“Sadoi Farg'ona”dan boshlangan jurnalistika

Umrning mazmunli fursati (sobiq sovet davrining so'nggi yillaridan hozirga qadar) Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning “Nodir qo'lyozmalar” bo'limida, arxivlarda o'tdi. Manbalar shu qadar mo'lki, o'rganilishi, tahlil qilinishi zarurki, unga bir bandaning umri yetmaydi… Har gal gazetalarni varaqlaganda “Sadoi Farg'ona” nashri taxlami, klishesi, betakror dizayni, sahifalardagi harflar, maqolalar, bitiklar mag'zidagi g'oyalar, ularni qalb qo'ri bilan yozgan mualliflarning nomlari… qisqasi, qadrdonimizni uchratib qolgandek, yo'q-yo'q, undan ham aziz insonimiz bilan ko'rishgandek bo'laveramiz.

Dastlabki sonidagi bitiklardan iqtibos:

“G'azeta har millatning tarjimonidurki, bilmag'on narsalarini anga bildirur va ham ul millatning muddaosini boshqalarga bildirur” (Ashurali Zohiriy. So'z boshi // “Sadoi Farg'ona” gazetasi, 1914 yil 3 aprel).

Bolsheviklar hokimiyatni egallagach, “Sadoi Farg'ona”ni tanqid qilgan bo'lsalar-da, “bu gazeta orqasida bir necha yangi qalamlar va tubjoy xalqdan murattiblar (sahifalovchilar) yetishib qoldikim, muni tanisoq, haqiqatni tanig'on bo'lurmiz”, deya tan oladilar (Bu haqda qarang: Gazetchi. Farg'onada tubjoy xalq matbuoti // “Farg'ona” gazetasi, 1924 yil 5 may).

“Gazetchi” taxallusidagi muallifning fikridagi yangi qalamlardan Hamza va Cho'lponlar bilan birga Ashurali Zohiriyni alohida ta'kidlash joizdir. Negaki, u Qo'qonda chiqqan “El bayrog'i” gazetasiga ham aloqadordir. Bu nashr haqida gapirishdan avval “Sadoi Farg'ona”ning to'xtatilishi xususida fikr.

Abdulla Avloniy yozadi: “Sadoi Farg'ona” Xo'qand shahrida haftada uch marotaba chiqadurg'on musulmoncha g'azetadur. Bu gazeta 1914 yili Qo'qonda Obidjon Mahmudov muharrirligida chiqdi. U har jihatdan “Sadoi Turkis­ton”dek bo'la olmadi. Qalam ahllarini o'ziga jalb qila olmasdan bora-bora to'xtab qoldi”.

Mazkur maqolaning ham bolsheviklar siyosati ta'sirida yozilganini e'tiborga olsak, vaziyatni biroz o'zgacha izohlash mumkin. Holbuki, “Sadoi Farg'ona” gazetasining kutubxonada saqlanayotgan taxlamidagi oxirgi, ya'ni 1915 yil 6 iyun (123) sonida muharrir nomidan pastroqda “Dozvoleno voennoy senzuroy” degan yozuv paydo bo'lgani, shuningdek, ikkinchi sahifadagi bir yarim ustunning bo'sh chiqqanligi tahririyat harbiy senzura orqali siquvga olinganini anglatadi. Davr matbuotida senzorlar olib tashlagan maqolaning joyini bo'sh chiqarish ularga nisbatan norozilik hisoblangani tarixiy manbalarda ko'p bora tilgan olingan. Demak, material olib tashlangan, tahririyat xodimlari e'tiroz tariqasida sahifani bo'sh chiqarishgan, bu esa mustamlakachi senzorlarining qahrini keltirgan va gazetaning navbatdagi soni hech bir e'lonsiz chiqmay qolgan.

Oradan ikki yil o'tib, vaziyat tug'ilishi bilanoq, aniqrog'i, 1917 yil Rossiyadagi fevral voqealari sabab “Sadoi Farg'ona”ning muassisi Obidjon Mahmudov o'z jamoasi bilan nashr g'oyalari targ'ibotini yangi nom bilan davom ettiradi. “Tirik so'z” deb nomlangan mazkur gazeta maqsadi bitilgan maqolada shunday satrlar borki, undan nafaqat jamoa g'oyasini, balki “Sadoi Farg'ona” gazetasining yopilishi sabab­larini bilib olish mumkin: “… faqir 1914 nchi yildan to 1915 yilg'acha “Sadoi Farg'ona” nom gazet birlan millatg'a xizmat qilg'on edim, ba'zi muomalot, olam necha xil mone'liklar sabab bo'lub to'xtab qolg'on edi… Xalqni uyg'otmoq uchun munodi qilmoqni (fikr bermoq ma'nosida — tahr.) o'zumg'a lozim bildim, ahvoli zamonag'a qarab ba'zi puxta joylarda eshitkan va bilgon so'zlarni gazet orqalik bildurub turmoqni zarur fahmlab, ya'ni “Tirik so'z” gazetasini chiqarmoqg'a majbur bo'ldum. Muddao gazet chiqormoqdan foyda qilish yoki boshqa muddao emas, balki faqirni muddaosi mutafriqa fikrlik (tarqoq, turli qarashdagi — tahr.) millatlarni fikrlarini jam' qilish, millat oralaridagi nafsoniyatlarni yo'q qilish, ishda, fikrda, maslahatda katta-kichiklarni bir-birlarig'a yaqinlashturush. G'azeta maslaki birlik va ittifoqlik, dinu dunyoviy ishda taraqqiy qilishni asbobidur…”

“Tirik so'z”ning necha son chiqqani, qachon va qay tarzda to'xtagani haqida ma'lumot topa olmadik. Lekin uning birinchi soni 1917 yilning 2 aprelida chiqqani va u “haftada uch marta chiqadurgon adabiy, iqtisodiy, taraqqiy” gazeta ekanligi to'g'risidagi ma'lumotni Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning “Nodir qo'lyozmalar” bo'limida qolgan yagona nusxasidan bilib oldik. 1917 yil juda murakkab davr bo'lgani uchun, chor siyosatidan voz kechilgan davrda kutubxonachilik ishlari ham parokanda bo'lgan. Shu bois bu davrning gazetalari to'liq saqlanmagan. Ushbu nashr bilan bir vaqtda Toshkentda chiqqan “Turon” gazetasining besh soni saqlangan, shuningdek, oxirgisida oltinchi son uchun materiallar tayyorligi aytilgan. Ustoz Boybo'ta Do'stqorayev o'zining “O'zbekiston jurnalistikasi tarixi” kitobida “Turon” “ayrim tadqiqotchilarning yozishicha, yigirma son qadar chiqqan”ligi to'g'risida ma'lumot bor. Shu bois “Tirik so'z”ning ham kamida 20 ta soni dunyo yuzini ko'rgan degan taxminni ilgari suramiz.

Tadqiqot natijalari Farg'onada matbuot ishi — Obidjon Mahmudov to'plagan jamoa gazeta chiqarishni to'xtatmaganini ko'rsatdi. Bu borada yana Abdulla Avloniyga murojaat qilamiz.

“El bayrog'i” gazetasi. U 1917 yili Qo'qon muxtoriyati vaqtida chiqib, shiori “Yashasin Muxtoriyat!” edi. Bo'lat Soliyev va Ashurali Zohiriylar muharrirlik qilishgan. Qo'qon muxtoriyati tor-mor qilingach, gazeta ham chiqishdan to'xtadi”.

Bu fikrda ham biroz xatolik mavjud. “El bayrog'i” gazetasi 1917 yil 8 sentyabr (1-son)dan chiqa boshlagan. Shunday ekan, Turkiston muxtoriyati e'lon qilinishiga hali vaqt bor. Nashr shiori dastlab “Yashasun qo'shma xalq jumhu­riyati!” bo'lgan va Turkiston muxtoriyati e'lon qilingach esa “Yashasun Turkiston muxtoriyati” tariqasida o'zgargan.

“El bayrog'i” gazetasining 18- (1918 yil 26 yanvar) soni Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada taxlamning so'ng­­gi soni bo'lsa-da, uning davom etganligini “Idoradan javob”dan bilib olish mumkin: “Iskubilifda, markaziy sho'ro raisi Mirodil afandig'a: keladurg'on numrada bosilur”.

Qolaversa, shu yilning 19 fevrali (Turkiston muxtoriyatining qonga botirilishi) gacha yana uch haftadan ziyod vaqt bor. Gazetaning haftada ikki marta chiqishini nazarda tutsak, uning jami 24 ta soni chiqqanini chamalash mumkin.

Xulosa qilib aytganda, gazetaning muassisu muharrirlari, nomi o'zgaradi, lekin bu jamoalarda har doim bog'lovchi mehvar vazifasini millat fidoyisi Ashurali Zohiriy bajarib turadi. Xalqlarga erkinlik berish, barchani o'qitish, ozodlik g'oyasiga sodiq qolgan bu jamoaning gazeta sahifalarida muhrlagan maqolalari fikrimizga dalildir.

Bolsheviklar hokimiyatga o'rnashgach, “El bayrog'i”ni “Mehnat bayrog'i”ga (Hurriyat”ni “Kambag'allar tovushi”ga kabi) o'zgartirishgan. “Mehnat bayrog'i” ­mas'ul muharriri Ibrohim Rashid ekanligi, shiori bolshevikcha “Birlashing, butun dunyo mehnatkashlari!” bo'lishidan qat'i nazar, bunda Ashurali Zohiriyning ishtiroki ham aniqlandi (Ashurali Zohiriy. Yana imlo atrofida // “Mehnat bayrog'i” gazetasi, 1921 yil 10 mart). Maqolada eski muammo ko'tarilgan bo'lib, muallif: “To'g'risini aytganda, imlomiz hali ham bir yo'lg'a qo'­yilmag'on”ligidan shikoyat qiladi va o'z taklif hamda mulohazalarini bildiradi.

1917 yil fevral voqealaridan ke­yingi chop etilgan “Tirik so'z” (1917 yil 2 aprel), “El bayrog'i” (1917 yil 8 sentyabr) dan “Mehnat bayrog'i”gacha bo'lgan davrda chop etilgan gazetalar xronologiyasida ketma-ketlik mavjud, ya'ni biri yopilsa, ikkinchisi ochilgan.

“Mehnat bayrog'i” 1921 yil may oyi­dan “Farg'ona” deya o'zgartiriladi. Biz uning 1921 yilning 29 may sonini o'rganganimizda, tahririyat manzili “Mehnat bayrog'i” gazetasi manzili bo'lganligi ma'lum bo'ldi: “Ho'qandda 25 oktyabr ko'chasi xonai matbuot”. Shiori biroz o'zgargan: “Birlashing, butun dunyo mehnatkashlari! Yashasun Sharqda obodliq!” 1924 yil 29 noyabr (227) soniga kelib Sharqning obodligi masalasi kun tartibidan tushirilgan ko'rinadi: “Birlashingiz, butun dunyo yo'qsullari”.

“Yangi Farg'ona” gazetasi (1926 yil 1 yanvar (489) dagi 1-sonidagi sanoqqa ko'ra, haqiqatan ham, u “Farg'ona”ning davomi. Manzil ham o'sha: “Ho'qandda 25 oktyabr ko'chasi, xonai matbuot”.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashlaricha, 1926 yildan sovet jurnalistikasining ikkinchi bosqichi boshlanib, 1938 yilda senzuraning rasman o'rnatilishi bilan tugaydi. Bunda bolsheviklar partiyasining OAVga ta'siri kuchayib borishi kuzatildi. Mavjud hokimiyat matbuot va radio rahbarlariga jurnalistikaning vazifasi “mehnatkashlarni kommunistik ruhda tar­biyalash, partiya an'analarini xalqqa singdirish” ekanligini uqtiradilar. Biz “Farg'ona”ning “Yangi Farg'ona”ga aylangani sababini shunda ko'ramiz.

Eng asosiysi, bu nashrlarning bosh­lanish nuqtasi “El bayrog'i” emas, “Sadoi Farg'ona” gazetasi ekanligidadir. Buni yuqorida nomlari zikr etilgan shaxslar, jamoa, birlashtiruvchi va bog'lovchi g'oya bilan asoslashga harakat qildik.

Xulosa shulki, jadid bobolarimiz mehnati, ularning o'z g'oyalari uchun qurbon bo'lishgani har qanday soxtalashtirilgan tarixni tiklash uchun katta asosdir.

Halim SAIDOV,

O'zJOKU professori,

filologiya fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 3 =