Bolalar o'z nashrlarini o'qiyaptimi?

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev yig'ilishlarning birida kuyunib aytgan quyidagi gaplari tez-tez yodga tushadi: “Farzandlarimizni telefon “tarbiya” qilyapti”. Yana: “biz majburiy obuna deb ixtiyoriy obunani ham yo'q qildik”.

Darhaqiqat, og'riqli gaplar. Bor gaplar. Bugun qo'liga aqalli bir bora kitob ushlab qo'rmagan, gazeta-jurnal — deya gap ochsang ensasi qotadigan kishilarni qo'ya turaylik, bundaylar katta-kichik amaldorlar orasida ham uchrayotgani yurakni og'ritadi. “Gazeta-jurnal nimaga kerak, mana telefon bor-ku?”

Shukrki, Yurtboshimiz rahnamoligida ma'naviy-ma'rifiy sohalarga juda katta e'tibor, g'amxo'rliklar qilinayotgani, kitobxonlikka rag'bat uchun juda  katta ishlar ro'yobga chiqarilayotgani sir emas. Ammo og'riqli mavzuligicha qolayotgan masalalardan biri bu baribir ko'pgina matbuot nashrlarining xalqimizga yetib bormayotganidir. Albatta, qo'llab-quvvatlanayotgan nashrlar ham yo'q emas. Ularning adadlari ham yarashiqli. Biroq  mamlakatimizda har bir xonadonda, mahallada, idorada bo'lishi lozim bo'lgan shunday nashrlar ham borki, ularning nomini keltirib o'tirmasak ham o'zini ziyoli deb ataydigan kishilar yaxshi bilishsa kerak.

Eng og'riqlisi, o'n mingdan ziyod o'rta ta'lim maskanlariga hatto bolalar nashrlarining mutlaqo yetib bormayotgani, borayotganlariga ham bir-ikki dona borayotgani achinarli hol.

O'ylab ko'ring, bolalikdan gazeta-jurnal o'qimagan avlod… katta bo'lganida kitob mutolaa qilishiga ishonish mumkinmi?

…“Gulxan” jurnalining 2022 yil iyun oyi sonida Farg'ona viloyati Quva tumanidagi  8-maktabning 8-sinf o'quvchisi Dildora Yo'ldoshevaning she'ri bosilib chiqqandi. Dildoraning haya­joni, quvonchining cheki yo'q, yaqin yillarda maktab hayotida bunday voqea bo'lmagani uchun o'qituvchilarning xursandchiligiyu o'quvchilarning maktabdoshlariga havas­larini ko'rsangiz! Ota-onalarning shodligi qo'shnilaru qarindosh­larga yoyildi.

Yangilik tezda mahallaga, yaqin-oradagi qo'shni maktablarga ham tarqaldi va u maktab­larning havas­mand o'qituvchilari o'sha jurnalni ko'rsatib, o'z o'quvchilarining yuragiga o't solmoqchi bo'lishdi: “Mana, badiiy kitoblarni ko'p o'qisalaring, o'rgansalaring… o'zlaring ham mashq qilib, she'r, hikoya­lar yozsalaring, Dildoraga o'xshab viloyat, respublika matbuotida nomlaring, mashqlaring e'lon qilinishi mumkin”. Lekin ko'pchilikning bu niyati dilida qolib ketdi, chunki tumanda 66 ta maktab bo'lsa, shundan sanasang barmoqlaring ortib qoladigan miqdordagi maktablardagina bitta-­yarimta “Gulxan” jurnaliga obuna bo'lganlar bor edi, xolos.

Ko'pchilik eshitgan latifa: bozorda eshagini yo'qotib qo'ygan Afandi hammaga eshittirib: “Tezda eshagimni topib beringlar, bo'lmasa, men ham otam qilgan ishni qilaman!” – deb dag'dag'a boshlabdi. “Otasi nima qilgan ekan?” – deb tashvishga tushganlar rosa izlashibdi, lekin Afandining eshagi topilmabdi. Umidini uzgan Afandining o'zi ham asta-sekin hovuridan tushibdi. Indamay uyiga qaytish tadorigini ko'ra boshlabdi. Shunda odamlardan biri: “Ey, Nasriddin, otangiz eshagini yo'qotganda, nima qilgandi?” – deb so'rabdi. “Otam uyga piyoda ketgan”, – debdi xurjunini yelkaga olayotgan Afandi.

Xullas, o'sha “Gulxan” jurnalini ko'rishga juda qiziqqanlar ham (poytaxtning imtiyozlari keng, katta dargohlarida rahbar bo'lib, oliy unvonlar olib ishlaydigan hurmat-e'tiborli ayrim boshliqlar bosma ommaviy axborot vositalarida chiqqan maqola, suhbatlarini  ko'rish uchun gazeta (jurnal) yoki uning elektron shaklini tahririyatdan so'rab olganlari kabi) 8-maktabning til va adabiyot o'qituvchisidan Telegramm tarmog'i orqali “Gulxan”ning sahifalarini yuborishni iltimos qilishgandi.

