Har lahzada uyg'on, har lahzada o's!

Kuni kecha poytaxtimizning “Turkiston” san'at saroyida “Vatan manzumasi” nomli adabiy-ma'rifiy kecha bo'lib o'tdi

Muhtasham saroy Yangi O'zbekistonning kuch-quvvat, ona Vatanga ulug' muhab­batu sadoqat, olamshumul orzu-intilishlar, ertangi porloq kelajakka ishonch va iroda bilan urayotgan navqiron yurak­lar sadolariga to'lib toshdi go'yo.  Adabiy-ma'rifiy dastur O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo'mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilib, unda tinchlik va osoyishtalikni asrab-avaylash, el-yurt farovonligi uchun safarbarlik, vatanparvarlik, mardlik va jasorat singari ezgu fazilatlar yuksak ohanglarda tarannum etildi. Yurtboshimizning “Barchamiz eng avvalo Vatan himoyachisi, tinchlik posboni bo'lishimiz zarur!” degan chuqur ma'noli so'zlari sahnada namoyish etilgan badiiy-musiqiy chiqishlarning bosh g'oyasi bo'ldi.

O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi va bosh­­qa tashkilotlar hamda iste'dodli ijodkorlar hamkorligida tayyorlangan dasturda iste'dodli aktyorlar va mualliflar tomonidan Vatan va ona xalqqa sadoqat tuyg'usi ulug'langan, tinglovchilarning ma'naviy olamini yuksaltiradigan ta'sirchan she'rlar o'qildi; o'qilgan she'r, ijro etilgan qo'shiqlar qalblarda aks-sado berayotgani zalni to'ldirib o'tirgan turli soha vakillari, harbiylarning yuz-ko'zlarida aks etib turardi. Chunki harki inson uchun Vatandan yaxshi yor bo'lmas. O'zbekiston Qahramoni, shoir Erkin Vohidov aytgandek:

Sen o'zing bir gulsan,

                       Vataning – chaman,

Ulg'ay, asl zoting unutma sira.

Bilki, qadr bilmak aslida – Vatan,

Vatanning ma'nosi boqiy xotira.

Ekranda “Tilda, fikrda, ishda birlik” yozuvi namoyon bo'lib,  “Go'zal Turkiston” qo'shig'i musiqasi sadosi ostida sahnaga harbiy guruh komandiri boshchiligida Vatan mudofaasiga yangi chaqirilgan yigitlar vakillari chiqib keldi.

— O'rtoq oddiy askarlar! Oliy Bosh Qo'mondonimiz aytganlaridek, “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug' ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz ham albatta bo'ladi”, — harbiy sardorning shu kirish so'zi bilan bosh­lanib, bir yarim soat davom etgan das­turda bir sodda o'zbek o'g'lonlarining harbiy xizmat jarayonida jismonan, aqlan, ma'nan kamol topishi, zamonaviy fan-texnika sirlarini o'rganib, barkamol o'g'lon – Jaloliddin Manguberdi kabi jasoratli, el-yurtga sadoqatli, bilimdon jangchilar, yurt posbonlari bo'lib yetishishlari ko'rsatib berilgan.

Er yigitning ko'nglida

                         egarlangan ot yotar,

Qadam qo'ysa zulmatga izlarida

                                        tong otar.

Butun millat yukiga yelka tutar

                                          er yigit,

Er yigitning nomusi

                           millatini uyg'otar.

Askarlarning hayajonli, g'oyat mas'uliyatli harbiy qasamyod onlari,  harbiy dala mashg'ulotlari, tog' sharoitida mashq,  parashyutdan sakrash, suvda mashg'ulotlar – mashaqqatli va murakkab, ammo qalbida yigitlik burchiga sadoqat sobit bo'lgan o'g'lonlar shiddat bilan maqsadga intiladilar. Dunyo hamjamiyati qatorida o'zining munosib qaddi, qadri, o'rnini topib borayotgan O'zbekistonning hududlarini, chegaralarini ziyraklik, tafakkur bilan himoya qilish uchun Vatan posbonlari harbiy bilimlarni, IT texnolo­giyalarni, sun'iy intellekt va uchuvchisiz dronlarni boshqarishni, xorijiy tillarni o'rganmoqdalar. Buning uchun Res­publika Mudofaa vazirligi va boshqa harbiy vazirlik va idoralar tizimida yaratilgan sharoitlar videolavhalarda namoyon bo'ldi.

Tadbirda tarixda o'g'lonlar bilan bir safda turib elu yurt tinchlik-osoyishtaligi uchun kurashgan To'maris, Zebo G'aniyeva kabi milliy qahramon ayol-qizlarga ehtiromga yo'g'rilgan she'riy satrlar, qo'shiqlar yangradi.  Bugun ham Milliy armiyamiz safida ularning yuzlab izdosh­lari bo'lgan yuzlab shijoatli qizlar Vatanimiz mustaqilligi va mamlakatimiz chegaralari daxlsizligini asrash yo'lida lochin yigitlar bilan yonma-yon xizmat qilmoqda.

Mustaqil davlatimiz tarixi sahifalarida hammamiz doim hurmat, minnatdorchilik bilan eslashimiz shart bo'lgan shunday insonlar borki, ular – mus­taqilligimiz, elimiz tinchligiga raxna solmoqchi bo'lgan kimsalar bilan bo'lgan to'qnashuvlarda, o'z xizmat burchini o'tayotgan paytlarida jon fido etgan chin qahramonlar. Otalari jasorati bilan faxrlanib, ularning yo'lini davom ettirish uchun harbiy sohani tanlagan yigitlar, qizlar sahnaga chiqib, dil so'zlarini bayon etdilar.

O'rganish, chiniqish, ulg'ayish, kamolga yetish pog'onalaridan o'tgan askarlarni guruh komandiri maxsus jangovar bo'linmaga boshlab kiradi:

— O'rtoq askarlar! Mana, harbiy xizmatni sharaf bilan yakunladingiz. Haqiqiy askar bo'ldingiz! Endi tinch hayotga, qadrdon uyingizga qaytib, istagan kasbingizning boshini tutishingiz mumkin.

Shunda askar yigitlarning barchasi Vatan himoyachisi bo'lishga qaror qilganlik­larini bildirdilar.

 

Siz ulug' bir elning ko'z qarog'isiz,

Shu buyuk millatning suyanch tog'isiz,

Siz tiniq chashmasi, so'lim bog'isiz,

Asrang shu Vatanning tiniq osmonin,

Sizga ishongaymiz O'zbekistonni…

 

Sara she'rlarda, qo'shiqlarda ona O'zbekiston madhi, unga muhabbat, sadoqat tuyg'ulari avj pardalarda yangradi.  Videolavhalarda jonajon diyorimizning betakror manzaralari, taraqqiyot odimlari, mehri daryo, qalbi oftob odamlari namoyon bo'ldi. Nazdimizda, tadbir davomida sahnadagi ishtirokchilar bilan zalga yig'ilgan tomoshabinlar bir butun qalbga aylanib ketgandek tuyuldi. Ha, “Vatan manzumasi”dan joy olgan asarlar, ularning maqsad-g'oyalari ayni xalqimiz dilidagi tuyg'ular, e'tiroflarga hamohang kechdi.

Ushbu adabiy-ma'rifiy tadbir namoyishi poytaxtimizda baxor ayyomi— Navro'z arafasigacha o'tkazilishi ko'zda tutilgan.

M.MAMATXONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =