“Onam qattiq betob, lekin teatrga bormasam bo'lmas edi…”

yoxud O'zbekiston xalq artisti Rixsi Ibrohimovaning sahnadagi va haqiqiqiy hayoti haqida biz bilgan va bilmagan haqiqatlar

 

Gazetamizning bu galgi mehmoni 70 yildan buyon sahna bilan sirlashib kelayotgan, va qutlug' 86 yoshni qarshi olayotgan sevimli xalq artisti — Rixsi Ibrohimova. U aktyorlik faoliyatini talabalik davrida, Hamza nomidagi O'zbek Davlat akademik drama teatri (Hozirgi O'zbek Milliy akademik drama teatri)da boshlagan. O'tgan yillar davomida Rixsi opa tomonidan jonlantirilgan ko'plab mukammal va puxta obrazlar tomoshabinlar yuragidan joy oldi. Darhaqiqat, Guli, Feruza, Jamila, Ofeliya, Emiliya, Kordeliya kabi har tomonlama murakkab obrazlarni me'yoriga yetkazib ijro etish har qanday san'at kishisiga ham nasib etavermaydi.

Biz munis o'zbek onalarining jonli timsoli bo'lgan Rixsi ayaning 70 yillik ijod yo'llari, hayot sinovlari, kechinmalari hamda bugungi kino va teatr to'g'risidagi fikrlari bilan qiziqdik.

 

— Teatr darg'alaridan biri Turg'un Azizov bilan suhbatlarimizning birida u kishi siz haqingizda gapirganda “Ostrovskiy nomidagi teatr va rassomlik san'ati institutining aktyorlik fakultetidan faqat ikki kishi — Shukur Burhonov va Rixsi Ibrohimova hali dip­lom olmay turib mashhur bo'lgan” degan edi. Yoshlikdan elning nazariga tushish taqdiringizga bitilgan ekan-da.

— Ikkinchi kursda o'qib yurgan kezlarimda Turg'un Azizov bizdan yuqori kursda o'qirdi. U kishi meni o'sha paytlarimdan tanirdi. Kunlardan bir kuni Chexovning “Vanya tog'a” asarini sahnalashtirish jarayonida kampir roliga bitta qiz yetishmaydi. Shunda ular ikkinchi kursda o'qib yurgan talaba, ya'ni meni chaqirishadi. Va men o'sha asarda Turg'un Azizovning enagasi – kampir rolini ijro qilganman. O'sha paytda mendan katta kursda o'qiydiganlar ham bo'lgan. Turg'un akaning aytishicha, ularning mazkur pyesaga, kampir obrazini o'ynash uchun odam topilmaganda Gutmanovich: “Sizlarga juda yaxshi ijrochi topib beraman” deb meni tavsiya qilgan ekan.

O'sha paytlar men mohir o'qituvchi-pedagog Sofiya Mixaylovna Gutmanovich qo'lida ta'lim olardim. Har ikki uch yilda Moskvada teatr dekadasi bo'lardi. Unda o'zbek teatrlari hisobot topshirardi. 1956-1957 yillari mazkur dekadaga yoshlarni ko'rsatmoqchi bo'lishgan. Milliy teatrdan meni, opera va balet teatridan Bernora Qoriyeva, Rus drama teatridan Tamara Ovanesyanslarni tanlab olishgan. Toshxo'ja Xo'jayev esa meni K. Yashinning “Yo'lchi yulduz” pyesasidagi Gulasal obraziga olganlar. Men o'zimga topshirilgan rolni bor mahoratim bilan ijro qildim. 1957 yilning noyabrida sobiq Ittifoq dramatik teatrlarining Moskvada o'tgan festivalida Milliy teatrning “Yo'lchi yulduz” va “Jazoir, mening vatanim” spektakllari birinchi darajali diplomlar bilan taqdirlandi. Ijrochilardan jami o'n to'rt kishi mukofotlangan. Ular orasida men ham bor edim. Yetakchi mutaxassislar meni “Yoshlar orasida eng tahsinga loyiq va umidli aktrisa”, deya e'tirof etishgan.

— Kino va teatr. Ularni ba'zan “egizak farzandlar”ga qiyoslashadi. Siz ana shu “egizaklardan” qay birida o'zingizni ko'proq erkin his qilgansiz?

