Sizga aytar gapim bor…

Jaloliddin Safoyevning “Sharof Rashidov: siz bilmagan 11 haqiqat” kitobini o'qib…

Mamlakatimizda nashriyotlar ko'p. Kitoblar ham chiqib turibdi. O'qiydiganlari-chi? Shu yerga kelganda savollar ham bor. Lekin yaqinda hushyor, kitob qadrini biladigan, o'qiydiganlar uchun bir asar bosmadan chiqqani ham haqiqat. Kitobcha yostiqday qalin ham emas. Qo'lga olib, bir boshlasangiz, 2-3 soatda bemalol o'qib tugatasiz. Asarga qiziqib qolishingiz turgan gap.

Jaloliddin Safoyevning o'zi aytganiday, “tarixni xolis o'rganish, anglash, taqqoslash zaruratini chuqur his qilgan holda” qo'liga qalam olgan. Shu maqsadga qay darajada erishganini ham kitobning so'nggi sahifasini yopgach, tushunib olishingiz qiyin bo'lmaydi.

Asar bir qarashda ulkan davlat, siyosat va jamoat arbobi Sharof Rashidov haqida yozilgan. Lekin Rashidov bahonasida aytilgan bosh­­qa katta gaplar ham bor. Muallif ta'kidlaganidek: “Sharof Rashidov o'zbek xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishdek sharafli umr kechirgan. Xalqqa qilgan mehnati, jonini tikkan umri evaziga nima oldi? Qanday yashadi? Ajdarho og'zidagi hayoti qanday kechgandi? Umri poyonidagi so'nggi kunlar…” Bu kunlar azobi esa o'zgalar tilidan ham yozilgan, tas­virlangan. Xullas, kichik asardan “katta” savollarga javob topish mumkin.

Bugun yoshi 50-60 dan oshganlar Sharof Rashidovni juda yaxshi bilishadi. Ko'plab muxbirlar qatorida men ham bir kun ertalabdan kechgacha Sharof Rashidov bilan birga yurganman. Nazarbekdagi zilziladan so'ng jabr ko'rgan aholini boshpana bilan ta'minlash, yordam berish masalasi paydo bo'lgandi. Bu ish boshida shaxsan Rashidovning o'zi turgan. U ertalabdan ishning qanday ketayotganini o'z ko'zi bilan ko'rmoq maqsadida Nazarbekka keldi. Vazirlar qatoriga ko'p emas, 3 yo 4 nafar jurnalist ham qo'shildik. Yoz chillasi. Havo issiq. Qurilish maydoni chang, to'polon. Katta rahbar o'sha maydonga qarab yurish qildi. Quruvchilar bilan suhbatlar… Masalalar shu joyning o'zida hal qilinishiga guvoh bo'ldik. O'sha kuni “Uzkolxozstroy” degan katta tashkilot rahbari Ergash Ashurovga aytgan gaplari esdan chiqmas xotiraga aylangan.

— Aka, vazir darajasidagi odamsiz. Bir zumda yoz o'tib, kuz keladi. Odamlar yangi uylarga ko'chib o'tishlari kerak. Qurilish materiallari bilan vaqtida ta'minlanmasa, quruvchilar bekor qoladi, vaqt ketadi. Eng asosiysi, odamlar sizdan, bizdan xafa bo'lishadi. Aholining uyidan chakka o'tib tursa, siz bilan biz qanday qilib tinch uxlaymiz?..

So'ng yig'ilish bo'ldi. Tuman rahbari bilan xuddi aka-ukalarday gaplashishlar… Odamlar fikriga quloq solib o'tirgan Rashidovning o'zgarib turgan kayfiyatini ko'rib, yurt rahbari bo'lish qanchalar og'irligini sal-pal bo'lsa-da, ko'z oldimga keltirgandim o'shanda. Shu kuni bizlar, ya'ni vazirlar, katta-kichik rahbarlar qatori muxbirlar ham charchadik. Lekin Rashidov charchaganini aslo bildirmagandi.

Yana asarga qaytsam. Kitobdagi 11 haqiqat orqali O'zbekiston rahbari bo'lib ishlagan insonning kurashlarda o'tgan umri, behalovat, tashvishli kunlari bilan tanishasiz. “O'zingdan chiqqan balolar”ga har qadamda duch kelib yashash qanchalar og'irligini his qilasiz. Andropov, Gorbachev deganlarining asl qiyofalari ham ko'rinadi. Muallif Andropovning qarashlari orqali o'z xulosasini ham bildiradi.

“— Sho'ro davlati KGBsining kattasi bo'lgan “chekist” xalqimiz xarakterini yaxshi bilgan: millat va uning elitasi ichida birlik yo'q. Moskvadan boshlanadigan jazo operatsiyasiga bu xalq indamay, unsiz bosh egadi va bir-birini albatta sotadi!”

Bu faqat kitob muallifining haqiqatimi? Yaqin tariximizni varaqlaganlar bu asl haqiqat ekanligiga shubha qilishi mumkinmi? Yo'q! Ana bizning fojiamiz!

Yurtimizga Gdlyan-Ivanov boshliq bir to'da qutirganlar kelib, 25 mingdan ortiq yurtdosh­larimizni chirqiratganda tomoshabinlar kim bo'ldi? Bir dasturxonda o'tirib, osh-non yeganlar emasmidi?

Muallif 1960 yillar oxirida Ozarbayjonda, 1970 yillarning boshida Gruziyada bo'lgan voqealarni esga oladi. O'shanda xalqning jipsligi va qat'iyati tufayli o't alanga olmasdan o'chgandi. Yovuz kuchlarning popugini jips xalq pasaytirgan. Nega hech bo'lmasa shundan saboq chiqarilmagan? Rashidovni qo'llash o'rniga respublikaning “ichkarisi” taslim bo'lgandi. Oqibatda esa “desantlar” battar quturdi. O'zimizdan chiqqan xoinlar qashqirlar to'dasiga qo'shilib, harakat qilishdi. Jabrini yana shu xalqimiz tortdi. O'zbekistondagiday ishni qilsa, Ozarbayjon va gruzinning o'g'rivachchasi ham ori qo'zg'ab: “Qonunlarni ular mensimasa, men qarab turamanmi?” — deb Gdlyan – Ivanov deganlari bilan o'z yo'li orqali “hisob-kitob” qilarmidi, degan xayollarga ham borganman.

Shu yerda o'zim ko'rgan yana bir manzara. Bunisi shahar markazida Sharof Rashidovga yodgorlik ochilgan kuni ko'rgan, kuzatganlarim. Tadbir boshlanishidan oldin atrof o'rab olindi. Marosimni o'z davrining kattalaridan biri Ismoil Jo'rabekov ochdi. Rashidovning qadrdoni Dinmuhammad Kunayev va boshqalar gapirishdi. Shu kuni o'zbekning asl farzandlaridan biri Muhammad Yusuf o'z so'zini aytdi. Uning she'ridan parcha:

 

Bu shunday bevafo dunyo, bu hayot,

Tunda tug'ishganing tongda yetti yot.

Balki taqdir shudir, balki shu qismat,

Bizdan rozi bo'ling, ruhi notinch zot.

Boringizda bizga bo'ldingiz Ota,

Yo'g'ingizda yo'qdan qidirdik xato.

Beayb Parvardigor, deydilar hatto,

Bizdan rozi bo'ling, ruhi notinch zot.

Sizni ado qildi to'ralaringiz,

Bizdan rozi bo'ling, ruhi notinch zot.

Endi tuproq sizni aylasin e'zoz,

Bizdan rozi bo'ling, ruhi notinch zot…

Shohlarga hamisha xushomad zamon,

Ko'zin yog'in yalar, sotarlar nomin.

She'rim ham tugadi, o'zbekcha omin,

Bizdan rozi bo'ling, ruhi notinch zot!

 

O'sha kuni meni o'ylantirgani, ayrim kimsalarning atrofga qarab: “Shu she'rini hozir o'qishi shartmidi?” degan gaplari bo'ldi. Haq gapni qachon aytsin shoir? Ulug' zot ruhi alang-jalang qilganlarni ham kechirarmikan? Rozi bo'larmikan bizlardan?

Yana kitobdan satrlar:

“— O'rta Osiyoni zabt etgunga qadar “oq podsho” qo'shinlari Kavkazorti xalqlarini ham bo'ysundirgan. Biroq bu o'lkalarda ular mahalliy aholiga nisbatan haddidan oshib, ularning milliy g'ururini toptashga jazm eta olmaganlar. Bizda esa: yurtimizni ishg'ol qilish, yoppa qirg'in, kamsitish, xo'rlash, toptash, qadriyatlarni oyoq osti qilish bilan birgalikda kechgan”.

Mana tarixiy haqiqat. Jaloliddin ana shu haqiqatni aytish bahonasida “ko'zingni och, xalqim!” demayaptimi?

Hayot tep-tekis, ravon yo'ldan iborat emas. Shunday ekan, xalq boshiga og'ir kunlar tushganda millat ziyolilari oldinda bo'lmog'i shart. Xalq dardini o'z dardi deb bilgan ziyoligina millati bergan nonni oqlagan bo'ladi. Katta amaldor Rafiq Nishonov O'zbekiston xalq yozuvchisi Odil Yoqubov xalq muammosini ko'tarib chiqqanida qay darajada “qo'llagani” bir misol tarzida keltiriladi. O'shanda u kishi Odil Yoqubovga: “Odil akamiz ham hissiyotga berilib, ko'p keraksiz gaplarni aytdilar”, degan tanbehi bilan cheklangan ekanlar. Cho'rtkesar, hech narsadan tap tortmaydigan, millat sha'ni turganida har narsadan voz kechadigan adibning qaysi gaplari “keraksiz” edi? Shu yerda ham millat farzandiga vaqt ajratishdan qizg'anganliklari uchun Odil aka qog'ozga tushirgan gaplarini ayta olmaganligini muxbirlarga bergan intervyularida armon bilan eslagandi. Yaqinda ulug' adib Odil Yoqubovning shu gaplarini ijtimoiy tarmoqlar orqali yana bir bor eshitdim, ko'rdim. “O'sha kuni sayyoramizning buyuk olimiga tosh otib, millatimizni uyatga qoldirgan qizdan boshqa o'zbek deputatlari birlashib, Odil akaga vaqt berilishini talab qilsalar bo'lmasmidi?” degan o'yga borasan…

Jaloliddin Safoyev Odil akaning o'sha mashhur chiqishini misol keltirish bilan yana o'z qarashlarini bildiradi: “Xudo ko'rsatmasin, yurtimiz boshiga ish tushsa, xalqaro minbarlardan xorijiy mamlakatlar ommaviy axborot vositalarida O'zbekistonning milliy manfaatlarini himoya qilishga qodir kuch bormi?” degan savol har birimizni o'ylantirishi kerak deydi muallif.

Bugungi globallashuv sharoitida turli geosiyosiy ziddiyatlar, qurolli to'qnashuvlar, davlatlararo nizolar ko'payishi barobarida, axborot xurujlari ham keng tus olayapti. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'tgan yil 22 dekabrda o'tkazilgan Ma'naviyat va ma'rifat kengashining yig'ilishida va joriy yil 12 yanvardagi Xavfsizlik kengashining yig'ilishida ana shu masalalarga alohida e'tibor qaratib, zamonaviy tahdidlarga munosib kurash olib borish uchun, avvalo, axborot makonida milliy kontent yaratish zarurati, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlar nuqtai nazaridan baho berish lozimligi, aks holda, tashqaridan turli axborot xurujlari kirib kelishiga, yangilik va axborotga ehtiyojlarning boshqalar tomonidan to'ldirilishiga sabab bo'ladigan noxush oqibatlardan ogoh bo'lishga da'vat etdi.

Demak, har birimiz bugungi kun haqiqatlarini bilmog'imiz kerak.

Kitobni o'qib tugatgach, oxirgi sahifalarni ochib, qancha nusxada chop etilganligini bilmoqchi bo'ldim. Uch ming… Nega 30000 emas? Nima ko'p — uchrashuvlar, ayniqsa, yoshlar ishtirokidagi turli tadbirlar, ma'naviyat kunlari… Ana shu tadbirlarda ishtirokchilarga kitobni misol sifatida ko'rsatib: “Mana bu haqiqatlarni bilib olinglar, o'ylaninglar, mulohaza yuritinglar”, deyilsa, ko'p narsani yutgan bo'larmidik.

Asar xulosasi ham o'quvchini mulohaza yuritishga undaydi. Xuddi Jaloliddin Safoyev millatning sodiq farzandi Sharof Rashidov sabab “Sizga aytar gaplarim bor” deb yozganday:

“Xullas, hamma narsa o'zimizga, xalq bo'lib shakllanishimiz, milliy manfaatlarimiz chegarasini aniq anglab yetishimizga bog'liq. Eng muhimi esa barcha sohalarda malakali, zamonaviy bilim-u ilmlarni egallagan kadrlarni tayyorlash, tarbiyalash va ularga imkon berish — hayot-mamot ishiga aylanishi zarur. Shundagina har qanday davrda milliy g'ururimizni saqlay va asray bilamiz”.

Sharof Rashidov hayoti va taqdiri to'g'risida bir taniqli ijodkor tomonidan yozilgan asardagi biz anglagan haqiqatlar hozircha shu. Aslida, barcha anglashi kerak bo'lgan haqiqatlar bu! Bugun beparvolik qilishga haqqimiz yo'q. Chunki zamon shuni talab qilayapti.

Qadrdonim Jaloliddinga aytar gapim juda qisqa. Ismning ham yuki bor deydilar. Ayniqsa, Jaloliddin degan ismning… Charchamang, inim!

Anvar ABDUVALIYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − 13 =