Daryo irmoqlardan boshlanadi
Bir toifa zamondoshlarimiz bor: jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy, ma'naviy hayotiga dohil tadbirlarga (to'y, ma'rakalarga emas) imkon qadar hammadan oldin borishga harakat qiladilar. Sharoit va imkoniyatlariga qarab piyodami, jamoat transporti yoki shaxsiy ulovdami, ishqilib, kechikmaslikka odatlanganlar. Tadbir tashkilotchilari ularning kelganidan xursand bo'lishadi-yu, asosiy e'tiborlari anjuman yoki yig'inning risoladagidek boshlanishi, eng hurmatli sanagan mehmonlarni risoladagidek kutib olishga qaratilgan bo'ladi. Haligi zamondoshimizning bunday izzat-ikrom bilan ishi yo'q, u ayni tadbirning maqsadi, mohiyatini anglash tashvishida o'z-o'zidan shu muhitga qo'shilib ketadi.
Ba'zan katta dabdaba, ba'zan esa jiddiy kirish qismlar bilan boshlanadigan tadbirlarda tashkilotchilar bu anjumanni xato-kamchiliklarsiz o'tkazib olish tashvishida; taklif etilganlarning qay birlari undan bir yangilik, ma'rifat olish, o'rganish ishtiyoqida va qay birlari hisobot berishi zarurligi uchun “Bordingmi? – Bordim! Qatnashdingmi? – Qatnashdim!” kayfiyatida.
Yuqorida tilga olgan zamondoshimiz esa na tashkilotchilar va na taklif etilganlar qatorida mas'ul emas, lekin u boshidan oxirigacha bor diqqati bilan (kattami, kichikmi) shu tadbirga bog'lanadi: misoli ummonga tushib uning suvlari, to'lqinlari, tubidagi toshlariyu o'simliklaridan o'ziga xoslik, go'zalliklar, ibratlar, durlar izlagan g'avvos kabi tadbirning maqsadu mazmuni, ishtirokchilarning kayfiyatiyu o'zaro munosabatlari, aytilgan so'zlar mohiyatidan ezguliklar, ma'lumotlar, yangiliklar, jamiyat odimlariga hamohangliklar, odamlar dardlariga malhamlar, ibratlar teradi.
Tadbir tugab, tashkilotchilar yengil tortadilar; hurmatli mehmonlarni yo minnatdorchilik, yo sovg'a-salomlar, yo bir piyola choy bilan kuzatadilar. Ammo haligi zamondoshimiz har doim ham bu e'tibor doirasiga tushmaydi va uning o'zida ham bunga intiqlik-ilinj yo'q – endi u qanday kelgan bo'lsa, shunday qaytib ketish taraddudida bo'ladi.
Shoshadi, tezroq qadrdon xonasiga borsa-yu, taassurotlarining hovuri bosilmasdan, ohori to'kilmasdan turib qog'ozga tushirsa… zarurat bo'lsa, yozganlarini hikmatlar, yangi ma'lumotlar bilan to'ldirsa va elga havola etsa; shu yo'l bilan barcha sohalardagi xayrli yangiliklarning ommalashishiga, samarali tajribalarning yoyilishiga, go'zal fazilatli insonlarga havas bilan ergashadiganlar safining kengayishiga… bir ibora bilan aytganda, jamiyat moddiy, ma'naviy jihatdan yuksalib, taraqqiy etib borishiga imkoni yetganicha hissa qo'shish niyatida yashaydi…
Gap kimlar haqida ekanini, balki, anglagandirsiz. Ha, ta'rifu tafsilotlarni maromiga keltirolmagan bo'lishim aniq: viloyatlarda, tumanlarda mehnatu ijod qilayotgan, har doim ham zamonaviy po'rim kiyimlarda yurishmasa-da, qalbi har doim zamon bilan hamnafas bo'lgan nomiga munosib chin jurnalistlar haqida so'zimiz!.. Qalbimga yaqin bu insonlar bilan (vizual deymizmi, onlayn deymizmi…) xayolan uchrashgim keldi. Viloyatlarning uzog'u yaqin hududlarida jurnalist nomidan faxrlanib, uning mas'uliyatini zimmaga olib yashayotgan, ishlayotgan yoshi ulug'lar hamda ularning izdoshlari shaharu qishloqlar, tumanlar aholisi maqsadlarini, orzu intilishlarini, quvonchu dardlarini, ilg'or tajribalarni, samarali yangiliklarni jamiyatning o'ziga xos “dasturxon”i bo'lgan viloyat, shaharu tuman gazetalari sahifalariga yoyib-yoritib, xalqni ezgu, insonparvar maqsadlar yo'lida birlashtirishga umrlarini bag'ishlaganlar.
Bu fidoyiliklari evaziga jurnalist o'zi uchun nimadir so'ramaydi, kutmaydi. Agar u targ'ib qilgan yaxshiliklar, xayrli ishlar, samarador tajribalar ommalashsa, kimningdir mushkuli oson bo'lsa; qalblarda ilmu hunarga rag'batu muhabbatni kuchaytira olsa – xalqu Vatan ozodligi, obodligi yo'lidagi ulkan ishlardan chetda turmasa, u maqsadga yetgan bo'ladi, o'zidan, hayotidan ko'ngli to'ladi. Axir, irmoqlar qo'shilmasa, daryo bo'larmidi?!
Ilg'or texnologiyalar bugun dunyo qiyofasini, odamlarning yashash tarzini, ehtiyojlarini tamoman o'zgartirib yubordi. Internet tarmog'i dunyo axborot almashinuv jarayonlariga to'liq hokim bo'lib, qog'ozu qalam bilan ishlaydigan jurnalistlar faoliyat maydonini cheklab tashlagandek. Ammo bor haqiqatdan kelib chiqsak, respublikamiz viloyatlarining juda ko'p hududlari aholisi ijtimoiy tarmoqlardan ehtiyojiga yarasha foydalanish imkoniyatlariga ega emas.
Hududlarimizda o'zining ishi, o'qishi, qiziqishlari, yutuq va muammolarini o'rtoqlashishni, elu ulusning fikr-mulohazalarini uyg'otish, bilish orqali mamlakatimiz hayotida o'z ovozi, taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishni istaydiganlar; xuddi shuningdek, o'z hududi, viloyati yangiliklaridan xabardor bo'lib turishga ma'nan ehtiyojmand yurtdoshlarimiz ming-minglab topiladi, desak, mubolag'a emas. Ularning ovozi hududlardan chiqib kelishiga o'sha kamtaru fidoyi jurnalistlar “ko'prik” bo'ladilar.
Ammo afsuski, keyingi yillarda respublikamizning juda ko'p tumanlari gazetalari yopilib ketdi, qanchasi nochor ahvoldaki… qishning qahratoniyu yozning saratonida xalq hayoti, bunyodkorligi, madaniyatiyu qadriyatlari, yutuq va muammolarini o'rganib matbuotda yoritish uchun poyu piyoda mehnat, ijod qilayotgan jurnalistlarning oylik maoshini aytgani odam uyaladi! Bu holatlarni mas'ul idoralar qayta ko'rib chiqishi, jurnalist shaxsi va mehnati qadr-qimmatini o'z joyiga qo'yilishini yangilanayotgan O'zbekiston oldida turgan vazifalar talab qilib turibdi.
Qadrdon yilimiz Vatanimiz solnomasida qoldirayotgan nurli, sharafli sahifalardan qalblar quvonchu iftixorda, xalqimiz Yangi yilni yangi yuksak niyatlar bilan kutib olayotgan damlarda yuqoridagi mulohazalarni yaxshi niyat sifatida aytishga jazm etdik, zero, “Bola yig'lamasa, onasi …”
Va eng muhimi, “Albatta, sohada xizmat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizning qonuniy manfaatlarini ta'minlash, ularning mashaqqatli mehnatini rag'batlantirish masalalari bundan buyon ham e'tiborimiz markazida bo'ladi”.
Hurmatli Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 26 iyun kuni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo'llagan tabriklaridagi bu fikr jurnalistlarning jamiyat baxtu saodati bilan bog'liq faoliyatlariga oid tilaklarning amalga oshishiga ishonchimizni, inshaalloh, qo'llab-quvvatlab turibdi.
Muhtarama ULUG'OVA,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.