Ma'naviyat olami — jasorat maydoni

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta'minlash — yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” deb nomlangan kitobi ko'p yildan beri ish stolimda turadi. Vaholanki, ishxonamdagi adabiy-siyosiy kitoblarning umumiy soni allaqachon mingtadan oshib ketgan. Chunki tuman ma'naviyat targ'ibot bo'limining rahbari ishlaydigan maskan bundan bo'lakcha bo'lishini men tasavvur qilolmayman.

Nimasini yashiramiz, ayniqsa, ke­yingi yillari xonadonlardan, hatto kitob do'konlaridan kitoblar uzoqlashib borayotganligini kuzatish mumkin. Eng muhimi, bunday manzara jahonning eng taraqqiy etgan mamlakatlarida ham sodir bo'lmoqda. Masalan, ko'pgina rivojlangan davlatlardagi boshlang'ich sinf o'quvchilari qalam-ruchka bilan yozishning o'rniga kompyuterning bosma harflarini terishni afzal bilmoqda. Xo'sh, ana shunday ko'nikmalar bilan suyagi qotgan o'smir kitob o'qishga vaqtini sarflaydimi? Yo kompyuter kitobning o'rnini bosadimi? Shunday mazmundagi bahslar mamlakatimizda, ayniqsa, yoshlar o'rtasida ham davom etayotganligi uchun o'z fikrimni aytaman: elektron texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, kompyuter hech qachon kitobning o'rnini bosolmaydi. Vakolatli mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, ayni bir asarni kompyuterdagiga qaraganda kitob nusxasini o'quvchi yaxshi o'zlashtirar ekan.

Demak, bu kompyuter hech qachon kitobning o'rnini bosolmaydi deganidir. Ammo mazkur mulohazani ta'kidlash bilan kun sayin hayotimizga chuqur kirib borayotgan kompyuter imkoniyatlarini, ayniqsa, uning hayratomuz qulayliklarini inkor etmoqchi emasman. Lekin insoniyatning o'n ming yillik amaliyoti — muqovaga, jildga jamlangan kitobni mutolaa qilib, huzur topish, dilga rohat berish, ko'ngilni parvarishlab, ma'naviy yetuk­likka yetishish saodati bizning kundalik hayotimizdan chiqib ketmasligi kerak deb hisoblayman, xolos.

Chunki insoniyat tarixi — ezgulik tarixi degani. Agar ezgu amallar bo'lmaganida, ma'naviy yorug'likka har lahzada tahdid qilib turgan qora kuchlar — yovuzlik allaqachon olamni zabt etib, dunyoni xonavayron qilar edi.

To'g'ri, tarix ilmi yovuzliklarni ham o'z sahifalarida batafsil tas­virlaydi. Bunday tafsilotlar ko'ng­limizni yovuzlikka, zulmga qarshi qayraydi. Ana shu tariqa odamda yorug'likka, ya'ni yuksak ma'naviyatga intilish tuyg'ulari parvarish topadi. Kitoblar esa ma'naviyat ilmining asosiy manbaidir.

“Ma'naviyat” tushunchasi ba'zi birovlar o'ylaydigandek mavhum, xayoliy tushuncha emas, balki muayyan hayotga, ahvolga, hattoki shakl va mazmunga ega bo'lgan moddiy tushunchadir.

Ammo quyosh olamga baravar nur sochgani bilan ayni bir joyda gul bilan tikan baravar o'sadi. Gul dimog'ni chog' qilib, yorug' tuyg'ularga, go'zal orzularga qanot bersa, tikan tovonga sanchilib, odamga aziyat yetkazadi. Iborali qilib aytganda, olam gullarga burkanishi, hech bo'lmaganda, tikanning aziyatlaridan omon qolmoq uchun nima qilmoq kerak? Chunki tikan ham quyoshning nuridan bahramand bo'lib o'sadi va bizning tovonimizga sanchilib, jonimizni zirqiratadi.

Najot — yuksak ma'naviyat maqomiga erishishda! Ota-bobolarimiz mamlakatimiz yaxlitligi, xalqlarimizning mustaqilligini ko'p orzu qildilar, unga ko'z tikib olamdan o'tib ketdilar.

Agar besh yuz yillik tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, Sohibqiron Amir Temur zamonidan beri xalqimizning boshi g'avg'odan chiqmaganligini ko'rasiz. Amir Temur buyuk davlatga asos soldi. Millatimizni olamga tanitdi. Ammo Sohibqiron olamdan o'tgach, taxt uchun bo'lgan ayovsiz urushlar bu ulkan davlatni parchalab yubordi. Har qanday parchalanish, bo'linish esa millat uchun, xalq uchun tiklab bo'lmaydigan talafot keltirishi sir emas. Ana shuning uchun ham tashqaridagi g'animlarimiz 150 yil ilgari bu mamlakatni zabt etishdi. Sobiq Sho'ro mafkurasi esa mustamlakachilikni cho'qqiga chiqardi.

