Mayoq isitmaydi, yo'l ko'rsatadi

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Qulman Ochilga maktub o'rnida
…Ortiq bu yukni ko'tarib bo'lmaydi.
Otam Toshkentdan qaytadigan kuni ertalabdan temiryo'l yoqasiga chiqaman. Uyimiz shundoq vokzalning ro'parasida. Toshkent-Termiz yo'nalishidagi poezddan tushgan odam o'ndan ziyod temiryo'l qatorini tikka kesib bu tarafga o'tsa, bizning ko'cha boshlanadi (hozir hamma tomoni ihotalanib, odam o'tmasday qilib qo'yilgan. Temiryo'lning taqiqlangan joyidan o'tish o'ta xatarli. Yo'nalishlarning hammasi ham bo'sh bo'lmaydi. Muayyan muddat va maqsadga ko'ra to'xtab turgan vagonlarning ba'zan tagidan, ba'zan ustidan o'tishga to'g'ri keladi).
Xullas, men bu tarafda o'tirib, otamni kutaman. Mana, teplovoz chinqirib, men kutgan poezd vokzal hududiga kirib keladi. Oradan chamasi o'n besh daqiqa o'tib, otam ko'rinadi. Qo'lida diplomat. Yana bir-ikkita yelimxalta. Rels hatlab yo'lning yarmida otamga peshvoz chiqaman. Qo'lidagi yukni olaman. Qisqa salom-alik, hol-ahvol so'rashamiz. Uyga kirib boramiz. Singillarim, ukam otamni o'rab oladi. Diplomat, yelimxaltalar ochiladi, sovg'a-salom tarqatiladi. Menga bu qiziqmas. Otamning og'zidan ko'z uzmay, qulog'imni ding qilib o'tiraman.
— Qulman bovangnikida bo'ldik, — otam katta odam bilan gurunglashayotganday menga gapiradi, — o'g'lingiz g'ayrat qilib o'qisin, til o'rgansin, kelib, o'qishga kirsa, jurnalistikada yo'lini topib ketishiga o'zim qarashaman, dedi.
Otam peshonasi terlab qaynoq achchiq ko'k choydan ho'plagancha gurungni davom ettiradi. Qimir etmay o'tiraman. Gap ravishi safar bilan bog'liq boshqa voqealarga ulanadi. Shundayam qo'zg'almayman. Qulman bovam haqida nimadir o'tib ketishini istamayman. Nihoyat, otamizning biroz mizg'igisi keladi. O'shanda turaman. Turaman-u, g'oyibdan kelgan kuch va shavq ta'sirida yarmini chang bosgan kitoblaru ashqol-dashqollar egallagan, na qaznoq va na kutubxona ataladigan xonaga o'zimni uraman. Bir sakrab hujra burchagidagi kursiga chiqib o'tirib olaman. Dars stolim ustida turgan tarixgami, adabiyotgami oid kitobni ochib, kelgan joyidan shiddat bilan o'qiy boshlayman. Besh-o'n bet o'qigach, xayolga cho'maman: ana, Toshkentga borib o'qishga kirsam, marra meniki. Qulman bovam – katta odam. Katta tahririyatlarga ishga kirishimga yordam beradi. Albatta, menam qarab turmayman. G'ayrat qilib ishlayman. Uyaltirib qo'ymayman bovamni…
Miyamga kelgan fikrlardan shirin orziqish vujudimni egallaydi. Balzak Parijga borgan ilk kezlari ijara xonadon balkoniga chiqib, “Parij, hali poyimga tiz cho'kasan”, deb xitob qiladi. Mening ichimdagi hayqiriq ham unikidan kam bo'lmaydi: “Hali butun Toshkent kimligimni bilib qo'yadi…”. Va yana kitob ustiga muk tushib, mutolaani davom ettiraman…
* * *
Otamning Qulman bovam va farzandlari haqidagi gurungi davom etadi:
— …Obid Qozog'istonga qatnab, savdo qilarkan. “Vey, amaki, bir gal bozorga kirib qarasam, chelaklab bir narsa sotishvotti. Ko'zimga g'alati ko'rindi. Mundooq yaqinlashib qarasam, qo'lsoat. O'shani chelaklab sotishvotganakan…”
— …O'tirsam, Ozod kelib, “Amaki, amaki, menga matematikadan savol bering”, deydi. “Xo'p, qani aytgin-chi, beshta echkining o'nta qulog'i nechta bo'ladi?” deb so'radim. Rosa izlandi. Javobini topolmadi. Oxiri oshxonada ovqat qilayotgan onasidan so'raydi: “Oyi, siz eting, beshta echkining o'nta qulog'i nechta bo'ladi?” “Amaking etvottila-yu o'nta bo'ladi, deb. Beshta echkining qulog'i o'nta bo'ladi-da, bolam”. Bir payt og'zi qulog'ida bo'lib kirib keladi: “Amaki, amaki, topdim, beshta echkining qulog'i o'nta bo'larkan…”
Qishloqdayam shu gurung. Kenja amakim o'smoqchilab so'raydi: “Qulman akayam yaxshi yuribdimi? Gaplashyapsizmi?” Otam tasdiq ma'nosida bosh irg'aydi. Gapga katta amakimning o'g'liyam qo'shiladi: “Haliyam O'zAdami?” Ikkisiyam fermer bu odamlarning Qulman bovam bilan nima ishi bor? Jurnalistikaga bog'liqligi bo'lmasa… Sal g'ashim keladi. Ularning gapi emas, o'zini Qulman bovamga daxldorday his qilishi g'ashimga tegadi. Biroq ular ichimdagini bilmaydi. Qulman Ochil haqidagi gurunglarni xuddi eng yaqin kishisi haqidagi suhbatday shavq bilan, favqulodda e'tibor bilan eshitadi.
Yillar o'taverdi. Toshkentga borib, jurnalist bo'lish orzusi shuurimda tobora mustahkamlandi. Qarorim qat'iylashdi. “Kasbim — faxrim” mavzusidagi insholarda jurnalist bo'lmoqchi ekanimni dadil, ikkilanmay yozdim. Orzularimni jurnalistika, Toshkent bilan bog'ladim. Lekin Qulman bovam haqida yozmayman. U — mening sirim. Hech kim bilishi kerakmas. Alalxusus, 9-sinfda o'qiyotganimda qariyb butun maktab mening timsolimda bo'lg'usi jurnalistni, ijodkorni ko'rar edi, desam, mubolag'a bo'lmaydi. Qaysi tadbir bo'lsa, kamina davraga taklif etiladi. Bo'ynimni dakang xo'rozday cho'zib, mahalliy gazetalardan birida chiqqan shig'irimni o'qib beraman. Qarsaklar, olqishlar yangraydi. Men tavoze bilan davrani tark etaman. O'zim bilmagan holda kun sayin ichimda jurnalist obrazi kamolga yetayotgan edi.
“Oz qoldi. Hademay Toshkentga boraman. Jurnalistikaga o'qishga kiraman. Qulman bovamni ko'raman. Chelaklab qo'lsoat sotiladigan joylarda tujjorlik qilgan Obid aka bilan tanishaman. Matematik topishmoqlarni yechishga ishtiyoqmand Ozod bilan oshna tutinaman. Qanday maza o'zing bilgan odamlar bilan tanishish!..” Akademik litseyda o'qib yurgan kezlarim ham, darsdan keyin qishin-yozin repetitorga qatnaganimda ham fikrim o'zgarmadi. Orzularim bo'yimga qo'shilib cho'zildi, xolos.
