Bugunning kitob(xon)i

“Takror aytaman, taraqqiyot va yuksalishga faqat ilm, faqat ta'lim va tarbiya, faqat kitob orqali erishish mumkin”.

Shavkat MIRZIYOYEV

Hech o'ylab ko'rganmisiz, nega ziyoli qatlam yoshlarning kitob o'qimayotganidan xavotirlanadi? Nega azal-azaldan kitob o'qigan, ilmli kishilar qadrlangan, katta rejalar oldidan ilm ahlidan kengash so'ralib ish ko'rilgan? Hali kitob bosish keng tarqalmagan kezlarda donishmand, dunyo ko'rgan kishilar shu maqomda bo'lganlar.

Podsholaru buyuk allomalar, davlat arboblari ham bolalarini yoshlikdan kitobga oshno qilishga uringanlar. Amir Temur, Mirzo Ulug'bek va boshqa bobolarimizni buyuklikka yetishtirgan, shubhasiz, kitob. Demak, kitob mutolaasi insonni boyitadi, yuksaltiradi. Odamning ulug'vorligi uning bo'yi bilan o'lchanmaganidek, xalqning ulug'ligi ham uning soni bilan o'lchanmaydi, yagona o'lchovi — uning aqliy kamoloti va axloqiy barkamolligidir.

Bir saviyali kitobni o'qigan kishi o'zida yangi dunyoni kashf etadi. Kitobxon asarlar vositasida turfa odamlar psixologiyasi, xarakter-xususiyatlarini o'rganadi. Shu bois ham u hayotda muhim (favqulodda) qarorlar qabul qilishda adashmaydi. Anglashiladiki, ziyoli kishilar yosh avlodning kitob o'qimayotganidan xavotirlanishi zamirida ularning katta hayot ostonasida adashmasligi, puch g'oyalarga uchmasligi, o'z fikri va dunyoqarashiga ega bo'lish istagi yotadi. Jadid bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, “Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa, xanjar, olmosday o'tkir bo'ladi”.

2023 yil 22 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida “Agar hozir “Qani, oxirgi bir oyda qaysi teatr­­ga bordingiz, qanday yangi kitob o'qidingiz?” deb so'rasam, o'ylaymanki, aksariyat rahbarlar xijolat bo'lib qolishi mumkin.

Holbuki, rahbar-etakchilar ijtimoiy dunyo­qarash, madaniy saviya bo'yicha boshqalarga o'rnak bo'lishlari kerak”, degan fikrlarni ilgari surgan edi.

Darhaqiqat, kitob o'qish faqat adabiyotshunoslaru tor doiraning emas, butun millatning, aholi barcha qatlamining sevimli mashg'ulotiga aylanishi kerak. Hokimning ham, vazirning ham, tadbirkoru shifokorning ham barcha yoshu keksaning bunga ma'naviy ehtiyoji bor.

Ko'pchiligimiz “Bo'sh vaqtimda kitob o'qiyman”, degan kishidan “kitobxon yasashga” o'rganib qolganmiz, ammo kitob bo'sh vaqtda o'qiladigan, zerikkanda shug'ullanadigan ermak emas. Aslida kitobga ajratilgan alohida vaqt bo'lishi lozim. Shuning­dek, kitobni elektron shaklda o'qish ommalashgan.

Bir qaraganda, elektron shaklda mutolaa qilish ancha qulay: istalgan kitobni topish va tanlab o'qish imkoniyatining borligi, uni ko'tarib yurishga majbur bo'lmaslik jihatdan ishni yengillashtiradi. Biroq xotirada saqlanishi, ko'zga zararli tomonlari jihatdan baribir qog'ozdagi matn zavqini bermaydi. Qolaversa, kitobni varaqlab, uning hididan bahra olib mutolaa qilish beradigan hisni elektron qurilmalar bera olmasligini haqiqiy “kitobxo'r”lar yaxshi anglaydi.

Ilmiy-ommabop asarlar zarurati

Badiiy, psixologik, motivatsion kitoblar jadal tarjima qilinayotgan bir paytda bizda jahon tajribalari asosidagi chuqur tahliliy asosga ega ilmiy-ommabop asarlarga ehtiyoj seziladi. Boisi bunday kitoblar tafakkurni kengaytirish bilan bir qatorda ilmiy xulosalar shakllanishi va tajriba oshirishda muhim omil bo'ladi.

2023 yil 28 noyabr kuni yoshlarning intellektual va ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi jahonda mashhur kitoblarni o'zbek tiliga tarjima qilish, shu orqali ularni zamonaviy ilm-fanning so'nggi yutuqlari bilan yaqindan tanishtirib borish tizimini yo'lga qo'yish maqsadida Prezidentimizning “Yoshlar uchun ming kitob” lo­yihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilingani ayni muddao bo'ldi.

Qaror bilan Yoshlar ishlari agentligi jahonda mashhur 1000 ta kitobni tanlab olib, o'zbek tiliga tarjima qilish va mamlakatimizda ommalashtirishga qaratilgan “Yoshlar uchun ming kitob” lo­yihasini amalga oshirishga mas'ul etib belgilangan. Jahonga mashhur, sara ilmiy-ommabop kitoblarni asar mualliflaridan sotib olish, o'zbek tiliga tarjima qilish, nashrga tayyorlash belgilangani bunday kitoblarga ehtiyoj sezilayotgan bugungi davr­­da juda muhim.

Bugungi kunda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan har yili 150 nomdagi yangi fundamental kitoblar nashr qilinmoqda. Bu yaxshi ko'rsatkich, albatta. Lekin bor-yo'g'i 1000 donadan chop etilayotgan kitoblar 36 million aholimizning qaysi biriga yetib borsin? Kitob chop etish uchun katta mablag' va mehnat talab etiladi. So'nggi yillarda ijodkorlarimizning asarlari deyarli chop etilmay qolgandi. Katta-katta ustoz ijodkorlar o'z asarlarini chop etishga mablag' topolmay, 50-60 dona kitob chiqarib sotib yurganiga ham guvoh bo'lganmiz. Shukrki, 1000 dan ortiq a'zosi bor Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan bu muammolar bartaraf etildi. Uyushma a'zolarining kitoblari navbat bilan nashr etilmoqda. Boya yozganimdek, 1000 dona kitob xalqimiz uchun juda kam, albatta. Shuning uchun nashriyot tomonidan kitoblarning elektron nusxalari ham internet tarmoqlari orqali bepul tarqatilishi yo'lga qo'yilgan. Mayli-da, imkon qadar shu orqali ham kitobxonlarga ko'p foydasi tegmoqda.

O'quvchi kitobni qaerdan topadi

Texnika va texnologiyalar rivojlangan asrda yashayapmiz. Ko'cha-ko'yda, bekatlaru bog'larda hadeganda kitob ushlagan odamni uchratish qiyin. Istaymizmi-yo'qmi, kompyuter, telefon va boshqa gadjetlar ma'lum darajada kitoblar uchun ajratadigan vaqtimizni to'sib, chegaralab qo'ydi.

Yurtimizning eng chekka tumanlaridan qo'ng'iroq bo'ladi. “Iltimos, falon kitob menga juda zarur, o'quvchilarimga ochiq dars uchun kerak, ilmiy ishim uchun zarur, o'zim shu muallif muxlisiman…” To'g'risi, bunday so'roqlar biz noshirlarni quvontiradi. Biz bosayotgan kitoblar o'qilayotganligi, mehnatingiz besamar ketmayotganligidan quvonasiz. Xo'sh, yurtimizdagi nashriyotlar so'nggi yillarda qariyb ikki barobar ko'paydi. Bugungi kunda mamlakatimizda 400 dan ortiq nashriyot faoliyat ko'rsatayotgan bo'lsa, ular chop etayotgan kitoblarni o'quvchi qaerdan topadi? Avvallari “Sharq ziyokori” do'koni darrov xayolimizga kelardi. Hozirda “Sharq” nashriyotining ham taqdiri noma'lum. Kitob do'koniga yaqinda kirdim. Avvalgi do'kondan asar ham qolmagan. Rastalarida kitoblardan ko'ra o'quv qurollari, 20 yil oldin omborda qolib ketgan kitoblar sotilmoqda. Respublikamiz bo'yicha kitob tarqatishga mas'ul bo'lgan korxonalar esa, mana 10 yilki, ishlarida siljish ko'rinmayapti. Borlari ham hanuz tor doirada ishlab, ayrim xususiy nashriyotlar tomonidan yengil-elpi tarjima qilingan kitoblar, test to'plamlari savdosiga o'tib ketishgan. O'zingiz o'ylang, kitoblar o'z o'quvchisiga yetib bormasa, Prezidentimiz orzu qilgan kitobxon millatni qanday shakllantiramiz? Bu savollarni jiddiy o'rtaga qo'yish payti allaqachon kelgan. Yana Prozidentimizning iborasi bilan ayt­ganda, muammoni pastga tushib, quyi tizimdan o'rganish lozim. Kitob non va suv kabi kundalik ehtiyojimizga aylanishi zarur. Biz noshirlar shahrimizdagi katta oziq-ovqat do'konlarida ham zaruriy mahsulotlar qatorida kitob rastalari-da bo'lishini orzu qilamiz. Farzandlarimizni xursand qilish uchun shirinlik xarid qilganimizda, qo'shib 1 dona kitob ham olib berishni o'zimizga odat qilishimiz kerak. Doim yodingizda bo'lsin, farzandingizga kitob o'qib bermasangiz, u hech qachon mus­taqil kitob o'qimaydi!

Yana kitob do'konlariga nazar tashlaymiz. Bir qaraganda, ichi to'la kitob, ammo aylanib-aylanib o'zingiz izlagan, ma'nan boyitadigan, badiiy saviyasi yuqori, ilmiy asosga ega kitoblarni topishga qiynalasiz. Nega? Qiziq, bugungi kitobxon qanday kitoblarni o'qimoqda?

Sir emas, bugun nashriyot ham o'quvchi bilan, aniqrog'i, bozor talabi bilan hisoblashishga majbur. Shu bois kitob rastalarida tarjima bestseller asarlar, motivatsion kitoblar ko'p. Shu bilan birga, eng ko'p so'raladigan, sotib olinadigan kitob­lar ham aynan o'shalar. Xo'sh, aksariyat o'quvchilarning bu qadar sayoz fikrlarga o'chligiga asosiy sabab nima?

Bu savolga kunning qancha qismini nimaga sarflashimizni tahlil qilish orqali javob topishimiz mumkin. Kishi faoliyat yuritayotgan sohasi, atrofidagilar, vaqtining katta qismini oladigan muhit ta'siridan chiqib ketishi qiyin. Demak, vaqtining 70-80 foizini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydigan yoshlarda beixtiyor o'sha axborotlarga qaramlik shakllanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham qiziq bir algoritm ishlaydi: siz undan nimani qidirsangiz va qanday axborotga ko'p vaqt sarflasangiz, xuddi shunga o'xshash mavzulardagi axborot oqimi tasmangizda paydo bo'laveradi. O'z-o'zidan ma'lumki, yengil-elpi “vayn”lar, o'zini shou-biznes vakili deb biladigan “talant”lar ijodidan oziqlanayotgan avlod mulohaza qilishga undaydigan, fikrlashga majbur qiladigan kitob dunyosiga mehr berolmaydi.

Dizayn, muallif yoki nom?

Bugun kitobxon uchun nima muhim: dizayn, muallif, nom yoki hajm? Keyingi 10 yilda kitob dizayni borasida ko'p yutuqlarga erishdik. Xalqaro ko'rgazmalarda qatnashamiz. Yurtimizda chop etilayotgan kitoblar dizayni MDH davlatlari orasida yetakchi o'rinda deb ayta olamiz. Avvallari kitoblar dizayni bir-birini takrorlagan bo'lsa, hozirda har bir kitobga alohida yondashish “trend”ga chiqdi. Sir emas, kitob tanlashga hamma har xil yondashadi, birov kitob muqovasi, shakli, hajmi, dizayniga qarab uni xarid qiladi. Modomiki bugun kitobga qaytishni istayotgan ekanmiz, dizayn ham muhim omil sanaladi. Yaxshi ma'noda, o'quvchini mohiyatga olib borish uchun avval uni shakl bilan mahliyo qilish ham mumkin.

Shu bilan birga, kimdir muallif kimligiga e'tibor beradi, avval ham o'qigan, ko'ziga tanish muallifning kitobini ko'rganda taassurotiga tayanib, uni sotib olish-olmaslikni hal qiladi. Bu ham yomon tanlov emas. Boisi har bir kitobxonning sevib o'qiydigan muallifi bor. Ammo har bir kitob ijod mahsuli va u odam bolalarining hammasi har xil bo'lgani kabi, avvalgisiga o'xshamasligi mumkin. Aytaylik, oldingi kitobi yoqqan yozuvchining keyingi asari siz izlagan mavzuda bo'lmasligi ham ehtimoldan yiroq emas. Shunday bo'lsa ham kitob hech qachon ortiqcha yuk bo'lmaydi.

Ziyrak o'quvchi 5-10 bet o'qiganda kitobning nima haqida ekani, muallifning uslubi, so'z tanlash mahorati va u kitobxonga nima bera olishi haqida ilk tasavvurga ega bo'ladi. Shuningdek, uslubiy, imloviy xatolardan yiroq kitoblar ma'nan pishiq bo'lishiga umid bor.

Zamon qanchalik rivojlanmasin, fan-texnika yutuqlari qay darajada taraqqiy etmasin, kitob o'qish hech qachon ahamiyatini yo'qotmaydi, urfdan qolmaydi. Eng rivojlangan mamlakatlarda ham yiliga kamida 400-500 minglab yangi nomdagi kitoblar chop etiladi. 2024 yilning shu paytgacha bo'lgan davrida butun dunyo bo'ylab 400 mingga yaqin yangi nomdagi kitoblar nashrdan chiqqan. To'g'ri, bugun bizda kitoblar avvalgiday katta adadda bosilmayapti. Ba'zida o'rtacha ming nusxada nashr etilayotgan kerakli kitoblar ham rastalarda egasini kutib, sotilmay qolib ketadi.

Bir kunda chiqadigan kitoblarni o'qib chiqishga bir odamning umri yetmaydi. Shu kabi siz ham barcha kitoblarni o'qishga majbur emassiz. Eng kerakli asarlarni o'qishda badiiy did, o'tkir zehn va sinchilik muhim. Bu qobiliyatlar ham bevosita yuzlab kitoblar vositasida shakllanadi.

Bugungi globallashuv davridagi ziddiyatlar, mafkuraviy xurujlar, g'oyalar to'qnashuvi avj olgan pallada mavjud muammolarning yechimi bilimga, keng dunyoqarashga, tafakkurga borib taqalar ekan, jamiyatda kitob hidini bilmaydigan avlod shakllanishidan xavotirga tushishimiz kerak.

Rivojlanmoqchimisiz? Kitob o'qing! Jamiyatda o'z o'rningizga ega bo'lmoqchimisiz? Kitob o'qing! Xalqimizning atoqli yozuvchilaridan bo'lgan Asqad Muxtor ta'biri bilan aytganda, “Kitob — boylik. Lekin sotib olingani emas, o'qilgani”.

Nodir SUVONOV,

“Adabiyot” nashriyoti rahbari,

“Shuhrat” medali sohibi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =