Ma'rifat yog'dusida

Ziyolilar faoliyati har kun, har lahza ma'rifat nuriga aylanishi shart. “Ma'rifat ulashib” loyihasi doirasida o'tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishini izohlashga hojat bo'lmasa kerak. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari ins­tituti milliy tadqiqot universitetining Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida bu tadbirga alohida hozirlik ko'rildi. Talabalarimiz, asosan, irrigatsiya va qishloq xo'jaligi yo'nalishida tahsil olsalar-da, badiiy adabiyotga qanchalik oshno ekanliklarini, turli asarlarni qiziqish bilan mutolaa qilishlarini namoyish etmoqdalar.

Poytaxtimizdan tashrif buyurgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari Suvon Meli, To'lqin Eshbek va Islomjon Qo'chqorov institutimiz mutasaddilari bilan birgalikda erta tongdan, avvalo, Olot, G'ijduvon, Vobkent tumanlaridagi qator maktablarga yo'l oldilar. Bu maskanlarda ham “Ma'rifat ulashib” loyihasi doirasida o'tkazilgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'quvchilarda katta qiziqish uyg'otdi, albatta.

Kunning ikkinchi yarmida institut katta zalida tashkil etilgan tadbirda talabalar faol ishtirok etdilar. Ular adabiyotimizda yorqin iz qoldirgan Mir Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muqimiy, Zavqiy, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Oybek, Abdulla Qahhor, G'afur G'ulom, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O'tkir Hoshimov, Xudoyberdi To'xtaboyev, Oqiljon Husan, Tog'ay Murod, Muhammad Yusuf kabi atoqli yozuvchi-shoirlarning betakror asarlari haqida sermazmun suhbatlarni maroq bilan tingladilar.

— Kitobga oshno inson ma'nan yetuk bo'ladi, – dedi adib va shoir To'lqin Eshbek. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida ta'kidlaganidek, “Kitob o'qigan, o'zining ustida ishlagan odamda qanot bo'ladi. U befarq bo'lmaydi. Uning kuchi bilimida bo'ladi. Mana, nima uchun kitob o'qinglar deymiz. Kitob o'qisangiz, tafakkuringiz oshadi, dunyoqarashingiz yanada kengayadi”.

Ona tilimiz jilolarini atoqli adib Pirimqul Qodirovning “Til va el” ilmiy badiasi va shoir Erkin Vohidovning “So'z latofati” kitobidan o'qib o'rganish maqsadga muvofiqdir. Istiqlol yillarida yurtimizda betakror ma'naviyatimiz haqidagi eng yorqin va teran fikr-mulohazalar ana shu asarlarda o'z ifodasini topgan. Bu asarlarni tom ma'noda zamonamiz ma'naviyatining gultoji desak arziydi. Ma'naviy boyliklarimizni asrab-avaylash va yosh avlod qalbiga jo etish uchun, avvalo, ularning mazmun-mohiyatini teran anglamoq zarur. Bu asarni qanchalik chuqur o'rgansangiz, shu qadar ma'naviy yuksaklikka erishaverasiz. Asrlar davomida milliy qadriyatlarimiz, bebaho ma'naviy boyliklarimizni asrash hamda rivojlantirishda adabiyot, ayniqsa, xalq og'zaki ijodining o'rni juda katta bo'lgan. Ertaklar, dostonlar zamirida, asosan, milliy o'zlikni ifoda etuvchi, qadriyatlarimizni qadrlovchi g'oyalar mujassam ekanini izohlashga hojat yo'q. O'zbek xalq maqollari ham bitmas-tuganmas ma'naviy xazina hisoblanadi. Ana shu maqollar haqida so'z yuritganda, avvalo, tegishli manbalar bilan tanishib, so'ng asosli gapirish maqsadga muvofiqdir.

Milliy tafakkurimiz xazinasiga bebaho hissa bo'lib qo'shiladigan, bugungi va ertangi hayotimizning eng muhim ustuvor yo'nalishlarini o'zida mujassam etayotgan kitoblar biz uchun, avvalo, yangi va yaqin tariximizning hali biz to'la anglab yetmagan ko'plab qirralarini yana bir bor kashf etishga asos bo'ladi. Shu bilan bir qatorda ko'pgina asarlar jamiyatimiz taraqqiyot falsafasini, mamlakatimiz va xalqimiz kelajagi, uning ravnaqini belgilab beradigan muhim dasturilamal bo'lib xizmat qiladi. Shunday ekan, ertangi kunga umid va ishonch tuyg'usi bilan qaraydigan barcha zamondoshlarimiz, ayniqsa, dunyoqarashi munosib shakllanayotgan yoshlar davrimiz solnomasiga aylanayotgan kitoblarni teran nigoh ila o'qib o'rganishlari maqsadga muvofiqdir.

Yoshlar, albatta, ana shunday atoqli adiblar, shoirlar, olimlar va boshqa ziyolilardan ibrat olib kamolga yetadilar.

Tadbirda talabalar ijodkorlardan o'zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olganlaridan so'ng, institut kutubxonasiga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yangi kitoblar tuhfa etildi.

Tadbir adabiyot va kitobxonlik mavzusiga bag'ishlangan “Zakovat” intellektual o'yiniga ulanib ketdi.

— Asosan, irrigatsiya va qishloq xo'jaligi sirlarini puxta egallayotgan talabalarning ma'naviy yetukligi, atoqli yozuvchi-shoirlar hayoti va ijodi haqida shu qadar puxta bilimga ega ekanliklari quvonarli hol, — dedi hay'at raisi, filologiya fanlari doktori, professor Suvon Meli. — Ular hatto shoir To'lqin Eshbekning kecha ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan “Buxoro madhida”, “Buxoroi sharifda o'chmas izlar”, “Minorai kalon” sarlavhali she'rlarigacha o'qib-o'rganganlari qanchalik zukko va fikri teranligini ko'rsatadi.

Kechki payt talabalar turar-joyi hovlisida katta gulxan yoqildi. Olov atrofida iste'dodli talabalar badiiy chiqishlarini davom ettirdilar. She'rxonlik va bahribaytlar barchaga xush kayfiyat baxsh etdi. Dilrabo kuy-qo'shiqlar davraga yanada fayz kiritdi.

Institutimizga tashrif buyurgan turli soha vakillari, albatta, bu maskanda amalga oshirilayotgan ishlarga katta qiziqish bilan qaraydilar. Aytish joizki, ayni paytda ins­titutimizda 3859 nafar talaba tahsil oladi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining yirik drayverlaridan bo'lgan qishloq va suv xo'jaligi sohasiga yetuk kadrlarni tayyorlab berayotgan institutimiz porloq istiqboliga ega oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. O'tgan o'quv yilining o'zida AQShning Iosha, Vayoming universitetlari, Ispaniyaning Valensiya Politexnika universiteti, Germaniyaning Gumboldt nomidagi Berlin universiteti, Vengriyaning Obuda, Szeged va Vengriya qishloq xo'jaligi va tabiiy fanlar universiteti, Xitoyning Lanchjou, Shanxay universitetlari va Malayziyaning INTI Xalqaro universiteti kabi dunyoning 20 dan ortiq yetakchi OTMlari bilan o'zaro ilmiy va ta'limga oid hamkorlik yo'lga qo'yildi.

Institutimizda har oyning oxirgi seshanba kuni “Ma'naviyat kuni” sifatida belgilab qo'yilgan. Bu kuni asosiy e'tibor talaba-yoshlarning ma'naviy qiyofasini boyitishga qaratilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi Husniddin Safarov, Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi sohibi Muhriddin Toyirov, Beruniy nomli davlat stipendiyasi sohiblari Suhrobbek O'lmasov, Ilhomjon Hamroyev kabi faol talabalar bu borada barcha tengdoshlariga o'rnak bo'lmoqda.

“Ma'naviyat kunlari” doirasida 2023-2024 o'quv yili davomida 77 ta ma'naviy-ma'rifiy, madaniy va tarbiyaviy tadbirlar, targ'ibot-tashviqot ishlari o'tkazildi. Teatr, muzey, tarixiy maskanlar, muqaddas qadamjolar, tabiat maskanlarida o'tkazilgan 50 dan ortiq ma'rifiy suhbat va she'rxonliklar talabalarda katta qiziqish uyg'otdi.

Joriy o'quv yilida o'tkazilgan “Islohotlar bilimdoni” keng tarmoqli respublika ko'rik-tanlovida 4-bosqich talabamiz Salohiddin Abduraimov Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Faxriy yorlig'i” bilan taqdirlangan bo'lsa, Shohzod Oripov oliy ta'lim maskanimiz tomonidan ta'sis etilgan Abdulla Oripov nomidagi maxsus stipendiya sovrindori bo'ldi.

Fayzullo HAMIDOV,

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash

instituti — milliy tadqiqot universitetining

Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti

Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy

ishlar bo'yicha birinchi prorektori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 5 =