* * *
Ammo… Ming afsus! Testdan yiqildim. Men chiqqan narvonni kimdir tuyqusdan oyog'im tagidan olib qo'ygandek bo'ldi. Go'yo havoda bir muddat muallaq qoldim-u, shiddat bilan pastga quladim. Otam taskin beradi. “Qo'shimcha o'ringa qabul qilisharkan, albatta, jurfakda o'qiysan!..” Baxtim kuladi, qo'shimchaga kiraman. Bir semestrning darsini qishki ta'tilda o'qiymiz. Ikkinchi semestr boshlanadi. Qish bilan bahor o'rtasida fasl talosh namxush kunlarning birida otamdan ishxona telefon raqamini olib, Qulman bovamni izlab yo'lga tushdim. Qidira-qidira Toshkenti azimning qoq markazidagi ovrupocha uslubdagi hashamatli imoratning darvozasi oldiga keldim. Eshik oldidagi qo'riqchilar kimning oldiga kelganimni so'radi. Men Qulman bovamning — O'zA bosh direktorining birinchi o'rinbosari Qulman Ochilning oldiga kelganimni aytaman. Qo'riqchi ajablanib, menga boshdan-adoq sinchiklab qaraydi: bu jipiriqining bosh direktor 1-o'rinbosari bilan qanday bog'liqligi bor? Kimgadir qo'ng'iroq qiladi. “Xo'p bo'ladi, o'tkazib yuboraman”, deydi. Qo'lidagi detektorni engil-boshim, portfelim uzra yurgizib, ichkariga imo qiladi: “kiraver”.
Butun vujudimni hayajon chulg'ab, mahobatli binoga qadam qo'yaman. Timirskilana-timirskilana qo'riqchi aytmish xona eshigini ikkilanib yengil taqillataman: ishqilib, ish tig'iz payti bezovta qilib qo'ymaymanmi?! O'zimga bazo'r eshitilgan taqillagan tovushdan so'ng ichkaridan “Kiring!” degan xitob chiqadi. Ovoz do'rilloq, o'ta shiddatli va zalvorli. Avaylab eshikni ochib, mo'ralayman. “Keling!” Xona to'rida salobat bilan o'tirgan odamning xayrixoh tovushidan dadillanib, ichkariga qadam qo'yaman:
— Assalomu alaykum!
— Vaalaykum assalom!
Qoramag'izdan kelgan, polvonkelbat, qoshlari baroq kishi o'rnidan turib menga — talabaga peshvoz chiqadi:
— Eee, keling.
Qo'shqo'llab ko'rishaman.
— Qani o'tiring-chi.
Duoga qo'l ochadi:
— Qani, iloho omin…
Mezbonga zimdan qarayman: Qulman bovam shu odam ekan-da.
U yoq-bu yoqdan gaplashamiz. Otam haqida so'raydi. Yana ba'zi narsalar… Darvoqe, jiyanlari ham xalqaro jurnalistika fakultetida o'qir ekan. Rasmini ham ko'rsatadi: Qulman bovamga o'xshagan — qoramag'izdan kelgan, dunyoni o'zgartirishga bel bog'lagan shiddati, jiddiyati nigohidan sezilib turgan yigit. Suhbat boshdan-oxir esimda qolgani yo'q. Muhtasham idora va mezbonning salobati tufaylimi yoki kuchli hayajon sababmi, qulog'im batang bitib, xayolim parokanda bo'lib ketgandi. Shuning uchun faqat savollarga javob berardim. Bu orada sin-sumbati Qulman bovamnikidan qolishmaydigan, xuddi uning singari chehrasi ochiq, nurli kishi kirib keladi-yu javob berish mas'uliyatidan bir muddat qutulaman. Gap-avzoyidan bildimki, u kishi ham shu idorada ishlaydi, bosh direktorning yana bir o'rinbosari.
…Shunday qilib, birinchi uchrashuv juda shukuhli, tanishuv ruhida o'tgandi.
* * *
Oradan uch yil o'tib ketdi. Men bu pallada “Turkiston” gazetasida ishladim. 4-kursga o'tish arafasida diplom ishi yozish bahonasida gazetadan ishdan bo'shadim. Yangi o'quv yilining ikki oyini amaliyotda o'tkazishimiz kerak edi. Hech ikkilanmay, amaliyot qog'ozini O'zAga yozdirdim. Bovam bilan bamaslahat, albatta. O'sha paytda ham bu idoraga kirib-chiqish qiyin edi. Menga esa maxsus ikki oylik ruxsatnoma yozib berildi.