— Albatta, teatr. So'zsiz! Kinodagilarning hammasi ham teatrda o'ynay olmaydi. Teatrda odamlar bilan jonli muloqot bor. Sizni sahnada tomosha qilib o'tirgan o'nta bo'ladimi, yuzta bo'ladimi tomoshabinga yuragingizni berib rol o'ynashingiz kerak. Bu esa ijodkordan katta mahorat, san'at, iqtidorni talab qiladi. Teatr sizga ana shu saboqlarni beradi. Yillar davomida tarbiyalaydi. Ijod bu – teatr. Bitta sahna asarini tayyorlash uchun kamida to'rt-besh oy ketadi. Katta asarlar bo'lsa undan ham ko'p vaqt ketishi mumkin. Siz shu vaqt davomida tilingiz, so'zingiz, kiyimlar, o'zini qanday tutish kabi barcha jarayonlarga tayyorgarlik ko'rasiz. Qayta va qayta ishlaysiz. Aytishadiku, kinodagi xatolarni montajda to'g'rilab ketish mumkin, ammo teatrdagi xatolikni tomoshabin kechirmaydi.

– Kinodagi xatoni “montajda to'g'irlash mumkin, lekin teatr sahnasida yo'l qo'yilgan xatoni to'g'irlab bo'lmaydi” degan gapingiz, to'g'risi xuddi biz – gazetchilarga ham taalluqli ekan. Negaki, hozir ming xil turli saytlar, bloklar ko'payib ketgan zamon. Ulardagi xatoni, pala-partishlik­larni ertasiga ham, keyin ham to'g'irlasa bo'ladi. “Redaktirovat” degan tugmani bosib, istagancha qo'shimcha qilish mumkin. Yoki butunlay o'chirib tashlasa bo'ladi. Lekin gazetada chop qilingan narsaning hecham ilojisi yo'q. Chop etildimi, tamom! Xuddi sahnada rol o'ynab bo'lingani kabi. Shu esimga tushdi, Rixsi opa.

Endi ustozlik haqida. “Ustoz otangdan ulug'” degan gap bor xalqimizda. Bugun siz ham ana shunday baland rutbadasiz. Lekin sizning ustozlaringiz kimlar bo'lishgan, shu haqida gapirib bersangiz…

— O'zbek teatri mavqeini, sahna san'atini ko'kka ko'targan ustozlarning har biri bir dos­ton. Vaholanki, ularning aksariyati oliygohlarda tahsil olmagan. Xo'sh, unda ularni elga tanitgan omil nima? Bu ustozlar bittagina so'z ma'nosini, talaffuzini tomoshabinga to'g'ri yetkazib berish uchun haftalab mashq qilganini ko'rganmiz. Olim Xo'jayev, Sora Eshonto'rayeva, Nabi Rahimov, Shukur Burhonovlarni sog'ina bosh­laganimda, shogirdlarim qalbidagi mehr bulog'i tashnaligimni qondiradi. O'zim ham ulardek ustoz bo'lishga, har bir yoshga to'g'ri yo'l ko'rsatishga chog'lanaman. Ustozlarimiz rollarni shunchaki ijro etishmagan. Obrazlarida harorat va vijdon nafasi ufurib turardi. Biz ham ulardan ibrat olib, rolimizni yurak titrog'i, qalb qo'ri bilan o'ynardik. Olim aka Xo'jayev bilan sahnaga chiqqanimda iste'dodning beqiyosligini his qilganman. U haqiqiy “Navoiy” edi. Men ham o'zimni chinakam “Guli”dek his qilar, sahnada maqsadga erishganimdan quvonardim. Meni teatrga yetaklab kelgan Yayra opa Abdullayeva, Sora Eshonto'rayevadan juda ko'p saboq oldim. Ularni Alloh rahmat qilgan bo'lsin. Ular bilan birga ijro etgan rollarimiz, ko'pgina asarlar magnit tasmada yozib qoldirilmagan. O'sha vaqtlarda o'ynalgan “Boy ila xizmatchi”, “Mirzo Ulug'bek”, “Gamlet”ni yoshlarga ko'rsatishning imkoni bo'lganida edi…

— Behbudiy bobomiz ta'biri bilan aytganda, “Teatr – bu ibratxonadir”. Shu ibratxona hayot davomida sizdan nimalarni tortib oldi-yu, nimalarni hadya etdi?

— Tortib olingan narsa, Allohning irodasi ekan, bu ustozlarim. Ota-onamdan ajralgan kunlarim ham aynan teatrda rol ijro qilganman. Bu — og'ir… Lekin bu — ijod, san'at. U fido­yilikni ta'lab qiladi. Farzandlarimiz kasal bo'lganda ham qo'ni-qo'shnilarga tashlab teatrga kelgan kunlarimiz bo'lgan. Ehtimol, teatr o'sha paytlarda bizdan vaqt nuqtai nazaridan mehrimizni kemtib olgandir. Aslida shu jarayonlar ham bir ibrat. Nima uchun? Yomonni ko'rmaguncha yaxshining qadriga yetmaysan.

Teatr hadya qilganlarga kelsak. Avvalo, ustozlarim. Keyin esa shon-shuhrat, xalq mehri, e'tirofi. Men mana shu sahnada malikaniyam, gadoni ham o'ynadim. Rol tanlamadim. O'zimga berilgan kattami-kichikmi asarlarni vujudim bilan o'ynashga, tomoshabinga nimadir berishga harakat qildim. Va buni uddalay ololdim, deb o'ylayman. Har bir o'ynagan rolimdan, u goh salbiy, goh ijobiy bo'lsin, u yerdagi qahramonlardan, ularning xarakteridan o'zim uchun saboq oldim. Qalbimga, yuragimga har bitta qahramonimning xislatlari “bagaj” bo'lib yig'ilib bordi. Haqiqiy bahoni esa albatta, tomashabin beradi. Ko'p ijodiy uchrashuvlarda, xalq orasida muxlislar talabi bilan bir asarimizdan parchami, monologmi aytib beramiz. Qisqa fursatda dengizdek jo'shib turgan olamonni yig'latish, xayolga toldirish, ba'zan kuldirish aktyorning mahoratiga bog'liq. Aktyor ting­lovchilarini o'z dardi ta'siriga tushira olganida, oddiy odamlar ham san'at, ma'naviyat, so'zning qudratini his qilib, san'atkorning mahoratiga tahsin o'qiganiga ko'p guvoh bo'lganmiz.

— Hamon ijod, san'at ichidasiz. U bilan yashamoqdasiz, san'atdan, teatrdan ayro emassiz. Bugungi kino va teatr san'atiga 10 balli tizimda baho qo'yish imkoni bo'lganda, qanday baho qo'ygan bo'lar edingiz?

— Qiyin savol bo'libdi. Bilasizmi, bugun kino san'atida o'zgarishlar ketyapti. Toshkent xalqaro kinofestivalining tiklanishi ham katta ish bo'ldi. Agar baholash lozim bo'lsa 10 ballik tizimda 5 ball bilan baholardim. Teatr esa meni ancha o'ylantirib qo'yadi. Baland qo'ysam ham, past qo'ysam ham vijdonim qiynaladi. Baland baho qo'ysam tomoshabinlar, xalqning e'tiroziga sabab bo'lishim mumkin. Qani dramaturgiya, zo'r asarlar, tarixiy obrazlar, deyishadi? Past baholasam “O'zing shu sohada ishlab, shuning nonini yeb shu bahoni qo'ydingmi” deyish­lari mumkin. Yaxshisi, teatrga baho bermay qo'ya qolay.

Teatr repertuari qadriyatlarimizni, o'zligimizni aks ettiruvchi spektakllar bilan boyishi uchun bugun mohir dramaturglar kerak. Teatrimizda Hamza, Komil Yashin, Abdulla Qodiriy, Uyg'un, Izzat Sulton, Odil Yoqubov, keyingi paytlarda Usmon Azim, Erkin Xushvaqtov, Sharof Boshbekov singari dramaturglar asarlari qo'yildi. Ayni pallada ham Erkin Vohidovning “Oltin devor”, Said Ahmadning “Ufq” singari milliyligimizni aks ettiradigan asarlar kerak. Prezidentimiz ishonchini oqlash yo'lida yangi hayotimizga monand, salmoqli asarlarni ko'rsata olishimiz uchun menimcha, yozuvchi bilan san'atkor alohida-alohida emas, bir-biriga bog'lanib yashashi lozim. Yana bir jihat, turmush tarzimiz yaqin bo'lgan qo'shni davlatlar bilan hamkorlikda spektakllar yaratish kerak. Ularning bittadan yaxshi asarini olsak ham repertuarimiz ancha boyiydi. “Hazrati ayol” spektaklini qozoqlar bilan, “Iymon” spektaklini Qirg'izistonda o'zbek-qirg'iz tilida o'ynaganmiz. Teatrda o'zlarining tashabbusi bilan spektakllar sahnalashtirayotgan yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash kerak.

