Ozarbayjonga safar taassurotlari

20.04.2024 yil. Ozarbayjon vaqti bilan soat 09:30. Boku xalqaro aeroportidamiz. Yuklarimizni olgach, ushbu maskan hududini aylangan kishi bo'ldik.  Ayni pallada kutilmagan holat ro'y berdi: shu yerda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, Oliy Majlis Senati a'zosi Azamat Ziyo bilan  uchrashib qoldik. Qisqa suhbatlashdik, suratga tushishga ham ulgurdik, aytishicha, Bokuga ish yuzasidan kelgan ekan. 

…Bir muddat o'tib, xalqaro rouming xizmatiga ulangan telefonimga qo'ng'iroq bo'ldi. Muloqotga kirishishim bilan Ozarbayjon Matbuot kengashi boshqaruvi a'zosi, “Azxeber.som” internet nashri  bosh muharriri Hajibey Haydarli bizni kutib olishga chiqqanini aytdi.

Shu tariqa ijodiy guruhimiz, Uyushmamiz a'zolari – “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari tahririyati bosh muharriri Husan Ermatov, “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Odilova, O'zbekiston Milliy axborot agentligi Xalqaro axborot tahririyati sharhlovchisi Aziza Alimova, shuningdek, “Ishonch.uz” internet nashri fotomuxbiri Quvonchbek To'rayev bilan mashinalarga o'tirib yo'lga tushdik. Bildikki, aeroport shahardan ancha chetda joylashgan.

Shaharga kirib borar ekanmiz, qad rostlab turgan binolarning, aholi yashaydigan ko'p qavatli uylarning o'ziga xos arxitektura asosida qurilgani, uylarning derazalarida davlat bayrog'ining osib qo'yilgani e'tiborimizni tortdi.

Barchamizga ma'lumki, ke­yingi yillarda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev sa'y-harakatlari bilan  O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi diplomatik munosabatlar yangi bosqichga ko'tarildi.

Barcha sohalarda, jumladan, ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o'rtasidagi hamkorlik aloqalari ham rivojlanib bormoqda.

Bokudagi ilk tadbirimiz Ozodlik hamda Najav Narimonov ko'chalari kesishmasida qad rostlagan buyuk o'zbek mutafakkiri Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo'yish va ulug' bobomiz xotirasiga hurmat bajo keltirish bo'ldi.

Muloqot jarayonida mezbon hamkasblar, samimiy yigitlar  – Ozarbayjon Matbuot kengashi boshqaruvi a'zosi Hajibey Haydarli, “Editor.az” media guruhi rahbari Farid Shahbazli, “Azxeber.com” media guruhi bosh direktori Afsaladdin Agalarov bilan yanada yaqinroq tanishdik, ularga olib borgan sovg'alarimizni taqdim etdik. Ozarbayjonlik hamkasblarimiz va gul qo'yish tadbiri bahona uchrashib qolgan bokuliklar bilan Alisher Navoiy hayoti va ijodi xususida suhbatlashdik, g'azal va ruboiylaridan namunalar o'qidik. Ozarbayjon xalqining Navoiy ijodiga bo'lgan hurmati, ayniqsa, bobomizning ozar tilida o'qilgan g'azallari ikki turkiy xalqning o'zaro chambarchas madaniyati, tarixiy ildizlarining tutashligini yana bir bor namoyon etdi.

Kezi kelganda aytish lozimki, dunyo tan olgan ulug' bobomiz xotirasiga hurmat ramzi sifatida 2008 yilda bunyod etilgan mazkur yodgorlik muallifi o'zbek arxitektori Ravshan Mirtojiyev hisoblanadi. Ushbu haykalning tantanali ochilishida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov hamda Ozarbayjon davlati rahbari Ilhom Aliyevlar ishtirok etgan.

Mezbon hamkasblarimiz hamrohligida Bokuning diqqatga sazovor joylari hamda madaniy maskanlari bilan tanishishimiz juda maroqli bo'ldi. Samolyotda deyarli ikki yarim soat parvoz qilib, salkam uch ming kilometr masofani ortda qoldirib kelganimizga qaramasdan hammamizning kayfiyatimiz yuqori, shu sababli yo'l charchog'i ham sezilmayotgan edi.

— Jurnalist dunyo ko'rishi kerak, shunda u o'zi yozayotgan materialni kengroq tahlil qilish va taqqoslash imkoniyatlariga ega bo'ladi, – dedi “Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri Feruza Odilova. – Biz, media soha vakillariga ana shunday – xorijga chiqish, chet ellik hamkasblarimiz bilan tajriba almashish uchun  keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib bergan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevdan, qolaversa, Uyushmamizdan minnatdormiz.