Ikkinchi uchrashuv ancha jiddiy, salmoqli kechdi. Qulman bovam tavsiya, maslahatlar berdi. Mahalliy axborotlar tahririyatidagi bir opaga biriktirildim. Opa tinmay ko'chada — tadbirma-tadbir yurarkan, arang bir oy deganda ko'rishdik. Ikki-uch kun opaning oldiga amaliyotga qatnadim, bir-ikki tadbirga birgayam bordim. Yashirib nima qilaman: o'zim benihoya quntsiz bo'lganim uchun amaliyot ham o'lda-jo'lda bo'ldi. Shunday tentiragan kunlarimning birida Mahalliy axborotlar tahririyati bosh muharriri G'ulom Mirzo chaqirib qoldi. Bordim. Aka gapni uzoqdan boshladi. Otam bilan birga ishlashgani, men negadir amaliyotda sust qatnashganimni aytdi. Qulman bovamning ishonchini oqlamayotganim ham pisanda qilindi. Keyin meni u kishi chaqirayotganini aytib, yoniga yubordi.
Demak, bovam ham mendan katta umid qilib yurgan, men esa… Mayli, boshga tushganini ko'z ko'radi. Uyam G'ulom akaga o'xshab pand-nasihat qilsa kerak. Shunday o'ylar bilan bovamning xonasiga kirib bordim.
— Assalomu alaykum! — qiroat bilan salom berdim.
— Otasining Toshkentda qo'sha-qo'sha uyi, supermarketi bor odamgina sizga o'xshab lallayib yuradi.
O'hh!..
— Nega shuncha paytdan beri hech narsa yozmadingiz?
Savol beruvchining nigohiga dosh berolmay, bir narsalar deb g'o'ldiradim. Nigoh egasi ayovsiz yanishda davom etdi:
— Maqola degani, nima, sizga badiiy asarmidiki, ilhom kelishini kutib, Do'rmonda devzira osh yeb yozsangiz…
O'sha kuni boshiga gurzi yegandek sezdim o'zimni. Qolgan gaplar qulog'imga kirmadi. O'zAdan qanday qilib otilib chiqqanimni bilmayman. Ichimdan xo'rlik o'kirik bo'lib tomog'imga tiqilardi. Nimaga unday deydi? Otamning qo'sha-qo'sha supermarketi bo'lganida shu yerlarda tentirab yurarmidim?! Bas, boshqa bu yerga kelmaganim bo'lsin!
O'sha kuniyoq otamga qo'ng'iroq qildim: “Oshnangiz ma'quli yo'q odam ekan. Hech kim aytmagan gaplarni aytdi…” Otam indamadi. Churq etmay eshitdi… Lom-mim demadi.
* * *
Taqdir yana “Turkiston” gazetasiga yetaklab olib bordi.
Qariyb o'n yilcha Qulman bovam bor joyga yaqin yo'lamadim. O'zA binosiga yaqin — hamkasblar maqtagan yemakxonalarga ham bormadim. Avvaliga g'azabdan bino bo'lgan o'jarligim vaqt o'tishi bilan xijolat hissiga o'rin bo'shata boshlagan edi. Ko'cha-ko'yda bovamga yo'liqib, ko'z ko'zga tushishidan o'zimni olib qochayotgan edim.
Bu orada Qulman aka bir-ikki umumiy tanishlarga, O'zAga ishga kirish uchun suhbatga borgan hamkasblarimga “Bir qadrdon akamizning o'g'li bor edi, yaxshi yuribdimi?” degani qulog'imga chalindi. Shu gaplarni eshitganim, aqlim avvalgiga nisbatan to'lishgani sari Qulman aka o'z vaqtida juda to'g'ri va aniq tanbeh berganiga iqror bo'la boshladim.
Oxiri bir kuni chidolmay, otamga yorildim:
— Ota, Qulman bovam o'shanda to'g'ri aytgan ekan.
Otam hech ikkilanmay, to'xtalmay, bunday dedi:
— To'g'ri aytganini o'shandayoq bilgandim.
— Unda nega o'shanda aytmadingiz?
— Chunki sen haqiqatni qabul qiladigan holatda emasding. Mana, o'zing anglabsan, bu — juda yaxshi.
