Bekobodda ilm-fanga e'tibor ortmoqda

Shu kunlarda Toshkent viloyatining Bekobod tumanida katta o'zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bo'lyapti. Bu haqda matbuot sahifalarida o'qib, bilib turibmiz. E'tiborlisi, ilmdan o'zga najot yo'qligini qalban anglagan holda bu tumanga ijodkorlar va ilm ahli keng jalb qilinib, ustoz-shogird an'analari yo'lga qo'yilmoqda.
Qaysi soha bo'lishidan qat'i nazar, uni rivojlantirish, bu orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini ko'tarish niyat qilingan bo'lsa, ana shunday har bir xayrli ishning poydevori ilm bilan mustahkamlanganiga nima yetsin!
Bekobod bu gal yuridik fanlari doktori va professor Halimboy Boboyev, filologiya fanlari doktori, professor, O'zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi, akademik, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, psixologiya fanlari doktori, professor, akademik, “Profi” universiteti rektori G'ayrat Shoumarov, shuningdek, iqtisodiyot fanlari doktori, akademik, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasining “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori Nurislom To'xliyev singari bir qator taniqli olimlar uchun quchoq ochdi.
Tuman hokimi Zaynilobiddin Nizomiddinov tashabbusi bilan “Hayotimiz fayzi — ustozlar bilan” mavzuida o'tkazilgan ilmiy anjumanga mahalla yoshlar yetakchilari va faollari, ma'naviyat mutasaddilari, o'qituvchilar, davlat tashkilotlari xodimlari jalb qilindi. O'zaro davra suhbati tarzida o'tgan tadbir turli soha vakillari uchun hamkorlikda, fidoyilarcha ishlash va har yumushga ilm nuqtai nazaridan yondashish masalasida tom ma'nodagi mahorat darsi bo'ldi.
Qizg'in jarayonda, ayniqsa, yoshlar ustozlardan o'zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar olishdi.
— Saodatga erishmoq uchun ma'naviy va moddiy dunyoning muvozanatini ta'minlash kerak, — dedi so'zga chiqqan olim Halim Boboyev yoshlarga qarata. — Bolaligim Bekobodda o'tgan. Baxtga ezgu niyat va mehnat bilan erishdim. Ammo hozir ham agar ota-onam tirik bo'lishsa, men ularni qo'limda ko'tarib yurar edim. Shu bois ilm cho'qqilarini zabt etish, shuningdek, “ota-ona xizmatlarini to'kis qilolmadim”, degan armonsiz yashash sizlarga nasib etsin, deyman. Yoshlarga oltmish yildan buyon dars beraman. Xudoga shukur, qaerga bormay, 4-5 nafar shogirdlarim peshvoz chiqishadi. Ularning ayrimlari boshqa mamlakatlarda ilm bilan shug'ullanishmoqda. Ilmning sharofati bilan shu muborak yoshimda ham kerakli inson bo'lib, el ardog'ida yashayapman. Muhimi, o'zing tug'ilib-o'sgan yurtingga xizmating singishi.
— Bekobodning 80 chaqirimdan ortiq hududi qo'shni Tojikiston bilan tutash-chegaradosh. Tojikiston, Qirg'iziston, Qozog'iston bilan chegaralar masalalari hal bo'lganini sizlar kundalik hayotingizda his qilib turibsiz. Bu juda og'ir, ehtimol hal qilib bo'lmaydigan muammoday tuyulardi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko'ra bilgan odilona siyosati ana shunday tarixiy natijalarni berdi, — dedi akademik, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov. — Ilm yo'lini tanlagan yoshlarimiz eng katta ixtirolarga qo'l uryapti. Bekoboddagiday izlanish, intilish qo'llab-quvvatlanaversa, bu yaqin kelajakda o'zining jahoniy natijalarini beradi, albatta.
— O'ziga to'q odam birovning boshini silay oladi. Masalan, Osiyo iqtisodiyotida lokomotiv davlat bo'lgan Singapur davlatini oling. Uchta til, shuncha din va millat vakillari yashaydigan juda g'aroyib mamlakat. Yer osti resurslari mutlaqo yo'q. Bitta yutug'i, ochiq dengizi bor. Mamlakat katta taraqqiyotga erishdi. Iqtisodiy islohotlarni to'g'ri yo'lga qo'ya oldi. Qaysi davrda iqtisodiyot barqaror rivojlangan bo'lsa, o'sha davrda barcha sohalar birdek yuksalgan. Bugungi kunda mana shu kabi izchil islohotlar O'zbekistonimizda jadal amalga oshirilmoqda, — dedi iqtisodiyot fanlari doktori, akademik Nurislom To'xliyev.
Ilm-fan va hayotning turli jabhalarida katta mehnati singgan taniqli insonlarning chiqishlari, ibratli so'zlari davra ahlini befarq qoldirmadi. Mazmunli, juda foydali ma'naviyat darsi, sabog'i bo'ldi, desak, xato bo'lmaydi.
Uchrashuv so'ngida dunyoqarashi keng, davra suhbatidagi faolligi bilan olimlar nazariga tushgan ishtirokchilarga yuzdan ortiq kitoblar ustoz-olimlarning dastxatlari bilan tuhfa etildi.
Obid QO'LDOSh,
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi.