultetida tahsil oladi.

Bu vaqt ichida moddiy yetishmovchilik bois Fattoh Abdullayev port va pivo zavodida yuk tashuvchilik qilib kun ko'radi. O'qish, ish yuzasidan muomala, turli millat vakillari bilan so'zlashish natijasida rus tilini mukammal egallaydi. Ingliz tiliniyam o'rgana bosh­laydi.

O'qishni tugatib Toshkentga kelgach, 1939-44 yillarda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutida o'qituvchilik, 1944-47 yillarda Namanganga borib o'qituvchilar tayyorlash institutida o'zbek tili kafedrasiga mudirlik qiladi. 1947 yilda yana Toshkentga qaytib O'zFAning til va adabiyot institutida bo'lim mudiri sifatida ish boshlaydi.

Uning 1946 yilda “O'zbek tilida arabizmlar” mavzusida yoqlagan dissertatsiyasi “ijtimoiy begona element tomonidan dinni targ'ib qilish”da ayblanishiga bir bahya qoladi. Uning ustidan 1950 yilda anonim xat tushib, F.Abdullayev, akademik N.Marrning “ilmiy asoslanmagan yafestik nazariyasi”ga xayrixohlikda ayblangandi. Ma'lumki, o'sha yillarda sho'rolar partiyasi tomonidan ilm-fan doiralaridagi “yashirin dushmanlar”ni fosh qilish va ularning ig'volaridan ogoh bo'lish borasida ko'plab chaqiriqlar e'lon qilingandi. Anonim xat ayni shu pallada ko'zlangan nishonga borib tegadi. Til va adabiyot institutining partiyaga ixlosli, ilmga esa befarq hovliqma rahbariyati, anonim xatni asos qilib, tuturiqsiz bahonalar asosida F.Abdullayevni ishdan bo'shatib yuboradi.

Vaholanki, o'sha paytlardayam fan nomzodlari Toshkentda kamdan-kam edi. Qolaversa, Fattoh Abdullayevning 1940-41, 1942-50 yillarda 7-sinf­lar uchun yaratgan “Vatan adabiyoti” xrestomatiya darsligi qayta-qayta nashrdan chiqqandi. Bundan tashqari bir qancha o'quv qo'llanmalari o'qituvchilar uchun maktabda asosiy tayanch manba vazifasini o'tar, 1940 yilda nashr etilgan “Umar Xayyom — ulug' shoir va faylasuf”, 1941 yilda chop qilingan “Kamina — turkman shoiri to'g'risida” va boshqa maqolalari ilmiy doiralardayam ancha dovrug' qozongandi. Biroq shunga qaramay, Fattoh Abdullayev ishdan chetlatiladi.

Natijada u poytaxtdagi biron bir ilmiy, pedagogik muassasaga ishga joylasha olmay, Toshkentdan ancha uzoq bo'lgan, unchalik katta va gavjum bo'lmagan olis Urganchga borib qo'nim topadi. Ko'ngilni cho'ktiruvchi, ilmni noxolis baholovchi darg'alar dakkisidan so'ng u yanayam fanga bog'liq tadqiqotlar ustida ish olib bordi. Xorazm shevalariga oid dia­lektologik materiallarni, ertak, maqollar, afsonalarni to'plash, yoshlarni ilmga ixlosli avlod sifatida voyaga yetkazishga intildi.

Fattoh Abdullayev qishloqma-qishloq to'plagan boy sheva manbasi asosida Xorazm shevalarining etnik va lingvistik xaritasini tuzadi va ana shu asosda vohadagi shevalarning ilmiy tasnifini beradi. Aynan u o'zbek tilshunoslari ichida birinchi bo'lib dia­lektal lug'atning namunasini yaratadi.

Stalin vafoti va jamiyatdagi iliqlik — “Xrushchyov bahori” sabab Fattoh Abdullayev 1956 yilda Toshkentga qaytib keladi. Dastlab Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika ins­titutida, keyinchalik esa 1985 yil — vafotigacha bo'lgan davrda O'zFAning til va adabiyot institutida faoliyat ko'rsatadi.

To'plagan, taqqoslagan, tadqiq qilgan ilmiy ishlari asosida “Xorazm shevalari” (1961), “Xorazm ertaklari” (1961), “Xorazm shevalari fonetikasi” (1967), “O'qish kitobi”, “Eski o'zbek yozuvi namunalari” (hammualliflar: T.Shermuhammedov, L.Xalilov (1973), “So'zlar o'zaro qanday bog'lanadi?” (1974), “O'zbek tilining o'g'iz lahjasi” (1978), “O'zbek tilida bosh­qaruv” (hammuallif F.Ibrohimova) singari ilmiy-ommabop kitoblarini nashr ettiradi.

1961 yilda u “O'zbek tili Xorazm shevalarining fonetikasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi.

F.Abdullayev nafaqat o'zbek tili va qardosh turkiy tillarini, balki rus, ingliz tillarini ham chuqur egallagan olim sifatida, Jek Londonning hikoyalar to'plamini ingliz tilidan, Umar Xayyom ruboyilarini fors tilidan, Kaminaning she'rlari, B.Kerboboyevning “Dadil qadam”, “Nebitdog'” romanlari, “Oysulton” qissasini turkman tilidan, E.Kazakevichning “Oderda bahor” romanini rus tilidan tarjima qilib nashr ettiradi.

Ha, Fattoh Abdullayev nafaqat yetuk tilshunos,tajribali tarjimon, ayni paytda adabiyotshunoslik, tarix, etnografiya singari fanlarga doir kuzatishlar olib borgan serqirra olim ham edi.

Serqirra ijodkor va yetuk olim hayoti va ilmiy faoliyati to'g'risida ko'plab samimiy so'zlarni yozish mumkin. Biroq eng asosiysi, SO'Zga, tilshunoslikka umrini bag'ishlagan fidoyi olimning asarlarini qaytadan nashr etishda. Chunki, professor Fattoh Abdullayevning asarlari ilk bora nashr etilganiga ham yarim asrdan ko'proq vaqt bo'ldi. Bu vaqt ichida bir nechta yangi avlod shakl­landi. Ammo domlaning asarlarini ba'zan kutubxonalardan ham topish qiyin bo'lib qoldi. Masalan, bolalar va yoshlar uchun “Xorazm ertaklari” kitobini qayta nashr etish, hayo­timizda tilga e'tiborsizlik bo'lib turgan pallada domlaning asarlarini qayta chop qildirish zaruratini tug'dirmoqda. Shu kabi Fattoh Abdullayev asarlarining elektron variantini tayyorlab, sohaga doir saytlarda berib borilsa, domla ilmiy tadqiq etgan qo'shni Qozog'istondagi tilshunoslar, millatdoshlarimiz ham bu ilmdan bahra olishgan bo'lardi. Zero, ilm vaqt, chegara bilmaydi. Qolaversa, insonni iloji bo'lsa hayotligida, agarki buning ilojini topa olmagan ekanmiz, vafotidan so'ng ham yaratgan asarlarini qayta nashr qildirib qad­rini o'z o'rniga qo'ysak ezgu ish bo'lar edi.

Umid BEKMUHAMMAD

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 14 =