Tarixni o'qisak, dunyo tanigan olim al-Farg'oniyning yurtida… bozor iqtisodiyoti ustuvor bo'lgan bugungi kun prizmasidan qarasak, tadbirkorlik borasida respublikamizning eng ilg'or, toparmon-tutarmon hududlari qatorida bo'lgan, mavsumda bir tupgina anorning o'zidan kamida 100.000 so'm daromad qiladigan (“Gulxan” jurnalining bir yillik obunasi pochta xizmati bilan 250.000 so'm; “G'uncha” jurnali pochta xizmati bilan 200.000 so'm) quvalik­lar yuqoridagi tafsilotlarim (sirni ko'pga oshkor qilganim) uchun mendan xafa bo'lishlari mumkin. Ammo xijolatlikka o'rin yo'q, chunki ayni shunday holat takrorlanishi… yo'q, takrorlanmasligi aniq bo'lgan maktablar tuman va shaharlarda nechta topilarkin? Qaniydi, shu fikrda nohaq bo'lsam, uzr so'rashga, yetkazgan ma'naviy ozorimni o'sha maktab kutubxonasiga kitoblar sovg'a qilish bilan qaytarishga tayyorman.

Keyingi ikki yilda bu borada o-ozgina siljish bo'ldi: siljishki, uch-to'rt yil oldin tamoman “o'tirib” qolgan “Gulxan” jurnali ayni paytda 3700,  “G'uncha” jurnali 2500 adadda bosilmoqda.

Holbuki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 13 mayda chiqarilgan “Xalq ta'limini rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida aniq belgilab qo'yilgan:

“…o'quvchilar ongiga vatanparvarlik tuyg'ularini va milliy qadriyatlarni singdirish, boy madaniy-tarixiy meros, milliy urf-­odatlar, buyuk ajdodlarimiz ma'naviy merosini o'rganish­lari uchun sharoitlarni yaratishda sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlarni keng jalb etish; soha xodimlari, ta'lim muassasalari rahbarlari, pedagog­larning Yangi O'zbekiston taraqqiyotidagi shaxsiy hissasi, o'quvchilarni har tomonlama yetuk avlod etib tar­biyalashdagi mas'uliyatlarini his etishlari uchun targ'ibot va tushuntirishlar olib borish; rahbar va pedagog kadrlar tomonidan ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni, sohada joriy qilinayotgan yangiliklarning yanada kengroq targ'ib etilishi, o'quvchilarning kasbiy va shaxsiy rivojlanishlari uchun kerakli bo'lgan ma'lumotlarni olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularning bilimi va tafakkurini oshirish maqsadida xalq ta'limi yo'nalishidagi bosma nashrlarni ta'lim muassasalariga yetkazib berishni ta'minlash vazifalari yuklansin”.

Shu o'rinda aytish joizki, yosh avlodning har tomonlama yetuk, komil inson bo'lib voyaga yetishi uchun faqat pedagoglar emas, ota-onalar ham birgalikda qayg'urishi lozim. Ular bugun, ayniqsa, keng urf bo'layotgan dabdabali to'y-tomoshalar, gap-gashtak­lar, ziyofatlarga sarflayotgan pullarini ozgina tejab, bolajonlarga ma'naviy ozuqa beradigan gazeta-jurnallar obunasiga hissa qo'shsa, farzandlarini mutolaaga o'rgatishsa, foydadan xoli bo'lmasdi.

600, 800, 1000 ta jurnallarni o'qib, ulardan ilmu odob, ma'naviy-­estetik saboqlar olib, dunyoqarashi kengayib, qalbi ulg'ayib, orzu-umid­lari kuch-quvvatlangan ming­lab o'g'il-qizlarni ko'z oldimizga keltiraylik! Aslida, kelajak avlodimiz qalbida kitobsevarlik, ma'rifatsevarlik, hikmatsevarlik, xalqsevarlik, vatansevarlik fazilatlari shu kabi mohiyati teran odat, an'analardan bosh­lanmaydimi?!  Bu gap­lar bilan birovlarning “cho'ntagi”ni kavlayotganim yo'q. Shunchaki, ota-onalar orzu-havasga sarflayotgan mablag'larini yanada ezgu maqsadlarga ham ajratishi mumkinligi to'g'risida o'ylayapman.

Bunday orzuning o'zidan qalbdagi hayajon to'lqini ko'zga to'ladi. Bu kabi niyatlar ro'yobiga, tomchidek bo'lsa-da, hissa qo'shmoq intilganlarga nasib etsin. Xuddi shu xolis niyat hurmatidan aziz yurtdoshlarimiz yuqoridagi mushohadalarni  tushunadilar, degan umiddamiz.

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 9 =