Shaxtu shiddat yarashgan kunlar

Odam bolasi yoshi o'tgan sayin osoyishtalikka, shukronalikka moyil bo'lib borar ekan. Balki, bu holat ko'rganlarimizdan ko'ra ko'rayotganlarimiz qalbimizda ko'proq yaxshilikka umid uyg'otayotganligi bilan bog'liqdir. Balki, qanday bo'lishdan qat'i nazar, tiriklikning bebaho ne'mat ekanligini chuqurroq anglayotganimiz, bu ne'matlardan bahramandlikka intilayotganimiz bilan bog'liqdir qalbdan kechirayotgan bu tuyg'ularimiz. Harna bo'lsa-da, o'zim shu kayfiyatdaman. Halizamon biror mo''jiza yuz beradigandek, tongni oshiqib kutaman, ishxonamga shoshilib kelaman. “Mana, Ozodlikning o'ttiz uchinchi sanasiga ham yetibmiz”, deyman gazetalarning birinchi sahifalarida porlab turgan raqamlarga qarab. Yana nimalarnidir axtaraman. Quvonishga, faxrlanishga sabab topilaveradi.
“16561 xotin-qizlarga bandlikni rag'batlantiruvchi subsidiya ajratildi…”, “…67073 nafar tadbirkor xotin-qizlarga ularning biznesini qo'llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar berildi…”, “Birinchi yarim yillikda respublika bo'yicha jami 2 trillion 895,9 milliard so'm mablag' yo'naltirildi…” Yarim yil yakunlariga bag'ishlangan hisobot yig'ilishida keltirilgan bu raqamlar hazilakam raqamlarmi?.. Bu zalvorli raqamlar orqasida qanchadan-qancha opa-singillarimizning hayot kitobiga yozilayotgan umidbaxsh so'zlar bor. “Mening ham qo'limdan ish kelar ekan, kimningdir ko'zi, qo'liga termilmay, farzandlarimni o'zim ta'minlay olaman”, tarzidagi o'ziga ishonch, “Qo'llovchimiz bor, yiqilmayman”, degan taskin bor.
Aslida, ijtimoiy tarmoqlarga juda ham bog'lanib yashamayman. Chuqur kirib ketmayman ichiga. Ta'siriga tushishdan qo'rquvim yo'g'-u, vaqtimni bergim kelmaydi. Lekin ayni paytdagi kayfiyatimda ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatgim keladi. Axir yuqorida keltirganim va yana shu sanoqlarning davomi bo'lgan mana bu “…735 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va ularning farzandlarini sog'lom hayotga qaytarish (jarrohlik operatsiyalari va davolash) choralari ko'rilib, bu maqsadlar uchun 10 milliard so'mdan ziyod mablag' ajratildi…” deganga o'xshash ma'lumotlarning ham ijtimoiy tarmoqlarda aks-sadolari bo'lishi kerak-ku.
Xullas, ijtimoiy tarmoqlar oralab ketaman. Parijda o'tayotgan yozgi Olimpiada o'yinlarida Diyora qizimizning qo'lga kiritgan g'alabasi butun mamlakatimizni oyoqqa qalqitganday go'yo. Bo'lar ekan-ku. Millatni mana shunday buyukliklar birlashtiradi-da asli. Bor ekansan-ku, o'zbegim, senga bir bo'lib quvonmog'ing uchun shunday katta quvonchlar kerak ekan-da, deyman takror-takror…
Ammo… tabriklarga to'la yozuvlar orasidan boshqacha bir ohangdagilari ham kelib chiqa boshladiki, ularga javob berish kerakligini his qildim.
“…Kambag'allikdan chiqarish uchun tovuq berishgan edi, so'yib yeb bo'ldik. Xo'sh, endi nima qilamiz? Meni to'rt bolam bilan kim boqadi? Erim “Menbop ish yo'q. Bolani ko'paytirgan o'zing… Endi bu yog'ini ham o'zing epla, deydi”. Ayolning nolasi shu nuqtada tugamagan, kimdandir, nimadandir norozi…
O'sha tovuqni berishayotganda, maqsad ayolga tushuntirilgan bo'lsa kerak. Shuning uchun men ham “Unday qilishingiz kerak edi, bunday qilsangiz, to'g'ri bo'lardi”, deb ma'ruza o'qimoqchi emasman. Balki, hech kim hech narsa bermagan, bandaning Xudodan boshqa xabar oluvchisi bo'lmagan zamonlardan so'z ochmoqchiman.
