“Kecha ham inson edim!..”

yoxud Deniel Kizning “Eljernonga atalgan gullar” asari haqida

“Sening zulmatingdan mening yorug'ligim yaxshi deb kim aytdi?”

Baxt inson intilishlarining markazida turadi. Ammo ba'zan jamiyat e'tirof etmaguncha, unga ega bo'la turib, anglamasligimiz mumkin. Yoshi 32 ga borgan, arzimas pul evaziga novvoyxonada pol artuvchi bo'lib ishlaydigan aqlan zaif yigit Charli Gordon, qaysidir ma'noda, mana shunday odamlardan biri edi…

 Amerikalik adib va adabiyotshunos Deniel Kiz (1927-2014) Nyu-York­ning Bruklin shaharchasida tug'ilgan. Savdogar dengizchi, tahririyatda badiiy muharrir, maktabda o'qituvchi, Ohayo universitetida professor kabi kasblarda faoliyat yuritgan. 2000 yili Ohayo universiteti tomonidan “Xizmat ko'rsatgan professor” unvoni bilan taqdirlangan.

Deniel Kiz 87 yillik umri davomida 8 ta asar yozadi. Bugun sizni tanishtirmoqchi bo'layotganimiz “Eljernonga atalgan gullar” asari ulardan eng mashhuri. Muallif uni dastlab hikoya tarzida yozadi va o'n to'rt yil mobaynida hayotidagi voqealar bilan boyitib boradi. Asarning “Hyugo” hamda “Nebula” adabiy mukofotlariga loyiq ko'rilib, Amerikaning adabiyot bo'yicha maktab darsliklari dasturiga kiritilgani bejiz emas, albatta…

Asar Charli Gordonning qaydlari bilan boshlanadi. Undan bu kechinmalarni yozib borishni insonlarning fikrlash darajasini jarrohlik yordamida o'stirish ustida izlanayotgan bir guruh shifokorlar so'rashgan edi. Ya'ni, ular Charlining kunlik qayd-hisobotlarini bir-biri bilan solishtirish natijasida bemorning jarrohlikdan keyingi aqliy o'sish jarayonini kuzatmoqchi edilar. Amaliyotning bosh miya jarrohligi tarixida insonda ilk bor qo'llanilayotganidan, o'zidan oldin faqatgina Eljernon laqabli sichqonchada sinab ko'rilganidan, kitobxon Charlining o'sha qaydlarini o'qish mobaynida xabardor bo'ladi. Soddadillik bilan yozib borilayotgan ushbu kechinmalardan o'quvchi keyinroq yana bir narsani tushunadi. Bu operatsiya uchun nimaga aynan Charlining tanlanganini! Axir bemor nogiron bo'lib tug'ilganligi uchun ota-onasi tomonidan voz kechilgan, atrofini esa uni shaxs – inson sifatida qabul qilmaydigan odamlar o'rab olgandi. Bir so'z bilan aytganda, Charli o'z atrofidagilar, hatto qaltis tajriba amaliyotiga qo'l urayotgan shifokorlarning o'zi uchun ham Eljernondan – laboratoriyadagi sichqonchadan sira farq qilmasdi.

Biroq bu vaqtda Charlining o'zi hayot va odamlar haqida mutlaqo bo'lak tasavvurda edi. Uning birgina maqsadi — aqlli bo'lish, hamma qatori qahva ustida siyosat, kino va adabiyot borasida gaplashib o'tirish, bu bilan o'z do'stlarini xursand qilish. U o'ziga bunday imkoniyatni beradigan jarrohlik amaliyotiga tanlab olishayotganliklari uchun shifokorlardan minnatdor bo'lar, o'zining tajriba quyonchasiga tenglashtirilayotganini esa tushunmasdi. Qafasda o'sgan qush mushukning dushman ekanini bilmagani kabi, uning tor va toza tasavvuri ham dushmanlik, firib va g'araz degan tushunchalardan mutlaqo xoli edi. O'z hisobotida novvoyxonada birga ishlaydigan sheriklarining bir safar qahvaxonaga oborib undan ishda polni qanday artishini ko'rsatib berishini so'rashgani, keyin stolning ustiga chiqib o'ynab berishni talab qilganlari, so'ng yomg'ir yog'ayotganligini tekshirib kelish uchun ko'chaga chiqarib, qaytgunicha hammalari qochib qolganini yozar ekan, shu tarzdagi munosabatlarga azbaroyi ko'nikkanidan, u o'zini bundan ortiqrog'iga munosib emas­man deya iqror keltirardi. Bularning barini do'stlarining erkalashi, o'ziga bo'lgan e'tibori, deb tushunar, o'zining noshudligidan esa nihoyatda kuyinardi. Tez orada aqliy salohiyati oshsa, do'stlari bundan judayam xursand bo'lishini, o'shanda ular o'zini hozirgidan ham ko'proq yaxshi ko'rib qolishi mumkinligini orzu qilardi. “Agar ustingdan kulish­lariga yo'l qo'yib bersang, sening do'stlaring ko'p bo'ladi” – bu aqlan zaif Charlining ma'naviy tuban jamiyat ustidan chiqargan beg'araz xulosasi edi…

Shunday qilib, bir qancha tekshiruv va ilmiy taj­ribalardan so'ng shifokorlar o'ta qaltis ishga – Charli bilan bog'liq jarrohlik amaliyotiga qo'l urishadi. Amaliyot ijobiy natijalarini namoyon qila boshlaydi – oradan ma'lum kunlar o'tib, Charlining aqliy darajasi yaxshi tomonga o'zgarayotgani seziladi. “Charli, – deydi bir kuni unga o'zi o'qiydigan aqlan zaiflar maktabi tarbiyachisi Kinan xonim. – Agar keyinchalik, ya'ni ko'p narsalarni o'rganib olganingdan so'ng ba'zi odamlar o'zing o'ylaganday yaxshi emasligini tushunsang, xafa bo'lma. Yaxshisi, bunga e'tibor ham berma. Yaratgan senga qolganlardan kamroq narsa bergan bo'lsa ham, aslida sen ulardan foydaliroq ishlar qilyapsan…”

Ha, Kinan xonim haq bo'lib chiqadi. Charlining aqliy darajasi qanchalik yaxshilanib, odamlarning harakatlari ortidagi maqsadni tushuna borsa, uning yashashi ham shunchalik qiyinlasha boradi. O'tmish bilan bog'liq xotiralari tiklanishi barobarida qalbida og'riq, iztiroblar paydo bo'la bosh­laydi. Shunday xotiralarning birida bolakay Charli uyidagi xonalarning biridan chaqaloqning – singlisining yig'isini eshitadi. Uni borib ko'rgisi, nimadir qilib ovutgisi keladi. Bu xonaga kirish o'zi uchun taqiqlangan bo'lishiga qaramay, oldiga kirib, chinqirib yig'layotgan chaqaloqning yuziga ajab­langancha tikilib qoladi. Mana shu holning ustiga to'satdan kelib qolgan onasi esa “Singlingga nima qilmoqchi eding?! Unga yaqinlashma demaganmidim!” deya uni kaltaklashga tushib ketadi. Bolakay Charli qaltirab-qunishar, qo'rqqanidan dahshatga tushar, onasiga o'zining yomon niyati yo'qligini tushuntirish u yoqda tursin, ortiq bunday qilmasligini aytishga ham qurbi yetmasdi…

O'tmishi bilan bog'liq shu kabi xotiralarini ongida tiklagan Charli nihoyat bir achchiq haqiqatni ang­laydi. Bolaligidan boshlab hech kim unga inson sifatida munosabatda bo'lmaganini! Shu payt­­ga qadar hali hech kim, hech qachon uning tuyg'ulari va istaklari bilan hisoblashmaganini! Boshidanoq hamma unga sichqon yoki bir temir-tersak sifatida qaraganini!..  Hattoki o'zi yaqin do'st deb hisoblagan, bunga juda ishongan odamlari ham, u bilan shunchaki ustunlik hissi, aniqrog'i – uning ustidan kulish, undan aqlliroq ekanini his etish lazzati sababli yaqin bo'lgan. “G'azab va shubha, –  deb aytadi rivojlanishning tuyg'ular bilan bog'liq bosqichiga yetgan Charli bularning bari haqida, –  men o'zimni qurshab turgan olamga nisbatan ilk bora his qilgan tuyg'u bo'lib qoldi…”

Charli oldin qanchalik omi bo'lsa, endi shunchalik aqli o'tkirlashib borardi. U chet tillarini, har xil ilmiy tushunchalarni qisqa muddatda o'zlashtirib olardi. Undagi bu o'zgarishni esa birinchilardan bo'lib o'zi bilan birga ishlaydigan novvoyxona ishchilari payqaydi. Va… Va ular buni qabul qila olishmaydi. Kechagina aqlan zaif bo'lgan Charlining bugungi aqliy ustunligi hamkasblarida unga nisbatan hasad va adovat uyg'otadi. “Charlini ishdan haydang, –  deb talab qilishadi ular novvoyxona xo'ja­yinining oldiga borib, –  novvoyxonada yo u qolsin, yo biz qolaylik!”. O'tmishda Charlining marhum tog'asiga –  o'zining yaqin do'stiga jiyanini sirayam ishsiz qoldirmaslikka va'da bergan, shu paytgacha o'z va'dasi ustidan chiqib kelayotgan novvoyxona xo'ja­yini ham, endi negadir Charlining yonini olishni istamaydi. Biroz ikkilanishdan keyin, Charlidan uzr so'rab, uni ishdan bo'shatishga qaror qiladi…

To'g'ri, bu bilan Charli pulsiz yo yeguliksiz ko'chada qolmaydi. U o'zi yordamida olib borilayotgan ilmiy tajribaning homiylari tomonidan moddiy ta'minlangan edi. Biroq u qachonlardir omiligi uchun kamsitgan, tahqirlagan odamlarning endi o'ta aqlliligi – daholigi uchun o'zidan yuz o'girayotganliklarini ko'rib, tushkun o'ylar girdobiga cho'kib ketadi. Bu nomukammal insoniyat na o'zidan quyidagilarni, na o'zidan ustunlarni seva olmasligiga amin bo'lib, dunyo ko'zlariga zimiston bo'ladi. “Xotiralarim dengiziga botib borar ekanman, – deya nadomat qiladi u asarning bir joyida. – Ruhiy muammolarni aqliy muammolar kabi osonlikcha yechib bo'lmasligini tobora ko'proq anglayapman…”

Asarning oxirgi boblarida shifokorlar Charlini Chikagoga – ilmiy tajribalar borasida o'tkazilayotgan simpoziumga olib borishadi. Bundan ko'zlangan maqsad soha mutaxassislarini “Charli-Eljernon” tajribasi bilan tanishtirish, neyroxirurgiyadagi ulkan muvaffaqiyatni ommaga ma'lum qilish edi. Yo'lda shifokorlar sichqoncha Eljernonning oxirgi paytda o'zini juda yomon tutayotgani, kun bo'yi tajriba mashqlarini bajarmay uyasida yotayotgani, ba'zan mashqlarni bajarganda ham, buning evaziga beriladigan yegulikdan voz kechayotganini gapirishadi. Tajriba mualliflari – doktor Shtraus bilan doktor Nemur Eljernonning bu ishidan qancha ko'p tashvishlansa, uning nega bunday qilayotganini boshqalardan ko'proq anglayotgan, hatto o'z tani bilan his etayotgan Charli o'sha sho'rlik sichqonchaga shunchalik achinadi. Og'riqlari tobora avj olib, o'zining omilik paytlarini qo'msaydi…

Simpoziumda endilikda aqliy salohiyati o'zidan bir necha baravar past bo'lgan professorlar Charliga go'yoki bir eksponatday muomalada bo'lishadi. Ular Charli haqida “Charli-Eljernon” yoki “Eljernon-Charli” amaliyoti deya gapirishardi. Bu ham kamday, uning shu paytgacha o'zi haqida yozgan barcha hisobot-qaydlari va sichqoncha Eljernon bilan birgalikda olib borgan tajriba mashqlarining video tasvirlari jamoatchilikka havola etiladi. Ushbu hisobotlar orasida Charlining oilasi tomonidan xo'rlanganidan tortib, o'zining ustidan kulgan, mazax qilgan tanishlariga yukunganlarigacha bor edi. Simpozium ishtirokchilaridan birortasi bu bilan bir insonning tuyg'ulari oyoqosti bo'layotganini, o'zga bir insonning o'ta shaxsiy, xususiy kechinmalarini muhokama qilishayotganini, olomonga aylanib uni shaxs sifatida haqorat qilishayotganini xayollariga ham keltirishmas edi.

Simpozium so'ngida tajribaning umumiy xulosasi va uning ahamiyatini tushuntirib berish uchun professor Nemur so'zga chiqadi. “Biz tabiatning yana bir xatosini to'g'rilab, nuqsonsiz, qusursiz odam yaratdik, – deydi professor o'z ma'ruzasida. – Bizning oldimizga kelishdan oldin Charli Gordon katta shaharda yolg'iz o'zi, do'stlarsiz, qarindoshlarsiz, eng ayanchlisi, to'kis hayot kechirish uchun muhim bo'lgan aqliy salohiyatsiz yashardi. Uning na o'tmishi, na hoziri va na kelajakka bo'lgan ishonchi bor edi. Qisqasi, Charli Gordon hech kim edi…” Tadbirning qolgan barcha ishtirokchilari ham bu borada professor Nemur bilan bir xil fikrda ekaniga shubha yo'q edi, albatta. Ammo Charli, ushbu so'zlarni tinglab yurak-bag'ri tilka-pora bo'layotgan Charli “Men ham insonman! Men ham shaxsman! Mening ham o'tmishim, ota-onam bor edi! Operatsiya stoliga yotishdan oldin ham odam edim-ku axir!..” deb hayqirgisi, ho'ng­rab-ho'ngrab yig'lagisi kelardi…

Katta mazmun va chuqur hissiyotlarga boy bo'lgan mazkur asar Charli Gordonning keyinchalik “Charli-Eljernon” tajribasini amaliyotga joriy qilishga to'sqinlik qiluvchi ilmiy kamchiligini asoslashi va bu tajribaning fojiiy jihatlarini o'z umri misolida ko'rsatib berishi bilan yakun topadi. Biroq asarning men aytib ulgurmagan voqealari, ma'lum qilinmagan jihatlari hali talaygina. Buni o'quvchi kitobni mutolaa qilish jarayonida o'zi tushunib, amin bo'ladi degan umiddaman.

Bayram Ali

Muallif haqida:

Bayram ALI – 1991 yil Qamashi tumaniga qarashli Chim qishlog'ida tug'ilgan. Asarlari rus, ingliz, tojik tillariga tarjima qilingan. “Bolangman, Dunyo”, “Kuz yomg'irlari” kabi nas­riy kitoblar muallifi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + 17 =