Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – ortga qaytmas islohotlarning huquqiy kafolati

Ijtimoiy munosabatlar doimiy rivojlanishda bo'ladi.

Shu tufayli milliy taraqqiyot hamda zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda ushbu munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy normalarni ham zamon bilan hamnafas takomillashtirib borish — davr talabidir.

 

Inson manfaati — ijtimoiy davlatning asosiy mezoni

Bugungi kunda “INSON QADRI UChUN” tamoyili amalda ro'yobga chiqishi, har bir fuqaro kundalik hayo­tidan rozi bo'lib yashashida amaldagi barcha qonunlar va boshqa hujjatlar uchun asos bo'luvchi konstitutsiyaviy normalarning takomillashtirilishi hamda ularning hayotga to'g'ridan-to'g'ri va to'liq tadbiq etilishi muhim amaliy ahamiyatga ega.

Albatta, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning asosiy mezoni ham Bosh qomusda davlatning o'z istiqlol va taraqqiyot yo'lini qat'iy belgilab olishi, jamiyatdagi barchaning manfaatlari mushtarakligini nazarda tutuvchi insoniy qadriyatlarning mustahkamlab qo'yilishiga bog'liq.

Chunki, aynan, Konstitutsiyada “shaxs-jamiyat-davlat” tamoyili asosida barcha ijtimoiy munosabatlardagi o'zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlari aniq-ravshan belgilab beriladi.

Bu o'rinda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olingani, Yangi O'zbekistonni qurish g'oyasi atrofida butun jamiyat jipslashayotgani, Bosh Qomusimiz tom ma'noda xalq Konstitutsiyasi bo'layotganini alohida e'tirof etish joiz.

Avvalo, tariximizda ilk bor O'zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanmoqda. Ya'ni, insonga e'tibor hamda g'amxo'rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani konstitutsiyaviy norma darajasida mustahkamlanmoqda.

Yangilanayotgan Bosh qomusimizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog'liq normalar 3 barobar ko'paytirilib, xususan, bandlikni ta'minlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag'allikni qisqartirish, har kimning uy-joyli bo'lish huquqiga oid qator majburiyatlar kiritilmoqda.

Shuningdek, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog'liq normalar 4 barobar ko'paygan. Bu esa aholi sog'lig'ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o'limi, turli yuqumli kasalliklar xavfini oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, fuqarolarining munosib hayot kechirishlari hamda hayoti va salomatlik darajasini yanada yaxshilash maqsadida atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, umuman, atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha kompleks choralar belgilanmoqda.

Asosiy qonundagi barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishini ta'minlashga oid normalar esa fuqarolar farovonligini oshirishga yo'naltirilgan O'zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi, mulkdorlar qatlamini kengayishida ahamiyatli sanaladi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda bu kabi tamo­yillarning aniq ifoda etilishi, ushbu yo'nalish­lardagi ko'plab muammolarga mukammal huquqiy yechimlar topishga xizmat qiladi.

Xalq konstitutsiyasi bilan

xalqchil davlat boshqaruvini yaratamiz

O'zbekistonda insonning qadr-qimmati, sha'ni va g'ururi barcha sohalarda birlamchi ahamiyat kasb etishi – davlat siyosatining ustuvor masalasi sifatida belgilandi.

Darhaqiqat, mamlakatda eng avvalo, “inson qad­rini yuksaltirish” – davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi sifatida qat'iy belgilansa, shaksiz mamlakat boshqaruvi samaradorligi ham shunchalik yuqori bo'ladi.

Qayd etish joiz, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari asosida shakllantirildi. Bu esa Asosiy qonunimizda jamiyatimizda istiqomat qilayotgan hammaning manfaatlari inobatga olinganidan dalolat beradi hamda haqiqiy xalq Konstitutsiyasi yaratilayotganining dalolatidir.

Ma'lumki, Konstitutsiyaviy normalar asosida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining asosiy prinsiplari, ularning vakolatlari aniq belgilab qo'yiladi.

So'nggi yillarda O'zbekistonda ro'y berayotgan tub o'zgarishlar, amalga oshirilgan islohotlar mohiyati ham davlat organlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, davlat hokimiyati ustidan xalq nazoratini kuchaytirishga qaratilmoqda.

Amaldagi qonunlar inson, uning huquq va erkinliklarini ro'yobga chiqarish va himoyasiga xizmat qilishi belgilandi. Shu ma'noda, “Inson bilan davlat organlarining o'zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi” yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 20-moddasida mustahkamlab qo'yilgani, alohida e'tiborga molikdir.

Chunki, doim ham qonunchilik har tomonlama mukammal bo'lmaydi. Huquq normalari o'rtasida qarama-qarshiliklar va noaniqliklar yuzaga kelish holatlarida ushbu normaga ko'ra, endi nomuvofiqliklar davlat emas, faqat inson foydasiga hal etiladi.

Yana shuni ta'kidlash kerakki, “Inson qadri uchun” g'oyasi amalda xalqimizning kundalik hayotida o'z ifodasini topishi uchun, albatta, davlat idoralari bilimli, malakali va fidoyi kadrlar bilan jamlangan bo'lishi kerak. Buning uchun esa davlat xizmatiga har bir nomzodning malakasi va kasbiy kompetensiyalarining sog'lom raqobatini ta'minlaydigan mustaqil, teng va adolatli tanlovlar asosida fuqarolar qabul qilinishi lozim.

Prezidentimiz tashabbusiga ko'ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yo'lga qo'yilgan davlat xizmatiga kirishning ochiq, adolatli tanlov mexanizmlari sabab hozirda “vacancy.argos.uz” elektron portali orqali eng munosib nomzodlar davlat xizmatiga saralanib olinmoqda.

Xususan, bugungi kunga qadar 1 million 400 ming­­ga yaqin nomzod vakant lavozimlar uchun ochiq tanlovlarda qatnashdi hamda ulardan eng munosib 46 601 nafari davlat xizmatiga qabul qilindi.

O'z navbatida, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya lo­yihasida “O'zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega” ekanliklarining mustahkamlab qo'yilishi – davlat xizmatining raqobatdoshligini, ochiqligini va professionalligini oshiradi. Shu bilan bir qatorda, salohiyatli yoshlar, xotin-qizlarning davlat xizmatiga kirishda teng huquqni kafolatlaydi va davlat xizmatiga ishonchini ortishiga sabab bo'ladi.

Bu orqali esa o'z vakolat doirasi va lavozim majburiyatlarini teran anglaydigan, zarur malaka va kompetensiyalarga ega salohiyatli zamonaviy kadr­lar bilan davlat xizmatida natijadorlik va samaradorlikni oshirish hamda xalqchil davlat bosh­qaruvini yaratish mumkin bo'ladi.

Yoshlar uchun yangi         imkoniyatlar kafolati

Har qanday davrda jamiyat farovonligining asosiy mezonlaridan biri bu– fuqarolarning o'zi uchun eng munosib ishni topishi, samarali mehnat faoliyati orqali o'ziga, oilasiga va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo'sha olishidir.

Bu o'rinda mamlakatning strategik resursi sanalmish yoshlarning kasb-korga, oliy ma'lumotga ega bo'lib hayotda o'z o'rnini topishi – dolzarb masalalarimizdan. Chunki, har sohada yetuk, zamonaviy kadr­larni yetishtirish orqali tarmoqlarni rivojlantirish hamda islohotlar sifatini oshirish mumkin bo'ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligining ilk kunlaridan yoshlar siyosatida ham yangicha yondashuv va munosabatni ilgari surdilar. Ushbu yo'nalishga eng ustuvor ahamiyat qaratib, davlat rahbari yangi avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo'yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan komp­leks chora-tadbirlarni belgilab berdilar.

Shu ma'noda, so'nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarimizni oliy ma'lumotli bo'lishi uchun ko'p­lab ishlar amalga oshirildi, oliy ta'lim tizimi tubdan isloh qilindi. Xususan, Respublika bo'yicha oliy ta'lim muassasalari soni jami 210 taga yetdi. Natijada oliy ta'lim bilan qamrov 2016 yildagi 8 foizdan bugungi kunga kelib 38 foizga yetkazildi. Bu esa yana 200 mingdan ortiq yoshlarning oliy ta'lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatini vujudga keltirdi.

Shuningdek, oliy ta'lim dargohlarida yuqori ko'rsatkichlarda o'qiyotgan 3 488 nafar talaba-yoshlarning shartnoma to'lovi uchun 9, 88 mlrd. so'm mab­lag'lar to'lab berildi. Ehtiyojmand oilalar qizlari uchun ajratilgan grantlar soni ikki barobarga ko'paytirib ikki mingtaga yetkazildi.

“El-yurt umidi” jamg'armasi orqali 1465 nafar ilm-fanga chanqoq, iste'dodli yoshlar yetakchi xorijiy oliy o'quv yurtlarida bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida o'qish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Mazkur islohotlarning asosiy maqsadi jamiyatdagi yoshlarning bunyodkorlik potensialini oshirish, mustaqil hayotda muvaffaqiyatga erishishga imkonini kengaytirishdan iborat.

Mazkur imkoniyatlarning huquqiy kafolati sifatida davlatga qarashli institutlarda har yili to'g'ridan-to'g'ri davlat hisobidan o'rinlar ajratilishini va ularni har qanday abiturient test natijalari bo'yicha tanlov asosida egallashi mumkinligini anglatuvchi huquqiy normaning Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi – moddiy ahvolidan qat'i nazar bilimli va iqtidorli yigit-qizlarni qo'llab-quvvatlashda shaksiz muhim o'rin tutadi.

Bundan tashqari, qomusimizda fuqarolarning bepul boshlang'ich kasb-hunarga o'qitilishi mustahkamlab qo'yilmoqda. Bunda nogironligi bor bolajonlarimizga o'z tengdoshlari bilan bir xil ta'lim olishi uchun barcha sharoitlarni va imkoniyatlarni nazarda tutuvchi inklyuziv ta'lim ham Konstitu­siyaviy norma darajasida asosiy qonunga kiritilmoqda. Bu albatta jismoniy nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to'laqonli a'zosi sifatida kamol topishi uchun muhim kafolat bo'ladi.

Aholimizning qariyb 55 foizini yoshlar tashkil etadi va har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda. Albatta, bunday demografik o'sish biz uchun ham imkoniyat, ham juda katta mas'uliyatdir. Bunda esa zarur tajriba, bilim va amaliy ko'nikma kamligi sabab yoshlarga kamroq iqtisodiy imkoniyatlar taqsimoti uchun ularga alohida e'tibor joiz bo'ladi.

Shu tufayli ham Konstitutsiyada yoshlar huquqlarining himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokining rag'batlantirilishi kafolatlanmoqda. Bu orqali esa yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg'ularini shakllanishiga erishish mumkin bo'ladi.

Bundan tashqari, yoshlarning ta'lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo'lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanmoqda. Ya'ni, davlat o'z zimmasiga bunday muhim majburiyatlarni olish orqali nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun g'amxo'rligini namoyon qilmoqda.

Zero, bugungi Konstitutsiyaviy islohotlar — farzandlarimizning ertasi, yorqin kelajagi uchun.

Shunday ekan, jonajon O'zbekistonimizning farzandi, yoshlar vakilidan bo'lgan xalq va davlat xizmatchisi sifatida joriy yil 30 aprelda bo'lib o'tadigan referendumda, barchani yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini qo'llab-quvvatlab, bugungi farovon hayotimiz va yorqin kelajagimiz uchun ovoz berishga chorlayman!

Farangiz AVAZBEKOVA,

yuridik fanlar bo'yicha

falsafa (PhD) doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − 2 =