Otamning gapidan keyin ko'nglim xiyla taskin topdi. Baribir xijillik bor edi. Bu orada men “Ma'rifat” gazetasida ishlayotgan edim. Kunlarning birida bizning qavatdagi “Pravda Vostoka” gazetasida Qulman bovamni ko'rib qoldim. U samimiy ko'rishdi, so'rashdi. Go'yo oramizda hech gap bo'lmagandek edi. Bovamning bunday tutumi vijdonim oldidagi xijolatpazligimni ancha kamaytirdi. Shu-shu yo'lakda ko'rishsak, hol-ahvol so'rashib o'tardik. Men ishlayotgan bo'lim mudiri Hamza Abdullayev Qulman akaning oldiga serqatnov bo'lib qoldi. Bir kuni bir dasta qog'oz ko'tarib kirib keldi. Qiziqish ustunlik qilib qaradimmi yoki Hamza akaning o'zi aytdimi, esimda yo'q, ammo bilganim shuki, bu Qulman Ochilning qissa va hikoyalar to'plami edi.
— Sizning savodingiz haqida so'radi, yaxshi, deb aytdim. Menimcha, imlosini ko'rgani sizgayam qo'lyozma bersa kerak, — dedi Hamza aka.
Tusmoli to'g'ri chiqdi. Qulman aka chaqirib qoldi. Bordim. U yoq-bu yoqdan gaplashgan bo'ldik. Keyin qoralamalarini berdi.
— Ko'rib, fikringizni ayting, — dedi u.
Bosh irg'ab, qo'lyozmani olib ketdim.
Bir hafta maza qilib mutolaa qildim. Bir-ikkita imlo xatosini aytmasa, hech qanday o'zgartirish kiritmadim. Zotan kirita olmasdim ham. Chunki qariyb qirq yildirki, ijodning qora qozonida obdan qaynagan adib oldida kaminaning sajiyasi haminqadarligi kundek ravshan edi. Xo'sh, unda nega menga qo'lyozma berdi? Menimcha, Qulman bovam o'rtadagi xijillikni shu tariqa barham toptirmoqchi, uzuq-yuluq salom-alikni ishonchliroq rishtaga aylantirmoqchidek edi. Bundan, tabiiyki, ko'proq men manfaatdor edim. Shundan keyin bovam bilan ancha gurunglashdik. Asar qahramonlarining prototiplari haqida gapirib berdi. Otamning vafotidan so'ng Norqobil aka (N.Jalil) bilan Toshkentdagi qo'noqxonamizga kelib, dildan achinib, hamdardlik bildirdi…
* * *
Qirq yoshning soyasiga yaqinlashib, angladimki, mayoqning vazifasi faqat yo'l ko'rsatish. U har qancha shu'la, yog'du taratmasin, isitishga xizmat qilmaydi. Mening dastlab bola, so'ng o'smir shuurimga muhrlangan Qulman Ochil fenomeni mayoq misoli yo'l ko'rsatib turgan. Jurnalistikaga kirib kelishimga qopqa vazifasini o'tagan. Baxtim shuki, o'sha mayoq ertaroq porlab, bolalikdan kasb tanlovimni qat'iylashtirdi. O'smirlikning ichki g'alayon va taloto'mlaridan betalafot olib chiqdi. “Kichik xonadondan keng jahonga olib chiqadigan yo'l eng og'ir yo'ldir”, degan edi faylasuf adib Robindranat Togor. Bunga qiyosan aytish mumkinki, mamlakatning janubiy chekkasidan — Makondo misoli bir chekkasini mudom qum bo'roni yalab o'tadigan joydan shu yergacha kelishim oson kechgani yo'q…
Darvoqe, Qulman Ochil — katta ustoz haqida bir so'z aytmoqchi bo'ldim.
Lekin buni uning qo'l ostida shogird maqomida ish boshlab, bugun mamlakatning nufuzli OAVlari-yu rasmiy-norasmiy idoralarini gullatayotgan, zabardast qalami va so'zi bilan tarixga imzosini qo'yayotgan hamkasblarimdan o'tkazib so'z ayta olarmidim? Bilganim shuki, u o'zi ishlagan OAVlar timsolida jurnalistikaning “planka”sini ancha yuqoriga ko'tarib qo'ydi. Mening esa yelkamda ustoz aytgan maslahatlar, o'gitlar. Ularni uddalay olsam edi, ishonaman, bundan rahmatli otamning ruhlari ham shod bo'lur edi.
Xayriddin MUROD