Ulashilgan ma'rifatning bo'y-basti
Har qanday millatning ma'naviy qiyofasi uning ta'lim dargohlarida, u yerdagi ma'rifiy muhitda namoyon bo'ladi. Xalqning tafakkur tarzi aks etgan ma'naviy obidalarda ko'zga tashlanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda bo'lib o'tayotgan “Ma'rifat ulashib” loyihasi dasturlarida ham yoshlarni kitobga, adabiyotga, ma'rifatga yetaklash bosh maqsad sifatida ko'zlangan. Xususan, oliy ta'lim dargohlari tashkilotchiligida shoir va yozuvchilarning maktablarga, mahallalarga tashrif buyurishi ko'pchilikda qiziqish uyg'otgani shubhasiz.
Ana shunday tadbirlardan biri Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda Toshkentdagi Texnologiya, menejment va kommunikatsiya (TMS) instituti hamkorligida o'tkazildi.
Mamlakatimizda sog'lom hayot tarzini targ'ib etish markazi sanalgan ushbu dargohda shoir va yozuvchilarning kutib olinishi o'ziga xos mazmun-mohiyat kasb etdi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, shoir va publitsistlar Abdurasul Jumaqul, Tohir Doliyev va Go'zal Begimlar bilan bo'lib o'tgan uchrashuvlar o'ziga xos qizg'in va maroqli kechdi. Ma'naviyat va ma'rifat tadbirida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori, professor Botir Daminov qatnashdi. Bo'lajak tibbiyot xodimlari bo'lmish institutning talaba-yoshlari bilan bo'lib o'tgan adabiy uchrashuvni institut rahbari olib bordi. Oliy ta'lim dargohi hududida ijodkorlar yaxshi niyat bilan daraxt ko'chatlari o'tkazishdi.
— Bu daraxt “Hurriyat” daraxti, — deya hazil qildi Abdurasul Jumaqul.
— Bunisi “O'zbekiston qishloq xo'jaligi”dan, — dedi Tohir Doliyev.
— Demak, mana shu archa — Go'zal archa!
Ana shunday jo'shqin tadbir doirasida talabalar o'rtasida o'tkazilgan “Zakovat” intellektual o'yinlari ham yoshlarning o'qishdan bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazayotganining amaliy natijasi o'laroq namoyon bo'ldi.
Talabalar turar-joyida uyushtirilgan “Osh chempionati” institut rektori Botir Daminov boshchiligidagi hakamlar hay'ati tomonidan yuksak baholandi.
Talabalarning yashash joyida tashkil etilgan ijodiy uchrashuv jonli suhbat tarzida o'tkazildi. Ushbu suhbat gulxan atrofidagi mushoiraga ulanib ketdi. Bu yerda nafaqat insonning vujudi, balki uning ruhiyati va qalbi bilan ish ko'ruvchi insonlar ham faoliyat olib borishi talabalarning bilim va saviyasida yorqin aks etdi. Talabalar orasida sport bo'yicha chempionlarning, badiiy ijodga, san'atga ishtiyoqmandlarning borligi taniqli ijodkorlarni quvontirdi.
Uchrashuvda adiblarning hayoti, ijodi va asarlari to'g'risidagi videorolik namoyish etilib, ularning chiqishlari tinglandi hamda shoir-yozuvchilar va tadbir ishtirokchilari o'rtasida debat ko'rinishida muloqot tashkil etildi. Shuningdek, uchrashuv doirasida adiblarning hayoti, ijodi va asarlari bo'yicha tashkil etilgan onlayn-viktorina g'oliblari taqdirlandi.
Tadbir yakunida adiblarning sara asarlaridan iborat kitoblar institutga taqdim etildi. Oliy o'quv yurti mas'ullari tomonidan adiblarga ham esdalik sovg'alar topshirildi. Toshkent pediatriya tibbiyot institutining yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori Muborak Ahmedova tadbirning faol jonkuyarlaridan bo'lganini alohida ta'kidlash joiz.
Toshkent pediatriya tibbiyot institutida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, bolalar shoirasi Kavsar Turdiyevaning uzoq yillardan buyon faoliyat olib borishi ushbu dargohda So'zning, Adabiyotning qadri baland ekanligining ifodasi bo'lgani holda, tibbiyot xodimlari orasidan ham shoir va yozuvchilar yetishib chiqishiga turtki bo'layotgani bejiz emas.
“Ma'rifat ulashib” loyihasi doirasidagi navbatdagi uchrashuvlar Sirdaryoning Boyovut tumanidagi qator maktab va mahallalarda davom etdi. Ushbu tadbirlarda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari, shoir va adiblarimiz Tohir Doliyev va Go'zal Begimlar ishtirok etdi.
Adiblar Boyovut tumanidagi umumta'lim maktablariga tashrif buyurar ekan, ushbu uchrashuvlar ham ijodiy mushohada va munozaralarga boy bo'ldi. Texnologiya, menejment va kommunikatsiya instituti tashkilotchiligida o'tkazilgan ushbu uchrashuvlar yoshlar qalbida adabiyot, she'riyat va ona Vatanga bo'lgan mehrni kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Boyovut tumanining chekka hududlaridan hisoblangan “Navbahor”, “Yangiobod”, “Qarobchi” va “Anorzor” va boshqa mahallalaridagi 9 ta umumta'lim maktabi o'quvchilari 48, 4, 31, 32, 33, 38, 7, 52 va 53-maktablarga yig'ildilar. Bu yerda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira, tarjimon va publitsist Go'zal Begim o'quvchilar bilan ma'rifiy suhbat o'tkazdi. Shoira millatimizning istiqboli ilmda, kitobxonlikda ekanligini alohida ta'kidlab, kitob har qanday insonga eng sadoqatli do'st bo'lishini e'tirof etdi. Buning uchun esa o'sib kelayotgan yosh avlod hozirdan ona Vatan va o'z kelajagi uchun bilim va ma'rifatdan poydevor qo'yishi lozimligini yana bir karra ta'kidladi.
Shundan so'ng Go'zal Begim yig'ilganlarga yangi yozgan she'rlaridan o'qib berdi. Maktab o'quvchilari orasidagi yosh havaskorlar ham o'z ijod namunalaridan o'qib, taniqli shoiradan ijodiy maslahat va tavsiyalar oldilar. Abdurasul Jumaqul, Go'zal Begim va Tohir Doliyev ijod namunalari kiritilgan she'riy to'plam — “Billur qirg'oqlar” kitobini dastxatlari bilan faol o'quvchilarga taqdim etdilar.
Ushbu ijodiy uchrashuvlarning mantiqiy davomi 15 may kuni Toshkent Texnologiya, menejment va kommunikatsiya institutining asosiy binosida bo'ldi. Adiblar dastavval “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida institut hududiga mevali va manzarali daraxt ko'chatlari o'tqazdilar. So'ngra talabalar davrasida bo'lib o'tgan she'riyat kechasida adiblarimiz adabiyotning millat rivojida va yoshlar hayotidagi o'rni haqida qizg'in suhbat uyushtirdilar. Shoir va yozuvchilar o'z kitoblarini hamda TMS instituti homiyligida chop etilgan “Billur qirg'oqlar” to'plamini talabalarga dastxatlari bilan tuhfa etar ekanlar, jadid bobolarning fikrlarini ta'kidladilar: “Har qanday millatni jaholat botqog'idan qutqaradigan narsa, bu — uning milliy tili va adabiyotidur”.
— Bugun 7000 dan ortiq talaba tahsil olayotgan ta'lim dargohimizga yurtimizning taniqli ijodkorlari tashrif buyurishi tom ma'noda adabiyot bayramidir. Talaba-yoshlar ijodkorlar bilan bevosita yuzma-yuz suhbat qilganlaridan so'ng kelajakdagi orzularini maqsadga aylantiradilar, ertangi kun qarshisida o'zlarini yo'qotib qo'ymaslik uchun bilim va ma'rifat bilangina kuchli bo'lish mumkinligini anglab oladilar deb o'ylayman. “Ma'rifat ulashib” loyihasining natijasi o'laroq kelajakda bizning o'quv dargohimizni bitirgan yoshlardan ham el-yurtimizning koriga yaraydigan ulug' insonlar yetishib chiqsa, deb umid qilib qolamiz, — dedi institut rektori Azizbek Valixanov o'z chiqishida. Mazkur institutning yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektori, professor Azizxon Tillyaxadjayev hamda ilm dargohining yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha bo'limi boshlig'i Surayyo Parpixadjayevalar adabiy uchrashuvlarga bosh-qosh bo'lishdi.
Ushbu adabiy-ma'rifiy tadbir “Osh bayrami”ga ulandi va talaba-yoshlar o'rtasidagi suhbatlar qozon o'choqlarda tayyorlangan osh yonida hamda dasturxon atrofida bayramona tus oldi. Mamlakatimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan talabalarning nafaqat tafakkur va dunyoqarashi, balki urf-odatlari ham turlicha ekanligi ular tayyorlagan oshda namoyon bo'ldi.
Bugungi tezlashgan axborot zamonida yoshlarni kitob o'qishga, she'r va romanlar mutolaa qilishga rag'bat uyg'otish maqsadida tashkil etilgan “Ma'rifat ulashib” tadbirlari bugun o'zini qay darajada oqlaydi, degan savol tug'iladi. Negaki, bugun shoir va yozuvchiga kitob yozib xalq o'rtasida tanilish birmuncha murakkab ekanligini, odamlar ko'proq qisqa-qisqa “SMS” va axborotlarni o'qishga moslashgani odamni mushohadaga chorlaydi.
Darhaqiqat, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, Halima Xudoyberdiyeva kabi mashhur adiblarimizning nomi, dovrug'i, asarlari yozilib bo'lingan-u, adabiyot bugun bayroqdorlarsiz qolgandek taassurot uyg'otayotgan bir paytda “Ma'rifat ulashib” loyihasiga davlat siyosati darajasida e'tibor berilayotgani yuqoridagi savolning ijobiy javobiga aylanmoqda. Aslida, hamma o'zi uchun kerakli bo'lgan ma'naviy ma'lumotlarni faqat televideniedan va bosma axborot vositalaridan olib yashagan zamonlar o'tmishga aylanib ulgurdi. Chunki aynan o'sha davrlarda odamlar matbuotga, kitobga bog'lanmasligining iloji bo'lmagan, ana shu ma'naviy vositalargina xalqni chinakam hayot bilan bog'lagan. Bugun esa har kimning qo'lida bittadan axborot tashuvchi vosita — mobil aloqa qurilmasi borki, bu odamlarni bir qadar haqiqiy adabiyotlardan uzoqlashtirayotgani ham bor gap. Ana shunday ma'naviy xatar ta'qib qilayotgan bir zamonda “Ma'rifat ulashib” loyihasining joriy etilgani, shoir va yozuvchilarning yoshlar orasiga gurillab kirib borgani, adabiy gurunglar o'tkazib, talaba-yoshlarga kelajak uchun mayoq bo'layotgani faqat yaxshiliklardan, ezguliklardan darak beradi.
“Biror kishiga kitob sotsangiz, unga shunchaki qog'oz, siyoh va yelim emas, balki unga yangi hayot sotgan bo'lasiz”, — deydi ulug'lar. Bu maqolada esa sotilgan kitoblar haqida emas, tuhfa etilgan kitoblar va ruhiy-ma'rifiy bilim haqida gap bordiki, ushbu uchrashuvlar kimningdir orzularini, hayotini, fikrini zarra qadar ezgulik yo'lida o'zgartirsa, demak, ushbu loyiha o'zini oqlagan bo'ladi. Zotan, ulashilgan ma'rifat idrokka va yurakka yetib borgandagina o'z bo'y-bastini ko'rsatadi.
Hammamiz sevib o'qiydigan Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar” romanida ajoyib bir epizod bor: Otabekning oldiga kirgan Kumush: “Fuzuliy yaxshi kitob, men ham yolg'iz qolg'an kezlarimda bu kitobdan boshimni ololmas edim”, — deydi. Ko'ryapsizki, yozuvchi shu bir og'iz gap orqali o'sha davr odamlarining kitobxonlik darajasini aks ettira olgan. Zotan, bugungi “Ma'rifat ulashib” loyihasi uchrashuvlari ham millatning ertasi uchun ma'naviy naqshdir.
Zebo MATYoQUBOVA