Odamni saqlang, do'stlar!
Insonlarning Alloh taologa seviklisi odamlarga ko'p manfaat yetkazadiganidir.
Hadisi sharifdan.
O'zbekiston xalq artisti, xushovoz xonanda Nuriddin Hamroqulov ijro etgan “Olamni saqlang, do'stlar, odamni saqlang, do'stlar!” degan qo'shig'i yangraganida dilimizda ajib hislar uyg'onadi. Odamni saqlash kimning qo'lida? Albatta, odamning ixtiyorida. Ya'ni hammamiz bir-birimizni saqlashimiz, ehtiyot qilishimiz kerak.
Do'ppini yerga qo'yib o'ylab ko'rsak, inson umri uncha uzoq emas. Ana shu umr davomida qanchadan-qancha asabni junbishga keltirish, hayajon, to'lqinlanish mujassam. Ota-ona farzandi uchun qancha iztirob, aziyat chekadi. O'g'il-qiz esa ota-onasini vaqtida avaylamagani uchun keyinchalik afsus chekib yuradi.
“Esiz, hozir ota-onam hayot bo'lganida, har kuni huzurlariga borib tiz cho'kardim, qo'llarini o'pardim”, deydi o'g'il vaqt o'tib ketganidan keyin armon bilan.
Katta bir amaldor biz — jurnalistlarning ustozi Ziyod Yesenboyevga shunday degan ekan: “Eh, afsus, Ziyod aka, men onam bilan rasmga ham tushmagan ekanman!” Bu gapni Ziyod akaning oilaviy portretini ko'rgan damda aytibdi. Men bu gapni eshitganimda, atay Jizzaxga borib, ota-onam bilan rasmga tushganimni eslayman. Ularning rasmlarini gilamga ishlatganimdan hamon xursand bo'laman. Hozir ham ukalarim, singillarim bilan tug'ilib o'sgan hovlida to'planganimizda, padari buzrukvorim, volidai muhtaramam bu yig'inda surat orqali ishtirok etgandek bo'lishadi. Xuddi shu voqea eslasangiz, sevimli yozuvchimiz O'tkir Xoshimovning “Dunyoning ishlari” asarida ham bor. Onalarga bag'ishlangan betakror asarda onaizori o'g'liga qarab: “O'g'lim, kel, bir suratga tushaylik”, deydi. Ammo o'g'il “Nimaga?”, deydi va ishi ko'pligini aytadi. Keyin esa… kech bo'ladi. Ona olamdan o'tadi. Asar qahramoni o'zini qancha koyimasin, afsus chekmasin, uning onasi bilan tushgan rasmi yo'q. So'nggi pushaymon — o'zingga dushman.
Kasallikning 99 foizi asabdan deyishadi. Ba'zan arzimagan mayda-chuyda uchun asabvayronlik ro'y berishini kuzatish mumkin. Bir odamning ertadan-kechgacha boshidan kechirgan voqealarini ipga tizgan marjondek qo'yib chiqsangiz, qanchadan-qancha behuda jon kuydirilganini tasavvur etishingiz qiyin emas.
Xo'sh, inson umuman jon koyitmasdan yashashi kerakmi? U holda hayot mobaynida hamma narsaga loqayd qaragan, issiqni ham, sovuqni ham befarq qabul qilgan bo'lmaymizmi? Samarali natijaga erishish uchun jon koyitish, o'zni qiynash kerak, degan gap qaerda qoldi? Bu borada hamma gap oltin o'rtaliqni yo'qotmasdan yashashda. Sizning har bir harakatingiz, jon koyitishingiz yaxshilik yo'liga xizmat qilishi kerak. Sizning kuyib-pishib fikr bildirishingiz asabni o'ynashga emas, balki masala yechimiga yo'naltirilsa, natijada ruhan yengil tortishingiz mumkin.
Insonning ongu shuurida qanday niyat hukm surishi muhimdir. Yurtimizda keng qamrovli islohotlar ijobiy natija berishi, o'z Vatanimiz yanada gullab-yashnashi uchun har bir yurtdoshimiz hissasi salmoqli bo'lishi lozim.
Avvalo, shuni unutmaylikki, yurtimizda yashayotgan har bir inson jamiyatimizning bebaho boyligidir. Shu bois O'zbekiston aholisi har safar navbatdagi million dovonini zabt etganda, qalbimiz g'ururga to'ladi. Zotan, Vatanimizda hayotning bosh maqsadi — “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!”
Xo'sh, bugun biz yashayotgan zamon va makon rivojlanishning qaysi bosqichida? Hozir davr globallashuv pallasida ekanini aytishadi. Bu degani — insoniyat yashayotgan sayyoraning bir burchagidagi o'zgarish boshqa joylarga ham ta'sirini ko'rsatishini anglatadi. Shunday nozik zamonda faqat O'zbekistonda emas, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida osoyishtalik hududi uchun sa'y-harakat qilinayotgani ayni muddao. Ana shu niyat ro'yobida O'zbekistonimizning hal qiluvchi rol o'ynayotgani ko'ngillarga taskin baxsh etadi. Yurtimizga ezgu niyatlar bilan tashrif buyurayotgan xorijiy davlat rahbarlarining yuz-ko'ziga qarang: ular O'zbekiston zaminiga va odamlariga havas bilan nazar tashlashadi. Bundan dilimizda ajib g'urur, faxr uyg'onadi, hamisha bizning Vatan butun dunyoning havasini keltiraversin!
O'zbekistonimizning oydin oqshomlari ajib bir holatda ko'zga tashlanishini kuzatganmisiz? Axir shunday go'zal va osoyishta manzarani dunyoning ne-ne joylarida entikib orzu qilishadi. Bu orombaxsh hayotimizga aslo ko'z tegmasin!
O'zbekning millatiga xos xususiyatlari bugungi turmushimizga qanchalar mos-monand. Yoshi ulug' insonlarning ezgu kalomlari yoshlar uchun ezgu hikmat, qadriyat sifatida qabul qilinadi. Saksoninchi dovondan o'tgan otaxonning farzandlariga aytgan gaplari naqadar mazmunga boy: “Bolalarim, shunday zamonni qadrlanglar, O'zbekiston jannatmonand yurt” deganida “Duolaringiz ijobati bu!” deb yuborganimizni bilmay qolamiz.
…Hayotda kutilmagan voqealar bo'lib turadi. Xorazmlik Mo'min Polvonov 60 yoshga to'lmasdan vafot etganligi haqida xabar keldi. Birga o'qigan kursdoshlar do'stimizning xonadoniga borib ta'ziya bildirdik. Qaytayotganimizda marhumning ayoli: “Bir iltimosim bor”, deb qoldi. Nima gap ekan, desak, “Endi sizlar o'zlaringizni ehtiyot qilingizlar”, deb o'tindi. Ha, o'zlikni asrash har bir insonning burchi bo'lishi kerak.
“Hikmat izlaganga hikmatdir dunyo, illat izlaganga illatdir dunyo” degan qanotli so'zni ko'p eshitgansiz. Odamning dil tubidagi niyatda gap ko'p. Jamiyatimizda ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlardan ilhomlanib yashayotgan insonda yaratuvchilik tuyg'usi jo'sh uradi. Doim tirnoq orasidan kir qidiradigan odamning hayotida tushkun kayfiyat hukmron bo'ladi. Abdurauf Fitratning mana bu gapiga e'tibor qiling-a: “Halim gap olamning osoyishtaligi uchun zarurdir”. Ha, nuqul ayyuhannos solgan bilan ish bitmaydi.
Ba'zilar “Mustaqillikka erishib, nima ko'rdik, ilgari yaxshi emasmidi?” deb qoladi. Atrofimizga yaxshilab nazar solaylik, keyingi yillarda ro'y bergan o'zgarishlar aks etgan rad qilib bo'lmaydigan ko'rsatkichlar bor. Masalan, oilada tug'ilgan bolalarni bog'chaga qamrab olish oxirgi yetti yilda 27 foizdan 74 foizga yetdi. O'rta maktabni bitirgan o'quvchilarning oliy o'quv yurtlariga kirish ulushi 42 foizga yetganligi yangi O'zbekistonning ko'zga yaqqol tashlanib turgan jihatlari emasmi?!
Shu yil Fransiya poytaxtida yozgi Olimpiada o'yinlarida yurtimiz sportchilari erishgan rekordlar O'zbekiston xalqlarini birlashtirishda yangi kashfiyot bo'ldi. Bu haqda dunyo bo'yicha turli ta'riflar aytildi. Men bu o'rinda Olimpiadada O'zbekiston erishgan natijani boshqa rakursdan baholamoqchiman. Olimpiada o'yinlari davom etayotgan kunlarda Vatanimiz bokschilaridan biryo'la beshtasi yarimfinalga yo'llanma olgan payt edi. Dunyoning manaman degan ekspertlari davrasiga tushib qoldim. “Xo'sh, endi nima bo'ladi? Besh sportchidan nechtasi finalga o'tadi va ulardan nechtasi finalda oltin oladi?” degan savol o'rtaga tashlanganida, hamma o'z bashoratini ayta boshladi. “Agar yarimfinalda bizning bokschilar raqibi bilan teng kurashsa, hakamlar g'alabani bizga bermaydi”. Ie, bizning vakillar g'alaba qozonmaydimi? Bu savolga shunday javob bo'ldi: “G'alaba bo'lishining bitta sharti bor, buning uchun o'zbek atletlari yaqqol ustunlik qilishi kerak, o'shanda hakamlar g'alabani bizga berishdan boshqa yo'l topolmaydi”. Xuddi shunday bo'ldi, yarimfinalda ham, finalda ham bizning vakillarimiz yaqqol ustunlik qilishdi. Bu uchrashuvlarni mahalladoshlar, ulfatlar, yoru birodarlar jamoa bo'lib tomosha qilishdi.
Millatimiz olamaro qozonilgan g'alabadan kuchga to'lib, cheksiz xursandchilik kayfiyatini his qildi. Demak, “Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan shior amalda namoyon bo'ldi. G'alaba qo'lga kiritilgan kunlari odamlarimiz o'z xizmat joylarida ruhlanib mehnat qildilar, o'zbekistonlik ekanliklaridan faxrga to'ldilar. Shunday umumxalq ko'tarinkiligi, ayting, tariximizda qachon bo'lgan?! O'zbekistonda nimaiki islohot joriy etilmasin, hammasi inson hayotini yaxshilashga qaratiladi. Aslida, odam bolasining bu dunyoda yashashidan maqsad yaxshilik, o'zgalar hayotiga mazmun baxsh etishdir. Shuning uchun oilada ham, xizmat joyida ham, jamoatchilik davrasida ham insonga naf keltirish oliy saodatdir.
Ba'zan yuqorida aytganimizdek, arzimaydigan masala yuzasidan katta janjallar, asabbuzarlik kelib chiqishi mumkin. Shuning uchun bir masalani muhokama qilishdan oldin “To'xta, shunga shunchami?” deya bosiq-vazmin mulohaza yuritgan afzal. Vatanimizda, oilamizdagi ijobiy o'zgarishlar haqida o'ylasak, behuda asabiylashishdan o'zimizni asraymiz.
Xo'sh, bevosita insonni asrash, e'zozlash nimalarda namoyon bo'ladi? Hamkasbingiz yoki yon qo'shningiz el-ulusga naf keltiruvchi ishga qo'l urdi. Shunda uni qo'llab-quvvatlash, ruhlantirish to'g'ri bo'ladi. Arg'amchiga qil quvvat degan gap bor. Agar ezgulik qo'llab-quvvatlansa, baraka yog'iladi. Hayotning bu qonunini hamisha yodda tutaylik. Bu o'rinda har bir harakat, intilish Vatan ravnaqiga qanchalik hissa qo'shishini anglash mezon hisoblanadi.
Shuhrat JABBOROV,
“Xalq so'zi” gazetasi
bosh muharriri o'rinbosari.