Dunyodagi zo'ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o'ziga tobe qilib, bo'ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo'lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya'ni eng buyuk boyligi bo'lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma'naviyatidan judo qilishga uringanlar. Bu bejizga emas-da. Qaysiki el o'zligidan, tarixidan, tilidan, umum qilib aytganda, ma'naviyatidan mosuvo qilinsa, unday el bilan kurashib o'tirishga hojat qolmaydi. Bunday el – elligini yo'qotadi. Jismi jonidagi yovqur bobolar qoni jo'sh urmay qoladi. Xalqona aytganda yetalatma bir qavmga aylanib qoladi. Mana nima uchun kerak bizga – ma'naviyat!

Mustaqillikdan ilgari 150 yillik tarixning har bir sahifasida bu fikrlarning isbotini topmoq mumkin. Qarang-a, mustabidlik shu darajaga yetdiki, millat o'z dinidan, tilidan, ma'naviyatidan, qadriyatlaridan judo qilindi.

Xalqimizda “Qo'yni o'zining yog'iga qovuradilar” degan qanotli ibora bor. Ish shu darajaga borib yetdiki, millatimizning vakillari millatni, qadriyatni, demakki, uning kelajagini barbod qildilar. Eng yomoni, tarixga qora chiziq tortildi. Vaholanki, tarixiy xotirasiz kelajak yo'q. Bu haqiqatni mustamlakachilar ham yaxshi bilganlari uchun bir necha ming yillik tariximizni nafaqat tilimizdan, hatto dilimizdan ham chiqarib tashlashga bir qadar erishdilar. Qarang, bir shoir 1917 yildagi Oktyabr inqilobidan ilgari tug'ilganligiga afsuslanib, mana bunday she'r yozgan edi: “Men bir qaro tunda tug'ildim, tug'ildim-u, shu on bo'g'ildim”. Eng muhimi, bu satrlar yuz millionlab odamlarning miyasiga quyildi.

Kamina sizga tarixiy dahshatlardan ignaning uchidaygina misol keltirdim. Demoqchimanki, millatimiz tarixini, demakki, uning shonu shavkatini oyoq osti qilishga safarbar etilgan yurtdoshlarimizning birovi ham o'zlarini ma'rifatsiz, ma'naviyati sust odamlar deb hisoblamas, ularning aksariyati millatning bayrog'i, uning ilg'or vakillari deb e'lon qilingan va bu fikr hech kimda zarracha bo'lsin shubha uyg'otmas edi.

Bunday ko'ngilsiz tafsilotlarni ta'kidlashdan maqsad shuki, O'zbekis­ton Mustaqilligining poydevori mus­tahkam, barqarorligi abadiy bo'lishini ta'minlamoq uchun bu muazzam saltanatning bir qarashda ko'zga ko'rinmaydigan ofatlarini ham yaxshi bilishimiz, sog'lom, hushyor aql bilan anglamog'imiz kerak.

Chunki ma'naviyatga qarshi qaratilgan har qanday tahdid o'z-o'zidan mamlakat xavfsizligini, uning milliy manfaatlarini, sog'lom avlod kelajagini ta'minlash yo'lidagi jiddiy harakatlardan biriga aylanishi va oxir-oqibatda jamiyatni inqirozga olib kelishi mumkin.

Zotan, bu dunyoda tabiatda ham, jamiyatda ham bo'shliq bo'lmaydi. Qaerdadir bo'shliq paydo bo'ldimi, hech shubhasiz, uni, albatta, kimdir to'ldirishga harakat qiladi.

Eng yomoni, bunday xurujlarning pirovard oqibati odamni o'zi tug'ilib o'sgan yurtga va xalqidan tonishga, vatanparvarlik tuyg'ularidan mahrum etishga va hamma narsaga loqayd bo'lgan shaxsga aylantirishga qaratilganida namoyon bo'lmoqda.

Mamlakatimizdagi tinchlik, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikning tayanch nuqtalaridan biri bo'lgan sog'lom ma'naviyatimizni daxlsiz asrash uchun biz — O'zbekiston fuqarolaridan nima talab qilinadi?

