Eski ko'prikning so'nggi yo'lovchilari

Dunyoda eng bedor qalb egalaridan biri bu, shubhasiz, jurnalistlardir. Negaki, “jamiyat shifokorlari” deb atalmish soha vakillari qaerda ezgulik, yangilik bo'lsa, o'sha yoqqa qarab chopishadi.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan yaqinda biz bir guruh xorazmlik va qoraqalpog'istonlik ommaviy axborot vositalari xodimlari Nukus shahrida yig'ilib, mamlakatimizning eng chekka hududlaridan biri hisoblangan Mo'ynoq tumaniga ijodiy sayohat uyushtiradigan bo'ldik. Undan oldin yo'l tayyorgarligi degandek, uzoq manzilga yetib borish, qaysi yo'lni tanlash belgilab olindi.

— Har ehtimolga qarshi, Beruniy tomondan borganingiz ma'qul. Amudaryodagi (“tumani” demoqchi — izoh bizniki) ponton ko'p­rik yopiq. Bugun-erta katta tantanalar bilan yangi ko'prikning ochilishi kutilyapti, — dedi bizni kuzatayotib, uyushmaning viloyat bo'limi rahbari O'tkir Matqurbonov.

Yo'lga tushdik. Bizni manzilga olib borishga tayyorlangan “Gazel” haydovchisi Ozod aka Urganch shahri ko'chalari bo'ylab harakatlanayotganimizda uzoq yo'llar hadisini olgan, shekilli, Amudaryo ko'prigi bilan bog'landi.

— Kelaveringlar, ochiq, — degan tovush eshitildi go'shakdan.

— Mabodo borguncha yopiq bo'lsa-chi? — dedim (kamina guruh rahbari-da) e'tiroz bildirgandek. — Aks holda, yana Urganchga qaytib, Beruniy tomondan borsak, 200 kilometrlik yo'l ustiga yana 200 kilometr qo'shiladi-ku!

Ozod aka ko'prikdagilarga qayta qo'ng'iroq qildi.

— Yangi ko'prik quruvchilari rahbariyatidan so'radik. Eski ko'prikdan o'tishga xalaqit bo'lmas ekan.

Xullas, haydovchimiz bizni ikki soatda Nukusga olib borishga ishontirdi.

Gap-gurung bilan qizishib, Urganch, Yangibozor, Gurlan tumanlarini orqada qoldirib, ko'prikka yetib kelgunimizcha choshgoh mahali bo'ldi. Xayriyat, mushkulimiz oson kechdi. Jayhun daryo — jo'shqin daryo ko'prigi bizni opichlagandek, narigi qirg'oqqa eson-­omon o'tkazib qo'ydi. Xuddi shuni kutgandek, “Yerkin Qaraqalpaqstan” gazetasi bosh muharriri Qurbonboy Bayniyazov qo'ng'iroq qilib qoldi.

— Yaqinlashyapsizlarmi? Sizlarni Berdaq nomidagi davlat universitetida kutayapmiz. Yangi ko'prikdan o'tdilaringmi, ishqilib?

— Ha, asosiy magistral yo'lga chiqib oldik. Bu yog'i yaqin. Yangi ko'prik bitgan hisob. Ochilishga qizg'in hozirlik ko'rilayotgan ekan, — dedik.

Baribir talaba yoshlar uchrashuviga biroz kechikib bordik. Uyushma raisi v.b. Xolmurod Salimov, “Yangi media ta'lim markazi” direktori Beruniy Alimov, uyushmaning Qoraqalpog'iston bo'limi raisi Kengesboy Reymov ma'ruzalarini tugatayotib, universitet o'qituvchilari va yoshlar bilan jo'shqin bahs-munozaralar, fikr-mulohazalar almashishga kirishayotgan ekanlar. Kaminaga ham so'z berishdi. Ular mendan yangi ko'prik bitgan-bitmagani haqida ilhaq xabar kutishardi. Chunki talabalar orasida xorazmlik yigit-qizlar ham bor-da.

— Butun xalqimiz kutgan kun yaqin! Endi masofalar — bir qadam!

Hamma qarsak chaldi. Bu kunni qanday intizorlik bilan kutishayotgani ularning shundoqqina yuzu ko'zlarida ifodalanib turardi.

— Ertalab barvaqt Mo'ynoqqa qarab yo'lga chiqamiz, — deyishdi mezbonlar, — ungacha shahri azimimizning diqqatga sazovor joylarini, Berdaq va I.Saviskiy nomidagi muzeylarni tomosha qilamiz.

Kun juda mazmunli o'tdi. Mehmonxonaga joylashib, maroqli dam oldik.

Hamkasblarimiz birga Mo'ynoqqa borishimiz uchun xorijda ishlab chiqarilgan yap-yangi zamonaviy kichik avtobus tayyorlab qo'yishgan ekan. Manzil — 300 kilometr! Qo'ng'irot tumani markazigacha tep-tekis asfalt yo'l bizni avtobusda allalagandek olib bordi. Markazdan o'ngga burilishimiz bilanoq, hammaga ayon manzara ko'z oldimizda namoyon bo'ldi: chang, buning ustiga, asfalti biroz ko'chgan, o'ydim-chuqur, ikkita mashina zo'rg'a sig'adigan yo'lga tushib oldik.

— Bu yog'iga chidaymiz-da endi, — deyishdi mezbonlar hijolat bo'lib. — Yozda asfalt qattiq issiqqa dosh berolmaydi, yorilib ketadi.

— Bu yog'iga endi qo'shiq aytib ketamiz, — lutf qildi “Sevimli” telekanalining “Zamon” dasturining Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha muxbiri Tamara Jumaniyozova.

— “Lazgi”si bizdan! — hazillashdi xorazmlik jurnalist, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Qadamboy Salayev.

Xuddi shuni kutib turgandek, yosh haydovchimiz yoqimli taronalardan qo'yib yubordi. Komiljon, Otajon — barisining qo'shiqlar to'p­lami bor ekan, miriqib eshitib borayapmiz. Tevarak-atrof esa sayhonlik, yo'lning ikki tomonidagi uzun-uzun saksovullar, darangi daraxtlar go'yo bizga posbonlik qilayotgandek, mahzun kuzatishadi.

— Shu yaqin atrofda Berdaq va Ajiniyoz bobolarimizning oxirat joylari bor, — dedi Qurbonboy aka boyagi boshlagan suhbatini davom ettirib, — afsuski, ularning qoshiga borolmaymiz. Yo'l bundan besh battar. Tez orada Berdaqning 120 yillik yubileyi nishonlanadi. Shungacha bu yerlar obod qilinadi. Oldimizda esa Mo'ynoqning katta ovuli bor. Bu yerdan 26 nafar fan nomzodi, fan doktorlari va 2 nafar akademik yetishib chiqqaniga hech kimning ishongisi kelmaydi. Ilm-fan o'rganish joy-makon tanlamas ekan.

Qoyil qolish kerak, ajdodlarimiz Chin-Mochindan bo'lsa ham ilm izlashgan, ma'rifat chirog'ini yoqishgan. Beixtiyor jadidlar qiyofasidagi bu buyuklarni Dantening yurak haroratidan va taftidan olingan barchaga yo'l ko'rsatuvchi mayoqqa o'xshatgimiz keldi…

Avtobusimiz bizning hayratimizni tobora oshirayotgan Mo'ynoq tumani markaziga yaqinlashardi. Barchamiz hushyor tortib, yon-atrofga qiziqish bilan boqa boshladik. Chindan ham Mo'ynoq “oynai jahon”da ko'rganimizdan ortiq darajada chiroyli va go'zal edi. Aeroport, “Nuroniylar maskani”, “Yoshlar uyi”, kutubxona, muzeylar, maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotlari, tikuvchilik fabrikasi… bularning bari ko'rgan ko'zni quvnatadi.

