Ma'naviyat negizida vatanparvarlik mujassam

uning asosi oilada shakllanadi

Insonning yetuk kamol topishida ma'naviyatning o'rni beqiyos. Bilim va aql uning oltin kaliti desak arziydi. Chunki tafakkur va ma'rifatsiz insondan o'zlikni anglash — Vatanga sadoqat, millatparvarlik, milliy qadriyat, yuksak axloqiy sifatlar, fidoyilik kabi ezgu tuyg'ular talab etish qumga suv quygandek izsiz ketishi aniq.

Ma'naviyat, avvalo, oilada shakllanadi, oilada ildiz otadi. O'g'il-qizlarga besh yoshgacha berilgan tarbiya umrining so'ngiga qadar ta'sir etadi deyishadi. Ota-ona nazoratida bo'lgan bir yoshli bolakayga e'tibor bering. Nutqi shakllanmagan bo'lsa-da, kattalarga salom berish yoki xayrlashish haqida so'z ketganda, qo'lchalarini beixtiyor ko'ksiga qo'yadi, qo'lchalarini siltab xayrlashadi. Dasturxon atrofida o'tirganingizda “tegma”, degan buyrug'ingiz qayta-qayta takrorlangach, dasturxondagi narsalarga imkon qadar qo'l cho'zmaslikka harakat qiladi. Bu bilan bolaning sabr-qanoati, diqqati, issiq-sovuqni, yaxshi-yomon narsalarni ajrata olishi, ota-ona so'ziga quloq tutishi, bir so'z-la aytganda, oila tartibiga rioya etishi shakllanadi.

Biroq: “Bola podshoh, qo'yaver, istaganini qilsin, katta bo'lsa yo'lingga solib olasan”, deguvchilar keragidan ortiq topiladi, desak, yanglishmaymiz. Rivoyatlarda keltirilgan tarbiyaviy ahamiyatga ega o'git deyarli barchamizga tanish. Ya'ni tug'ilganiga bir oy bo'lgan chaqaloqni ota-onasi donishmand huzuriga olib boribdi. “Bolamiz yetuk inson bo'lishi uchun qanday tarbiya berishimiz kerak, maslahat bersangiz”, deb so'raganlarida, donishmand: “Tarbiya berishga bir oy kechikibsizlar”, degan ekan. Bu bejizga emas, albatta.

Farzandlar ulg'ayib borgani sari ularga beriladigan tarbiya ko'nikmalari ham kengayib boradi. Shubhasizki, o'z navbatida o'g'il-qizlar talabi ham ortadi. Milliy tarbiyamizga ko'ra erta tongdan yuzini yuvib o'zidan kattalarga salom berish, dasturxon ne'matlariga kattalardan avval qo'l uzatmaslik, pala-partish ovqatlanmaslik, shoshilib turgan bo'lsa-da, kattalardan ruxsat olib o'rnidan qo'zg'alish kabi bir qator oila davrasidagi qoidalar borki, bu o'zligimizga xos qadriyatdir. Mazkur so'zlar ayni fursatda kimgadir erish tuyulishi mumkin. Biroq bu qonun-qoidalarning barchasida kattalarga hurmat, ovqatlanish madaniyati, o'zini tutish odobi mujassam. Bu ham ma'naviy tarbiyaning ilk bosqichlaridan biridir.

Aytishlaricha, buyuk shoh va sarkarda Amir Temur bobomizning bir odati bor ekan. Ya'ni, u qaysi bir xonadonda mehmon bo'lsa, imkon topib o'sha xonadonning oila a'zolari, farzandlari oldiga yozilajak dasturxonga e'tibor qaratar, farzandlarning o'zini tutishi, muomalasiga qarab o'sha oilaga baho berar ekan. Demakki, oiladagi dasturxon tartibi, bekalarimizning bu boradagi did va pazandaligi, o'g'il-qizlarning dasturxon odobiga rioya qilishi oilaning ma'naviyatini belgilaydi.

O'g'il-qizingiz ilk bora maktabga yo'l olyapti. Bu quvonch va hayajon xotirangizga muhrlanib qolishi tayin. Shu ondan e'tiboran farzandingizning muallim-ustozlarga nisbatan hurmatda, sinfdosh do'stlari bilan ahil-inoqlikda, kitob va o'quv qurollariga e'tiborli bo'lishida, maktabiga intilib turishida sizning o'rningiz beqiyos. Bu bolangizning mehr ila ilm olishi, mas'uliyatni his qilishi, ma'naviy kamolida salmoqli o'rin tutadi. Bola ilm dargohiga mehr qo'ydimi, ulg'aygani sari fanlarni qunt va ishtiyoq bilan o'zlashtirib boradi. Ustozlari va albatta, sizning sa'y-harakatingiz ila ona zamini tarixiga bo'lgan qiziqishi, ona tiliga bo'lgan muhabbati, dunyoni anglash uchun xorij tillarini egallash ko'nikmasi ma'naviyatining kengayishiga zamin yaratadi.

Bu borada Turkiston jadidchilik harakatining ulkan namoyandalaridan biri Abdurauf Fitratning dono fikrini keltirish juda o'rinlidir: “Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo'lishi, baxtli bo'lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo'lishi yoki zaif bo'lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e'tibordan qolishi, o'zgalarga tobe va qul, asir bo'lishi ularning o'z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog'liq”.

Darhaqiqat, bolalikda olingan ma'naviy va ma'rifiy tarbiya: yaxshi xulq, to'g'riso'zlik, or-nomus, vatanparvarlik, sadoqat, intiluvchanlik, kitobga mehr, pokizalik, xushmuomalalik kabi bir qator ezgu tuyg'u va ezgu amallar toshga bitilgandek gap, ya'ni hayot to'fonlarida yuvilib, yo'q bo'lib ketmaydi. Shubhasizki, bu insoniy fazilatlar farzandlarimizda shakllanishi, mustahkamlanib borishi uchun, avvalo, biz kattalar ushbu talablarga rioya qilishimiz, bu borada ularga o'rnak bo'lishimiz kerak.

Mana shu go'zal ko'nikmalarning barchasi kitoblardan joy olganini yaxshi bilamiz. Shu sabab, bola telefonga tobe bo'lib qolmasidan avval kitobga mehr qo'ydirish lozim. Buning uchun oiladagi kattalar vaqt ajratishi shart. Ular hali harf tanimay turib, qiziqarli she'r va ertaklarni ifodali va ta'sirli qilib o'qib berish orqali o'g'il-qizlarning kitobga erta bog'lanishiga, kitobsevar bo'lishiga zamin yaratadi. Bu ezgu amallarda nafaqat ota-onalar, balki bobo-buvilarning ham o'rni beqiyos.

Ammo afsuski, ko'p oilalarda buning aksini ko'rish mumkin. Onalar ishchi-xizmatchi bo'ladimi yoki uy bekasimi, bolasi xarxasha qilmasligi uchun uning qo'liga xorij qo'shiqlari va multfilmlari kiritilgan telefon tutqazib qo'yadi. Bu g'aflat yuki onalarning o'z qo'li bilan bolasi salomatligiga putur yetishi, fikran zaif bo'lishi va ommaviy madaniyatga qul bo'lishiga yo'l ochib beradi. Rang-barang va shovqin-suronli, ma'naviyatdan yiroq bu qo'shiq va multfilmlarga o'rgangan o'g'il-qiz borki, kitobga mehr qo'yish tugul, bilim olishga bo'lgan ishtiyoqi pasayadi. O'z navbatida, bu taloto'pda suyagi qotgan yoshlar xorijda yashashni istaydi, ota-ona va tug'ilib o'sgan Vatani oldidagi burchini unutadi, milliy qadriyatlarimizga bee'tibor va nopisand bo'ladi.

O'g'il-qizlar tarbiyasi haqida so'z ketganda, ularni bee'tibor qoldirmaslik, telefon zararidan uzoqlashtirish, foydali mashg'ulotlar bilan band qilish haqida ko'p gapiramiz. Bolalar ulg'ayib borgani sari qiziqishiga qarab sport va turli to'garaklarga, til kurslariga berishni ota-onalar afzal bilishadi. Bu o'g'il-qizlarning sog'lom ulg'ayishi, tafakkuri kengayishi va bilimli bo'lishi uchun zarur, albatta.

Mana shu ezgu amallar qatorida ularning tabiatga mehr qo'yishlari ham foydali mashg'ulotlardan biri deb o'ylayman. Ya'ni o'g'il-qizlarimiz ona zamini obodligiga ulush qo'shish — gullar ekish, ko'chatlar o'tqazish qay darajada yoqimli, qiziqarli va savobli amallardan biri ekanini teran anglashlari lozim. Hovli ichiga yoki tashqarisiga, ya'ni ko'chalar bo'yiga, ko'p qavatli uylar oldiga bolaning o'z qo'li bilan ekkan turli xil gullar va daraxt ko'chatlarini o'zi parvarish qilishini zimmasiga yuklash katta ahamiyat kasb etadi. Bu mas'uliyat ularning bo'sh vaqti mazmunli o'tishini ta'minlaydi, tabiatga mehr qo'yadi, obodlikka ulush qo'shganidan qalbida g'urur tuyadi. Bu ham ma'naviy ulg'ayish xamda ona yurti oldidagi burchini his qilishning bir ko'rinishidir.

Ma'naviy kamolotni axloqiy tarbiyasiz tasavvur etish mushkul. Ayniqsa, Sharq allomalari bunga katta ahamiyat qaratgan. Shuningdek, mutafakkirlarning fikriga ko'ra, insonning odobi va xulqi uning ma'rifati, bilimdonligi bilan uzviy bog'liq. Farzandlarimizni tarbiyalashda ularning o'gitlariga rioya qilish qaysi bir davrda bo'lmasin, katta ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari ta'kidlab o'tganlaridek: “Yosh avlodni tarbiyalash vazifalarini amalga oshirishda biz asrlar mobaynida shakllangan milliy an'analarimizga, ajdodlarimizning boy merosiga tayanamiz”.

Insoniylikni madh etgan mutafakkirlardan biri Sa'diy Sheroziy o'z asarlarida axloqiy tarbiyani birinchi o'ringa qo'yadi. Farzandlarga yoshlikdan odob-axloqdan tarbiya berish joizligini ta'kidlaydi. Uning ushbu satrlari fikrimiz dalilidir:

 

Kimgaki yoshlikdan berilmas odob,

Ulg'aygach bo'ladi baxtsiz, dili g'ash.

Ho'l novda egilar, qay xilda egsang,

Quruqni to'g'rilar faqat o't-otash.

 

Jadidchilik harakatining ilg'or vakillaridan bo'lgan ma'rifatparvar alloma Abdulla Avloniy mamlakat taraqqiyoti, davlatning qudratli bo'lishi yosh avlod tarbiyasiga har jihatdan bog'liq deb hisoblagan. “Yurt ravnaqi, avvalo, uning farzandlariga, ularning ma'naviy va jismoniy kamolotiga bog'liq. Ilm va ezgu g'oya ruhida tarbiyalangan kishidagina Vatan tuyg'usi shakllanadi, ona yurti va ona tiliga muhabbat uyg'onadi, sadoqat qaror topadi. Bu fazilatlarsiz komil insonni tasavvur etib bo'lmaydi”, degan fikrni ilgari suradi.

Ma'naviy komillikka erishish haqida uzoq so'z yuritish, allomalarimizning fikrini ko'plab keltirishimiz mumkin. So'zimizni muxtasar qilib, yana millatparvar olim Abdurauf Fitratning dono so'zlariga yuzlanamiz. Alloma “Rahbari najot” asarida yosh avlodni tarbiyalash to'g'risida quyidagi fikrlarni bildirgan: “Dunyo kurashning umumiy maydoniga o'xshaydi va bu maydonning buzruk pahlavonlari insonlardir. Bu kurashda g'olib chiqish uchun uch xil qurolga ega bo'lishi kerak. Birinchisi “Salomatlik”, ikkinchisi “Sog'lom fikr”, uchinchisi “Axloqi sano” (oliy axloqiylik). Bolalarni barkamol qilib voyaga yetkazish uchun uning tarbiyasiga faqat oilagina javobgar bo'lmasdan, butun millat ahli javobgardir”.

Darhaqiqat, istiqbolimiz egalarining ma'naviy kamol topishiga barchamiz mas'ulmiz. G'aflatdan yiroq millatparvar inson borki, kelajak avlod istiqboliga bel bog'lashi shart. Zero, bu Vatanimiz taqdiri, mamlakatimiz taraqqiyoti, milliy qadriyatlarimiz ustuvorligi yo'lida fidoyi bo'lmoq sharafidir.

Zulfiya YuNUSOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six − 4 =