Mehr qo'rg'oniga darz ketmasin

Odamlarni fikrlashga chorlaydigan ko'rsatuvlar borligi yaxshi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham hayot haqiqatlaridan bahs etadigan, yon-atrofidagilarni ham ko'rayotgan, eshitayotganlariga befarq-beparvo bo'lmaslikka undayotgan, jamiyat hayotiga faol aralashishga chorlayotgan chiqishlarning borligi ham kishini quvontiradi (men bu o'rinda zamonaviy texnika imkoniyatlaridan ermak uchun, shantaj, firibgarlik uchun foydalanayotganlarni nazarda tutmayapman, ularga Yaratganning o'zi aqlu farosat, insof bersin). Bunday chiqish­larda bir og'riqli holatga tez-tez duch kel­yapmiz: aka-ukalar, opa-singillar yoki shunga o'xshash yaqin qarindoshlar orasida meros talashishlar, ayniqsa, ota-onalaridan meros qolgan uy-joyga egalik haqini talashish masalasi doimiy kun tartibiga chiqib olgandek. Bir kun opa inisining uyidan haydalib, “Zangori ekran”dan tomoshabin ahliga ko'z yosh qiladi, boshqa kuni uka ko'chada qolib, jigarlaridan arz qiladi. Huquqshunos, psixolog, mahalla ahli, xotin-qizlar faollari bir ota-onadan dunyoga kelib, bir lagandan osh-ovqat yeb, aytish mumkinki, bir ko'rpada ulg'aygan jigarlarni murosaga keltirish bilan ovora…

Chunki bu shunchaki chetlab o'tib ketsa bo'ladigan masala emas. “Ha, bir kuni o'zlari topishib olishadi, etni tirnoqdan ajratib bo'larmidi?” degan bilan muammo hal bo'lmayotgani voqealar jarayonida yuzaga chiqib turibdi. Ba'zan ur kaltak, sur kaltak bo'lishib, ish sudgacha yetyapti. Bir paytlar yaqinlar orasidan ozmi-ko'pmi gap-so'z o'tsa, oiladagi yoshi ulug'lar:

— Hay, ovozlaringni ko'tarmanglar. Begonalar eshitsa, kulgiga qolamiz. O'zaro it-mushuk bo'lgan qavmni hech kim hurmat qilmaydi. O'g'liga qiz bermaganiday, qizini ham birov kelinlikka arzitmaydi, — deb qo'yishardi.

Ha, bir paytlar… Ehtimol, o'sha paytlardayam bugungi bizni tashvishga solayotgan mojarolarga o'xshash voqealar yuz berib turgandir. Ammo biz yaxshilarini, ibratlilarini ko'proq ko'rganmiz, shekilli, kimgadir qaysidir munosabat bilan ular haqida gapirgimiz kelsa, faqat bir-biriga jonini berishga tayyor bo'lgan jigarlar bilan bog'liq voqealar xotiramiz ko'zgusida jonlanaveradi.

Zulayho ismli maktabdoshimiz bo'lardi. Pedtexnikumni bitirib, maktabda boshlang'ich sinflarga dars berib yurardi. To'yi bo'lganining uchinchi kuni kattalarning:

— Chillalisizlar, shomdan so'ng uydan chiqmanglar, — deganiga qaramay, yosh kelin-kuyov mototsiklda sinfdoshlar yig'iniga yo'l olishadi. Qaytishda tezlikni oshirishganmi yo qorong'ida ilg'amay qolishganmi, mototsikl sim­yog'ochga urilib, halokat yuz beradi. Kuyov yengil jarohat oladi, ammo kelinchakning buyrak­lari ezilib ketadi. Davolashlar naf bermaydi. Zulayhoning ahvoli og'irlasha bosh­laydi. Ota-onalar:

— Bo'lmaydigan savdo boshidan bo'lmay qo'ya qolsin. Zulayhoning ishi xudo bilan… — deb turishganida, kuyovning singlisi:

— Akam o'n yetti yoshidan beri yangamning izidan yurgan. Yangam juda uzoq paytlar akamning muhabbatiga javob bermagan. Axiyri sevgisiga ishontirib, zo'rg'a yetishgan edi akam sho'rlik. Men yangamga akam uchun o'zimning bir buyragimni beraman, — deydi.

Uzoq qarshiliklar, uzoq tortishuvlardan so'ng singil kelinoyisiga bitta buyragini beradi. Zulayho yashab ketadi. Vaqti kelib, singilning ham baxti ochiladi. Akasi (balki, rafiqasining jismidagi nuqson tufaylidir, balki, boshqa sababdandir) farzand ko'rmaydi. Ammo singilga Yaratgan egam ketma-ket o'g'il farzandlar ato etadi. Fidoyi singil yana akasining nikohi himoyasiga chiqadi va nav­batdagi homila ko'targanida:

— O'g'il bo'lsayam, qiz bo'lsayam tug'ilajak farzandim yangam bilan akamniki, — deb yuboradi. Va aka bilan yanga tug'uruqxonadan singilning farzandini o'zlariga rasmiylashtirib olib chiqishadi. Ikki oila ham tinch-totuv yashab ketishdi. O'tgan yili bahorda qishlog'imga borganimda, ularning taqdiri bilan qiziqdim. Zulayho evara ham ko'ribdi.

Yosh beva qolgan onamning uzoq vaqt yerbag'irlab yotishga imkoni bo'lmagan. Ukalari, qaynukalarini kasb-korli qilish uchun birini haydovchilik kursiga, birini hisobchilik kursiga, yana birovini duradgorga shogirdlikka berganlar. Yettinchi sinfdan so'ng hammasini kelajakda oila boqishga tayyorlaganlar. Katta ukasining o'qishga ixlosi bo'lgani uchun institutga kirishlariga yordam berganlar.

“Ukalarim, qaynukalarimni sizlardan kam yaxshi ko'rmayman”, deb gapirardilar onam. Hamisha maktabda ikki stavka dars berganlar. Kechasi chevarlik ham qilardilar. Mahallada ayollar yig'inlarida katta oshlarni ham damlardilar. Biror marta noliganlarini, minnat qilganlarini eslay olmayman. Doimo g'ayrat, shijoat bilan yurardilar. Amakilarim, tog'alarim uyli-joyli, kasb-korli bo'lishdi. Faqat tog'alarim balog'at yoshiga yetganlarida onam o'z amakilariga (ular ikkita edi):

— Men ukalarimning og'zini oshga yetkazdim. Endi bu yetimlaringni uylantirib qo'yish sizlarning vazifangiz. Yo har biringiz o'zlaringizning qizlaringizdan bittasini ukalarimga berasiz, yo bosh bo'lib boshqa qizga uylantirib qo'yasiz, — deganlar.

Amakilari ham onamning izmiga yurib, tog'alarimga o'z qizlarini berishgan.

Onam faqat o'zinikilarga emas, uzoqroq qarindoshlarimizga ham keragida panoh bo'lardi. Esimda, Sobirjon ismli bir qarindoshimiz ota-onasiz qolgan. Oilali bo'ladigan payti kelganida onam barcha jigarlarni bir joyga yig'ib:

— Mana, kecha pillaning puli tegdi. Hammalaringning qo'llaringda pul bor. Sobirjonga qiz topib qo'ydim. Bordi-keldini boshladim. Boshlanmasini o'zim epladim. Endi arvohlar xotirasi uchun ataganlaringni o'rtaga tashlang­lar, — deb o'lgayman nusxali (xorazmliklar yaxshi biladi bu ro'molni) ro'molni o'rtaga yozadi. Hech kim bosh tortmaydi, hamma ataganini tashlaydi. Bir yaxshi to'y bo'ladi.

Sobirjonning rafiqasi onamni bir umr “ena” (bizda qaynonaga “ena” deb murojaat qilinadi) deb o'tdi. Men o'z hayotimda faqat jigarning jigarga fidoyiliklarinigina emas, do'stlarning ham bir-biriga mehru muruvvatini ko'rganman.

Dadam vafot etgan kunlar. Onam “yalt” etgan yorug'likdan taskin izlaydi. Onamning Jumagul ismli yoshi kattaroq kursdosh dugonasi bo'lardi. Bizdan ancha uzoqlikdagi qishloqda yashardi. U paytlar qishloqlar orasida ulov yo'q. Jumagul xolam har shanbada (o'qituvchi edi, boshqa kunlari bo'sh bo'lmasdi) nevarasini orqalab biznikiga kelardi. Yomg'ir faslida yo'llar loy, yozda chang bo'lardi. Lekin xolam dugonasiga tasalli berish, yaxshi so'zlar bilan ayriliq jarohatiga malham bosish uchun har haftada kelishini kanda qilmasdi.

Hozir ba'zan dugonalarining oilasini buzish uchun turli fisqu fasodlarni o'ylab topayotgan ayollar haqida eslasam, ozg'ingina, cha­yirgina xolamning ko'zlarida mehr suvratlanib, eshikdan kirib kelishlarini eslayman.

Bundan ikki yillarcha oldin o'sha paytda buvisining orqasida bir necha marta biznikiga kelgan Halima bilan uchrashib qoldik.

— Enam yo'llarda besh-olti marta meni yerga qo'yib dam olardilar, — deb esladi Halima. Demak, xolam charchaganlar, tolganlar, lekin do'stga fidoyiliklaridan kuch olib, yo'llarida davom etganlar.

Jigarlardan do'stlarga o'tdim. Axir yaxshi do'st ham yaqiningdan yaqin bo'lishi mumkin. Bir necha yillar avval yuz bergan yana bir voqea: bir davra bo'lib ulfatchilik qiladigan yigitlardan biri avtohalokat tufayli vafot etadi. Yosh kelinchak ikki farzandi bilan beva qoladi. Ikki yetim bir butun bo'lib oila qurishgan ekan, ota-ona yo'q, boshlarini silaguvchilar ham yo'q. Vaqt o'tib kelinchak moddiy jihatdan qiynala bosh­laydi. Ijara uy puli… osh-ovqat… kiyim-kechak…

Shunda kelinchak bolalarini Mehribonlik uyi­­ga topshirib, xorij­ga — tanishlari oldiga ishlagani ketmoqchi bo'ladi. Bu gapdan ulfatlar xabar topadi.

— Hayotligida do'stimiz edi. Shu bugun bolalari bilan boshpanasiz, boshpanohsiz qolgan ayolning qo'lidan osh-non yeganmiz. Endi uni shamollar chorrahasida qoldirib ketamizmi? — deydi biri. Hammasi bir bo'lishib, ataganini o'rtaga tashlab, kelinchakka uy olib berishadi.

Endi shu bolalar “do'st” so'ziga sadoqat hissi bilan ulg'ayadi. Kelinchak ham o'zini hamisha o'sha erining ulfatlari nigohi bilan nazorat qiladi. Bunday voqealarni yuzlab keltirish mumkin. Mehr mehrga doyalik qiladi. Shunday ekan, Iskandardek dunyoning yarmini egallagan zotga vafo qilmagan mol-dunyo — uy-joy, yana nimalarnidir talashayotgan yaqinlarga vafo qilarmidi?! To'g'ri, uy-joy, yer — hammasi tirikchilik uchun kerak. Lekin murosayu madora bilan, bir-birovga toshu tuproq otmasdan, ko'ziga chang solmasdan kelishish mumkin-ku. Ota-onalaridagi dushmanlik bolalariga o'tayotgani yana ham alamli.

Qanday qilib bu kir hissiyotlardan xalos bo'lish mumkin? Qanday qilsa, qon-qarindoshlik rishtalari Alloh tomonidan insoniyatga tuhfa etilgan qal'a, qo'rg'on ekanligini hamma anglab yetadi?

Bir narsani aytgim keladi. Xotira tuyg'ularni yangilaydi. O'sha ota-onalaridan qolgan merosni talashayotgan o'g'illar, qizlar bir zumga bugunidan uzilib, bolaligi, yoshligiga, ota-onalari bag'rida birga-birga o'sib, unayotgan kunlariga qaytsalar… Biringiz nima sababdandir gunoh ish qilib qo'ysangiz, oila kattalaridan keladigan jazodan ikkinchingizni ming bir bahonalar to'qib yo aybni o'zingizga olib, himoya qilmaganmisiz? Biringiz maktab yo mahallada ishkal chiqarib bolalar davrasiga tushganda, ikkinchingizning yuragingizda yo'lbarslar uyg'onib, kuchingiz yetadimi, yo'qmi, o'sha davraga otilib kirmaganmisiz?

— Yaqinlashma, tegma! — deya hayqirmaganmisiz? Begona nigohlardan yashirincha akangizning ko'z ostiga olgan suyuklisiga kaptar qanotiday maktublar olib borganingiz, ukangizning kimgadir ko'z tashlaganini bilib, o'sha qizni mehr nigohlarida kuzatib yurganingiz, bir-birovlaringizning kichik kelib qolgan kiyimlaringizni kiyib suyunganlaringiz, harbiy xizmatga ketganda ko'ylaklari yoqasini hidlab, ichikkanlaringiz… Uzatilgan opa yo sing­lingizni kuyovlardan qizg'anganingiz… Eslang, qancha xotiralar birlashtiradi sizlarni! Bu aziz damlar ustiga chiziq tortish osonmas…. Yana va yana yodga oling, to bugun sovib turgan yuragingiz cho'g'lanmaguncha… Dilingizdan “Aka-a-a, opa-a-a, uka-a-a, singi-i-il” degan bir nidolar otilmaguncha. Bunday hol yuz beradi, men ishonaman, siz ham ishoning!

Qutlibeka RAHIMBOYEVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + six =