Otamiz juda erta bandalikni bajo keltirganlar. Uchta o'smir uka, uchta o'smir qaynuka, qaynona va ona, biz — uch nafar bola onamning gardaniga qolganmiz. Onamning muallimlikdan olgan maoshi yetmasa kerak-da, tomorqaga kuch berardik. Bahorda ipak qurti boqardik. Tog'alarim, amakilarim allaqaysi kurslarda o'qishar, kimi duradgorga, kim mashina ta'mirchisiga shogird edi. Sal qo'lim ishga kelgandanoq dala mehnatiga kirib ketganman. Quyosh ko'tarilmasdan turib dars paytigacha piyoz, sabzi o'toqqa tushardim. Sabzini-ku o'tirib o'toq qilinadi. Piyoz bir bosh ko'tarilgandan boshlab turib o'talishi kerak. Chunki bosilsa, bosh bog'lamaydi. Buning ustiga, bo'y tortgan sari hidi o'tkirlashadi. Maktabga borish kerak, “Ko'ylagimdan piyoz hidi kelsa, hech kim men bilan o'tirmaydi”, deb yig'lardim. Tushdan so'ng maktabdan xo'jalikning ishiga olib chiqilgani uchun tomorqani ertalab eplash kerak edi. Bolaligimni eslasam, hamma narsadan oldin uyquga zor o'tganlarim yodimga keladi. Qurt dahaga kirganida yana bir azob. Maktab paytigacha amakilarim, tog'alarim tut daraxtidan kesib kelgan shoxlarni tekislash, g'adir-budur joylarini boltada kesib tashlab, undagi yakkam-dukkam barglarni butash, kechasi barg solishga turish, g'onash — shu kabi yumushlarning barchasida hamisha onamning yonlarida edim. Singlim bola, buning ustiga, tobi yo'q, ayardik. Akam sakkizinchini tugatib, texnikumga kirdi, o'zi bilan o'zi ovora… Tomorqada ishlash tugul, dalamizda yetishtirilgan kungaboqarlarni sitib, quritib, katta qozonlarda qovurib, bozorda o'tirib stakanlab sotganman ham.
Onamning chevarchiligi ham bor edi, kechalari daftar tekshirishdan ortib, buyurtmaga ko'ylaklar tikardi. Shunday tirishib, tirmashib tirikchilik qilsak ham, bizni hech kim hech qanday ro'yxatga qo'shmagan. Nafsilamrini aytganda, bunday ro'yxatning o'zi bo'lmagan. Har kim o'z ko'mochiga o'zi kul tortgan. O'sha hukumat tomonidan tirikchilik uchun berilgan tovuqni yeb bo'lib, endi bu yog'iga yana yemish umidida og'iz ochayotgan ayolga bitta o'zimning oilamda ko'rganlarimni aytgim keldi. Biz kabi oilalar kammidi o'sha paytda, ko'p bo'lsa ko'p ediki, aslo kam emasdi. Hukumat deganlari ham yo'q emasdi, lekin birorta xonadonga birorta odam “Bolalaringning kuniga yarat”, deb qo'y yetaklab kelganini, hatto ikki kaftingni birlashtirsang, sig'ib ketadigan quyon olib kelganini eslay olmayman.
Berganiga, tashlab qo'ymaganiga, noming sanoqlarda borligiga shukur qilish kerak emasmi?..
Shu tarzdagi biroz alamli savollar bilan yana ko'zim yozuvlar aro yuguradi.
“Chevarlikni o'rgan, sartaroshlikni o'rgan, bepul o'qitamiz”, deyishib kun ora mahalladan kirishadi. Men qizimning qora ish qilishini istamayman. Munisa Rizayevaday san'atkor bo'lishini, inomarkalarda yurishini istayman. Mahalla qo'lidan kelsa, shuni qilib bersin”.