— Aytishlaricha, o'zbek kino va teatrining yetuk aktyori, qalbga yaqin ko'pgina rollari bilan tomoshabinlar ko'nglidan joy olgan Abduraim Abduvahobovni o'z o'g'lingizdek yaxshi ko'rgan ekansiz. Hatto bir suhbatingizda “Men qanday ona bo'ldim bilmadim, lekin u o'g'illikni ortig'i bilan bajardi”, – deganingizni eshitganman.

— Ha, shunday. Biz Abduraim Abduvahobov bilan nafaqat sahnada, hayotda ham ona-boladek yashadik. Biror ko'rsatuvga chaqirishsa, keksaligim sabab televidenie ma'muriyati menga mashina yuborishmoqchi bo'lishardi. Shunda Abduraim: “Mashina kerak emas, onamni o'zim olib boraman!”, deb yordamni rad etardi. Qaytishda esa “Ko'chamning boshigacha olib keldingiz, bu yog'iga uygacha o'zim ketaman”, desam, “Onajon, sizni yelkamda ko'tarib yurganim yo'q-ku! Uyingizga kirganingizni ko'zim bilan ko'ray, ko'nglim tinch bo'ladi”, derdi. Umuman, har tomonlama o'rnak bo'ladigan inson edi.

Ming afsus, men rostdan ham o'g'limdan ayrildim! U kabi san'atkorlar ming yilda bir keladi! Abduraim “Shum bola”ni o'ynab, yoshligidanoq o'ziga haykal qo'yib bo'lgandi. Hurmat qiladigan yana bir jihatim shuki, u umri davomida birovni g'iybat qilmadi, birovga g'iybat ham qildirmadi! O'zini toza saqladi. Qalbini asradi. Odamlarga beminnat yordam berdi. Evaziga esa “Duo qilsangiz bo'ldi!”, derdi rahmatli. Mana, ortidan ham duo qilib o'tiribmiz. Shunchalik shoshib yashadiki, o'limi bilan ham bizlarga dars, saboq berib ketgandek!

— “Daraxt bir joyda ko'karadi”. Salkam 70 yildan buyon sahna bilan sirlashib kelayotgan Rixsi Ibrohimovaning mehnat daftarchasida bugungi O'zbek Milliy akademik drama teatriga ishga qabul qilingani haqidagi yozuv bor, xolos. Adashmasam siz faqatgina mana shu dargohda ishlagansiz?

— Men teatrga 17 yoshimda kelganman. 30 yoshimgacha o'zbek teatri darg'alari bilan bitta sahnada bosh rollarni ijro etishdek yuksak sharafga erishdim. Boya suhbatimiz boshida aytdim. Ne-ne buyuk ustozlar, ziyolilar davrasida ijod qildim. Avvalo, kasbga, ulug' dargohga bo'lgan sadoqat menda kuchli bo'lgan. Menga ko'p teatrlardan takliflar bo'lgan. Biroq men shu dargohni deganman. Ustozlarimning o'gitlari, duolari, saboqlari kezib yurgan shu muazzam dargohni tashlab ketishga vijdonim yo'l qo'ymagan. Ba'zan teatrning zallarini, sahnalarini kuzata turib ustozlarim bilan xayolan sirlashaman. Dillashaman. Ularning pok ruhlari hamon meni qo'llab-quvvatlab turgandek bo'ladi. Shu paytlarda yoshligimga qaytib qolishni, Ofeliya, Jamila, Feruzabonu singari rollarni hozirgi tajribam, mahoratim bilan qaytadan ijro etishni istab qolaman. Ammo…

— Sizni televidenieda ko'rgan inson borki, o'z onasini eslaydi. Buni o'zingizga ham aytib turishsa kerak?

— Yoshim ulg'ayganidan keyin teatr, kino, hatto radioda ham menga ona rolini taklif qila boshlashdi. 30 yilga yaqin ona obrazida namoyon bo'lyapman. Qancha onalar siymosini shakl­lantirgan bo'lsam, ularning ichida yuragimga eng yaqini “Dunyoning ishlari”dagi Ona obrazi. Qaerga bormay, kim bilan suhbatlashmay, albatta, shu obraz tilga olinadi. “Siz onamga o'xshaysiz”, deganlarning aksari mana shu rolimga mehr qo'ygani aniq. Zero, bu asarda boshqalaridan farqli o'laroq, onalarga xos fazilatlar g'oyat keng mujassam bo'lgan. Bir onaning hayo­tida dunyo­ning turfa ishlari aks etadi. Obraz muvaffaqiyati, avvalo, muallif mahoratida, qolaversa, mehr-shafqatining cheki yo'q, oila sirini ko'chaga chiqarmagan andishali ayol — o'zimning Mukarramxon onam qiyofasiga kirib olganimda bo'lsa kerak.

Nafaqat mening onam, balki ko'plab o'zbek onalariga xos bo'lgan mushfiqlik, jonsaraklik, bolajonlik ufurib turgani uchun ham bu obrazni xalqimiz e'zozlaydi. O'zbek ayollarining ziynati bo'lgan xislatlarni yoshlarimiz qadrlashi, o'zida ham mujassam etishi kerak. Rahmatli O'tkir Hoshimov iymanibgina “Rixsi opa, “Dunyoning ishlari” asaridagi ona obrazi eng yaxshi ko'rgan rolim degansiz, yangi kitobimga shu gap­laringizni kiritsam, maylimi?” deganida, “Siz shunday asar yozasizku, men rozi bo'lmaymanmi?!” deganman. Yana shunday asar yozilib, ona rolini yaratish kerak bo'lsa, bajonidil o'ynayman.

— “Har qanday vaziyatda ham teatrni dedim, o'zimni qo'lga oldim”. Rahmatli otangiz va onangiz vafotlari arafasida ham o'zingizda kuch topib, mustahkam iroda bilan, kasbingizga bo'lgan chinakam sadoqat bilan o'zingizga topshirilgan rollarni o'ynashda davom etgan ekansiz…

—1964 yilning may oylari… Onam qattiq betob, to'g'rirog'i, o'lim talvasasida. Boshlarida o'tiribmiz. Otam takbir aytib o'tiribdi (Otam masjidda azon aytardi. Onam har gal “Eshitinglar, otang azon aytyapti, ovozi biram yoqimli-da” derdi). Shu kuni teatrda “Olov” spektaklida Rafiqa rolini o'ynashim kerak edi. Jamoa ahvolimdan xabardor. Lekin spektaklni qoldirib bo'lmaydi. Aksiga olib, mehmonlar taklif etilgan ekan. Bosh rejissyorimiz Aleksandr Ginzburg ikki enlik xat yuboribdi: “Hurmatli Rixsi, iltimos, bugun juda mas'uliyatli spektakl. O'rningda boshqa odam yo'q. 7.30 da mashina uyingga boradi va yana qayta olib borib qo'yadi. Kelib o'ynab ket. Sog'lik tilayman”.

Spektaklning ham kuladigan, ham yig'laydigan joylari bor edi. Yig'laydigan o'rinlarda maza qilib yig'laymanu, kulish qiyin. Xullas, bir amallab rolimni o'ynab, grimimni ham artmay, mashinani uyga shoshirdim. Onam jon taslim qilayotgan ekan. Dadam: “Onasi, mana qizing keldi, ko'zingni och”, dedi. Qo'lida Qur'on, ko'zlarida yosh, onamning quloqlariga “Bizdan rozi bo'l”, deb pichirlab turibdi. Onam bir chuqur nafas oldi-da, jim bo'lib qoldi…

…“Mening Buxorom” filmini Moskvaga olib ketayotganimizda otamning duolarini olish uchun uyga bordim. Biroz tobi qochgan kunlar edi. Gullab turgan nastarinimiz tagidagi divanda yotgan ekan. “Nafasim siqyapti”, dedi. Og'ziga tutganim bir qoshiq qatiq lablarida qoldi. Ertaga yo'lga chiqishimizni aytib, fotiha so'rasam, ko'zlarimga tikilib turib, “Qachon qaytasan?” dedi. Ko'pi bilan bir hafta, rolimni o'ynab bo'lsam, vaqtliroq kelaverishimni aytdim. Qo'llarini fotihaga ochgancha, uzoq turib, yana “Qachon kelasan?” dedi.

Bu safar tez qaytishimni aytdim. Negadir meni qo'yib yuborgilari kelmay, “Mayli, omon bo'lgin, bolam, men sendan roziman, omadingni bersin”, dedilar. Qo'llari peshonasigacha yetib bormadi, ko'nglim g'ash tortdi. Hovli atrofini ketmon bilan tartibga keltirayotgan akam: “Xavotir olma, dadam yaxshilar, hali shu turishda ham ko'p yashaydilar”, deya ko'nglimni ko'tardi. 50–60 qadamcha yurgandim, akamning “Rixsixo-o-o-n” degan chaqirig'idan yuragim shuv etib, ortga o'girildim. Ovozida titroq bor edi. Yuziga fotiha tortib, otamning jon berganiga ishora qildi. Ertasiga ertalab hamdardlikka yetib kelgan butun teatr jamoasi samolyotga bilet tashlab ketishdi. Mendan tashqari, hamma poezdda ketgan ekan. Uch kunlik marosimni o'tkazib, ular bilan bir vaqtda Moskvaga yetib borganman…

— Chernobilda ham bo'lgan ekansiz. U yerda yaratgan Nodirabegim obrazingiz muvaffaqiyat qozongan, biroq sog'ligingizda shundan so'ng muammolar paydo bo'lgan, deb eshitgandik.

— Bitta orzuim bo'lar edi, o'z paytida, yoshim to'g'ri kelganida, Nodirabegimni o'ynay olmagan edim. Nodirabegimning hayoti, butun boshidan o'tganlari, g'azaliyot va she'riyatini juda yaxshi ko'rardim, ammo rolini o'ynamagandim. 1987 yilda shu orzuim ushaldi. Shu yili Rossiyaning Vladivostok shahriga so'ng Ukrainadagi Chernobilga ham bordik. O'z istagim bilan borganman. Nodirabegim (L.B.Gladkix. “So'nggi tun”) obrazini rus tilida o'ynaganman. Fidoyiligim ortidan nurlanish kasalligini orttirib, sog'ligimga ancha putur yetgan, hatto “ana ketdi, mana ketdi” bo'lganman. Uch marta operatsiya bo'ldim. Yaratganning qudrati bilan yana sahnaga qaytdim. Nodirani topdim, biroq sog'ligimni yo'qotgan edim. Oradan yillar o'tib, yoshim katta bo'lganidan keyin, o'zimizda Nodirabegimning onalik davrini ham o'ynadim.

— Ona vatanimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami kunlarida muxlislar va gazetxonlarga tilaklaringiz…

— Mustaqillik bergan yorug'liklar men uchun ham kutilmagan baxt bo'ldi. Ayniqsa, milliy qad­riyatlarimiz tiklanganiga shukronalar qilaman. Yangi asrda yangi O'zbekistonda yashayapmiz. Tinchlikning qadriga yetishimiz kerak. Kelajak siz – yoshlarniki. Vatan sha'nini yanada baland­larga ko'tarishda yurtboshimizga kamarbasta bo'lish lozim. Zero, dunyo ilmlariga o'z hissasini qo'shadigan, jahon tan oladigan o'g'il-qizlar voya­­ga yetishini hamda “Bular qaysi millat farzandi, qaysi baxtli onaning dilbandi ekan?” desa, o'zbek ayollari, onalari g'ururdan ko'ksi tog' bo'lib “Bular — mening farzandim”, deya shodligi olamga sig'maydigan zamondoshlarimiz ko'p bo'lishini istayman.

“Hurriyat” gazetasi o'quvchilariga, barcha yurtdosh­larimizga esa faqat omad tilayman.

Islom ASILBEKOV suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 5 =