Dorboshi

Safardan qaytib, qo'limda sovg'a qilingan kitobni aylantirib turgan edim, telefon jiringlab qoldi. Olsam, xuddi g'oyibona xabar yetgandek, shu kitobning muallifi. Xush tavoze bilan salomlashib, hali yangi kitob bilan tabriklashga ham ulgurmagan edim, shaxt bilan so'roqqa tutib qoldi:

— Men sizga bergan kitoblarni aytgan odamlarimga yetkazdingizmi?

Hali bu yumushga navbat yetmagan edi:

— Hozircha yo'q, — dedim va sabablarini tushuntirishga og'iz juftlagan edimki, zarda bilan:

— E, qanaqa odamsiz? Qancha tayinladim, ketganingizga bir hafta bo'ldi, — degan o'dag'aylagan ovoz keldi.

— Uyda jo'mrakdan suv ketib yotgan ekan, usta…

Gapimning davomini ham eshitmay, yana nimalardir dedi-da, telefonni o'chirib qo'ydi. Yaxshiyam o'chirdi, bu otashinlik bilan ko'p bemaza gaplar aytishi mumkin edi. Suhbatdoshim shunchalar alam bilan gapirdiki, go'yo mashhur dorbozning evarasi va ilmiy tadqiqot instituti jamoasi kechayu kunduz shu kitobni kutib yotibdi, tezroq yetkazmasa, havo yetmay, bo'g'ilib qoladigandek. Men qo'limdagi yumshoq muqovali, odmigina kitobning bunchalik muhim ekanini his etmaganimdan bir oz mulzam bo'ldim. Nima bo'lsa ham ichimga yutdim, muallif yaxshiyam o'sha alpozda:

— Haliyam eltib bermabsiz… Kecha yegan zig'ir oshingiz teshib chiqmaydimi?.. — deb yubormadi. Agar gap davom etsa, muomala shungacha boradigan edi.

Chuqur nafas olib, qo'limdagi kitobni bir salmoqlab qo'ydim. Kitob ham farzandidek gap-da, jahli chiqqanining sababi bordir. Yoki tabiatan aytganini qildiradigan, o'zi lafzida turadigan va boshqalardan ham shuni talab qiladigan qat'iyatli odamdir. Agar shunday cho'rtkesar, talabchan odam bo'lsa, gapida jon bor. Aytganini qildiradigan, o'zi tartibli odamlar boshqalardan ham shu fazilatlarni talab qiladi. Balki, erishgan muvaffaqiyatlarining zamirida ana shunday talabchanligi, o'ziga ham, boshqalarga ham murosasizligi, mas'uliyatni chuqur his etishi sabab bo'lgandir.

Aslida ham uning maqtansa arziydigan yutuqlari bisyor edi. Hammaning ko'z oldida, hatto qarindoshlarini ham lol qoldirib, shunday ishlarni amalga oshirdiki, ularning salobatini chamalab, lol qolmaslik mumkin emas edi. Bu ayni haq gaplar…

Muqovasiga “Dorbozlar” deb yozilgan, yirik ko'rinishda do'ppili, soqoli ko'ksiga tushgan oq yaxtakli odamning surati, dorda uzun langarcho'p tutgan, dor ustida ham hayajon bilan odimlayotgani bilinib turgan aynan shu zotning tasviri tushirilgan kitob xalqimizning qadimgi san'at turlaridan, eng tomoshabop va xalqchil o'yinlaridan dorbozlik haqida. Albatta, tekis yo'lda eplab yura olmaydiganlar uchun ham yoki bulutlar bag'rida havoda muallaq turib, quyidagi odamlarni hayratga solayotgan dorbozning o'zi uchun ham bu hunar sirli, sehrli va sinoatli tuyuladi. Bu haqda hali aytilmagan gaplar ko'p, soha tarixi va tadriji — ochilmagan qo'riq. Ana shunday muhim va dolzarb mavzudagi kitob muallifi ichkari jildda ko'rsatilgan: Sa'dulla Mamadaliyev.

Sa'dullaning ota-bobolari, butun zoti-budi keng dalalarda suruv quvib, yer haydab o'tgan chorvador va dehqon bo'lgan. Ular dorga chiqishni ham, hatto langar cho'p ushlashni ham xayollariga keltirmaganlar. Ne ajabki, Sa'dulla va farzandlarining rizqi yuksakliklarga, havolarga sochilgan ekan. U dorbozlikni yo'q joydan boshlab, butun bir sulolaga asos soldi, respublikada shu san'at turi muxlislari, tadqiqotchilari, piri komillari davrasida munosib o'rin egalladi. Albatta, bu yo'lga bir qur razm solish maroqli manzaralarni ko'z oldimizda gavdalantiradi.

Sa'dullaning otasini bilganlar “Mamadali tekis yo'lda ham to'qishmasdan yura olmas edi, o'g'li dorda qushdek uchadi”, deyishadi. Buning aniq dalili bor. Tog'da jonivorlar qurshovida o'sgan Mamadali bolaligidan gapga chechan, sho'x, yerga ursa, ko'kka sachraydigan bola bo'lgan. O'n yoshlarida xo'p haydab turganida galagovga qo'shilgan otning chataniga chitir bilan uradi. Etiga tikan kirgan jonivor bor g'azabi bilan oyog'ini siltaydi. Shunda otning nag'al qoqilgan baquvvat tuyog'i yaqinda turgan Mamadalining peshonasiga tegadi. Zarb shunchalik kuchli bo'lganki, ikki qoshning o'rtasidagi suyagi cho'kib ketgan, ko'z qiyshayib qolgan (“ko'z — egali” deganlaridek, joyidan chiqib ketmagan), shundan amakimiz odamga yer tagidan qaragandek tikilar, qadamini ham tusmollabroq bosardi.

Shu inson bir umr Shahrisabzdagi ko'zi ojizlar korxonasida poyandoz to'quvchi bo'lib ishladi, oilasini peshona teri bilan boqdi. Qariyb yarim asr bir maromdagi turmush tarzini buzmadi; tong g'ira-shirasida uyidan chiqar, 6-7 chaqirimlik yo'lni piyoda bosib, ishga o'z vaqtida kelar, kechqurun yana bir vaqtda ish joyidan chiqib, yengil qadamlar bilan uyiga shoshardi. Qishloqdoshlari “Mamadalining ishga borib-kelish vaqtidan soatni to'g'rilab olsa bo'ladi”, deyishardi yarim chin, yarim hazil bilan bunday aniqlikka tan berib. Tabiatan ochiq ko'ngil, samimiy odam edi, davralarni og'ziga qaratib o'tirardi.

Ana shu insonning ikkinchi o'g'li Sa'dulla akasi Erkindan farq qilib, o'qituvchilikni emas, dorbozlikni tanlagan edi. To'g'risi, bu sohaga uni taqdir shamoli uchirib kelgandi: harbiy xizmatni Germaniyada o'tab qaytgach, qarasa, aka-uka tahsil olgan Shahrisabz pedagogika texnikumida jismoniy tarbiya o'qituvchilari No''mon Alimardonov va Qo'chqor Sharipov dorbozlar guruhini tashkil qilgan ekan. Sport gimnastikasi va akrobatikadan qobiliyatini ko'rsatgan va harbiy xizmatda chiniqib kelgan Sa'dulla uchun bu guruh katta hayotning eshiklarini ochib berdi. Tomoshalarning jozibadorligini oshirish uchun turli ssenariylar yozish, so'zga chechanlik bilan tomoshabinlarni jalb qilish, qolaversa, masxarabozlik va askiya borasida uning so'zamolligi, shoirtabiatligi qo'l keldi. Yosh bolalarning ko'ngliga kirib, ularni guruhga jalb qila olishi jamoada mavqeini oshirdi. Shu bilan u dorbozlar guruhining asosiy ishtirokchilaridan biriga aylandi.

Bu orada turli tomoshalar, festivallar, uzoq-yaqinlarga ijodiy safarlar ularning imkoniyatlariga yangi ufqlarni ocha boshladi, atrof-tevarakda “Shahrisabz dorbozlari” degan nom tezda yoyilib ketdi. Muvaffaqiyatlar ham e'tirof etila boshlandi. Havaskorlik guruhlari o'rtasidagi tanlovlarda g'oliblikdan tashqari, 1984 yilda mashhur “Lazgi” ansambli bilan Efiopiya davlatida bo'lishlari, bir yil o'tib, Moskva shahrida bo'lib o'tgan jahon yoshlari va talabalar festivalida ishtirok etishlari faoliyatning birinchi bosqichidagi ham e'tirof, ham yutuq bo'ldi.

Mustaqillik arafasida Sa'dulla Mamadaliyev hayvonot bog'i tashkil qilish haqida tez-tez gapiradigan bo'lib qoldi. Buni eshitganlar xayolparast yigitning havoyi gaplari-da, deyishgani rost. Aslida ham shunday edi-da. Zoopark tashkil qilishning o'zi bo'ladimi? Avvalo, yer olish, keyin imoratlar qurish, yana hayvonlarni topish, ularni qafasda boqishni tashkil qilish… Bular amalga oshmaydigan gaplardek tuyulardi. Biroq “Chini bilan yig'lasang, so'qir ko'zdan yosh chiqar” deganlaridek, sidqidildan harakat bo'lsa, tog'lar ham ochilib, yo'l berar ekan.

Ammo ko'ndalang turgan qiyinchiliklarni bartaraf etish, amalga oshirish shart bo'lgan yumushlarni bajarishda hech qanday mo''jiza ko'mak bermasdi. Hammasini qadam-baqadam ado etish, har bir g'ishtni qo'lda taxlash, har qarich ariqni kovlash va… idoralarning rasmiyatchiliklarini hafsala bilan yengib o'tish lozim bo'lardi. Sa'dulla dor o'yinlari bilan birga bunday tashkiliy ishlarni ham kiftini kelishtirib hal qilib bordi.

Bu orada oilada farzandlar tug'ilib, ulg'aydi, ular ham otaning jonsarakligini, fidoyiligini ko'rib, uning kasbini sevdi, qolaversa, sohaning istiqbolini o'ylab, Sa'dulla ularni shu sohaga yo'naltirdi. U boshliq hisoblangan yigirmadan ziyod ishtirokchisi bo'lgan guruhda uning farzandlari: qizlari Umida, Hamida, Komila, keyinchalik o'g'illari Sarvar, Abubakr, Suhrob nomlari qayd etilgan. Albatta, 2-5 yoshli mitti qizaloqlarning dadasining yelkasida dor ustiga chiqishlari, yoshiga mos tomoshalar ko'rsatishlari, masxarabozlik hunarlari yoki nafis badiiy gimnastika va chaqqon akrobatikaga tayangan chiqishlari oila ijodiy tarjimai holining ilk sahifasi sifatida ham, Sa'dulla asos solgan sulolaning birinchi qadamlari sifatida ham qimmatli va tarixiy edi.

Endi bu yog'idagi faoliyat ana shunday darajadagi yuksaklik va baland parvoz bilan davom etishi lozim edi. Va shunday bo'ldi ham.

Davlatimiz mustaqilligini e'lon qilgach, milliy qadriyatlarga munosabat o'zgardi. Jumladan, dorbozlik san'ati ham tortinib, qisinib o'tirmay, qanotini keng qo'yib rivojlana boshladi. Davr ruhini va zamon yo'rig'ini teran his etgan Sa'dulla Mamadaliyev zarracha tortinib o'tirmay, ko'nglidagi orzusini amalga oshirishga kirishdi. Uning ichki bir sezgisi harakatlari samarali bo'lishini bashorat qilgandek bo'lardi.

Ayni paytda tadbirkorlikka ham yo'llar ochila boshladi. Alohida korxona ochib, dorbozlar guruhi tarkibida faoliyatni davom ettirishdi. Mo'ljal katta olingan edi, shunga mos ravishda rejalar ham, tomosha turlari ham kengaydi. Turg'un va ko'chma hayvonot bog'i, yopiq milliy sirk (shapito), dorbozlik, motosport, kaskadyorlik tomoshalarini asta-asta tashkil eta boshladilar. Bir so'z bilan aytganda, chorak asr — yigirma besh yil davomida hayvonot bog'i qurilishi yakunlandi.

Turg'un zooparkda ellik xildan ziyod turli hayvonlar saqlanadi. Bu yerga tashrif buyurganlar sher, yo'lbars, ayiq, lama, har xil tog' echkilari (kiyiklar), burladan tashqari yirtqich qushlarni qafasda jonli ko'rib, buyuk tabiat mo''jizalariga guvoh bo'ladilar, o'zlarining qanday olam qurshovida yashayotganlarini his etadilar. Bog' hududidagi 40 metrlik dinozavr va ajdahoning maketi dunyoning mislsiz kuch-qudratga boy ekanini tasdiqlab turadi. Ularga yaqin joyda minglab qushlar uchun uchib-qo'nib yashaydigan maskan tashkil qilingan.

Xullas, Sa'dulla Mamadaliyev va jamoasi barpo etgan bu mo''jizali maskanda odmi hayotimizda uchramaydigan sinoatlarga duch bo'lasiz, o'zingizni yana bir marta ona tabiatning bir bo'lagi sifatida sezasiz. Ko'nglingizda butun borliqqa mehr, atrof-tevarakni asrab-avaylashga javobgarlik his etasiz. Shahrisabzning kunchiqar tomonida makon topgan mazkur maskanni tashkil qilishdan maqsad ham ana shunday bo'lgan edi.

Albatta, erishilgan yutuqlarni ko'rsata olish ham katta san'at, mahorat. Bu borada ikki nuqtaga to'xtalish o'rinli bo'ladi. Birinchisi, yurtdoshlarimizni jonivorlar olami bilan beminnat tanishtirish maqsadida ko'chma hayvonot bog'i tashkil etildi. 2001 yildan boshlab o'n dona g'ildirakli sakkiz metrli vagonlar bilan gastrol safarlari uyushtirila boshlandi. Bunday tomoshalar respublikamizning jami viloyat va ko'plab tuman markazlarida tashkil qilindi. Yangi xizmat turlari, masalan, chet ellardan keltirilgan turli arg'imchoqlar bilan ko'rsatiladigan ko'ngilochar o'yinlarning ishqibozlari ham ko'payib ketdi.

Ko'zga tashlanadigan ikkinchi muhim nuqta shundan iborat bo'lganki, hayvonot bog'i hududida tarixiy muzey tashkil qilingan. Unda safarlar davomida qo'lga ilingan va maxsus izlab topilgan ashyolar o'rin olgan. O'nlab oynavand shkaflarda taxlangan va did bilan joylashtirilgan. Jozibador qilib bezatilgan eksponatlar kishini hayratlantiradi. Siz oddiy ro'zg'or anjomlaridan tortib ajdodlarimizning turli-tuman liboslari, oyoq kiyimlarigacha, rang-barang fotosuratlaru qo'lda chizilgan suratlargacha, so'zanayu ko'rpalar, dunyoning turli davlatlaridan keltirilgan minglab ko'krak nishonlar (znachoklar)dan tortib ba'zi oilalar taqdim etgan rasmlar albomigacha — juda ko'p nodir ashyolarning boy kolleksiyasiga duch kelasiz. Tandirda non yopayotgan ona, ko'rpa ostida uyquga ketgan bolachalarning maxsus ishlangan mulyajlari ko'ngilda cho'kib yotgan xotiralarni jonlantiradi.

Xullas, bu joyda qaysidir ma'noda Parijdagi Luvr muzeyi yoki Nukusdagi Saviskiy suratxonasining ob-havosini tuyasiz. Bitta afsuslanadigan tomoni — bu nodir ashyolarga yetarlicha e'zoz yo'qligi, keng targ'ib-tashviq qilinmasligidir. To'g'ri, ularni Shahrisabzga tashrif buyurgan sayyohlarga shu holda ko'rsatib bo'lmas, ammo zaxirada mavjud boylikni namoyish etish yo'llarini qidirish mumkin bo'lar. Bunday sa'y-harakatlar hukumat doirasida qo'llab-quvvatlanishi lozim. Avvalo, hamma ham bunday xayrli ishlarga jazm etavermaydi. Keyin esa hamma joyda ham buncha ko'p osori-atiqa jamlanmagan. Albatta, Madaniyat vazirligi mutasaddilari biror jo'yali munosabat bildiradilar, deb umid qilamiz. Bu yerda to'plangan buyumlar tariximizdan hikoya qiluvchi so'nggi nusxa bo'lishi mumkin.

…Kitobni o'zgacha qiziqish bilan o'qib chiqdim. Unda bir sohaga qadam qo'yib, uni hayotining mazmuniga aylantirgan, ertangi rivoji uchun jon kuydirgan bir fidoyi ijodkor va amaliyotchining butun ichki ma'naviy bisoti jamlangan, desa bo'ladi. Dor san'ati tarixidan boshlab bu sohaning tadriji, soha fidoyilari, ularning har birining dorbozlikni rivojlantirishdagi hissalari, shuningdek, dorni o'rnatish, uning qismlari, dor o'yinlarining turlarigacha juda ko'p ma'lumot jamlangan. Muallif butun borlig'ini bag'ishlab, uni yaratgan (etkazib berishni kechiktirganim uchun mendan xafa bo'lganicha bor), bunday to'plamlar xazina bo'lib qolishi aniq. Faqat unda bayon va ifodalarni badiiylashtirishda muharrir hamda nashriyot jiddiy yondashganda, yana ham qimmati oshardi.

O'qiymiz (aynan, o'zgarishsiz ko'chirma): “… 2017 yillari kaminaning yoshi kamida 60-64 da bo'lsa-da, qaysi shahar tumanlariga dor quradigan bo'lsin albatta bir-ikki marta baland qiya dor singari irg'itadigan sim dorga chiqib baland sakraganda yoki shoxtashlab ikki yonga o'tirib turish o'yinlarini bajarayotganimda, ko'kragimda kindikkacha cho'zilib turadigan keng soqolimni dor shabadasida ikkiga bo'linib yelkamga ochilib turishini ko'rgan tomoshabinlar, bu chol 70-80 yoshni bosib o'tgan bo'lsa ham dorga sakrab o'ynashi 25-30 yoshli dorbozlar singari deb bir-birovlariga aytganlari tez-tez quloqqa chalinib turardi” (“Dorbozlar” kitobi, 39-bet. Muharrir I.Ahmedov, musahhih S.Saidamirova. “Donishmand ziyosi” nashriyoti. 2022 yil.)

Albatta, bu matnni o'qigan savodli odamda kimlardir vazifasini yaxshi uddalamabdi, degan ishtiboh tug'ilishi tabiiy. Kitob boshdan-oxir shu “uslub”da, ya'ni muallif qoralamasi tahrir qilinmasdan bosilgan. Albatta, jamoatchilik nazari va noshirlik kasbi haqqi-hurmati uchun ishga mas'uliyat bilan yondashilganda, hech qanday e'tiroz bo'lmasdi. Negaki, fidoyilik ham o'ziga shunday munosabatni talab qiladi. Sa'dulla Mamadaliyevning harakatlari chindan ham alohida e'tiborga loyiq. U boshliq jamoa yaratgan ma'naviy boylik xalqimiz mulki bo'lib qolishiga ishonamiz.

Rahmatli amakimiz Mamadali Bozorboy o'g'li biz tengi farzandlarini internat-maktabga o'qishga qo'ydi va o'z fe'liga mos ravishda hammaga “Bu dargohni bitirganlar muhim davlat ishlarini bajaradigan odam bo'lib chiqadi”, deb maqtanib yurdi. Otaning ezgu orzusi qaysidir ma'noda amalga oshganga o'xshaydi. Umid va ishonch ham farzandlarga kelajakda qanot bo'lishi rost ekan. Omad yor bo'laversin sizlarga…

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + sixteen =