— Xush kelibsizlar! — dedi bizni kutib olgan tuman hokimi o'rinbosari Murod Jumaboyev uzoqdan ko'rinib turgan Orol bo'yiga boshlarkan. — Tumanimizdagi 12 ta mahalla va ovullarda 33 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ko'rib turganingizdek, oldingi Mo'ynoq bilan hozirgisining o'rtasida osmon bilan yercha farq bor. Endi bizning hech kimdan kam joyimiz yo'q. Masofa emas, ko'ngillarimiz, dillarimiz yaqin bo'lib qoldi. Samolyotda Nukusga bir ko'tarilib, bir tushamiz. Atigi 10 daqiqa, xolos! Poytaxtimiz Toshkent ham bir qadam. Ilgari bunday imkoniyatlarni xayolda, tushda ko'rish mumkin edi…

…Orolda turibmiz! Uning bugungi ayanchli abgor holatini tasvirlashga til ojiz. Bir paytlar nahr bilan shovullab oqqan dengiz tub-tubigacha cho'kkan, faqat insoniyatdan najot so'rayotgandek tuyuladi. Kemalar kezgan sarhad ularning o'zining qabristoniga aylangan. Uzoq safarga eltgan o'n ikkita kema yana qayta su­zishni boshlayotgandek yo'lovchilarini kutardi.

Bu ko'rgan achinarli manzaralar 40 yil oldingi voqealarni eslatib yubordi. O'shanda hozirgi “Yoshlar ovozi” gazetasining Qoraqalpog'is­ton Respublikasi va Xorazm viloyati bo'yicha o'z muxbiri sifatida Mo'ynoq baliqchilari hayotidan turkum maqolalar tayyorlash uchun kelgandim. O'zim borgan baliqchilar qishlog'ini, Mo'ynoq konserva zavodini axtardim.

— Endi ular tarix sahifalaridan joy olgan, — deyishdi, — mabodo o'sha davrlarni ko'z oldingizda jonlantirmoqchi bo'lsangiz, muzeyga kiring, hammasini ko'rsatib berishadi.

Vo ajabo, mana qidirayotgan qahramonlarim: baliqchilar qishlog'i, konserva zavodi devordagi suratlarda, noyob eksponatlarda aks ettirilgan ekan. Qarog'larimdan yosh quyildi. Qirq yil oldingi manzil, uchrashgan odamlar xuddi ertaklardagidek qarshimda paydo bo'ldi…

Safarimiz yakunida tuman markazidagi “Do'stlik” bog'iga ikkala do'st, qon-qardosh, yeri-eriga, dili-diliga tutash yurtdosh jurnalistlar manzarali daraxt ko'chatlari o'tqazishdi.

— Hududiy jurnalistlarning qoraqalpoq diyoridagi uchrashuvlari, Orolbo'yiga press-tur uyushtirilishi yangi mavzularni o'ylab topishda, OAVda keng yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi, — dedi O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov, — o'ylaymizki, qalam ahlining ijodi yangi O'zbekis­tonimiz sahifalarini yanada boyitadi.

…Yana yo'ldamiz. Ajabki, hammamizning ruhimiz tetik, maqsadimiz hosil bo'lganidan mamnun edik.

Hamkasblarimiz bilan yana yangi ijodiy rejalarimizni mo'ljallab, samimiy xayrlashdik. Amudaryo ko'prigiga yetib kelganimizda vaqt tun, ammo tevarak-atrof charog'on, quruvchilar g'ayrat bilan ishlashardi.

— Hormanglar, charchamayapsizlarmi? — dedik “Gazel” oynasidan ularga.

— Rahmat, bilasizlarmi, sizlar eski ko'p­rikning so'nggi yo'lovchilari bo'ldingiz. Ertaga yangi ko'prik ochiladi.

Bu xushxabarni eshitib, hammamiz qarsak chalib yubordik.

Chindan ham Yurtboshimiz tashabbusi bilan Amudaryo uzra bunyod etilgan ko'prik Prezidentimiz ishtirokida shu yilning 29 fevral kuni ochilish marosimiga hammamiz shohid bo'ldik.

Ko'prikning bunyod etilishi O'zbekistonimiz, ayniqsa, Qoraqalpog'iston va Xorazm viloyati xalqi hayotida yangi davrning boshlanganidan darak beradi.

Sherjon MAShARIPOV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 5 =