Nuralining nurli olami

Erta tongdan Shahrisabz tomon otlandik. Bahorning ayni pallasi emasmi, hamma yoqdagi yam-yashillik ko'ngilni charog'on etadi. Bu yilgi ko'klamning seryog'in kelganligi dala-dasht, bog'-rog'larga yangi hayot baxsh etmoqda. Suv mo'l bo'lgan yilda doimo ishda unum, baraka bo'lganligi ayni haqiqat.

Yo'l-yo'lakay atrofga nazar tashlaymiz. Qarshi shahri hududidan chiqishimiz bilan Qashqadaryodan sharqirab oqayotgan suv e'tiboringizni o'ziga tortadi. Qarshi tumanining Xonobod qishlog'iga tutash maskanda ish qizigandan-qizigan. Issiqxonalardagi mehnat gashti, bog'-rog'lardagi yashil makonning ham eniga, ham bo'yiga kengayishini aytmaysizmi?! G'uzor, Qamashi, Yakkabog' tumanida ham yaratuvchanlik simfoniyasi avjida. Chiroqchi tumaniga tutash hududdagi temiryo'l bo'ylab borarkansiz, Shahrisabzning serhosil yerlari boshlanadi. Dukchi qishlog'iga yaqinlashishingiz bilan bu yerdagi asl dehqonlarni ko'rib, fidoyi mehnatiga tasannolar aytishingiz tayin. Ayni paytda tumandagi birgina Dukchi qish­log'i negizida 3 ta mahalla fuqarolar yig'ini tashkil etildi. Shulardan biri — “Chorbog'” mahallasi bo'lib, mazkur mas­kanning usta dehqonlaridan biri Nurali Umirovdir.

Shahrisabz tomon eltuvchi yo'lning 15-kilometrida joylashgan “Dukchi Nurali” dehqon xo'jaligidagi manzara e'tiboringizni tortadi. Yo'l yoqasida “Dala do'koni” yozuvi sizni befarq qoldirmaydi. Yo'lning o'ng tomonidagi bu maskan dehqon xo'jaligi qarorgohi bo'lib, o'zining orastaligi bilan ajralib turadi.

Mazkur maskanda bizni baland bo'yli, ko'zlari chaqnab turgan, yuzlari istarali, chamasi 53-54 yoshlar atrofidagi kishi qarshi oldi. U o'zini “Dukchi Nurali” dehqon xo'jaligi rahbari Nurali Umirov deb tanishtirdi. Mo''jazgina ayvondagi stol-stullar bilan jihozlangan joyda salom-alikdan so'ng suhbatimiz boshlandi. U: “Yaxshisi, ming eshitgandan bir ko'rgan afzal”, deya bizni 35 sotixlik dehqon xo'jaligi hududi tomon boshladi. Bu yerda ayni hosilga kirgan o'rik, olcha, qaroli, pista daraxtlarini ko'rib, ko'zimiz quvnadi. Ekilgan tok qalamchalari, chap tomonda issiqxona uchun hozirlangan joy, 100 tup shotutning baravj rivoji — mo'l hosildan darak.

— Yil yilga o'xshamaydi, deganlari rost, – deya gap boshladi dehqon xo'jaligi yetakchisi Nurali Umirov. — Yilimizning bahorini berganidan g'oyat xursandmiz. 8 tup pista, 7 tup olma, 10 tup olmaning simirenko navi, 10 dona qaroli, 70 tup uzumning husayni, ketmon choki, mersedes navidan mo'l hosil kutayapmiz.

Ohista qadamlar bilan oldinga intilamiz. Suvga serob maydonlardagi o't-o'lanlar bahorning zarrin quyoshi ostida kunda bir yashnamoqda. Daryo qirg'og'i tomon qadam tashlaymiz. Shundoqqina Qashqadaryo yoqasidan bundan 40 — 50 yil oldin sharqirab suv oqqan. Yillar o'tib, bu yerlarda jarlik hosil qilingan. 30 santimetrdan so'ng tuproqning tagi tosh. Ana shu toshli yerga yetarli miqdorda tup­roq, mahalliy o'g'it solib tarvuz yetishtiriladi. Bu bo'yicha tuman suv xo'jaligi bo'limi bilan shartnoma bor. Hozirgi kunda 25 sotix yerda qovunning ko'kcha, handalak, sariq handalak, amiri, ko'k qovun, ana shuncha sotix maydonda (jami 50 sotix) tarvuzning qora tarvuz, ola tarvuz, abujahl navlari parvarish qilinadi. Bu yerga shamak o'simlik urug'i qadaladi. U namlikni saqlab, palaklar rivojiga ijobiy ta'sir etadi. Bundan tashqari, 20 sotix hududda ham tuman suv xo'jaligi bo'limiga qarashli shartnoma asosida sun'iy ko'lda baliq yetishtiriladi. Tumanning Ommag'on qishlog'ida baliqning tanqis “Farel” zoti ko'paytirilib, elimiz dasturxoniga tortiq etiladi.

— Men bu ishlarni boylik orttirish, shon-shuhrat uchun amalga oshirmayman, – dedi N.Umirov. — Maqsadim Yangi O'zbekistonning har tomonlama taraqqiyotiga hissa qo'shish, Prezidentimizning biz qishloq mulkdorlariga ko'rsatayotgan g'amxo'rligiga amaliy ish bilan javob berishdir.

Ha, dehqon xo'jaligi rahbari Nurali Umirov bilan suhbatimiz qizigandan-qizidi. Shu mahal bu yerga Shahrisabz va qo'shni Kitob tumanidan azaliy mijozlar kelib qolishdi.

— Men Shahrisabz tumanidagi Qiyominshayx qishlog'idan Keldiyor Boboyorov bo'laman, – deb tanishtirdi o'zini mehmonlardan biri. — Nurali Umirovga minnatdorchilik bildirgani kelgan edim. Bu yerda yetishtirilgan abujahl tarvuzi shifobaxsh ekan. Farzand, nabiralarim gijjadan aziyat chekib, yuzida oq dog'lar oralay boshladi. Shifokorlar tavsiyasi bilan tarvuzdan tanovul qilingach, bu xastalikka barham berildi. Baraka topishsin.

— Biz tumandagi Yangiqishloqdanmiz, – dedi pensioner Qurbon Mirzayev. — Qand xastaligiga chalinganman. Bormagan joyim, olmagan dori-darmonim qolmadi. Ushbu dehqon xo'jaligida yetishtirilgan kartoshkaning shifobaxshligi jonimga ora kirdi. Kartoshka ham mazali, ham darmondori ekan. Ikki yildan buyon ushbu kartoshkadan tanovul qilib, o'zimni har qachongidan bardam sezayapman. Ushbu ne'matdan turli salatlarni tayyorlaymiz. Bu dasturxonimizning fayzu barakasi bo'lib qoldi.

— Men Rahmat Xolliyevman, – deya suhbatga qo'shildi Kitob tumanidagi Ayoqchi qishlog'ilik fuqaro. — Nurali akaga katta rahmat! Shifobaxsh kartoshka qand xastaligiga davo bo'ldi. Abujahl tarvuzi farzandlarimga yangi kuch-quvvat bag'ishladi. Ana shunday izlanuvchan insonlarni haqiqiy vatanparvar desa bo'ladi.

Albatta, bunday haroratli dil so'zlarini eshitish yoqimli. Biz bu kabi noyob ne'matlarning Shahrisabz zaminiga keltirilishi bilan bog'liq voqealar tarixiga ham qiziqib, Nurali Umirovni suhbatga tortdik.

— Abujahl tarvuz urug'ini Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan bundan 10 yil muqaddam olib kelganman, – deya gap boshladi N.Umirov. — Jahongir Toshev degan do'stim bilan harbiy xizmatni birga o'taganman. Unikiga mehmonga borganimda, ushbu tarvuzdan bir karch mulozamat qildi. Aslo yeb bo'lmaydi, chunki achchiq. Oz-ozdan tanovul qilish kerak ekan. Bir choy qoshiq asal bilan kuniga uch mahal ichilsa, organizm moslashadi. Biroq me'yorni oshirib yuborib aziyat chekkanlar ham bo'ldi. Tavsiyaga amal qilingach, shifo topganlarning minnatdorchilik so'zlarini ham eshitdik. Kartoshkani esa akam rahmatli Miroqidan olib kelgandi. Chunki akamning o'zi shundan shifo topgan. Uzun-uzun ariq qilib ekiladi. Hosili ham yaxshi bo'ladi. Men bu bilan nima demoqchiman? Abujahl tarvuzi va kartoshkadan elimiz shifo topganligidan xursandman. Toshli yerda o'stirib, elimiz dasturxoniga shifobaxsh darmondori tortiq etayapmiz.

Shu lahzada suhbatimizga “Agrobank” ATBning viloyat boshqarmasi menejeri Dostonbek Temirov quyidagilarni qo'shimcha qildi:

— Nurali aka Umirov tijorat bankimizning faol mijozlaridan biri, – deya so'z qotdi u. — “Suvchilar maktabi” tijorat bankimiz tomonidan tashkil etiladigan tadbir. Unda ham Nurali aka o'zining tirishqoqligi, yangilikka intilishi bilan mashg'ulotlarda faol qatnashayapti. Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti o'qituvchisi Alisher Ro'zimurodov bilan uning dalasida bo'lib, fidoyi mehnat mahsulidan g'oyat mamnun bo'lganmiz. Tarvuzlarning kattaligini ko'rib, qoyil qolganmiz. Yana bir navi borki, shifobaxsh, dardga davo. Ana shunday el-yurtga kamarbasta ishbilarmonlarni qo'llab-quvvatlashdan nafaqat moliya muassasalari, balki davlatimiz, elimiz ham manfaatdor.

— Kasbni e'zozlashni otamdan o'rganganman, – dedi suhbatimiz so'ngida Nurali Umirov. — Otam Xushvaqt bobo suvchi bo'lgan. “Bu kasb halollik, poklikni sevadi”, derdi u kishi. Otam yoshligimdan meni yetaklab, pand-nasihatini ayamagan. Chaylada dehqonchilik qilib, mehnati mahsulidan bahramand bo'lgan. Oilada 11 nafar farzand bo'lganmiz. Hozirgi kunda 9 nafarimiz hayot. Otam 93 yoshda, onam 95 yoshda bu foniy dunyoni tark etishdi. Otga mindirib, biz farzandlarni ardoqlagan ota-onamiz ruhi doimo yo'limizda yo'ldosh bo'lib turibdi.

Dehqonchilik xo'jaligidan qaytar ekanmiz, 2002 yildan buyon o'z faoliyatini olib borayotgan ahil jamoa mehnatiga tasannolar aytdik. N.Umirovning turmush o'rtog'i Oyshaxon opa Xolliyeva, farzandlari Xursandoy, Sherali, jamoa a'zolari Hayitboy Safarov, Rahmat Xolliyevlarning hamjihatligiga havas ko'zi bilan boqdik. Keng maydonlardagi bodring, pomidor, qovun, tarvuz palaklarining avji, mevazor bog'lardagi mo'l hosil nishonalari 2023 yildagi 130 million so'mlik daromad joriy yilda undanda yuqori bo'lishidan darak berib turibdi. Zero, mehnat — rohat, izlanish — farog'at, yakuniy natija — mo'may daromad, pirovardida yuksak taraqqiyotdan dalolat degani shu bo'lsa kerak.

Darvoqe, ushbu dehqon xo'jaligi haqida, bu yerda shifobaxsh abujahl navli tarvuz yetishtirilayotgani to'g'risida o'tgan yili ham “Hurriyat”da hikoya qilgandik. Yana ushbu xo'jalik yetakchisi Nurali Umirov boshchiligidagi dehqon xo'jaligi xususida so'z yuritishimizdan maqsad, yer bilan tillashayotgan yurtdoshimizning faoliyati bilan siz mushtariylarimizni yanada kengroq tanishtirishdir.

Husan TEMIROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × five =