Ona vatan bog'lari  – yurt ko'rki

Aholining yashash manzilida bunyod etilgan madaniyat va istirohat bog'lari qulay, kamchiqim, ham oilaviy, ham guruh bo'lib charchoq chiqaradigan  joy bo'lgani bois, yilning issiq mavsumlarida yana ham  gavjumlashadi. Mamlakatimizda ular sonini  yildan yilga ko'paytirish, kishilarning bahri-dili ochiladigan, charchog'i yoziladigan maskanga aylantirish bo'yicha muayyan ishlar  amalga oshirilmoqda. Statistika agentligidan berilgan ma'lumotga ko'ra, yurtimizda 129 ta  dam olish maskani  mavjud. Agar masalaga son emas, sifat nuqtai  nazaridan qaraydigan bo'lsak, madaniyat va istirohat bog'lari  tom  ma'noda  o'z yo'nalishiga mos ishlayaptimi, bu borada  tashabbuskorlik ko'rsatilyaptimi, normativ-huquqiy  hujjatlar  ijrosi  nazorat qilib borilyaptimi, mahalliy hokimiyatlarning bu masalaga e'tibori qanday, kabi savollarga javob izlash  joiz.

An'anaga sodiqlik

Madaniyat va istirohat bog'lari shaharu tumanlarimizga ko'rkamlik, inson ruhiyatiga ko'tarinki kayfiyat bag'ishlaydi, boqiy qadriyatlarni mustahkamlashga zamin yaratibgina qolmay, atrof-muhit tozaligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.  Zero, Sharq mamlakatlarida azaldan  so'lim bog'-rog'lar bunyod etishga e'tibor  katta bo'lgan. Ajdodlarimiz  an'anasining asrlar osha davom etayotganligi  chin ma'nodagi ezgulikning tantanasidir, aslida. Dov-daraxt, gul, buta makoni bo'lgan bog'larda inson nafaqat dam oladi, balki tabiat bilan bir butunligini, uyg'unligini yanada teranroq his qiladi.

Buyuk Sohibqiron Amir Temur  rahnamoligida tuzilishi geometrik shaklda bo'lmagan, tabiiy daraxtzor va chakalakzorlar bag'rida ko'plab bog'lar  qurilgan. Hukmdorning ov qilishi uchun mo'ljallangan bog'ning asosiy qismi tabiiy, qo'l tekizilmagan holda saqlangan. Ma'lum qismidagina dam olish mumkin bo'lgan saroy qurilib, chodir tikilgan. Hovuz, favvorada “obi-hayot” mavjlanib va otilib turgan. Amir Temur davrida “Bog'i baland”, “Bog'i behisht”, “Bog'i davlatobod”, “Bog'i dilkusho”, “Bog'i shamol” nomi bilan atalgan  dam olish maskanlari tilga tushgan edi.

– Jadal rivojlanayotgan mamlakatimizda madaniyat va istirohat bog'larini barpo etish diqqat-e'tibordagi masalaga aylanib bormoqda, – deydi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati, O'zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasi a'zosi Islomjon Xushvaqtov. – Ro'yxatga olingan 247 ta madaniyat va istirohat bog'idan 59 tasi madaniyat vazirligi tassarufida, 175 tasi turli davlat organlari balansida va 24 tasi xususiy sektor ixtiyorida bo'lib, undan  182 tasi faoliyat ko'rsatmoqda. Yaqin yillarda poytaxtimizda “Ashxobod”, “Navro'z”, “Tashkent City Park”, “Magic City”, Namanganda “Afsonalar bog'i”, Andijonda “Oltinsoy”, Nukusda “Amir Temur bog'i” barpo etildi.

Ushbu o'zgarishlarga, avvalo, sohani rivojlantirishga asos bo'lgan huquqiy baza zamin yaratmoqda.

Davlatimiz rahbarining o'nga yaqin farmon va qarorlari, xukumat dasturlariga muvofiq, namunali bog' va yashil hududlarni tashkil etishning xuquqiy asoslari ishlab chiqildi. O'zbekiston Respublikasining “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to'g'risida”gi qonuniga asosan, madaniyat va istirohat bog'lari madaniy-ma'rifiy tashkilotlar ro'yxatiga kiritilgan. Huquqiy hujjat bilan sohaga bozor mexanizmi, xususan, davlat-xususiy sherikchilik mexanizmini joriy qilish instituti tatbiq etildi.

