Onalarga qo'yilgan haykal

Yozuvchining asari millat tanlamaydi. U samimiy va yaxshi yozilgan bo'lsa, dunyoning istalgan nuqtasiga yetib boradi va o'z kitobxonini topadi. Qanday qilib deysizmi? Albatta, tarjima orqali! Gruzinlarning atoqli va mashhur yozuvchisi Nodar Dumbadzening asarlari ham mohir o'zbek tarjimonlarining sa'y-harakatlari natijasida o'zbek kitobxonining sevimli mulkiga aylangan.

O'tgan asrning 80-yillarida mashhur adibning “Abadiyat qonuni” asarini mohir tarjimon Nizom Komilov tarjimasida o'zbek tilida o'qigan kitobxonning gruzin yozuvchisiga bo'lgan ixlosi ortgandi. Shu sababli ushbu asar bir necha marta o'zbek tilida nashr etildi. Yillar o'tib, yozuvchining “Men, buvim, Iliko va Illarion” nomli kitobi Muxtor Xudoyqulov tarjimasida o'zbek kitobxonlariga tortiq etildi. Yozuvchi asaridagi quvnoq kayfiyat, soddalik va samimiylik, yumorga boy manzara o'zbek kitobxonining qalbidan chuqur joy ola oldi. Shundan so'ng yozuvchi ijodiga bo'lgan qiziqish ortsa ortdiki, kamaymadi. Yozuvchining “Kukaracha” qissasi va qator hikoyalari tarjima qilindi. O'zbek kitobxonlari bu yozuvchini yaxshi ko'rib qolishdi. Gruzin yozuvchisi o'zbek kitobxonining ham sevimli adiblaridan biriga aylandi. Bu sohada, ayniqsa, tarjimonlarning mahoratiga va yozuvchining badiiyatini maromiga yetkazib tarjima eta bilishganlariga tan bermaslikning iloji yo'q. Har qanday tarjimon yozuvchi asarini yo shon-shuhrat cho'qqisiga olib chiqadi, yo…

Ko'ngil ko'ngilga, dili tiliga mos tushgan o'zbek tarjimonlari bu borada katta muvaffaqiyatga erishayotganlari sir emas. Ana shunday tarjimonlardan biri — O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a'zosi Izzat Ahmedov o'tgan yili Nodar Dumbadzening “Qo'rqmang, onajon” romanini o'zbek tiliga tarjima qildi. Asar G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida 3000 nusxada nashr etildi. Izzat Ahmedov bundan oldin ham Nodar Dumbadzening hikoyalarini tarjima qilib, ancha ko'zga ko'rinib qolgan edi. Hikoyalar “Hislarimni qo'zg'ama” nomi bilan 2018 yilda “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgandi.

Nodar Dumbadzening “Qo'rqmang, onajon” nomli romani harbiy-vatanparvarlik ruhida bo'lib, asosan, chegarachilar hayotidan hikoya qiladi. Romanda oddiy askar Aftondilning hayoti badiiy bo'yoqlarda, sodda va ishonarli tarzda ochib beriladi. Ba'zan qisqa satrlarda berilgan dialoglar roman qahramonlarining orzu-o'ylarini, fikrlarini, dunyoqarashlarini, xarakterlarini, sevgi-muhabbatlarini yorqin tarannum etadi. Romanda, ayniqsa, ona obraziga alohida ahamiyat berilgan. Garchi qahramonning ota-onasi yoshlik chog'idayoq avtohalokatga uchrab vafot etgan bo'lsa-da, Aftondilning onasi harbiy xizmatdagi o'g'lining tushlariga tez-tez kirib turadi, uni bo'lishi mumkin bo'lgan ayrim balo-qazolardan ogoh etadi. Roman so'ngidagi ona va o'g'il o'rtasidagi dialog har qanday kitobxonning qalbini larzaga soladi, ona garchi bu dunyodan o'tgan bo'lsa-da, o'g'lining hayoti haqida qayg'urishi ro'yirost ochib beriladi:

— Onajon, siz mening oldimga yana kelasizmi?

— Albatta, o'g'lim! Qachon qiynalib qolsang, meni chaqir, shu zahoti qaerda bo'lsam ham yetib kelaman, bolam!

— Xayr, onajon!

— O'zingni ehtiyot qil, o'g'lim!.. Meni tashvishlantirib qo'ymagin, bolam.

Ona qaerda va qanday holatda bo'lmasin, o'z duolari bilan unga hamroh bo'lishi barobarida uni to'g'ri yo'lga solishi va turli ofatlardan asray olishi farishtaga aylangan ona siymosida ishonarli voqealar tarzida yozuvchi tomonidan yoritib beriladi. Bu bilan, nazarimda, u onalar timsoliga yana bir bor o'lmas haykal qo'yadi. Asarni shu sababli ham farishta onalarga qo'yilgan abadiy haykal desa bo'ladi. Buni tarjimon ushbu asar orqali o'zbek kitobxoniga yetkaza olgan.

Shu sababli ham dunyo mamlakatlari tan olgan Nodar Dumbadzening asarlari chuqur falsafiy ruh, inson omilining badiiy bo'yoqlarda go'zal tarzda ifodalanishi, ruh erkinligi, sevgi va muhabbat, sadoqat, haqiqatning g'alabasi, o'y-kechinmalarning samimiyligi bilan kishini maftun etadi. Bejiz uning asarlari dunyoning juda ko'p tillariga tarjima qilinmagan.

Biz “Qo'rqmang, onajon” tarjima romanidagi ayrim tahrirtalab jumlalarga to'xtalib o'tirmadik. Buni zukko kitobxon e'tiboriga havola etamiz. Tarjimonni va o'zbek kitobxonini buyuk yozuvchining barcha davralarda ham sevib o'qiladigan yangi bir roman tarjimasi bilan tabriklaymiz.

Bahrom AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + nineteen =