Safar dasturimizga ko'ra, kunning ikkinchi yarmida Ozarbayjonning tarixiy shahri Ganjaga yo'l oldik.  Bakudan Ganjagacha yo'lning ravonligi va kengligi diqqatimizni tortdi. Avtobus oynasidan yon-atrofni tomosha qilib ketar ekanmiz, avtomobil yo'lining ikki chetida joylashgan yakka tartibdagi uylar   o'zimizning hovlilarga o'xshashligini ko'rdik.

Besh soatdan ko'proq yurib, shom payti Ganjaga yetib keldik. Shaharga kirish yo'li o'rtasidagi (bir necha kilometr) ustunlarda Ozarbayjonning tinchligi va ozodligini, chegaralari daxlsizligini ta'minlash yo'lida  jon fido qilgan yuzlab shu yurt o'g'lonlari – qahramonlarining suratlari joylashtirilganiga ko'zingiz tushadi. Shaxsan o'zim dunyoning o'nga yaqin davlatiga borgan bo'lsam, ayni kungacha hech joyda bunday manzarani ko'rmagan edim.

Ma'lumki, Ganja shahrining qoq markazidan Ganja daryosi oqib o'tgan. Aytishlaricha, tarixda uning bir qirg'og'ida ozarbayjonlar, bir qirg'og'ida armanlar yashagan. Taqdir taqozosi bilan yillar davomida armanlarning ko'pchiligi boshqa joylardan qo'nim topishgan. Shu manzilda yashab qolganlari ozar xalqi bilan quda-anda bo'lib ketishgan.

1141 yili Ganja daryosi bo'yidagi qishloqlardan birida ulug' mutafakkir Nizomiy Ganjaviy tug'ilganidan xabaringiz bor. U falsafa, mantiq, astronomiya, matematika singari fanlarni puxta egallagan, “Xamsa” dostonini yaratgan. Sharq adabiyotida o'ziga xos o'ringa ega buyuk shoirning asl ism-sharifi Abumuhammad Ilyos ibn Yusuf ibn Zakiy Muayyad bo'lib, Navoiydan tortib barcha o'zbek shoirlari Nizomiy Ganjaviyni o'zlariga ustoz deb bilishgan.

21 aprel kuni ertalabdan guruhimiz bilan Ganja shahridagi Nizomiy Ganjaviy va uning otasi – Yusuf, onasi – Raisaning qabrlarini, ulug' mutafakkirga bag'ishlab qurilgan maj­mua hududini ziyorat qilib, bu yerdagi muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishdik. Hamkasblarimiz bilan muzeydan chiqib ketar ekanmiz, Navoiy bobomizning quyidagi misralari yodimga tushdi:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasiga panja urmoq… 

Keyingi manzilimiz — O'zbekis­tonning Ozarbayjondagi elchixonasi tomonidan Ganjada  ikki kun avval ochilgan konsullik bo'limi bo'ldi.  Yakshanba — dam olish kuni bo'lishiga qaramasdan bizni konsullik xodimi Elnur iliq kutib oldi va bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirdi. Ta'kidlanganidek, ushbu konsullik o'zbekistonlik ilk mehmonlar sifatida bizni – yurtimiz media soha vakillarini qarshi oldi. Konsullikning ochilishi  Ganja shahri va unga tutash hududlarda istiqomat qiladigan o'zbeklarga  har jihatdan katta qulaylik  yaratadi.

Ganjada 450 gektar maydonni egallagan Haydar Aliyev bog'i, uning hududida shu nomdagi markaz borligini ko'pchilik yaxshi biladi. Mazkur markaz va bog' hududi bilan yaqindan tanishgach, Bokuga yo'l oldik. Ozarbayjon poytaxtiga kirib kelganimizda qorong'i tushgandi. Mehmonxonaga joylashdik. Tongda Bokuga uchib kelgan Uyushmamiz qoshidagi Yosh jurnalistlar kengashi raisi Shuhrat Oripov ham guruhimizga qo'shildi. Bu ajoyib inson o'zining hazil-mutoyibalari bilan barchamizga yanada ko'tarinki kayfiyat ulashdi, desam xato bo'lmaydi.

Ertasi kuni davlat rasmiy nashri – “Ozarbayjon” gazetasi tahririyatida bo'ldik. Mazkur gazeta bosh muharriri Baxtiyor Sodiqov bizga ushbu nashrning tashkil etilish tarixi, tahririyat bosib o'tgan mashaqqatli va sharafli ijod yo'li, shuningdek, ayni paytda olib borayotgan faoliyati, yoritilayotgan dolzarb mavzular haqida ma'lumotlar berdi. Uchrashuvda ikki mamlakat ommaviy axborot vositalari o'rtasida o'zaro manfaatli aloqalar o'rnatilishini qo'llab-quvvatlash, bosma nashrlarning bugungi sharoitga transformatsiyasi, gazetalarni o'quvchilarga yetkazib berishda duch kelinayotgan muammolar, zamon talabidan kelib chiqib, yangicha yondashuvlarni amaliyotga tat­biq etish, bu borada ikki mamlakat matbuot nashrlari o'rtasida hamkorlikni, materiallar almashinuvini yo'lga qo'yish  kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Safarimiz doirasida o'tkazilgan tadbirlarda ozarbayjonlik do'stlarimiz davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Fuzuliy shahrida 960 nafar o'quvchiga mo'ljallangan zamonaviy maktab qurilgani, Mirzo Ulug'bek nomi bilan atalgan ushbu yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, jipslashtirish, o'zaro do'stlik rishtalarini mus­tahkamlash, o'sib kelayotgan ozarbayjonlik o'g'il-qizlarni O'zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qilishini alohida ta'kidladilar.

O'z navbatida biz ham ozarbayjonlik ommaviy axborot vositalari vakillariga muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida o'zbekistonlik jurnalistlarning xorijiy mamlakatlarga ijodiy safarlari tashkil etilayotgani, “Oltin qalam” Milliy tanlovi nufuzi beqiyos darajada oshirilgani, mukofot jamg'armasi ko'paytirilgani, yangicha formatda o'tkazilayotgan tanlov bosh milliy mukofoti sohibiga yengil avtomobil tuhfa etilishi haqida gapirib berdik.

O'zbekistonda milliy jurnalistikaning rivojlanishi bo'yicha O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining I milliy ma'ruzasida Uyushma xorijiy davlatlardagi media tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yishi belgilangan. Ushbu vazifa ijrosi doirasida o'tgan yili Umumxitoy Jurnalistlar assotsiatsiyasi, Turkiya Jurnalistlar federatsiyasi bilan hamkorlik memorandumlari tuzilgan edi. 22 aprel kuni Boku shahrida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bilan Ozarbayjon Matbuot kengashi o'rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar ijrosi samaralari, o'zbek va ozar xalqlarini azaliy do'stlik, qardoshlik rishtalari o'zaro bog'lab turishi haqida so'z yuritildi. O'zbekiston va Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari o'rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ikki mamlakat OAV o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko'tarish kabi masalalar xususida fikr almashildi.

Ozarbayjon Matbuot kengashi raisi Rashad Mejid xalqlarimiz o'rtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq o'tmishga borib taqalishi, an'analar, ma'naviy qadriyat va madaniyatlarimiz mushtarakligi, O'zbekiston va Ozarbayjon jurnalistlarining hamkorlik istiqbollari, ularning samarali tajriba almashinuvi yuzasidan o'z fikrlarini bildirdi. Tadbir yakunida Ozarbayjon Matbuot kengashi raisi Rashad Mejidga O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining sovg'asi topshirildi.

Imzolangan hamkorlik memorandumiga ko'ra, do'stona munosabatlarni mustahkamlash, o'zaro tajriba almashish, birgalikda xalqaro konferensiyalar va matbuot anjumanlari o'tkazish, press-turlar tashkil qilish, O'zbekiston va Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari o'rtasida o'zaro manfaatli aloqalar o'rnatilishini qo'llab-quvvatlash kabi qator vazifalar ko'zda tutilgan.

Ushbu rasmiy tadbirdan keyin hamkasblar o'rtasida samimiy muloqot bo'ldi. Shundan so'ng ikki qardosh yurt ommaviy axborot vositalari vakillari tungi Bokuni, eski shahar – “Ichkari shahar”ni sayr qildik. Ozarbayjonga kelgan sayyohlar borib rasmga tushadigan, barchangizga ma'lum  manzil – mashhur “Brilliant qo'l” filmidagi “Chyort poberi” epizodi olingan joyni ham borib ko'rdik.

Kun bo'yi bizga hamkasbimiz Rashad Mejid hamrohlik qildi. U mehmonxonaga qaytishimiz arafasida guruhimizni Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining Ishlar idorasi muassisligidagi “Xalq gazeti” tahririyatiga boshladi. Kechki soat 22:00 lar bo'lishiga qaramasdan gazeta tahririyatida ish qizg'in edi. Har kuni 4 ming nusxada chop etiladigan ushbu tahririyat ijodiy jamoasining ish va sahifalash jarayonlari bilan tanishish asnosida “Xalq gazeti”ning yangi sonida bizning Ozarbayjonga safarimizga oid materiallar berilayotganidan xabar topdik va bundan mamnun bo'ldik.

Xitoyning “Sinxua”, Turkiyaning “Anadolu” axborot agentliklarida bo'lgan edim. Ozarbayjonga safarimiz doirasida “Azertac”da ham bo'lish nasib qildi. Agentlik faoliyati bilan tanishdik, rahbari bilan suhbatda bo'ldik.

— O'zbekiston ommaviy axborot vositalari bilan axborot sohasida ham, boshqa yo'nalishlarda ham, xususan, bolalarga mo'ljallangan axborotlarni yetkazib berish bo'yicha hamkorlik qilishimiz mumkin, – dedi  “Azertac” direktorlar Kengashi raisi Vugar Aliyev. –  Agentligimiz o'zining maxsus portali orqali bolalar uchun qiziqarli kontentlarni taqdim etadi. Hamkorlikdan ko'zlangan asosiy maqsadimiz o'zaro samarali axborot almashinuvini ta'minlashdan iborat bo'lib, “Azertac” bu yo'nalish bo'yicha sa'y-harakatlarni amalga oshirishga tayyor.

Safarimiz doirasida Ozarbayjon mediani rivojlantirish agentligi hamda “BokuTV” ish jarayonlari, ushbu media tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan jurnalistlar  bilan yaqindan tanishuvlarimiz, tajriba almashuv muloqotlari, Yevroosiyo matbuot fondida Husan Ermatov tomonidan pishirilgan o'zbek palovini tayyorlash jarayonlaridagi suhbat samimiyat va mehrga to'la kechdi. Yevroosiyo matbuot fondi direktori Umid Mirzayev bilan muloqotimizda mazkur jamg'arma moliyalashtirishi mumkin bo'lgan loyihalar bo'yicha fikr almashib, hamkorlik qilishga kelishib oldik.

Guruhimiz a'zolari bilan Kaspiy dengizi sohili bo'ylab qilgan sayo­hat bir umr yodimdan chiqmaydigan taassurotlarga boy bo'ldi, jarayonlarda olingan suratlar tarixga muhrlandi.  Sokin dengizga boqib, kayfiyatu ruhiyatim ko'tarildi. Kishini  toldiradigan ish jarayonlari, axborot oqimi, turli gap-so'zlar, kibr va hasadlar, bu o'tkinchi dunyo tashvishlari barcha-barchasini unutgandek, o'zimga qandaydir ruhiy kuch-quvvat olgandek bo'ldim. Zero  “Safar qilinglar, salomat bo'lasiz”, deya bejiz  marhamat qilinmagan.

Ozarbayjonlik shoir Akif Bag'irning mashhur “O'zbek kelayotir” she'rini ko'pchilik yaxshi biladi. Qadrdon hamkasbimiz Husan Ermatovning sharofati tufayli Bokuda yashagan mehmonxonamizda ana shu taniqli ijodkor bilan uchrashish va suhbatlashish ham nasib qildi.

Toshkentga qaytish arafasida Turkiy madaniyat va meros xalqaro fondi prezidenti Aktoti Raimqulova bilan uchrashuvimiz ham fayzli kechdi. Davlatimiz rahbari uni “Bizning qiz” deyishidan faxrlanishini aytdi. A.Raimqulovaga turkiy tilli davlatlar taniqli jurnalistlari  haqida kitob tayyorlash va nashr etish taklifini berdim, bu unga ma'qul kelganidan xursand bo'ldim. Hamkorlikda yangi loyihalar ustida ishlash bo'­yicha maslahatlashdik. U bizni joriy yilning may oyi oxirida Qirg'iziston poytaxti Bishkekda o'tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro tadbirga taklif qildi.

Ozarbayjonga besh kunlik safarimiz doirasida o'tkazilgan har bir uchrashuvda o'zbekistonlik jurnalistlarga katta hurmat va e'tibor ko'rsatilganidan mamnun bo'ldik. Eng muhimi, bir olam taassurotlar oldik. Muxtasar aytganda, safarimiz mazmunli uchrashuvlarga boy, har jihatdan foydali va samarali bo'ldi, deb o'ylayman.

Bizni 20 aprel kuni Boku aeroportida katta hurmat bilan kutib olgan Hajibey Haydarli 25 aprel kuni shunday kuzatib qo'ydi.

…Ona yurt sog'inchi bilan yurtimizga qaytib keldik. Lekin ozarbayjonlik hamkasblar bilan bo'lgan suhbatlar, samimiy muloqotlar bir umrga dilimizda qoladigan bo'ldi.

Xolmurod Salimov,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b.

Toshkent – Boku – Ganja – Boku –Toshkent

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =