Rahim Rajabov kim edi?

yoki o'ziga berilgan uyni muhtoj oilaga sovg'a qilgan

halol va kamtarin rahbar haqida xotira

Bu o'tkinchi dunyoda o'z xalq duosini olish hammaga ham nasib etavermaydi.

Shunday insonlar bo'lganki, yillar o'tsa ham ular haqida yaxshi odam degan so'zlar aytiladi. Butun umrini o'z xalqining buguni va ertasi uchun tikkan fidoyi, mard, sadoqatli do'st, halol yashab o'tgan kishi shunday eslanadi.

Jurnalist-tarixchi Sa'dulla G'aybullayevning “Rahim Rajabovning mazmunli umri” nomli kitobini o'qigach, “Mazmunli umr haqidagi mazmunli kitob” bo'libdi degan xulosaga keldim.

Rahim Rajabov kim bo'lgan? U Buxoro viloyatining Qorako'l tumanidagi Galabek degan qishloqda 1937 yilning 29 aprelida dunyoga kelgan. O'sha qishloq bolasi vaqti kelib, mamlakat mashinasozlik va elektronika sanoatining yetakchi namoyandalaridan biri bo'ldi. O'zbekiston Prezidentining Davlat kotibi, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari bo'lib ishladi. Amallar o'tkinchi. Rahim Rajabov o'tkinchi amallarda ishlab qanday iz qoldirdi? Kitobni varaqlasangiz, savolga javob olasiz.

Mashhur sportchilardan biri: “Bu yorug' dunyodan o'tganimdan so'ng, odamlar meni taniqli futbolchi sifatida emas, haqiqiy inson sifatida eslasinlar”, deb niyat qilgan ekan. Rahim akaning ham niyati shunday bo'lgandir.

Rahim Rajabov bilan bir necha marta uchrashganman. Qo'shni Tojikistonda tabiiy ofat yuz berganda, mamlakatimizdan yordam yuklarini jo'natish munosabati bilan Vazirlar Mahkamasida yig'ilish bo'ldi. Intervyu olish uchun davlat kotibiga yuzlandim. “Bo'pti, ukajon”, deb alohida xonaga boshladi va intervyuni olib, qadrdonimday xayrlashdim. Samimiy munosabat sababchi bo'lib qaerda Rahim Rajabov haqida gap ketsa, “bunchalar kamtar rahbar”, deb  yuradigan bo'ldim.

Bir kuni poliklinikada shifokor qabulida Rahim aka ham navbat kutib o'tirgan ekan. Salomlashib, dastlabki uchrashuvimizni eslatdim.

“Siz haqingizda hamma yaxshi gap aytadi”, deganimda, “Rahmat, uka”, degan gapni ming xijolat bo'lib aytdilar. So'ng jurnalistligim tutdi. “Aka, Solijon Mamarasulov haqida nima deysiz?” deb so'radim. Shunda: “Solijon aka bitta kostyum-shimda yurib, to'g'ri so'z, o'ta halol, bilimdon, haqiqiy kamtar rahbar sifatida ishlab o'tdi-ketdi-da. Qani endi, barcha hokimlar ham shunday bo'lsa”, degan gapni aytdilar. “Insoniy fazilatlar, ayniqsa, kamtarlik bobida o'zingiz ham qolishmaysiz”, degim keldi.

Arab tadbirkorlari Toshkentga kelgach, Rahim akanikiga mehmonga borishadi. Xorijlik boylar mashinadan tushgach, hukumat raisining o'rinbosari, Davlat kotibi bo'lgan insonning bunday kamtarona uyda yashashiga ishonmaydilar. Ular qandaydir qasrga duch kelamiz, deb o'ylashgan ekan. Shuning uchun biroz bepisandlik paydo bo'ladi. Lekin ichkaridagi samimiyat va Rahim akaning minglab kitobdan iborat kutubxonasi bilan tanishgach, bu qarashdan asar ham qolmaydi. Ular haqiqiy boylikka, kutubxonaga duch kelishgandi… Alixonto'ra Sog'uniyning xanjari ham ana shu kutubxonada saqlangan. Bu xanjarni Sog'uniyning o'zlari Rahim akaga sovg'a qilgan. Hammaga ham berilavermaydigan tuhfa.

Endi tarixga murojaat qilsak.

Rahim Rajabovning ona tomonidan katta bobosi Rajab oqsoqol cho'rtkesar, o'z fikriga ega, el manfaati uchun kurashchan kishi bo'lgan ekan. Rajab oqsoqol Buxoroning so'nggi amiri buyrug'i bilan ikki marta kaltaklangan. To'g'ri so'z, xalq manfaatini har narsadan ustun qo'ygan bobo Amir Olimxonning ana shunday “siylovi”ga erishgan.

Uning otasi Rajabboy Xo'jayev ham el nazaridagi kishi bo'lgan. U 1930 yillarning qatag'on mashinasidan ko'plab oilalarni asrab qolgan ekan.

Rahim Rajabov dastlab “Tashselmash” zavodida slesar, muhandis-mexanik, loyihachi-muhandis bo'lib ishlagan. So'ng bosh muhandis, Toshkent ekskavator zavodida direktor bo'lganida Sharof Rashidov nazariga tushgan. Toshkentda Rahim Rajabovning “Algoritm”i degan gap bor. U 1981 yilning yanvarida poytaxtda bunyod etilajak “Algoritm” zavodi qurilishida bosh-qosh bo'lib, shu zavodning direktori lavozimiga tayinlanadi. Bu elektron hisoblash mashinalari zavodi  bunyod etilishida Sharof Rashidovning xizmati qay darajada bo'lganligi kitobda batafsil yozilgan.

Yangi zavodga yuqori kuchlanishli elektr liniyasini tortish kerak bo'ladi. Ammo liniya tortiladigan joyda 152 oila uy qurib yashayotgandi. Shunda bu uylarni buzish kerakligi aytiladi. Sho'ro hukumati tezda mablag' ham ajratgan. Buzish uchun yuqorining buyrug'i bor. Barcha texnika shay holga keltiriladi. Hamma Rahim Rajabovning topshirig'ini kutardi. Shunda mas'ul xodimlardan biri unga bir hovlidagi kampir uyi buzilishini istamay, qattiq ranjiganligini aytadi.

Rahim aka kampirning hovlisiga kirib, o'zining kimligini aytmasdan, bir piyola choy bahona suhbatlashadi. Onaning uch farzandi urushda halok bo'lgan, o'zi qolgan farzandlari bilan uch marta “snos” azobini tortgan ekan.

Rajabovning fikri butunlay o'zgaradi. “Onajon, uyingiz bu gal buzilmasa, nima qilasiz?” deydi.

“Duo qilaman, yettidan yetmish pushtigacha hamma ajdod-avloding haqqiga duo qilaman, o'g'lim”, deydi kampir.

“Onaxon, qani, duo qiling, men shu ishning boshida turadigan bo'lsam, uyingiz buzilmaydi, yashayvering, to'y-tomosha qilsangiz, qutlagani kelamiz…” deb kampirga tasalli beradi.

So'ng Rajabov mutaxassislarga “kampirning uyini ham, ko'chadagi boshqa uylarni ham buzmaymiz. Liniyani o'tkazishga boshqa yechim topinglar”, dedi. “Toshkentda tasdiqlangan, Moskva ma'qullagan loyihani buzishning javobgarligi bor, Rahim Rajabovich!” deydi mutaxassislardan biri. “Javobgarlik va mas'uliyatni o'z zimmamga olaman, siz aytganni qiling!”. Rahim Rajabovning bu qat'iy javobidan keyin simyog'ochlarni balandroqqa ko'tarib yechim topishadi.

Shunday qilib, 152 oila yashaydigan uylar buzilmay qoladi. Ana, xalqparvar rahbarning kuchi, uning qiyofasi. Bo'lmasa, sho'ro mashinasining kuch-qudrati katta davrlar edi, o'shanda. Yuqorining buyrug'i har narsadan so'zsiz ijro etiladigan paytda bir keksa kampirning gaplariga kim ham quloq solardi? Bu voqeani o'qigan bugungi ayrim hokimlar qilayotgan ishlariga boshqatdan nazar solsalar, el nazaridan qolmasmidi?

Rahim Rajabov — davlat kotibi

O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat kotibi lavozimi davlat hokimiyati tizimidagi butunlay yangi voqelik edi. Uning bosh vazifalaridan biri apparatdagi 6 nafar Davlat maslahatchisining faoliyatini muvofiqlashtirib borishdan iborat bo'lgan. Davlat kotibi Rahim Rajabov MDH davlat rahbarlarining Minsk shahrida o'tkazilgan sammitida O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida yirik amaldor sifatida ishtirok etadi. Kitobdan parcha:

“O'shanda O'zbekistonda bug'doy masalasi muammo bo'layotgandi, — deb eslaydi Rahim Rajabov. — Ukraina prezidenti Leonid Kravchukning yoniga borib, u bilan bug'doy borasida gaplashdim. “Yordam beraman, faqat Islom Karimov nomidan mening nomimga xat qil va sen bilan birga ertaga Kiyevga uchamiz. Men hamma gubernatorlarni chaqirganman. Ularning har biri o'zicha Prezident, xatingni ko'rsatib, o'sha yerda hal qilamiz”, dedi. Uchrashuvda oldiniga gubernatorlarning ba'zilari tixirlik qilishdi. Leonid Kravchuk ularga O'zbekiston, o'zbek xalqi urush yillarida minglab ukrainalik fuqarolarga yordam berganini, O'zbekistonga evakuatsiya qilinganlarni boshpanasiz, non-suvsiz qoldirmaganini aytgach, barchaning boshi egildi. Hammasi o'z imkoniyati darajasida bug'doy berishga rozi ekanini bildirishdi. Bir necha kundan keyin dastlabki vagonlardagi bug'doy O'zbekistonga yetib keldi…”

Rahim Rajabovning Davlat kotibi bo'lib ishlagan davrida vaziyat ancha og'ir edi. O'sha paytda birinchi Prezidentimizning Namanganga borganini bilishadi. O'sha paytlar Rahim Rajabovning Namanganga qilgan safarini ko'pchilik bilmaydi. O'shanda bir guruh kuchlar Namangan mashinasozlik zavodini qurshab olib, turli talablarni ilgari surayotgan edi. Vaziyat izdan chiqishi mumkinligini his qilgan Davlat rahbari: “O'zingning zavoding, borib tinchitib kel”, deya uni Namanganga yuboradi. Vaziyat qaltis edi. Davlat kotibi ular bilan muzokaraga kirishadi. Rahim Rajabov: “Men qurolsizman, sen ham qurolingni tashla, nima gap bo'lsa, erkakcha gaplashamiz va hal qilamiz”, deydi. Raqib Rajabovning qo'liga 13 banddan iborat talablar yozilgan qog'ozni tutqazadi. Muloqot jilovini qo'liga olgan Rahim Rajabov 13 talabning 12 tasini bajara olishiga uni ishontiradi.

So'ng guruh oldiga chiqib, “Modomiki men sizning talabingizni qabul qildim, 12 ta taklifingizning bajarilishiga kafil bo'ldim, sizlar ham mening talabimni qabul qiling va uy-uyingizga tarqaling”, deydi Rahim Rajabov qat'iy ovozda. Xullas, qonunda ruxsat berilmagan tadbirga hech kimning bir mo'yi to'kilmasdi.

Halollikka haykal qo'yilsa…

Ko'p narsalarga haykallar bor. Hatto qushlar ham e'tibordan chetda qolmagan. Lekin halollikka qo'yilgan haykalni eshitmagan ekanman. Buning uchun katta ijodiy salohiyat va mehnat sarflansa kerak. Chunki halol yashash va halollik nima ekanligini amalda ko'rsatish oson ish emas. Dunyodagi kuchli musavvir va haykaltarosh hamkorligi zarur bo'ladi. Bu hayotda o'ta to'g'ri, halol bo'lib yashash hammaning ham qo'lidan kelavermaydi. Qaerdadir sal chetga chiqish, chekinish holatlari yuz berib qolishi mumkin. Shuning uchun ham ko'pincha beayb parvardigor, degan so'z ishlatilsa kerak. Rahim Rajabovning mazmunli umri haqidagi kitobni o'qish davomida “nahotki shunday yashash ham mumkin?” — degan savollarni o'z-o'zimga berib ko'rdim. Chunki kundalik hayotni ko'rib, kuzatib turgan kishi sifatida, ayniqsa, ayrim amaldorlar turmushini o'zgalarga solishtirib taqqoslaganda ko'plab savollar paydo bo'lishi aniq. Kitobdan yana bir parchani birgalikda o'qisak:

“Algoritm” zavodi qurilib ishga tushirilgach, qurilishni olib borgan tashkilotlardan birining rahbari Rahim Rajabovning oldiga kirib, uning qo'liga bir hovlining kalitini bermoqchi bo'ladi. “Nima bu?” “Endi, Rahim Rajabovich, qurilish shunaqa narsa… Ortgan narsalardan siz uchun bir hovli qurgan edik, bu o'shaning kalitlari”, deydi qabulga kirgan rahbar. Rahim Rajabov kalitlarni oladi, qurilgan uy manzilini aniqlaydi va kasaba uyushmasining yig'ilishini chaqiradi. Guvohlar ishtirokida zavodda halol mehnat qilib kelayotgan, 6 nafar bolasi bor, yoshi kattaroq oddiy bir ishchiga quruvchi tashkilotning sovg'asi sifatida uyning kalitini topshiradi. “Quruvchi ukalarimizga rahmat ayting, mana, tejab qolingan materiallar hisobidan bir koshona qurishibdi va uni sizga berishni lozim ko'rishibdi, biz ham bu tashabbusni qo'llab-quvvatlaymiz!” Gap nimadaligini, uning ildizi qaerdaligini bilmagan ishchi xursand, quruvchilar esa hayronu lol…

Yaxshi mutaxassis bo'lish uchun hamma bosqichdan o'tmasa bo'lmaydi. Rahim aka bir xonali uyda qiynalib qolgan kuyovi G'ulomjon Narzullayevni Sibirga burg'ilovchiga yordamchi qilib jo'natadi. “O'sha yerda ishlab uy olinglar”, debdi. Kimsan, “Algoritm” zavodi direktori qizini o'ylab istasa bir qo'ng'iroq orqali kattaroq uyni olib berishi mumkin ediku? U aslo bunday yo'lni tanlamagani uchun ham Rahim Rajabov bo'lgan.

Ahmadjon aka yozganidek, “Agar yurtimizda halollikka ramziy yodgorlik qo'yiladigan bo'lsa, unda Rahim Rajabov siymosi ham aks etishi kerak”. Rahim Rajabovning juda katta ishlarni ortga qaramasdan bajarishida turmush o'rtog'i Oliya opaning o'rni haqida ko'p yozish mumkin. Uch qiz: Muhabbat, Sanobar va Nodira. Har biri bir olam. Ota-ona har qancha faxrlansa arziydigan farzandlar. Bittagina misol. Tibbiyot fanlari doktori Nodira Yangiyeva bir talabaga baho qo'ymaganida, kimlar iltimos qilmadi, deysiz! “O'qisin, baho keyin qo'yiladi. Hech qanday iltimos o'tmaydi”, deb turib oladi. O'z fanini o'zlashtirmagan talaba ertaga odamlar sog'lig'i uchun mas'ul bo'lishini, yana bitta noloyiq shifokor paydo bo'lishiga yo'l qo'ymasligini ta'kidlaydi. Axir u Rahim Rajabovning qizi. Qaniydi, hamma shifokorlar va ularga saboq beradiganlar Nodiraxonday bo'lsa. Otasi haqidagi bu kitobning dunyoga kelishiga ham uch qiz sababchi ekanligini bilgach, qani, hammaning ham shunday qizlari bo'lsa, deb ularga havasim keldi.

“Halol bo'l. To'g'ri yur”. Donishmand otaning qizlariga aytgan bu so'zlari mag'zini chaqmoq kerak. Biror tadbir yoki do'stlar bilan uchrashmoqchi bo'lganida Rahim aka: “Intizom buzilmaydimi?” deb savol berarkan. Ota va bolalar o'rtasidagi bunday munosabatlar ham — maktab. Oiladagi muhit va qizlarning kiyinishidan tortib, ilmga, ishga, odamlarga munosabatigacha e'tibor berilishining o'zi Rahim akaning qanday oila boshlig'i bo'lganligini ko'rsatadi. Kitobda qizlarning otasi haqidagi yurakdan chiqqan xotiralarning har birida samimiyat, mehr bor. Faxrlanish ruhi yaqqol sezilib turadi.

Xotiranomada Rahim akaning juda ko'plab do'stlarining bir-biriga o'xshamagan dil so'zlari, odamni hayratga soladigan yodnomalari o'rin olgan. O'zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol, taniqli olimlar Sayyora Rashidova, Baxtiyor Tursunov, Isa Hamedov, davlat va jamoat arboblari, shuningdek, yaqinlari, shogirdlarining xotiralari orqali xalqimizning ajoyib farzandi haqida bilib olish mumkin. Kitobning so'nggi sahifalarida Malika ismli nabirasining yozganlarini o'qiysiz. “Bobom va buvimni baxtli hayotim sababchilarining old qatorida ko'raman”, deganining o'zidan ham kichik nabiraning katta gaplari borligini bilish mumkin. Shunday davomchilari bor inson, O'zbekiston xalq shoiri Shayxzoda domla aytganidek, aslo o'lmaydi:

Umrlar bo'ladiki,

Tirigida o'likdir.

O'limlar bo'ladiki,

O'lgan odam tirikdir.

* * *

Kitob muallifi Sa'dulla G'aybullayev — jurnalist-tarixchi. “Faqir kishi panada”, deb chekkada yuradiganlardan. Hozirgacha Sa'dullaning “Qorako'l vohasi qavmlari”, “Buxorolik shayx va elchi qismati”, “Shevamizda bir so'z bor” kabi o'ndan ortiq kitoblari chop etilgan.

Mashhur odamlar hayoti va faoliyati to'g'risida yozilgan kitoblar ko'p. Lekin G'aybullayevning bu kitobi boshqacha. Unda bir shaxs bilan bog'liq tarix bor. Ko'pchilik bilmaydigan “sirlar” ochilgan. Bu kitobni bugungi rahbarlar o'qib chiqishsa yaxshi bo'lardi. Lekin bugungi aksar rahbarlar kitob o'qishni istasharmikan? Vaqt topisharmikan? Qaydam. Lekin risolada rahbar, hokim qanday bo'lishi kerak, degan savolga javob bor. Qaniydi, o'ziga berilgan uyni Rahim akaga o'xshab muhtojlarga berib yuboradigan ehsonli, muruvvatli hokimlar ko'paysa. Muqim qolib aytar bo'lsak, bu kitob o'qiydigan asar bo'libdi. Kitobxonlarga arzigulik sovg'a bo'libdi.

Anvar ABDUVALIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × two =