SUMALAK

Zumrad bahor o'zining betakror sepini yoyib, dillarga huzur, ko'zlarga nur baxshida etadi. Shuning­dek, shifobaxsh ko'klam chechaklaridan tayyorlanuvchi milliy taomlari bilan ham jonimizga jon baxshida etadi. Bahoriy taomlar orasida o'z o'rni, o'z ta'rifiga ega ko'k somsa-yu chuchvaralar, halimu ko'k qatlama, patirlar qahraton qishdan toliqqan jismimizga darmon bo'lib, kayfiyatimizni-da chog' etadi.

Navbahorning shoh taomi, Navro'zi olamning ko'rki bo'lmish sumalakning ta'rifi esa doston bo'larli darajada. Nuroniy buvijonlarimiz, pazanda onajonlarimiz tomonidan alohida taraddud bilan bosh­lanib, yosh-yalanglarni-da xizmatga chorlaguvchi milliy taomimizning sehri bo'lakcha. Barcha dildoshlarni bir joyga jamlaguvchi ushbu taomning ajib tarixidan tortib, bugunigacha mo''jizalarga boy o'tayotgan tayyorlanish jarayoni o'ziga xos sir-u sinoatlarga boy. Avvalo, barchaga birdek manzur bo'lgan ushbu taom nomi haqida to'xtalsak…

Xalqimizning ayrim shevalaridagina qolgan bu so'z “uymoq” ma'nosini beradi. Ya'ni, ko'proq mayda donli ekinlar hosilini bir joyga to'plashga nisbatan aytiladi. “Suma” so'zi bug'doyning ayrim shevalardagi shakli bo'lib, “sumlamoq” so'zi shundan kelib chiqqan, deyiladi manbalarda. Avvalo, bug'doyni uyish, keyin boshqa shu kabi uyish mumkin bo'lgan donlar, tup­roq, shag'al va shu kabilarni piramidasimon qilib uyishga nisbatan ishlatilgan “Sumlamoq” so'zi hozir ham Namangan, Andijonning ayrim shevalarida juda faol saqlanib qolgan. Bu so'zdan “sumalak” so'zi kelib chiqmagan bo'lsa ham tilimizda “sum” yoki “suma” faol asos sifatida mavjud. Nima bo'lganda ham, so'z zargarlari havola qilayotgan “suma” so'zi qadimgi tilimizda “bug'doy” ma'nosini ifodalagan. Barcha so'zlarimiz shevalarda tug'ilgani bois, sheva so'zlariga o'ng ko'z bilan qarashimiz kerak. Quvonarlisi shundaki, “sumalak” so'zi chindan ham toza turkiy so'zdir.

Asrlar bilan yuzlashgan momolarimizning hikoya qilishlaricha, bu sirli taomning ilk tayyorlanish jarayoni shu qadar hayratlanarli bo'lgan ekanki, egizak farzandlarini ochlikdan asrash uchun bug'doy ildizlarini uzoq vaqt qaynatgan  ona horib-charchab uxlab qolganlari, ma'lum vaqt o'tib uyg'onganlarida esa xushxo'r taom tayyor bo'lgan qozoni atrofida maloikalarni ko'rganlari sababli, ushbu sirli taomni “sumalak” deya nomlaganlari tildan-tilga o'tib kelmoqda.

Hozirda bizlar “sumalak” deya nomlaguvchi, sevib tanovul qiluvchi milliy taomlarimiz shohi bo'lmish bu taomning foydali xususiyatlari bir olam. Ilik uzildi davrda sumalak iste'moli jismimizni darmondorilarga to'yintiradi. Uzoq muddat tanani quvvat bilan ta'minlaydi. Yurak-qon tomirlarini mustahkamlashga, darmondorilarga bo'lgan ehtiyojlarimizni qondirishga xizmat qiladi. Quvonarlisi, bugunga kelib savdo rastalaridan ham darmonga boy sumalak joy egallagan. Ta'bingizga, imkoniyatingizga qarab, xohlaganingizcha xarid qilishingiz mumkin, azizlar!

Farruxjon AShURBOYEV,

Toshkent tibbiyot akademiyasi

talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =