Ming afsuski…

Jur'atli va jasoratli gazetamiz “Hurriyat”ning 2024 yil 17 yanvar sonida e'lon qilingan taniqli publitsist Nuriddin Ochilovning “Uy-muzeylarning “begona”si yo'q!” sarlavhali maqolasi o'zining o'ta dolzarbligi, ochiq va xolisligi bilan nafaqat soha mutaxassislarining, balki biz, matbuot xodimlarining ham qalbimizdagi cho'g'ni yanada alangalatib yubordi. Muallif aytganidek, muzeyshunos bo'lmasa-da, jurnalist sifatida poytaxtdagi uy-muzeylarning bir qanchasining, shu jumladan, O'zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor uy-muzeyi faoliyatini chuqur o'rganib, yaqin yigirma yillardan buyon hech kimni tashvishga solmagan qator muammolarni xuddi muzey bilimdoni va tajribali xodimidek kuyunchaklik bilan tahlil va tanqid qilib, yechimini kutayotgan qator masalalarga respublika mutasaddilari e'tiborini qaratishni niyat qilgan.
Ayrim uy-muzeylardagi yo'lkirasi-yu tushligidan ortmaydigan xodimlar maoshi, shu bois ularning qo'nimsizligi, malakali mutaxassislarning yetishmasligi, shuningdek, ta'mirlash singari qator yetishmovchiliklarga uzoq yillardan beri “bor otangga, bor onangga”dan nari o'tmayotganligining sabablarini kimdan so'rash kerak, deya bong urgani bejiz emas. Maqola chop etilgandan beri uch oydan ko'proq vaqt o'tdi. Bu muallif tomonidan aytilgan kamchiliklarni qonun doirasida hal etishga, uy-muzeylarga amaliy yordam ko'rsatish uchun bel bog'lashga yetarli fursat.
Ming afsuski, bugunga qadar mazkur masalada na Madaniy meros agentligi, na Toshkent shahar hokimligi va na boshqa mutasaddi idoralarning fikrini biron-bir nashrda ko'rmadik. Demak, tilga olingan nufuzli tashkilotlar rahbarlari N.Ochilovning bu va “Jamiyat” gazetasining 2023 yil 18 may sonida berilgan “Vazirlar va hokimlarga begona manzillar” nomli tanqidiy maqolasini o'qimaganlar. O'qiganlarida masalaga loqayd qaramagan bo'lur edilar. Bu esa Nuriddin Ochilov “Hurriyat” gazetasining 2023 yil 14 iyun sonida “Matbuot bong urmoqda, lekin… yoxud rahbarlar gazeta o'qiyaptilarmi?” nomli yana bir maqolasida rahbarlarning gazeta o'qimayotganligini adolatli tanqid qilganligining yaqqol dalili. Rostini aytganda, bu maqolaga ham biron-bir tashkilot rahbarining munosabati bildirilgani yo'q.
Shu o'rinda savol tug'iladi. Tilga olingan tashkilotlar rahbarlarining gazeta o'qishga vaqti bo'lmasa, ularning matbuot kotiblarichi? Axir gazetalarni muntazam kuzatib borish ularning vazifsi emasmi? Balki, qovun–qovundan rang olar deganlaridek, ular ham gazeta o'qishni allaqachon unutib yuborishgandir. Yoki davlatimiz rahbarining 2023 yil 22 dekabrda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida bildirgan tanqidiy fikrlari maqolada keltirilgan agentligu hokimliklarga tegishli emasmi?! “Uy-muzeylarning “begona”si yo'q” maqolasi Prezidentimiz tomonidan Kengashda bildirilgan tanqidiy fikr-mulohazalardan so'ng e'lon qilinishiga qaramay, sohaga bevosita rahbarlik qilayotganlar hozirga qadar sukut saqlayotganlarini qanday tushunish kerak? O'z-o'zidan ko'rinib turibdiki, uy-muzeylar bundan keyin ham muallif ta'kidlaganidek, “o'z yog'iga o'zi qovurilib” o'tiraveradi, shekilli.
Rostini aytganda, bu borada bizning Namangan viloyatida ham iliq gap aytishga arzigulik ish qilinayotgani yo'q. O'n besh yillar muqaddam Namangan tumanining Sho'rqo'rg'on qishlog'ida bolalar shoirasi, Xalq ta'limi a'lochisi To'xtaxon aya Rahimova mingdan ziyod eksponatli “Istiqlol” uy-muzeyini tashkil etib, rang-barang ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda fidoyilik ko'rsatib kelayotgan edi. Eksponatlar soni ortib, muzeyni kengaytirishga to'g'ri kelganda, To'xtaxon aya hokimiyatga murojaat qilib, tashlandiq binodan bir necha xona olishga muvaffaq bo'ldi. Biroq ko'p o'tmay, bino boshqa bir tashkilotga rasmiylashtirib berildi. Sakson uch yoshli aya ne-ne azoblar bilan uy-muzeyni yana o'z xonadoniga ko'chirishga majbur bo'ldi. Ammo yangi joyni ta'mirlashga ishlatgan 30-40 million so'mga kuyib qolgani bilan hech kimning ishi bo'lmadi.
Xuddi shuningdek, Chortoq tumanidagi Koroskon qishlog'ida filologiya fanlari nomzodi, jurnalist Mahmudjon Ma'murov, Peshqo'rg'onda bolalar shoiri, folklorshunos Otash Xolmirzayev, Yangiqo'rg'onda shoir Robiddin Ishoqov uy-muzeylari ham mahalliy hokimliklarning bepisandligi tufayli “bo'lsa-bo'lar, bo'lmasa g'ovlab ketar” degan ahvolda. Bu uy-muzeylar hatto ro'yxatga ham olinmagan. Bunday misollarni yana ko'plab keltirish mumkin.
Prezidentimizning ichki turizmni rivojlantirishga katta e'tibor berayotganligi yoshlarimizni keng dunyoqarashli, bilimli, o'z o'tmishiga hurmat bilan qaraydigan, tashabbuskoru tadbirkor qilib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan uy-muzeylar faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish, haqiqiy ma'naviy-ma'rifiy maskanga aylantirish kimning vazifasi, kimning burchi? Uy-muzeylarning egasi bormi o'zi? Respublika Madaniy meros agentligi mutasaddilari yana qancha uyqusirab o'tirmoqchilar?! Mabodo ishni nimadan boshlashni bilmay boshlari qotayotgan bo'lsa, N.Ochilovning “Hurriyat” va “Jamiyat” gazetalarida chop etilgan maqolalarini o'qisalar kifoya bo'larmidi?
Jahongir TO'XTASINOV,
Namangan viloyati,
Uchqo'rg'on tumanidagi
“Yorqin hayot” gazetasi muxbiri.