Aziz xotiralar

Qorlar… ko'kda nurlar quyuqlashib, yuzlaringni bossa bo'ladigan qiyofaga kirib quyilayotgandek. Qorli kunlar bilan bog'liq yaxshi xotiralar ham billur yaproqlari jimirlab turgan atirgullarga o'xshaydi qalbimda.

…1976 yilning kuz oxirlari edi. Marg'ilondagi hovlimiz, shomga yaqin pochtachi har doimgidek bir dasta gazeta va jurnallar tashlab ketdi. Ular orasidan “Sharq yulduzi” jurnalini tanlab, uy ostonasigacha mundarijani ko'rib chiqdim. “Yulduzlar mangu yonadi” degan sarlavha qiziqtirib qo'ydi, qissani o'qiy bosh­ladim. Dahlizning o'rtasiga xira lampochkaning yorug'i eng ko'p tushadigan joydagi sholchaga cho'kib, keyingi sahifalarga o'tdim. Astoydil o'tirib oldim. Asarning tili men o'sha payt­gacha eshitmagan, o'qimagan darajada jozib; voqealar o'sha paytgacha men idrok etganim yeru osmon orasida emas, qahramonning ozod qalb dunyosi ichra chavandoz bo'lib ot choptirar; ovozlarni eshitgandek bo'lardim, muallif bilan qo'shilib qissa hodisotlari ichra o'zim ham bordek edim… Vaqtning o'tib borayotganini kuz kechasi boshlanib, sovuq tushayotgani, borlig'im junjikayotganidan anglardim. Lekin nigohlarim, fikru xayolim orqali butun vujudimni o'ziga bog'lab olgan asardan yarim daqiqagina ajralib, uyning mendan to'rt qadamgina naridagi eshigini yopib kelishga xohishim yo'q edi. Asarni o'qib tugatib, boshimni ko'tardim. Ichimda… go'yoki mana shu bir yarim-ikki soat ichida bir uchqun chaqnab, chaqmoqqa aylanib ketgandek edi.

Yozuvchi Tog'ay Murodni birinchi marta g'o­yibdan ana shunday taniganman. Keyin yana yangi asarlarini ko'pchilik qatori o'qidim, yana yangi kitoblarini kutadigan bo'ldim.

1977 yil fevralidan boshlab ustoz Zulfiyaxonim taklifi bilan Toshkentga kelib, “Saodat” jurnalida ishlay boshladim.

Orada respublika yosh shoirlaridan bir nechtasining (ular orasida men ham bor edim) she'rlari muhokama qilinadigan seminar-yig'in bo'ldi. Mashg'ulotlardan bo'sh vaqtlarda o'zaro suhbatlar, xotiralar so'zlash, she'rxonlik avj olardi. Ana shunday davralarning birida yigitlar o'zlarini, ijod olamidagi tengqurlari, davrdoshlarini ham hazil-mutoyiba bilan ta'riflab qoldilar. Tog'ay Murodning-da nomi tilga olindi: “ters, fe'li juda qattiq, qo'rs” — kulib-kulib aytilgan sifatlardan mana shu ma'no chiqardi. Birinchidan, men Tog'ay Murodning o'zini ko'rmagan-gaplashmaganim, qolaversa, o'sha davrada ikkitagina qiz bo'lganimiz uchun, indamay eshitdim-u… dilimga bir savol mixdek qoqilib qoldi: “Shunday ajoyib, qalbingni tar­biyalab, insonlik maqomini ulug'laydigan dilbar asarlar yozadigan adib shaxsi, nahotki, shunday bo'lsa?!” Men uchun bu savolga javob topish juda muhim edi, ammo qanday qilib?..

Allohning mehribonligini qarang… Zulfiya opa adabiyotdagi yangi asarlarning deyarli hammasi bilan tanishib borar, ayniqsa, yosh qalamkashlarga alohida e'tiborli edilar. Bir kuni jurnalning yangi soni uchun reja tuzilayotganda, “Tog'ay Murodni topinglar, undan hikoyami, qissasidan parchami so'ranglar”, deb qoldilar. “Men, men shu ishni bajaray”, dedim shoshib, kimdir bu vazifani zimmasiga olib qo'yishidan xavotirlanib. Shunday qilib, ijodkor bilan tanishishga yo'l ochildi.

Ish joyiga — “Fan va turmush” jurnaliga qo'ng'iroq qildim. Ozmi-ko'pmi shuhrat qozongan yosh ijodkorlarga xos “Mayli, o'ylab ko'raman”, “Vaqtim juda kam”, “Men tayyorlab qo'yaman, o'zingiz kelib olib keting” qabilidagi javoblar bo'lishini kutdim. Lekin Tog'ay Murod bizning ish soatimiz nechchigacha ekanini so'radi va yaqin kunlarda kelishini aytdi. Va'da bergan kuni hikoya olib keldi. Hikoyasi chiqquncha va undan keyin ham tahririyatimizga bir necha marta keldi. U, odatda, ish vaqti tugashiga yaqin, menimcha, o'z ishxonasidagi vazifalarini bajarib bo'lib kelardi. Keyin soatli bino — “Sao­dat” jurnali joylashgan matbuot uyidan besh yuz metrcha narida bo'lgan “Mustaqillik” metrosigacha meni kuzatib, o'z yo'liga ketardi. Bunday paytlarda mening dilimda u haqda boshqalardan eshitgan va xayolimni parmalayveradigan “ters, fe'li juda qattiq, qo'rs” degan gaplar aylanaverardi, ammo tasdig'ini topmasdi. Chunki yosh adibning gap-so'zlari, munosabatlarida hamisha andisha, ko'zlarida hayoga o'ralgan tabassum bo'lardi. Aslida, tabiatan men ham u qadar jur'atli emasdim. Lekin Tog'ay Murodning ana shu xislatlari ichimdagini tashimga chiqarishga yo'l ochdi, nazarimda.

Chiroyli qor yog'ib turgan kun edi. Metro sari borarkanmiz, tomdan tarasha tushgandek: “Siz haqingizda nimaga unaqa gaplar yuradi?..” deb savol berdim va gapimning “…shunday ijodkor haqida noxush fikrlar yurishini istamayman” degan qismi tomog'imning tagida qoldi. Savolni berishga berdim-u, endi Tog'ay akaning jahli chiqib ketishi, xafa bo'lib qolishidan xavotirda edim. Voh! Bu yog'i ham kutilmagan va bir umrlik ibratga loyiq voqea bo'ldi: Tog'ay Murod “Qanaqa gaplar?” deb so'ramadiyam, shunaqa maza qilib kuldiki (o'shangacha va undan keyin ham bunaqa yayrab kulganini ko'rmadim)! “Men bilaman. Hatto kimlar shunday deyishiniyam bilaman! — dedi u xuddi o'zi haqida maqtov eshitayotgan odamdek yaxshi kayfiyatda. Keyin bir muddat jim bordi-yu, egnidan chang­­ni qoqib tashlagan kabi kulimsirab qaradi, gapida davom etdi. — Dunyo adabiyotida, o'z ustozlarimiz ijodida shunday asarlar borki, men har doim o'shalar bilanman”.

(Xuddi shunday jo'mardlikni Zulfiyaxonimda ko'rgandim: “Yoshlik” jurnalida bosilib chiqqan bir hujjatli qissa qahramoni taniqli adib tilidan aytilgan Hamid Olimjon va Zulfiya muhabbatiga oid nojo'ya gapni o'qib, Zulfiya opa: “U ulug' yozuvchi bunaqa gaplarni aytadigan odam emasdi”, deb mavzuga nuqta qo'ygandilar).

Keyin men bir necha yillar oila, bola-chaqa tashvishiga “ko'mildim”, unda-bunda salomlashib o'tganimizni hisobga olmaganda, Tog'ay Murod shaxsini, asosan, asarlari orqali chuqurroq, teranroq, yaqinroq anglab bordim. Uning qahramonlari dunyosiga kirganim sayin: “Balki, yozuvchi haqida hazil-mutoyiba bilan aytilgan o'sha fikrlarda jon bordir. Axir millat tarixi, taqdiri, hayoti bilan  bog'liq shuncha dard-iztiroblarni qalbiga yuklab olgan inson kulib, yayrab, davralarda bulbulday sayrab yurishi mumkinmi?” degan mulohazaga bordim.

Shu o'rinda yana bir eshitganim yodimga tushib ketdi: G'afur G'ulom Zulfiyaxonimning “Hijron satrlari” turkumidagi she'rlarini tinglab: “Ey jigarim, she'rga shoir qalbidagi o'tning o'ndan biri ham tushmaydi. Bu o't seni kuydirib tashlaydi. Yozma bunaqa she'rlarni”, deb shartta o'rnidan turib xonadan chiqib ketarkan, yana orqasiga o'girilib: “Yaxshi yozibsan”, deya eshikni yopgan ekan.

Haqiqatan ham, asar qalamkash qalbining surati. Yaxshi kitob o'quvchi qalbini nurga, mehr-muhabbatga, umumbashariy fazilatlarga yo'g'irmoq maqsadida uning o'y-fikrlari, tuyg'ulari, dunyoqarashi, xulosalarini quyundek chirpirak qilishi, girdobdek domiga tortishi, uni hayotga yangi kelgan kabi hayratga solishi, hattoki muhabbatini nafratga va nafratini muhab­batga aylantirishi mumkin. Tog'ay Murod barcha asarlarini yozganda ana shunday qalb evrilishlarini sahifalarga zarra-zarralab singdirgan. Betakror asarlar muallifi ekani e'tirof etib bo'lingan bu adibni hayotlik paytida ko'pchiligimiz, asosan, bizga yoqqan kitob­larning muallifi sifatida tanidik, bildik, muloqotda bo'ldik. Endi meni boshqa savol o'ylantiradi: “Tog'ay Murodning atrofida uni ang­laguvchi insonlar qancha bo'lgan ekan?..”

So'zlab berishlaricha, asarlari adabiy jamoatchilik va xalq orasida mashhur bo'lib ketgan Tog'ay Murodni bir necha adabiyotshunos olimlar bilan respublika televideniesiga ko'rsatuv yozib olish uchun taklif qilishibdi. Aytilgan kunda olimlar telestudiyaga yig'ilishibdi, ammo yozuvchining o'zi kelmabdi. Keyin buning sababini so'rashganda, “Ko'rib turibman, adabiyotshunoslar mening asarimni maqtab gapirishadi. Men “Ha, shunday asar yozib qo'ydim” degan ma'noda o'sha davrada o'tiramanmi?” deb javob bergan ekan.

Darvoqe, televidenie bilan bog'liq yana bir ibratli xotiram: bundan o'ttiz yillar muqaddam “O‘zbekiston” teleradiokanalida ishlardim. Ko'rsatuvlar tayyorlash uchun turli soha vakillaridan, yashirishning hojati yo'q, ba'zida topshiriqlar tufayli o'zim istamagan odamlardan ham intervyular olardim. Shunaqa dasturlarimga ko'zi tushgan, shekilli, qaerdadir uchrashib qolganimizda: “Siz bosh­qalardan emas, boshqalar sizdan intervyu olishi kerak”, dedi adib jiddiy. “Nima qipti, men ham bir odamman, boshqalar ham”, dedim-qo'ydim. Aslida ham shunday fikrda edim. Yillar… o'n yillar o'tib o'sha tanbehning mohiyatini keng ma'noda hayot anglatgandek bo'ldi: izzat-hurmatingni tushunadigan, qadrlaydigan insonlar va aksincha, izzat-hurmatingga oyoq artib o'tadiganlar ham bor ekan. Yakka insonlarning shaxsiy munosabatlaridan tortib hattoki xalqlaru davlatlar taqdiriga doxil masalalarda ham shu ikki holatni uchratganimda, o'sha gap yodimga tushadi. Tog'ay Murod o'zbek xalqining — bizning qalbimiz, qaddimiz, qadrimiz tik bo'lishini, mehnatlarimiz rohatini ko'rib, hech kimga bo'yin egmay yashashimizni istab, shunga munosib xalq ekanimizni anglatishdek zahmatli mehnatga chaqmoqdek umrini, bilimi, iqtidorini to'liq bag'ishladi.

Muhtarama ULUG'OVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + twenty =