Sen bahorni sog'inmadingmi?…

“Boysun bahori” xalqaro ochiq folklor festivalini o'tkazish bo'yicha tayyorgarlik qizg'in kechmoqda

Har ikki yilda bir marta o'tkazilishi mo'ljallangan “Boysun bahori” xalqaro ochiq folklor festivalini xorijiy va mahalliy mehmonlar intiqlik bilan kutishga o'rganib qolganlar. Bu anjumanni esa shunchaki, nomigagina o'tkazib bo'lmaydi. Maqsad — millatimiz, davlatimiz, betakror milliy-ma'naviy qadriyatlarimiz, urf-­odatlarimiz, xalq amaliy san'ati namunalari, bir so'z bilan aytganda, bu boradagi ming-ming yillik madaniy tariximizni ulug'lash, butun dunyoga namoyish qilish. Biz oldingi bo'lib o'tgan festival jarayonlari, mehmon va ishtirokchilarga yaratilgan qulayliklar, xizmat ko'rsatish sifati hamda saviyasi bilan birgalikda yo'l qo'yilgan ayrim kamchiliklar borasida gazetamizda o'tgan yili chiqish qilgan edik. Xo'sh, shu kunlardagi hozirlik ishlari qanday ketayapti?

Avvalo, festival o'tadigan, bugungi hamma talablarga to'liq javob beradigan muqim joy bo'lishi kerak. Toki “Boysun bahori” deganda mehmonlar va mezbonlar qalbida bir umr muhrlanib qoladigan barqaror manzara, barcha qulayliklarga ega bo'lgan zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, tabiiy, milliy va jug'rofiy etnografiyamizni o'zida mujassam etuvchi kompozitsion dekoratsiyalar va hokazo… Bu gal ana shunday mezonlarga mos lo­yihalar va ishlar amalga oshirilmoqda. Natijani esa yaqin vaqt ko'rsatadi.

Bunday katta xalqaro bayramga, ayniqsa, boysunlik hunarmandlar jiddiy tayyorgarlik ko'rishmoqda. Ayniqsa “Boysun hunarmandlar markazi”da o'nlab chevarlar, xalq amaliy san'ati ustalarining qo'llari qo'llariga tegmaydi. Tol kosadan tortib, omochgacha, chanqovuzdan tortib, sibizg'agacha deganday, yuz turdan ortiq hunarmandlik buyumlarini tayyorlashmoqda. Hunarmand Nilufar Jo'rayeva boshchiligida mazkur markazda yuz nafardan ortiq chevarlar ezgu niyat bilan o'z mahoratlarini ishga solishgan. Bunda 130 metrlik alvon matodan uzunligi 31 metr, eni 5,2 metr bo'lgan dunyodagi eng katta va bejirim so'zana tayyorlandi. Chevar xotin-qizlarga “Faol tadbirkor” medali sohibasi Malika Podshoyeva bosh-qosh. Matoga qadimdagi eng noyob milliy naqshlar rang-barang ipak iplar bilan mohirona tikilgan. Chevarlarning niyati so'zana tikish bo'yicha jahon rekordini o'rnatish edi. Niyat amalga oshgan bo'lsa, ajab emas.

Yana bir tomonda qo'ligul kayvonilar uzunligi 28 metr bo'lgan sharqona gilam to'qishayapti. Boysunlik hunarmandlar boshlagan xayrli ishlarini qoyilmaqom yakunlashadi, degan ishonchdamiz. Sababi viloyat markazida 2019 yilda bo'lib o'tgan xalqaro baxshichilik festivalida boysunlik kashtachilar yaratgan uzunligi 25, eni 6 metrlik go'zal so'zana namoyish etilganligini tadbir ishtirokchilari yaxshi eslashsa kerak. Naqshlari ko'zni oluvchi, og'irligi 60 kilolik so'zana yonida havas bilan yuzlab mehmonlar suratga tushishgani bugungidek ko'z o'ngimizda turibdi. Shu bois bemalol ayta olamizki, festivalda ko'rgazmaga qo'yiladigan milliy madaniyatimiz, milliy xalq amaliy san'ati namunalari mehmonlar va ishtirokchilarni bu yil ham befarq qoldirmaydi.

Endigi masala festival o'tadigan majmuani risoladagidek ko'rinishga keltirish, qatnashchilariga yaratiladigan qulay sharoit va xalqaro talablarga mos xizmat ko'rsatishga bog'liq. Ayni paytda Boysun shahrida avtomobil yo'llari, piyodalar yo'laklari qayta ta'mirlanmoqda. Festivalning asosiy tadbirlari o'tadigan markaziy va qo'shimcha sahnalarni zamonaviy ko'rinishga keltirish, mehmonlar uchun soya­bonlar, avtoturarjoylar, maishiy xizmat nuqtalari, mehmonxonalar, oshxona va choyxonalar, xiyobonlar, piyodalar yo'laklarini bejirim ta'mirlash va zamonaviy tarzda yangidan barpo etish yumushlari yakunlanmoqda. Bu narsalar aytishga oson, yo'llarni yanada tartibga keltirish, shunday ulkan maydondagi majmua inshootlarining bir-biriga uyg'unligini ta'minlash, o'nlab o'tovlar tikish, tumanlar, viloyatlarning ko'chma qo'rg'onlarini bunyod etish uchun qanchadan-qancha ishchi kuchi, texnika jalb etilishidan tashqari, kattagina mablag' ham sarflanadi.

Tayyorgarlik ishlarining borishiga nafaqat tuman, viloyat hokimligi, tashkilotlar, balki tegishli vazirliklar, qo'mitalar rahbarlari hamda mas'ul xodimlari tomonidan amaliy yordam ko'rsatilishidan tashqari, kerakli tavsiyalar, maslahatlar berilib, har bir soha va ob'yektdagi bajarilayotgan ishlar muddati, sifati jiddiy nazorat qilib borilayapti. Xullas, “Boysun bahori” xalqaro ochiq folklor festivalini o'tkazish loyihasidagi vazifalar ko'lami nihoyatda katta va mas'uliyatli. Vaqt esa juda tig'iz. Milliy san'at va hunarmandchiligimizning xalqaro bayramiga o'nlab chet davlatlardan keladigan rasmiy mehmonlar, xorijiy va mahalliy sayyohlar tashrif buyuradilar.

Demak, barcha-barchani Boysun chorlamoqda!

Safar OMON,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × 2 =