Hozirgi kunda ma'naviyatimizni asrash uchun yurtda yashayotgan har qaysi inson o'zligini anglashi, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulug' ajdodlarimizning merosini chuqurroq o'zlashtirishi, bugungi tez o'zgarayotgan hayot voqealariga ongli qarab, mustaqil fikrlashi va diyorimizdagi barcha o'zgarishlarga daxldorlik tuyg'usi bilan yashashi zarur.

O'tgan 32 yil mobaynida mustaqilligimiz katta sinov yo'lini bosib o'tdi. Ayniqsa, o'tgan asrning 90-yillari juda qiyin kechdi. Sobiq Sho'rolar Ittifoqining iqtisodiy siyosati markazga qaramlik asosiga qurilgan, 6 million tonnalik paxta yetishtiramiz deb, dalalarimizdan g'alla deyarli chiqib ketgan edi. Markaziy ta'minot to'xtagach, boshqa narsani qo'yib turing, un tanqisligi katta tahdidga aylandi. Eng yomoni, ehtiyojni qop­laydigan miqdorda g'alla yetishtirmoq uchun na urug'lik, na boshqa narsa bor edi. Bir yilning o'zida 300 ming gektar maydon shaxsiy tomorqa xo'jaliklariga ajratildi. Va qisqa vaqt ichida mamlakatimizda davlat sektoridagi 6 mln gektar sug'oriladigan, 500 ming gektar lalmi maydonlarga bug'doy ekilishi ta'minlandi. Abgor bo'lgan, ya'ni markaziy ta'minot asosiga qurilgan xo'jalik tizimini tiklab, 1,5 mln gektar maydonda bug'doy yetishtirish, aslida, mislsiz qahramonlik edi. Shuning uchun ham tarixan juda qisqa muddat ichida g'alla mustaqilligiga erishildiki, bu qahramonlikni Mustaqillikka qo'yilgan haykal bilan qiyoslash mumkin.

Yana bir haqiqat! O'tgan yillarda boshlangan jahon iqtisodiy inqirozi eng taraqqiy etgan mamlakatlarni ham o'z iskanjasiga oldi: millionlab odamlar ish joylaridan ajraldi. Bu ularning iqtisodini tang ahvolga olib keldi. Bilib qo'yingki, ishsizning qulog'iga gap kirmaydi, qolaversa, istiqomatchilari och mamlakatda tinchlik ham xavf ostida qoladi. Buning tasdig'ini ko'plab davlatlar misolida ko'rib turibmiz.

Rasmiy axborot manbalarining ma'lumotlariga qaraganda, Yevropa davlatlarida avtomashina xarid qilish kamayib ketdi. Bu — muayyan mamlakat istiqomatchilarining iqtisodiy ahvolini aniq belgilab beradigan mutloq barometrdir. Ammo O'zbekistonda avtomashinalar xarid qilish oldingi yillarga qaraganda ikki barobarga ortgan. Topgani dasturxonidan ortmaydigan odam millionlab pulini avtomashina xarid qilish uchun sarflamaydi.

Agar mamlakatimizda ma'naviyat tamoyillari barqaror bo'lmaganida, o'shandagiday va hozirgiday yuksak iqtisodiy natijalarga erishmas edi. Shuning uchun ham hurmatli Yurtboshimiz ma'naviyat olamini jasorat maydoniga qiyosladilar va bu o'xshatish ayni haqiqatdir.

Yer yuzidagi barcha o'lmas obidalar, insoniyat hayotini tubdan o'zgartirib yuborgan jamiki ulug' kashfiyotlar va ixtirolar, mumtoz adabiyot va san'at durdonalari, mardlik va qahramonlik namunalari odamzodning aql-tafakkuri, salohiyati, ma'naviy jasorati mahsulidir. Shuning uchun ham “bu yorug' olamda jasorat nima?” degan savolga hech ikkilanmasdan: “Jasorat — bu ma'naviy jasorat”, deb javob bersa bo'ladi.

Zotan, bunday yuksak bahoga sazovor bo'lishning o'zi ham ma'naviyat ahllari uchun buyuk mukofotdir: ayting, shunday jasorat uchun o'zni fido qilmaslik mumkinmi?

…O'tgan 7-8 yil davomida ro'yobga chiqarilayotgan islohotlarga qarab shunday xulosa qilish mumkin: Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan ishonchli siyosat O'zbekistonni Yangi O'zbekistonga aylantirmoqda. Dunyo yurtimizni yangidan kashf etmoqda. Bu nafaqat sportda, balki san'at, qishloq xo'jaligi-yu, jamiki tarmoqlarda bo'y ko'rsatmoqda.

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

Denov tuman Ma'naviyat va ma'rifat bo'limi rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =