“Ey, uka, bizlar tog' odami…”

yoki Jo'libek bobo Qodirovning lafzni qadrlagani haqida

O'tgan asrning to'qsoninchi yili. Bundan 35 yil muqaddam ayni mart oyida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar bo'lib o'tdi. Saylov arafasida deputatlikka nomzodlardan biri Samarqand viloyati Qo'shrabot tumani Tozg'ora qishlog'ida yashagan rahmatli Jo'libek bobo Qodirovning huzuriga kelib: “Siz shu qishloqning oqsoqoli ekansiz, biz eshitdikki, siz nima desangiz, aytganingiz bo'larkan. Shunga hamqishloqlaringizga aytsangiz, bizning nomzodga ovoz berishsa”, deyishibdi.

“Buning sira iloji jo'q, mehmonlar. Xafa bo'lmanglar”, debdi birdan bobomiz.

“Ie, bu nima deganingiz? Siz xavotir olmang, bizniyam ataganimiz bor, xizmatingiz quruq qolmaydi, hamqishloqlaringizga choy-poy berasiz”, — deb oldiga bir o'ram qog'oz tashlabdi.

“Ukalar, men buni ololmayman, ochig'ini aytay, sizlar bir kunga kech qoldinglar. Kecha falonchi nomzod keldi. Biz talabimizni aytdik, u odam yordam qilaman, dedi. Men unga: “Bo'ldi, talabimiz bajarilsa, biz hammamiz sizga ovoz beramiz, ko'nglingiz to'q bo'lsin”, deb va'da berib yubordim, tamom, shu gap — gap”, — debdi.

Ishonch bilan aytilgan javobdan va shashti qaytganidan sheriklari oldida mulzam bo'lgan nomzod boboning oldiga yana bir o'ram qog'oz tashlabdi.

“Ey, uka, bizar tovding odami. Gapirsak, bitta gapiramiz. Kech qoldinglar, deyapman-ku. Biz endi hammamiz o'sha sizning raqibmi, raqobatchingizmi, o'sha nomzodga ovoz beramiz. Bu yerda boshqa gap bo'lishi mumkin emas”, — debdi yana.

Shunda so'zi o'tmayotganidan jahli chiqqan nomzod qizishib ketganidanmi yoki bobomizning dangalligini sindirish uchun ataylabmi, uning oldiga o'zlari minib kelgan yangi “Jiguli” mashinasining kalitini tashlab: “Mana shu moshin Sizga. Erkakchasi, gap bitta”, — debdi, past ketgisi kelmay. “Hey, uka, erkak odamda lafz bitta bo'ladi. Ikkita bo'lsa, u erkak bo'lmaydi, nafsining quli bo'ladi. Bizlar shu vaqtgacha tupurgan tupugimizdi qaytib olmaganmiz, bundan keyin ham qaytib olmaymiz. Betga aytganning zahri yo'q. Xafa bo'lishga o'rin yo'q”, deb kalitni o'ziga qaytarib beribdi bobomiz.

So'zini o'tkazolmagan deputatlikka nomzod qaytib ketayotganda: “Men bunday qaysar odamni umrimda birinchi ko'rishim”, desa, yonidagi ishonchli vakili, do'sti: “Menga qolganda, sening o'rningga shu odamning nomzodini deputatlikka qo'yardim”, degan ekan. Bu voqea qishloqda hozirgacha davralarda eslab turiladi.

Xo'sh, biz buni nega esladik?

Bugun shaharlar tugul, qishloqlar ham ancha demokratiyalashgan. Erkaklar tugul, ayollar ham o'z ovoziga o'zi xo'jayin. Hammasi o'z haq-huquqini taniydi, biladi. Haqini ajratib oladi. Ammo faqat o'zining manfaatini himoya qilishni, haqini ayirib olishni biladi, xolos. Jo'libek bobodek umum manfaati uchun kurashadigan, eldoshlari maqsadi yo'lida va'dasiga vafo qiladigan, qishloq sha'ni va obro'si uchun so'zida qat'iy turadigan, lafzini halol ushlaganidan, uni qimmatbaho mashinalarga almashtirmaydigan odamlar negadir ko'rinmay qoldi.

Mahallasi, qishlog'i manfaati, farovonligi uchun kurashadiganlar nahotki bugun bozor, metro va boshqa odam gavjum joylarda qo'liga yog' ko'tarib, choy ko'tarib “openbyudjet” uchun ovoz sotib olayotganlar bo'lsa? Demokratiya haq-huquqni tanish, hammaning birday teng huquqli bo'lishi, teng ovozga ega bo'lishi, haq-huquqning teng taqsimlanishi deb tushuntirilmaganmidi?

Nega unda umum manfaati bozorga chiqib ketdi? Nega umum manfaatni himoya qiladigan deputatlar xalq talabini ko'tarib chiqmayapti? Nega jim ular? Axir Oliy Majlis ijrochi organ — hukumat faoliyatini nazorat qiladigan organ emasmi? Xo'sh, bunga Siz nima deysiz?

Shuhrat RO'ZIYEV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − 6 =