“Yashil makon” elektron  platformasi

Soya-salqin, so'lim go'shaga kirganda, bahri-dili ochilib, kayfiyati tog'dek ko'tarilmaydigan kishi bo'lmasa kerak. O'ziga xos shaklu shamoyilda barpo etilgan bog', avvalo, o'simlik olami bilan  sizni maftun etadi. Ko'kka bo'y cho'zgan  daraxtmi, yo'lak bo'ylab bir tekis ko'kartirilgan butami, oq, qizil, pushti, sariq  atirgulmi, bari-bari  insonning tabiat bilan azaliy do'stligi ifodasi, aslida.  Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi mutaxassislari tomonidan madaniyat va istirohat bog'lari  sanitariya holatini yaxshilash, har bir o'simlik turini asrab-avaylash, yashil hududni ko'paytirish bo'yicha  nazorat-reyd tadbirlari o'tkazib borilmoqda. Raqamlashtirish jarayoniga ilk bor Toshkent shahridagi dam olish maskanlarida kirishildi. “Yashil makon” elektron platformasida har bir daraxt va butaning pasporti shakllantirilib,  ID raqami berilmoqda.

– “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmonida eksperiment tariqasida Toshkent shahri hududidagi daraxtlarni pasportlashtirish belgilangan, – dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Hamza Aminov. – Pasport nima, degan savol tug'iladi. Xuddi fuqaro pasporti kabi unda o'simlik navi, vatani, ekilgan sanasi, bo'yi va boshqa biologik xususiyatlari aks ettiriladi.  Hozircha poytaxtimizdagi 17 bog'ning dov-daraxti pasporti yaratildi. Umumiy hisobda 10246  daraxt xatlovdan o'tkazib, turi, yoshi, bo'yi, holati, ko'karib turgan koordinatasini aks ettiruvchi ma'lumotlar bazasini shakllantirdik. Keyingi yillardan boshlab barcha viloyat va tuman dam olish maskanlari flora boyligi bo'yicha xuddi shunday elektron bazani yaratish mo'ljallanmoqda.

Bog' deganda ko'z o'ngimizga shovullagan daraxtzor, gulu butalar, yashilligi bilan ko'zni qamashtiruvchi  maydon ko'z o'ngimizga keladi. Atrof-muhit musaffoligini, biologik xilma-xillikni  ta'minlashda har bir daraxt yoki butaning o'z o'rni bor. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2023-2024 yillarda respublikamizdagi aholi istiqomat joylarida hokimlik, vazirlik va idoralarning 257 ta yashil makoni barpo etilib,  umumiy soni  517 taga yetkazildi. Hududlarda tashkil etilayotgan Yangi O'zbekiston bog'lariga  135 ming tup manzarali daraxt ko'chati o'tqazildi.

— Mamlakatimizdagi mavjud madaniyat va istirohat bog'larida mahalliy navlar bilan bir qatorda xorijdan keltirilgan noyob o'simlik turlari ham o'stirilmoqda, – dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi davlat ekologik nazorat inspeksiyasi bo'lim boshlig'i Nodir Jambulboyev. – Ularni o'zimizga moslashtirish oson kechmagan, qancha mablag' sarflangan, ilmiy izlanish olib borilgan. Shunday ekan, har bir daraxt, buta, gulni ko'z qorachig'idek  muhofaza qilish, yoz jaziramasida tez-tez sug'orish, qurib qolishiga yo'l qo'ymaslik bog' ma'muriyatining birinchi galdagi vazifasi bo'lmog'i kerak. Vazirligimiz tomonidan bog' mas'ullariga majburiy ko'rsatma va ogohlantirish xatlari berilib, ijrosi nazorat qilib  borilmoqda. Ba'zi hollarda ekilgan yangi ko'chatga agrotexnik ishlov berilmasligi oqibatida qurib  qoladi.  “Yashil makon”  umummilliy dasturi qabul qilinib, yurtimiz chiroyiga chiroy qo'shishdek ezgu maqsadga nisbatan bunday munosabatning paydo bo'lishini umuman oqlab bo'lmaydi.  Joriy yilda flora olamini muhofaza qilish va saqlashga doir qonunchilikda belgilangan choralarni ko'rmagan  739  yuridik shaxsga nisbatan  2 549 million  so'mlik  jarima chorasi qo'llanilgan. Kelgusida nazorat  jarayoni yanada kuchaytirilib, har bir daraxtning unib-o'sishi, gurkirab rivojlanishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi.

Bog' xodimining xavfsizligi

Madaniyat va  istirohat bog'i  xodimi turli  uchish moslamalarini ishlatadi. Murakkab tuzilishdagi attraksionlar ehtiyotkorlikni, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni talab etadi.  Kutilmaganda ro'y bergan texnik nosozlik xodimni ham, dam oluvchilarni ham hadiksiratib qo'yadi. Ko'ngilsiz hodisalarning oldini olish uchun  amaliyotga joriy qilingan normativ-huquqiy hujjatlardan  har bir  bog' ma'muriyati xabardor bo'lishi kerak. Bundan tashqari, dam olish maskanida  tungi yoritkichlar  o'rnatilgani  xavfsizlik  bo'lishini taqozo etadi.

O'zbekiston Respublikasi  Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010 yilda qabul  qilingan “Bog'lar hamda madaniyat va istirohat bog'lari xodimlari uchun mehnatni  muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash haqida”gi  buyrug'i bu boradagi muhim  hujjat bo'lib, uni bugungi  kun talablari bo'yicha yanada takomillashtirish zaruriyati kelib chiqdi. Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligining mas'ul xodimi  Begzod Begmatov mazkur hujjatning tahrir qilingan  ayrim bandlari xususida shunday dedi:

– Mazkur buyruqda bog' xodimlarining mehnatini muhofaza qilish bo'yicha xavfsizlik talablari, ularni o'qitish, yo'l-yo'riq berish, bilimlarini sinovdan o'tkazish, hayoti va sog'lig'ini saqlashga qaratilgan tadbirlar belgilangan. Istirohat bog'larida katta-kichik attraksionlarni ishlatishdan avval uni texnik ko'rikdan o'tkazish, yong'in va elektr xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan bir qancha talablar ish beruvchiga yuklatilgan. 2023 yilda  Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vaziri tomonidan ushbu buyruqning 8, 9, 11, 30, 32, 72, 73-bandlariga zamon talabidan kelib chiqqan holda ba'zi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Bunga muvofiq, o'n sakkiz yoshga to'lmagan  shaxslar  bog'dagi zararli va xavfli  mehnat sharoitlariga jalb etilmasligi kerak. Xodimlarining soni ellik va undan  ko'p bo'lgan dam olish maskanida  rahbariyat  tomonidan mehnatni muhofaza etish bo'yicha lavozim  joriy etishi maqsadga muvofiqdir. Elliktadan ziyod transport vositasi  bo'lgan bog'da  yo'l harakati xavfsizligiga  javobgar  shaxs bo'lishi shart. Yangilangan buyruqda elektr qurilmalarini o'rnatish va  foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishi yuzasidan  ham bir qancha  qo'shimcha talablar  kiritilgan. Ushbu hujjat matni bilan mamlakatimizdagi har bir madaniyat va istirohat bog'i  rahbari tanishtirilgan. Uning ijrosi qat'iy ta'minlansa, shubhasiz, turli ko'ngilsiz hodisalarning oldi olinadi.

Olis Chiroqchida ko'ngilochar maskan

Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi  tumani  O'zbekiston xaritasidagi eng olis va  chekka joy  bo'lib, shimolda Samarqand viloyatining Nurobod va Pastdarg'om, g'arbda Koson, sharqda Shahrisabz va Yakkabog', janubda Qamashi, G'uzor va Qarshi tumanlari bilan chegaradosh. Chiroqchi mahalla va qishloqlarida  270 ming  aholi  istiqomat qiladi. Turli qishloq xo'jalik mahsulotlarini yetishtirib, viloyat iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo'shib kelayotgan mehnat ahli uchun  ko'ngilochar maskan bunyod etilishi kerak edi.

Tuman markazida umumiy  maydoni 2,52 gektarlik  madaniyat va istirohat bog'ining  barpo etilishi  Chiroqchi infratuzilmasini butkul o'zgartirib yubordi. 2016 yilda foydalanishga topshirilgan  bog' may oyidan oktyabrga qadar  dam oluvchilarni o'ziga chorlabgina qolmay, tuman miqyosida o'tkaziladigan ijtimoiy-siyosiy  tadbirlar ishtirokchisiga ham aylantirmoqda. Navro'z, xalqaro bolalarni himoya qilish, yoshlar kuni, mustaqillik, o'qituvchilar va murabbiylar  bayramida o'tkazilayotgan tadbirlar bu  go'shani fayzga to'ldirmoqda.

— Yangi bog' o'rnida moslashtirilgan oshxona, eski maishiy xizmat ko'rsatish uyi, oshxona va “Motamsaro ona” haykali bor edi. Zamonaviy tipdagi madaniyat va istirohat bog'ini qurish loyihasi  puxta ishlab chiqilib, shu asosda  umumiy qiymati 2,5 milliard  so'mlik  inshoot davlat-xususiy sheriklik tamoyiliga muvofiq, ikki yil ichida qurib bitkazildi. Bu maskan nafaqat chiroqchiliklar, balki qo'shni G'uzor, Shahrisabz, Yakkabog', Qamashi tumanlari aholisi uchun ham xizmat qilmoqda. 12 ta yirik va 11 ta kichik attraksion, 300 kishilik amfiteatr, sport maydonchalari, xullas, barchasi muhayyo. Bog' hududi ko'kalamzorlashtirilgan va sun'iy maysazorni artezian qudug'i orqali  sug'orish tizimi yo'lga qo'yilgan. Chinor, pavloniya, tol, kashtan kabi manzarali daraxtlar  parvarishiga bog'bonlarimiz mas'ul. 6 ta doimiy  ish o'rni yaratilib, xodimlar o'rtacha 2-2,5 million so'm oylik maosh olmoqda, – dedi mazkur madaniyat va istirohat bog'i  rahbari Shahzod Husainov.

Barcha qulayliklari yaratilgan madaniyat va istirohat bog'ini bunyod etishga katta mablag' sarflanadi. Agar uni tadbirkor qurmoqchi  bo'lsa, katta pul tikadi va sarflagan sarmoyasini “chiqarib” olish uchun  har bir xizmat turini pulli qiladi. Rivojlangan davlatlarda, xususan, London shahrida har bir qadam  yashil ob'yekt. Maysazorga  gilamcha to'shab olgan kishilar oilaviy yoki jamoaviy dam olayotganini ko'rish mumkin. Turli attraksion va karusellar o'rnatilgan katta-katta bog'larga borishga hammaning ham vaqti, imkoni yo'q. Uy oldidagi yashil maydon qulay, bechiqim, istalgan paytda tabiat insonga bag'rini ochadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan “Yashil makon” umummilliy  davlat dasturi zamirida xuddi shunday  ezgu maqsad ifodalangan. Buning uchun yelib-yugurish, bir yoqadan bosh chiqarib, ter to'kish kerak. “Toshkent-Sharqiy” aerodromi yaqinida faqat daraxtzor va gullardan iborat 155 gektarlik dendropark bunyod etilayotgani, uning yonida 160 gektarlik maydonni ishg'ol etgan Olimpiya shaharchasining barpo etilishi shunday  ezgu tashabbusning  yorqin namunasi. 2025 yilda yoshlar o'rtasidagi Osiyo o'yinlarini aynan shu manzilda  o'tkazish niyat qilingan. Ajab emaski, yaqin o'n yillikda O'zbekistonning shahar va tumanlarida xalqimizning ma'naviy ehtiyojlariga yo'naltirilgan yangidan-yangi bog'-rog'lar yana ham ko'payadi.

Hulkar TO'YMANOVA,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × five =