Ana, xolos! Osmondamiz-ku. Munisa Rizayeva bo'lib, inomarka minish uchun, avvalo, iste'dod kerak. Keling, yaxshisi, yana nasihatdan qochaman. Yana orqaga qaytaman. Boya aytganimday, biz darslarni chala-chulpa o'qib, xo'jalik dalasiga ishga chiqardik. Qatqaloq yumshatishga, barg yetmay qolgan xonadonlar uchun tutqatorlardagi tutlarning uch-uchlarida qolib ketgan bir-ikki shoxlarni amallab kesib yig'ib kelishga, yaganaga, chekankaga, terimga, qishda jo'yaklarni buzib, yer tekislashga… Lekin shunda ham o'qishga havasimiz kuchli edi. Balki, ana shu qora mehnatlardan qochib, muallimami, shifokormi bo'lishga havasmand edik. Ammo menga o'xshagan ziyoli oilalarning bir-ikkita farzandigina institutlarga keta olgan. Sinfimizda yigirma to'qqizta tugatgan bo'lsak (shundan yettitasi o'g'il bola edi, xolos), uchta qiz institutlarda o'qiganmiz. Juda ko'pi boshqa kasb-kor ham qilmadi. Keyinchalik uchrashganlarimizda sinfdosh qizlarning qanchasi, hatto maktabda yaxshigina o'qiganlari ham: “Tuproqning ostida qolib ketdik”, deb yig'laganlari esimda, yuraklarim ezilgan. Bunday ezilishlarni bugun matbuotimizda e'lon qilingan rasmiy ma'lumotlardagi “…64274 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o'qitildi, 30030 nafari tadbirkorlikka o'qitildi” degan raqamlar bilan qiyoslasak, haqiqiy manzara namoyon bo'ladi-qoladi. Qizini chevarlikkami, sartaroshlikkami bepul o'qitish uchun so'rab kelishibdimi, buning uchun do'ppini osmonga otish kerak, nazarimda. Agar boshqacha layoqati bo'lsa, ular ham tashlab qo'yilgani yo'q.
Yana rasmiy ma'lumotlarga yuzlanamiz. “…Oliy ta'limda tahsil olayotgan talabalar orasida xotin-qizlarning ulushi 50,1 foizga yetdi. Ehtiyojmand oilalarning 18481 nafar, kamida besh yil mehnat stajiga ega, oliy ma'lumotli bo'lmagan 4587 xotin-qizlarga o'qishga kirish uchun tavsiyanomalar berildi”.
Mana sizga shukronalikka asos bo'ladigan yana bir qo'llab-quvvatlash…
To'g'ri, men ijtimoiy tarmoqlardagi barcha e'tirozlar ustidan chiziq tortmoqchi emasman. Ular orasida qaysidir mahalliy rahbarlarning beparvoligidan shikoyatlar, obodonchilik bilan bog'liq nuqsonlar haqidagi fikrlarga ham tez-tez ko'zimiz tushadi. Balki, bu yozmishlarda, chindan ham e'tibor berilishi kerak bo'lgan jihatlar bordir. Katta millat, katta xalqmiz. Endi o'ttiz uch yil ozod yashayapmiz. Lekin shu fursatda ham odamlar uchun, ayniqsa, ayollar, yoshlar uchun qilinayotgan ezguliklardan ko'z yumib bo'lmaydi-ku. Harakat qilgan insonning qo'lida mablag'i bor. Ta'lim, tarbiya, tibbiyot… barcha jabhalarda islohotlar ketyapti. Biror yo'nalish turgan joyida depsinib turgani yo'q. Qolaversa, hayotni harakatga keltiruvchi kuchning o'zi xalq-ku. Bizmiz-ku. Nega aksariyatimiz o'zimiz uchun o'zimiz harakat qilmaymiz, g'oyibdan kutaveramiz, yaponlarga, nemislarga og'zimizning suvi kelaveradi? Ularning qilgan aqliy, jismoniy mehnati ko'lamini ham bir tasavvur qilib ko'raylik… Choyxonalarsiz, oshlarsiz, to'ylarsiz, sarpo-suruqsiz, faqat inson omilini kuchaytirish uchun qilgan, qilayotgan harakatlarini…
O'tlab ketdimmi, ijodkorman-da, his-tuyg'ular yetaklab ketaveradi. Aslida, bugun qo'limga Siz — azizlarni tobora yaqinlashib kelayotgan umrimizdagi eng go'zal bayram — Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ko'plar yeta olmagan, ko'plar yo'llarida jon bergan bu bayram uchun shukronaga chorlash niyatida qalam olgan edim. Akademik shoirimiz G'afur G'ulom hazratlari: “Quyosh-ku falakda kezib yuribdi”, — deganlar-ku.
Shukur, to'rt fasl quyosh boshimizda, yomg'irlar daryolarimizni bir qadar suvga to'ldirdi, yerga cho'p qadasak, gul bo'lib ko'karyapti, urug' sochsak, rizq bo'lib unyapti. Mehnatdan qochmaymiz, uquvimiz bor. Aqlu zakovatimizdan ham nolimaymiz. “Xalqim…” deguvchilarimiz, so'raguvchilarimiz bor. Shunday ekan, bu g'animat damlarga noshukurchilik uvol. G'ayrat, rag'bat, harakat, shaxtu shiddat yarashadi bu kunlarga. Shunday emasmi?..
Qutlibeka RAHIMBOYEVA